Qirg’izistonda musulmonlar bilan hukumat o’rtasidagi aloqa kimning manfaati uchun taranglashdi?

0
585

Qirg’izistonda musulmonlar bilan hukumat o’rtasidagi aloqa kimning manfaati uchun taranglashdi?

Qirg’iziston rejimi so’nggi paytlarda musulmonlarga qarshi qator xavfli amaliyotlarga qo’l urdi. Avvalda soqol va hijobni tahqirlash kabi uslublar bilan urush boshladi. Biroq Qirg’izistonda islomiy ong muhiti keng tarqalgani bois o’zining ayni rejasini amalga oshira olmadi. Natijada, odamlar o’rtasidagi ushbu ongga qarshi kurashish mexanizmini ishlab chiqish zarur, degan xulosaga keldi. Bu ishni turli yo’nalishlarda bajarmoqda. Masalan, milliylikka asoslangan «Tangrichilik» kabi kufr harakatlarining tarqalishiga qulay muhit yaratib berishdi. Televidenieda maxsus programma ishlab chiqib, «Tablig’» jamoasi va Rosululloh Aning Sunnatlarini tiriltirishga harakat qiluvchi bir necha da’vatchilarning Islomga da’vat qilish uslublarini, kiyimlarini tanqid qilishdi. Keyin da’vatni etkazayotgan ayollarimiz va qizlarimizni qamashni boshlashdi. Maktab o’quvchilariga butparastlar tamg’asi yopishtirilgan «forma»larni tiqishtirishib, hamma o’quvchilarga majburan kiydirishga urinishdi. Aftidan, bu atayin qilingan ish. Chunki ular musulmonlarning bunday kiyim kiyishga aslo rozi bo’lmasliklarini yaxshi bilishadi. Rejimning bunday ishlarni qilishdan maqsadi, o’zlari «mo”tadillar va ekstremistlar», deya musulmonlar o’rtasida tugamas janjal va nizolar kelib chiqishiga zamin yaratish. Biroq u Islomning haqiqiy andozasini olgan kishilar aqllariga ta’sir o’tkazolmadi, hayotimizga o’zining andozasini zo’rlab kiritishga haligacha muvaffaq bo’lolgani yo’q.

Qirg’iz hukumati o’zining bu va boshqa urinishlari aslo foyda bermasligiga ishonch hosil qilgach, ba’zi xorijiy nufuzli kuchlar bosimi ostida Islom va musulmonlarga qarshi urush qilishga o’zbek va rus rejimlari uslubida kirishib, Dilyor Jumaboevni qamoqqa olish amaliyotini ishlab chiqishdi.

Dilyor Hizb ut-Tahrir a’zosi sifatida nafaqat Qirg’izistonda, balki butun O’rta Osiyoda tanilgan. U Hizb tarixida birinchi bo’lib rasman «Ong» teleradiokompaniyasini ochgan. Uning hukumat olib borayotgan xalqqa qarshi fitnalarni fosh etuvchi teleko’rsatuvlarini qirg’izlar bilan o’zbeklar bir necha oy tomosha qilganlar. Hukumat bu stantsiyaning shuhrati ortib borayotganini ko’rgach, stantsiyaga turli bosimlar o’tkaza boshladi, birodarimiz Dilyorning radiodagi chiqishlarini asta-sekin man qila boshladi. Biroq shunga qaramay, Dilyor yangi-yangi uslublar bilan Ummat manfaatlarini himoya qilish yo’lida o’z kurashini davom ettirdi.

Misol uchun, tug’ruqxonalarda erkak shifokorlar ishlay boshlaganda, bunga birinchi bo’lib Dilyor qarshi chiqdi. Shunda organ xodimlari uni chaqirishib, endi, biz birorta ham ayol to eri ruxsat bermaguncha erkak doya oldiga bormaydigan qilamiz, degan da’volarni qilishdi. Dilyor esa – bu narsa Allohning shariatida harom ekanligi va biz shunga rioya qilishimiz shartligi uchungina men bunga qarshiman, shuning uchun erkaklar tug’ruqxonada ishlamasliklari kerak, dedi va shunday bo’ldi ham.

Biz Dilyorning diqqat bilan olib borgan tadqiqoti natijasida shuni tushunib etganmizki, Qirg’izistonda ulkan elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga qaramasdan, odamlar qattiq qiyinchilikda yashamoqdalar. Dilyor elektr uzatkich asbob uskunalarini sotib olish va ularni ta’mirlash ishlari uchun – holbuki, bu davlatning vazifasiga kiradigan ishlar – odamlardan mablag’ undirish kabi hukumatdagilar odatlanib qolgan ishlarga qarshi jiddiy kurash olib bordi. Unga shu kurashini to’xtatishi evaziga bir million qirg’iz somi miqdorida pora taklif qilishdi, u esa ularning bunday pora taklif qilish qilmishlarini teleekranlarda fosh qilib yubordi. Holbuki, uning va oilasining moliyaviy jihatdan og’ir ahvoldaligi barchaga ma’lum edi. Shunda unga qarshi davlat miqyosida kurash boshlandi. Chunki u odamlar boshiga tushayotgan barcha muammolar va qiyinchiliklarga yurtda keng tarqalgan korruptsiya sabab ekanini ochib tashlagandi. Uni soxta ayblovlar bilan ta’qib qila boshlashdi. Dilyor shularga qaramay, kurashini davom ettirib, hukumatdan odamlardagi eski elektr taqsimlagichni yangilab berishni, buning evaziga ulardan pul undirmaslikni talab qildi va bu talabida qattiq turdi. Hukumatdagilar esa Dilyor oilasini turli bahonalar bilan ikki yil elektr ta’minotisiz qoldirishdi. Ammo qo’ni-qo’shnilari uning oilasini o’z hisoblagichlari orqali elektr bilan ta’minlab turishdi, buning oqibatida qo’shnilar ham qattiq ogohlantiruvlar oldilar. Biroq shunga qaramay, uni navbatlashib elektr bilan ta’minlashda davom etishdi, chunki Dilyor xalq farzandiga aylanib bo’lgan edi.

Darvoqe, rejim Dilyorni qamash uchun sabab topdi, balki o’ylab topdi. Biroq Dilyor o’zining siyosiy faoliyatini qamoqda ham davom ettirdi. Qamoqxonadagi vaziyatni qonun doirasiga qaytarishni, gigiena sharoitlarini o’nglashni, mahbuslarga berilayotgan eb bo’lmaydigan darajadagi yomon oziq-ovqatlarni yaxshilashni talab qildi. Vaholanki, uning o’ziga shundoq ham qamoq tashqarisidan ovqat etkazilib turardi va qamoqxona ovqatini eyishga ehtiyoji ham yo’q edi.

Dilyor bilan birga o’tirgan mahbuslarning aytishicha, uni bir necha bor qiynoqqa ham solishgan, biroq o’z fikrida qat’iy sabot bilan turavergan. Bir kuni qamoqxona mudiri uning oldiga kirib, istasang, bunday xatti-harakatlaringni to’xtatishing evaziga men senga «ochil dasturxon» uyushtirib beraman, deydi. Dilyor esa unga – agar sen aytgan sharoitni mengagina emas, barcha mahbuslarga ta’minlab bera olsang, shunda bu harakatlarimni to’xtatishim mumkin, deb javob beradi. Shunda uni alohida «kamera»ga joylashtirishib, ukol qilishib qandaydir dori bilan zaharlashadi. U to’rt kun qimirlay olmay yotadi, unga hech qanday tibbiy yordam ko’rsatishmaydi, yolg’iz Alloh Rohmanur Rohimning izni bilangina tirik qoladi.

Hukumatning Dilyorga o’tkazgan bosimlari bir lahza ham uning faoliyatini to’xtata olmadi. Dilyor hukumatning biror musulmonni qamoqqa tiqish uchun o’tkazgan har bir amaliyotini muhosabasiz o’tkazib yuborgan emas. Chunki u qo’l qovushtirib turmasdi, qo’lida kamerasi bilan har qanday to’siqni yorib o’tardi, qamoqqa olish uchun kelganlarning ichkaridagi tintuv yoki boshqa amaliyotlarini har birini diqqat bilan kuzatib, ularga o’zlari odatlanishib qolgan soxta «ashyoviy dalil» tashlab qo’yishlariga imkon bermas edi.

Ha, Dilyor ko’p musulmonni qamalishdan qutqarib qolgan va odamlarga muammolarini hal etishga juda ko’p yordam bergan, odamlar ham noqonuniy soliqlar yuklash, soxta ulkan jarimalar solish tufayli hukumat tomonidan boshlariga tushgan qiyinchiliklarida hamda gaz va elektr bilan bog’liq muammolarida unga murojaat qiladigan bo’lib qolgan.

Mana, rejim 2014 yil 13 sentyabrda Dilyorni qamoqqa olishga qaror qildi.

Qamoqqa olinishdan bir necha kun oldin Dilyor o’z uyi kuzatuv ostida ekanini sezib qoladi, hatto rus millatiga mansub shubhali kimsalarni ushlab olib, militsiya boshqarmasiga topshiradi. Boshqarma boshlig’i esa ularni qo’yib yuboradi va Dilyorga ochiqchasiga – meni noto’g’ri tushunma, deydi. Haqiqatdan ham ular Dilyorni qamoqqa olish ishining naqadar jiddiyligini bilishgan.

13 sentyabr sahar oltilar chamasida Davlat milliy xavfsizlik xizmati xodimlari uning uyini qurshab olishadi. Yuzlariga niqob taqqan, avtomatlar bilan qurollangan maxsus xavfsizlik kuchlari darvoza ustidan oshib tusha boshlashadi, Dilyorning ulardan oila a’zolarining kiyinib olishlari uchun vaqt berishlarini talab qilishiga qaramasdan, uyiga bostirib kirishadi. Dilyor bunday qonunbuzarlik xatti-harakatlaridan shoshgancha ayollarini himoya qilishga kirishadi, ammo ularni vahshiyona do’pposlashlariga, tepkilashlariga duchor bo’ladi…

Shovqinni eshitib, Dilyorni himoya qilgani mahalla oqsoqoli bilan masjiddagi kishilar keladi, ammo maxsus kuchlar avtomatlari bilan ularni turta-turta hovlidan chiqarib yuborishadi va darvozani ichkaridan berkitib olib, hech kimni kiritishmaydi. Odamlar to’planib ketadi, shunda xavfsizlik kuchlari vaziyat xavfli tus olayotganini tushunishib, hovli qurshovini mustahkamlash uchun boshqarmadan qo’shimcha kuchlar chaqirishadi…

Dilyorning uyida o’tkazilayotgan tintuv va so’roqlar olti soat davom etdi. Odamlar shuncha vaqt mobaynida Dilyorni so’z bilan bo’lsa ham himoya qilish maqsadida uning hovlisi yaqinida, qurshov tashqarisida to’planib turdilar, ularning soni tobora ko’payishdan to’xtamadi…

Ey Qirg’izistondagi musulmonlar!!!

Siz o’g’irlab ketilyapsiz! Ular sizni bemalol talash va xalqingiz boyliklarini ko’proq sotib yuborish uchun hamda bolalaringizni o’zlariga arzon ishchi kuchiga aylantirib olish maqsadida sizning manfaatingizni himoya qilayotgan Dilyor kabi o’z oldiga to’siq bo’layotganlarni yo’q qilishmoqchi. Buni amalga oshirish uchun esa O’zbekiston yo’lidan yurib, turli nomlar qo’yish bilan musulmonlar birligini bo’lish uchun imom-xatiblar va din arboblaridan iborat xoinlarni ishga solishmoqda.

O’zbekistonda Karimov 16 fevral hodisalarini ishlab chiqib, bu ishda musulmonlarni aybladi. Ammo Qirg’izistonda esa siz musulmonlar shuni yaxshi bilingki, xalqqa musulmonlar tomonidan hech qanday tahdid yo’q. Mabodo oddiy odamlar uchun biror tahdid paydo bo’lsa ham, buning ortida albatta kofirlarning o’zlari turgan bo’ladi.

Shuning uchun barchamizning xavfsizligimiz va birdamligimiz uchun biz sizni yurtda kechayotgan hodisalarga o’z ta’siringizni o’tkazishga targ’ib qilamiz. Bu esa sizdan aldanmaslikni, xolislikni, halol va harom asosidagi imoniy muhitni ushlashni talab qiladi.

Hizb ut-Tahrirning Qirg’izistondagi matbuot bo’limi raisi

Rasmiy sayt: http://hizb-turkiston.net

Elektrot pochta: webmaster@hizb-turkiston.net

Izohlar yo'q