AQSh armiyasida iztirob hukm surmoqda

600
0

49509AQSh armiyasi safidagi juda ko’pchilik askarlar majburiy jangga kirish, jangdan so’ng ruhiy iztirob chekish va natijada har turli dorilarni iste’mol qilish muammolarini boshidan kechirmoqda. Shuning uchun AQSh harbiylari orasida o’rtacha har kuni bir askar o’z joniga qasd qilishi kuzatilmoqda.

Mutaxassilarning fikricha, AQShning Iroq va Afg’onistonda olib borgan urushlari o’zining armiyasiga qattiq zarba bo’ldi. Chunki bu urushlar AQSh armiyasining ichidan emirilishiga sabab bo’ldi. Askarlar orasida o’z joniga qasd qilish ortib bormoqda.

Assoshieyted Press axborot agentligidan olingan xabarga ko’ra, Pentagon tarqatgan yangi statistik ma’lumotlar AQSh harbiylari orasida kechgan o’z joniga qasd qilish hodisalarining soni har kuniga bittadan to’g’ri kelishini ko’rsatadi. Bu esa avvalgi yillarga solishtirganda 18%ga ortgan deganidir.

2010 va 2011 yillarga qaraganda o’z joniga qasd qilganlarning soni bu darajada ortib ketishi AQSh mas’ullari uchun kutilmagan sovg’a bo’ldi. Yillik hisobotga ko’ra, o’z joniga qasd qilib o’lganlarning soni Afg’onistondagi jangda halok bo’lgan askarlarning sonidan 50%ga ortiqdir. Bu ma’lumotlar oxirgi 10 yilda o’lim soni eng yuksak darajaga etganligini ko’rsatmoqda.

AQSh armiyasida o’z joniga qasd qilish bilan bir qatorda jinsiy tajovuz, mast qiluvchi ichimliklarni ortiqcha iste’mol qilish, bir biriga nisbatan kuch ishlatish va bulardan boshqa bir qancha muammolar ham keng tarqalgan.

AQSh Mudofaa vazirligining yangi hisobotiga ko’ra, o’tgan yilda AQSh armiyasi safidagi 26 ming erkak va ayol harbiy jinsiy tajovuzga uchragan. Buni birinchi bo’lib vakillar palatasining Salomatlik bo’yicha qo’mitasi raisi, respublikachi Den Benishek ma’lum qildi.

“O’tgan moliyaviy yilda harbiy forma kiyganlar orasida har kuni 71 tajovuz yuz bergan”, deydi u.

Bu son tajovuzga uchragandan so’ng shikoyat qilingandan keyingi ko’rsatgichdir. Aksariyat hollarda tajovuzga uchragan harbiy bu haqida shikoyat qilmaydi.

“Buni rahbariyatga ma’lum qilsangiz, hammaning ko’ziga balodek ko’rinasiz, eng katta dushmanga aylanasiz. Hech kim siz bilan gaplashmaydi. Ayb o’zingda, deyishadi”, deydi zo’rlangan askarlardan biri.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.