Tolibon: Afg’onistonning hech bir erida xavfsiz bo’la olmaysiz

420
0

  Afg’onistonda afg’on askarining formasini kiygan bir kishi tarafidan uyushtirilgan hujumda amerikalik general-mayor Garold Grin o’ldirildi. Bu qo’mondon Amerikaning yuqori martabali qo’mondonlaridan biri edi. General-mayor Garold Grin Amerika armiyasi oxirgi 40 yilda yo’qotgan ya’ni Vetnam urushidan (1973 yildan) buyon o’ldirilgan eng oliy martabali qo’mondondir. Bunday oliy martabali qo’mondonning o’ldirilishi AQSh uchun izohlab bo’lmaydigan va qabul qilib bo’lmaydigan bir holatdir.

 Hujumda AQShlik general bilan bir qatorda germaniyalik brigada generali va bir nechta AQSh harbiysi ham halok bo’ldi. 20ta harbiy jarohat oldi. Ulardan beshtasi Angliya soldatlaridir.

 Afg’onistonda Amerikalik generalning o’ldirilishi Tolibonning Afg’onistondagi nufuzining qanday darajaga kutarilganligini ko’rsatmoqda. Axborot vositalari orqali tarqatilgan bu hujum Afg’onistondagi bir qancha vaziyatning o’zgarishiga sabab bo’lishi aytilmoqda.

 Tahlilchilarga ko’ra, Tolibon harakati bunday hujumlar bilan barcha xorijiy kuchlarga, xususan AQSh harbiylariga Afg’onistonning hech bir erida xavfsiz bo’la olmasligi haqida xabar bermoqda. Tolibon avval bergan o’zining bayonotlarida Afg’oniston xavfsizlik kuchlari orasida o’zlarining yuzlagan josuslari borligini bildirgan edi. Shuningdek, Tolibon harakatining da’vo qilishicha, Afg’on armiyasi safida xizmat qilayotgan bir qancha harbiylar davlat armiyasidan ajralib Tolibon safiga qo’shilish istagida yurishipti, biroq ular buning uchun qulay fursat kutishmoqda.

 Afg’on askari yoki politsiyasi kiyimini kiygan kishilar tarafidan amalga oshirilgan hujumlar toboro ortib borayotgani kuzatilmoqda. Oxirgi bir yil ichida bu kabi hujumlar 13 marta amalga oshirildi. Hujumlarda o’lganlarning aksariyati NATOga xizmat qilayotgan xorijiy askarlardir. Shunga ko’ra, Afg’onistonda harbiy xizmatini davom ettirayotgan xorijiy askarlar uchun shart sharoitlar yana og’irlashishi kutilmoqda. Ular o’zlarining yaqinlarida turgan har bir afg’on askaridan shubhalanadigan bo’lib qolgan. Bundan avval ham xuddi shunday bir necha holat yuzaga kelgan edi. Bu esa bir qancha xorijiy askarlarda ruhiy muammolar kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda.

 Afg’onistondagi xorijiy askarlar o’zlarining harbiy bazalaridan tashqariga chiqishni istashmaydi. Ammo bu oxirgi hujumlar ularning harbiy bazalarining ichki qismi ham xavfsiz emasligini ko’rsatdi.

 Ayni paytda afg’onistonda 50 mingga yaqin NATO harbiylari mavjuddir. 2010 yilda bu raqam 130 ming atrofida edi. Kelgusi yilda Afg’onistonda 10 ming NATO askari qolishi rejalashtirilgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.