Saudiya tashqi ishlar vaziri Faysal bu uchrashuvni “ikki mamlakat orasidagi aloqalarning rivoji uchun yangi sahifaning ochilishi”, deya qayd etdi. Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif esa Tehron-Riyoz aloqalarining kelajagi borasida katta umidi borligini bildirdi. Zarifga ko’ra, bu uchrashuv mintaqa davlatlari va Islomiy o’lkalar orasidagi munosabatlarni hisobga olganda, o’ta muhim ahamiyatga egadir.
Saud Faysal uchrashuv chog’ida ikki davlat, ya’ni Eron va Saudiya mintaqada katta ta’sirga ega davlat ekanligini va bu ikki davlat aloqalarining mustahkamlanishi mintaqa tinchligi va xavfsizligini kuchaytiruvchi omil ekanligini ta’kidlab o’tdi. Faysal xususan, O’rta Sharq e’tibordan chetda qoldirib bo’lmaydigan nuqtaga aylanganligini va o’tmishda qilingan xatolar takrorlanmasa, mintaqadagi muammoning echilishida muvaffaqiyatga erishish mumkinligini bildirdi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ham o’zining o’tgan bayonotida mintaqadagi musulmon davlatlari, jumladan Saudiya davlati bilan aloqalarini kuchaytirish mintaqa xavfsizligini saqlash uchun o’ta muhim ahamiyatga ega ekanligini bildirgan edi.