Xorug’da notinchliklar davom etmoqda

0
441

 21 may kuni Tog’li Badaxshon muxtor viloyati markazi Xorug’ shahrida giyohvand moddalar bilan noqonuniy shug’ullanuvchilarni qo’lga olish chog’ida kontrabandachilar guruhi va militsiya xodimlari o’rtasida kelib chiqqan otishmada ikkita odam qurbon bo’lgani va bir nechta odamlar jarohatlangan. Mazkur xodisadan so’ng giyohvand moddalar bilan noqonuniy shug’ullanuvchi guruh, shu jumladan Xorug’ shahrining yoshlarishag’ar markazidagi sud, prokuratura va militsiya binolari oldida to’rlanishib tartibsizliklar keltirib chiqarishgani hamda mazkur binolar va bir nechta avtomobillarni yoqib yuborishgani haqida xabar qilingan edi.

 Bu xodisa ortidan 22 may, payshanba kuni Xorug’dagi vaziyat Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon boshchiligida huquqni muhofaza qilish organlari va kuch ishlatar tizimlarning rahbarlari bilan o’tkazilgan majlisda muhokama qilingan. Majlisda asosiy masala Xorug’ shahridagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda shahardagi jinoyatchilikka qarshi kurashish va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug’ullanuvchilarni qo’lga olishdan iborat bo’lgan. Bu haqda Tojikiston prezidentining matbuot xizmati xabar bergan edi.

 Rahmon huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatar tizimlarning rahbarlariga hodisani har tomonlama o’rganish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni buyurgan. Prezident topshirig’i asosida davlat boshlig’ining milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha yordamchisi Sherali Hayrulloev boshchiligida Xorug’ shahriga yuboriladigan ishchi guruhi tuzilgan.

 Bundan tashqari Imomali Rahmon payshanba kuni ertalab Tog’li-Badaxshon muxtor viloyati raisi Shodixon Jamshedov bilan ham telefon suhbati o’tkazgan. Suhbat davomida prezident unga yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirish va tegishli choralar ko’rishni buyurgan edi.

 Mazkur xodisadan so’ng xorug’liklar 21 may kunidan buyon shahar markazidagi maydonda norozilik namoyishlarini davom ettirishayotgan va Xorug’ markazida uch kun avval yuz bergan otishmada qatnashganlarni jinoiy javobgarlikka tortishlikni talab qilishayotgan edi.

 Davom etayotgan norozilik namoyishi ortidan 23 maydan 24 mayga o’tar kechasi Tog’li Badaxshon muxtor viloyati markazi Xorug’ shahrida navbatdagi otishma ro’y berdi. Bu otishmani kelib chiqishiga mahalliy aholi vakillari Xorug’dagi Milliy binoni egallashga uringangani sabab qilib keltirilmoqda. Mazkur otishmada bir odam halok bo’lib, ikki odam jarohatlangani xabar qilinmoqda.

 Tojikiston mustaqillikka erishganiga 23 yildan oshgan bo’lsa ham Imomali Rahmon hukumati Tog’li Badaxshonda to’liq nazoratni o’rnatgani yo’q. Rasmiy Tojikiston hukumati giyohvand moddalar bilan noqonuniy shug’ullanuvchi guruhlarni tozalash bahonasi bilan mazkur mintaqada maxsus amaliyotlar o’tkazib keladi.

 2012 yil 24-25 iyul kunlari muxtor viloyat markazi Xorug’da maxsus xizmat generali Abdulla Nazarov qotillarini qo’lga olish yuzasidan o’tkazilgan amaliyot paytida o’nlab tinch aholi vakillari qurbon bo’lgan edi. Rasmiy xabarlarga ko’ra, kuchishlatar tizimlarning 12 xodimi, 30 jangari va bir tinch fuqaro halok bo’lgan. Norasmiy manbalarga binoan, o’ldirilganlarning soni ikki yuzdan oshgan, ularning yarmi tinch fuqarolar bo’lganligi aytiladi.

Izohlar yo'q