Karimovning imomlari G’azo mavzusini aylanib o’tishdi

0
848

28 iyul kuni O’zbekiston masjidlarida Hayit namozidan oldin o’qilgan hutbalarda tinchlik Allohning buyuk ne’mati ekanligi, Iroq, Afg’oniston va Suriyada bo’layotgan “birodarkushlik” urushlari haqida va’z qilishgan hukumat imomlari o’z ma’ruzalarida G’azolik musulmonlarga qarshi Isroil armiyasi tomonidan olib borilayotgan urush mavzusini aylanib o’tishdi.

Xususan, Toshkent shahri masjidlarida o’qilgan hutbalarda poytaxtlik imomlar “Islom dinini niqob qilib olgan buzg’unchi va qo’poruvchi oqimlar ta’siridagi guruhlar Afg’oniston, Iroq hamda Suriyada musulmonlarning qonini to’kayotgani” haqida so’z ochib, O’zbekistonda prezident Karimovning sa’y-harakatlari evaziga tinchlik hukm surayotganini misol keltirishdi.

“O’zga diyorlarda notinchlik va urushular avj olgan bir paytda hurmatli yurtboshimizning sharofati bilan mamlakatimizda osoyishtalik va tinchlik hukm surayapti. Biz musulmonlar bu ne’matning qadriga etishimiz kerak”, — dedi xususan Toshkent shahar Bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov Ko’kaldosh masjidida qilgan hutbasida. Musulmonlar diyorlarida davom etayotgan turli qonli qarama-qarshiliklarni misol keltirgan Anvar qori Tursunov Falastinnning G’azo sektorida istiqomat qiluvchi musulmonlar Isroil armiyasi tomonidan qirib tashlanayotganligi to’g’risida lom-mim demadi. Bu holat poytaxtning va umuman respublikaning boshqa masjidalarida ham kuzatildi.

Hayit namozidan oldin va keyin qilgan duolarida ham hukumat imomlari o’zlarining karimovparastligini, musulmonlar ummatidan yiroq va dunyoviy orzu-havaslarga yaqin kishilar ekanligini namoyish etib, falastinlik mazlumlar haqqiga duo qilishmadi. Jannatga erishish, do’zahdan qutulish haqidagi ohirat duolarini unutgan imomlar turli mayda-chuyda dunyoviy orzularini izhor etishdi.

“Ko’z, quloq, og’iz, burun va tish doktorlari”, “velosipeddan yiqilib kasalxonada yotganlar”, “avtobusda uzoq safarga otlanganlar”, “jazirama issiqda qiynalayotgan keksalar”, “er uchastkalarida qurilish boshlaganlar”, “masjid hovlisini supurayotgan farroshlar” va hokazo toifa odamlar haqqiga alohida hamda mayda duo qilib boshlagan imomlar iltijolarining oxirini prezident Islom Karimov, MXX va IIV xodimlari haqlariga bag’ishlashdi.

Shunday duolarning so’nggi qismi: “Alloh yurtboshimizning umrini ziyoda qilsin! Yurtimizda tinchlik hukm surayotganiga, osoyishta namoz o’qiyotganimizga o’z hissasini qo’shayotgan milisa va boshqa idoralar xodimlari ham uzoq umr ko’rishsin!” – degan so’zlar bilan yakunlandi.

O’XH axborot bo’limi

Izohlar yo'q