Al-Jazira axborot agentligi tarqatgan xabarga ko’ra, keyingi bir oy ichida Idlib shahrini qo’lga kiritgan mujohidlar Suriyaning ikkinchi katta shahri bo’lgan Halabda ham Asad rejimiga qarashli strotegik nuqtalarga hujumlarini davom ettirishmoqda.
Halab harbiy kengashining rahbari Zohir Shokir sanoat markazi hisoblangan Halab shahri Suriyaning qon tomiri ekanligini ta’kidladi. Shokirga ko’ra, Halabning qo’ldan ketishi Asadning qulashini anglatadi
“Halab nafaqat Suriya uchun, balki O’rta Sharq uchun ham buyuk sanoat markazi hisoblanadi. Suriya bo’ylab 70% iqtisod aylanuvining markazi Halabdir. Agar rejim kuchlari Halabdan chekinishga majbur bo’lsa, bu uning rasman qulashini anglatadi”, deya qayd etdi Zohir Shokir.
Ayni paytda BMTning Suriya masalasi bo’yicha xos vakili Steffan De Mistura Jeneva deklaratsiyasini amalga oshirish uchun kelgusi oydan e’tiboran Suriyada kurash olib borayotgan taraflar bilan uchrashuv o’tkazishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
BMT bosh sekretarining so’zchisi Stefan Dyujarrik jurnalistlarga bergan intervsida mavzuga doir hanuz hech kimga da’vatnoma yuborilmaganligini bildirar ekan, Misturaning kurash olib borayotgan taraflar bilan hamda mintaqaviy va global aktyorlar bilan uchrashuv o’tkazish istagi borligiga urg’u berdi. Dyujarrikning ma’lum qilishicha, Mistura kelgusi hafta BMT xavfsizlik kengashida hisobot beradi.
Shu vaqtgacha Suriya masalasini G’arb manfaatiga mos ravishda hal qilishda bir qancha urinishlar amalga oshirilgan bo’lsa-da ularning hech biridan aytarlik natija chiqmadi. Jeneva konferentsiyasida hukumat va muxolif kuchlar “o’zaro janglarni darhol to’xtatish orqali har ikkala tarafni ham o’z ichiga olgan muvaqqat hukumat tashkil qilish” borasida kelisha olmagan edi.
Suriya masalasini hal qilish bo’yicha vakil qilib tayinlangan Kofe Annan va Lahdar Brahimiy ham biror ish qila olishmadi. Steffan De Mistura esa o’tgan yili janglarni muzlatish rejasini kun tartibiga kiritgan edi. Ammo bundan ham hech qanday natija chiqmadi.