Turkiston:
O’sh viloyati Qorasuv shahrida 9 fevral kuni tong sahardan boshlab Qirg’iziston militsiyasi tomonidan bir nechta musulmonlarning uylarida tintuv amaliyoti olib borildi. Shular qatorida, Roshod qorining uyida ham O’sh shahar sudining sanktsiyasi asosida tintuv o’tkazilgani xabar qilinmoqda. Xabarlarga ko’ra, huddi ashaddiy jinoyatchini qo’lga olish uchun kelgandek, tish-tirnog’igacha qurollangan o’ttizdan ziyod maxsus xizmat xodimlari tomonidan Roshod qorining uyi qurshab olingan va uch soatdan ziyod vaqt mobaynida Qorining uyida tintuv olib borilgan.
Bundan bir necha kun ilgari ijtimoiy tarmoqlarda, juma namozi vaqtida O’sh viloyati Qoziligi bilan kuch tuzilmalari hamkorligida Roshod qori imomlik qilayotgan “As-Sarahsiy” masjidida Roshod qorini ishdan bo’shatish maqsadida juda katta amaliyotlar o’tkazilgani haqida xabarlar tarqagan edi. Oradan 3 kun o’tib, uni militsiya xodimlari olib ketishgani haqida xabarlar paydo bo’ldi.
Roshod qori Kamolovning uyini tintuv qilish chog’ida xalq bilan kuch tuzilmalari o’rtasida bir necha marotaba kichik to’qnashuvlar bo’lib o’tgani aytiladi. Qisqa vaqt ichida Qorasuv xalqi va tashqaridan kelayotgan Qorining muxlislari bir necha ming odamga etib qolganidan vahimaga tushib qolgan orgon xodimlari, Roshod qorini bir soatda qo’yib yuborish sharti bilan zo’rg’a olib chiqib ketishgan. Uzoq yaqindan kelgan musulmonlarning soni asr vaqtiga borib bir necha mingga etgani xabar qilinadi. Xufton vaqti yaqinlashganida, militsiya xodimlari masjidda tinch namoz o’qib o’tirgan musulmonlarga bosim o’tkaza boshlagan va Roshod qorini 48 soatga qamab qo’yishganini xabar qilishgan.
Bu erda bir necha muloxaza qilish lozim bo’lgan jihatlar bor. Lekin orgon xodimlari buni tushunishlari maxol ish. Buni xavfsizlik xizmatlarining tegishli odamlari va bevosita siyosat olib borayotgan davlat arboblari anglab etishlari kerak.
Nega orgon xodimlari emas!?
Chunki ular qurolsiz xalqni zo’ravonlik bilan qo’llaridagi salohiyat va quvvatdan foydalanib vaqtincha tinchlantirib olishni buyuk g’alaba, deb bilishadi. Ular bu ishni shu kungi natijalarini ko’ra olishadi xolos. Ularga xalqni topshirib qo’yish hokimiyatning zaiflashib borayotganiga dalolat qiladi. Biz bu ishlarning Akaevning hokimiyatdagi oxirgi vaqtlarida va Bakiev saltanatini ham oxirgi oylarida huddi shu tariqa boshqara boshlaganida guvohi bo’lganmiz.
Hozirgi vaziyat avvalgilardan boshqacharoq. Uchunchi kuch vakillari bo’lmish AQSh ham, Rossiya ham islomiy kuchlardan qattiq ogohlantirib, Qirg’iziston hukumati va musulmonlar o’rtasida jarlikni kengaytirishga qattiq harakat qilishayapti. Ichimizdagi rossiyaparast unsurlar millatchilikni rivojlantirishga ham harakat olib borishayapti. Ular o’z maqsadlarini ro’yobga chiqarishayotganlarida Bosh vazirning birinchi o’rinbosari Sarpashev singari har xil nosog’lom quvvatlarni ishga solishadi. Sarpashev Qirg’iziston janubiga qilgan safari vaqtida, bu mintaqani Lugansk bilan Donetskga tenglashtirib, bu yoqqa butun quvvatimizni tashlamasak bo’lmaydi, deb militsiya xodimlari uchun millatchilikka va diniy ayirmachilikka keng yo’l ochib berdi.
Militsiya xodimlarining qo’shtirnoq ichidagi xalq ustidan erishgan g’alabalari nimalarga olib borishi mumkin?
Roshod qorini qamab, uni imomlikdan olib tashlashlari va qo’zg’alishi mumkin bo’lgan xalqni qo’rqitish, taxqirlash, shantaj qilish bilan bosib qolishlari mumkin. Lekin haqiqiy ular ko’tarishayotgan vahima, “Islomiy davlat” olib borayotgan fikriy etakchiligining asosi bo’lgan hukumat vakillari, kuch tuzilmalari vakillari, armiya askarlariga nisbatan takfir fatvolari ediku.
Bunga qarshi ikkinchi tomon: – ular musulmonlar, ular adashishlari bilan kofir bo’lib qolgan emas, ularni umumiy ravishda kufr nisbati bilan ayblab bo’lmaydi, degan islomiy dunyoqarash vakillari bor. Yuqoridagi militsiya vakillari buni tushuna olishmaydi. Ular sog’lom islomiy fikriy etakchilikning asosiy etakchilaridan bo’lgan Roshod qori kabi insonlarni izolyatsiyalash bilan g’alabaga erishdik, deb o’ylashadi.
Milliy nizolar xavfi ham shunga o’xshaydi. Roshod qori kabi buyuk obruli shaxslargina milliy adovatlarni bartaraf eta oladi. Chunki olomonni faqat shu kabi insonlardagi sof aqidaga bo’lgan iymon ushlab qola oladi. Ular har qanday holatda ham faqat Allohning hukmini ijro qilib, boshqalarni ham shunga buyurishadi. Saroy imomlari esa o’ta ishonchsiz, o’zgaruvchan bo’lishib, ular faqat saroy etakchilarining buyruqlariga moslashuvchan bo’lishadi. Shuning uchun bunday imomlarni xalqqa hech qanday ta’siri bo’lmaydi.
Roshod qori kamida O’rta Osiyoda shayxul Islom deb tan olingan shaxs bo’lib, uni chetlatish amaliyoti ham faqat Qirg’izistonning talabi bilan amalga oshirilayotgani yo’q. Lekin O’zbekistonda tomir otib borayotgan milliy ayirmachilar xavfi o’ta kuchli ekanini hisobga olganda, qirg’iz kuch strukturasi o’zining quvvati bilan ularga qarshi kurasha olmaydi. O’zbek rejimi esa, qulash arafasida turibdi.
Shuning uchun islomiy muhit va shu muhitni ushlab turuvchi quvvatlar bilan muomilaga bunchalar befarq qarab bo’lmaydi. Unga milliy xavfsizlik nuqtai nazari bilan qarab, har qanday xavfni oldini olishdagi muhim vosita deb bilish kerak. Chunki bu iymoniy muhit har qanday buzuq unsurlarni jamiyatdan surib chiqara oladi. Masalan narkomaniya, alkogolizm, zo’rovonliklarning har qanday ko’rinishlarini, korruptsiya, millatchilik, dindagi bid’atlar… va hokazo. U faqat tozalik garovi.
Shuning uchun Islom, uni jamiyatdagi ta’sir quvvati bo’lmish iymoniy muhit va shu muhitni paydo qiluvchi Roshod qori kabi fidoiy insonlarni ehtiyot qilish kerak. Bu kabi jiddiy masalani militsiya qo’liga tashlab qo’yish, xuddi qizamiq singari kasalni tashqaridan ichkariga kirgizib yuborish bilan barobar. Bu esa, xalq bilan hukumat vakillari o’rtalarini keskinlashtiradi. Nafrat va g’araz ularni islomiy shar’iy hukmga bo’lgan e’tiborlarini zaiflashtiradi. Buning natijasida esa, rasmiy hukumatga nisbatan qalblari nafratga to’lgan shaxslar Islom dinidan o’z gina adovatlarini amalga oshirib olishlari uchun bir qurol sifatida foydalanib qoladi. Shunda ulardan uchunchi kuch vakillari faqat qurol tarqatib qo’yish bilan foydalana oladigan muhit paydo bo’ladi.
Roshod qorini qamoqqa olinishi ba’zi bir mutakabbir insonlarning xatolari bilan amalga oshirilgani bilan, oqibati yomon bo’lishi mumkin. Bu yurt xavfsizligi masalasi.