Saudiya generali: Maqsadga erishilgunga qadar hujum davom etadi

0
456

Saudiya Arabistoni va uning mintaqadagi ittifoqdoshlari chorshanba oqshomida Yamanga qarata harbiy amaliyot boshlagan edi. Harbiy amaliyotda Eron tarafidan dastaklanayotgan Husilar nazorati ostidagi San’o shahri havodan nishonga olindi. Saudiyaga ko’ra, bu hujum Yamanning qonuniy prezidenti Abdurrobbi Mansur Hodinining talabi bilan amalga oshirilmoqda.

Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligining so’zchisi General Ahmad Hasan Asiri Yamanga qarata boshlangan havo hujumi maqsadga erishilgunga qadar davom etishini bildirdi. Quruqlik harakati rejasi hanuz yo’qligini ochiqlagan general, “Ammo zarurat tug’ilganda biz tayyormiz”, dedi.

General Ahmadga ko’ra, harbiy amaliyotdan ko’zlangan maqsad Yamandagi qonuniy hukumatni qayta tiklash, davlat rahbari Abdurrobbi Mansur Hodini mamlakatning qonuniy prezidenti sifatida mansabiga qaytarish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni yangidan iziga solishdir. General Ahmad Yamanning manfaatiga va barqarorligiga zarar keltiradigan shaklda hech kimning Husilarga yordam berishlariga imkon bermasligini ham qo’shimcha qildi. Eron hukumati Saudiya Arabistonining Yamanga qilgan hujumini qattiq tanqid ostiga olib, hujumlar darhol to’xtatilishini talab qilmoqda.

Eron tashqi ishlar vazirligining so’zchisi Marziya Afham harbiy aralashuv vaziyatni yanada chigallashtirishini va inqirozning boshqa mintaqalarga ham yoyilishiga sabab bo’lishini hamda muammoning tinch yo’l bilan hal qilinishi imkonini yo’qqa chiqarishini bildirdi. Eronlik deputat Alouddin Burujerdi ham “Saudiya Arabistoni Yamanda yoqqan urush olovi butun mintaqaga yoyiladi”, dedi.

Oxirgi olingan xabarlarga ko’ra, Arab davlatlari tarafidan tashkil qilingan “Barqaror bo’ron” nomli harbiy amaliyot doirasida amalga oshirilgan havo hujumlarda Yaman poytaxti San’o va Saba shaharlaridagi Husilarga va sobiq prezident Ali Abdulloh Solih rejimi tarafdorlariga qarashli strotegik nuqtalar nishonga olingan.

Guvohlarning bildirishicha, havo hujumlarida “As-Sabaha” lageri ham bombalangan. Sobiq prezident Ali Abdulloh Solihning o’g’li Ahmad Ali Abdulloh Solihning nazorati ostida bo’lgan bu lagerda aksariyati Amerika tarafidan Yaman armiyasini dastaklash uchun yuborilgan zamonaviy qurollar saqlanganligi aytilmoqda. Guvohlarga ko’ra, maxsus kuchlar lagerlari shuningdek, poytaxt San’oning janubi va G’arbida joylashgan harbiy nuqtalar ham havo hujumlariga uchragan.

Bu orada Ansorulloh harakatining markazi hisoblangan shimoldagi Saba shahriga qarashli Kattaf shahrida joylashgan 131 lager ham bombalanganligi xabar qilinmoqda.

Izohlar yo'q