Oq O’rda matbuot xizmatining xabar qilishicha, Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboev 22 dekabr kuni Ukrainaga ish safari bilan boradi.
“Qozog’iston prezidentining 22 dekabrga rejalashtirilayotgan ish safari doirasida Ukraina rahbarlari bilan muzokaralar o’tkazadi”, – deyiladi xabarda.
Ma’lumki, 23 dekabr kuni Moskvada Rossiya, Qozog’iston, Armaniston, Belorus, Qirg’iziston va Tojikiston prezidentlari ishtirokida KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tadi.
Shuningdek, Rossiya, Qozog’iston, Armaniston, Belorus va Qirg’iziston davlat rahbarlari darajasida Yevroosiyo iqtisodiy Oliy kengashining majlisi ham bo’ladi. Bo’lib o’tadigan bu yig’ilishlarga “quruq qo’l bilan” borishni xohlamagan Nursulton Nazarboev Rossiya va G’arb davlatlari o’rtasida vujudga kelagan ziddiyatlar “sababchisi” Ukrainaga ish safari bilan borib, Ukraina va Rossiya o’rtasida yana bir bor vositachilik qilishga va bu orqali Rossiyani botib qolgan botqog’idan qutqarishga urinib ko’rmoqchi bo’lyapti. Chunki ayni vaqtda Qozog’iston ham Rossiya bilan bir kemada bo’lib, Rossiyaga qarshi qo’llanilayotgan iqtisodiy cheklovlar Qozog’istonni ham chetlab o’tmayapti.
Nursulton Nazarboev avval ham G’arb va Rossiya o’rtasida vositachilik vazifasini bajargan, 5 dekabr kuni Ostonga ikki kunlik safar bilan kelgan Frantsiya prezidenti Fransua Olland bilan uchrashganda Ukrainadagi krizis masalasi ham alohida muxokama qilingan, uchrashuvdan so’ng yarim kechasi Nursulton Nazarboev Vladimir Putin bilan go’yoki ikki mamlakatning hamkorligi bilan bog’liq masalalarni telefon orqali gaplashgan edi.
Shundan so’ng Frantsiya prezidenti Fransua Olland 6 dekabr kuni Parijga qaytish vaqtida Moskvada to’xtab, Putin bilan 2 soat ko’rishgan, uchrashuvdan so’ng ikkala prezident ham Vnukovo-2 aeroportida o’tkazilgan uchrashuvning foydali bo’lgani, Urainadagi inqiroz tinch yo’llar bilan echilishi haqida fikr alamashganlarini to’g’risida xabarlar paydo bo’lgan edi.
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti ma’muriyati rahabarining o’rinbosari Valeriy Chaliy yaqin orada Rossiya prezidenti Vladamir Putin bilan uch tarafli muzokaralar boshlanishi mumkinligi haqida xabar qilgan biroq, uchinchi taraf kim bo’lishin ochiqlamagan edi. Bugungi xabardan esa, uchinchi taraf Qozog’iston prezidenti Nazarboev ekanligi ma’lum bo’ldi.