Bosh vazir o’rinbosari O’sh xalqini sabrli bo’lishga chaqirdi

0
480

17 may kuni bir kunlik ish safari bilan O’shga kelgan Bosh vazirning birinchi o’rinbosari Tayirbek Sarpashev bir oydan oshiq vaqtdan beri gazsiz o’tirgan O’sh xalqini sabrli bo’lishga chaqirdi.

“Shu vaqtga qadar bizda gaz qish oylarida o’chib, bir qator qiyinchiliklarni vujudga keltirar edi. Bu masalani birato’la echish maqsadida hamkorimiz Rossiya bilan bo’lgan kelishuv asosida “Qirg’izgaz”ni “Gazprom”ga sotdik. Endi bundan buyon qish oylarida gaz yo’q bo’ladi, degan hech qanday gap-so’z bo’lmaydi. Shu sabali hozircha yo’q bo’lib turgan gaz masalasida O’sh xalqini bir oz sabrli bo’lishini tilab qolaman”, – dedi Sarpashev.

O’sh shahar kengashining deputatlari 15 may kuni Bosh vazir Jo’mart O’tarboevga gaz masalasini xal qilib berish bo’yicha murojaatnoma yo’llashgan edi.

Turkiston:

O’zbekiston hukumati Qirg’izistonning janubiy mintaqalariga tabiiy gaz etkazib berishni to’xtatib qo’yganiga bir oydan oshdi. Qirg’iz hukumatining bildirishicha, rasmiy Toshkent bu haqida shu kungacha hech qanday izoh bermay kelmoqda.

Gaz masalasini tartibga solish bo’yicha so’zlashuvlarni “Qirg’izgaz”ning yangi xo’jayini hisoblangan “Gazprom” olib borishi ma’lum qilingan edi. Ammo hukumat etakchisi Jo’mart O’tarboev NTS kanaliga bergan intervyusida bu masalani hal qilishga “Gazprom”ning ham tishi o’tmayotganligini bildirdi.

“Men shaxsan o’zim O’zbekiston hukumatiga gaz berishni davom ettirishni so’rab maktub yubordim, javob yo’q. “Qirg’izgaz”ni “Gazprom” olgandan keyin, demak u gaz etkazib berishga javobgar bo’lishi kerak. Lekin mening bilishimcha, shunday kuch-qudratga ega “Gazprom” ham bu masalani hal qilishni eplay olmayapti. Boshqacha aytganda, ularning ham bu masalada ta’siri bo’lmayapti”, dedi O’tarboev.

Bu ishlarni ortida O’zbekiston hukumatiga zimdan dastak berayotgan AQSh hukumati turipti. Chunki, Rossiya barcha xalqaro huquq va me’yorlarni buzgan holda Ukrainaga qarashli bo’lgan Qrimni anneksiya qilib oldi. Rossiyaning bu harakati ortidan so’ngi vaqtlarda AQSh bilan aloqalari yana qaytadan iliqlashib borayotgan O’zbekiston hukumatini Rossiya davlatiga “tutun qaytarishi” kuchayib bormoqda.

Gaz masalasida ham agarda O’zbekiston ortida AQSh turmaganida va qo’llab-quvvatlamaganida bu qadar keskin choralar ko’rishga jur’at qilmagan bo’lar edi. Avval ham O’zbekiston hukumati Qirg’izistonga bosim o’tkazishda gazdan foydalanib kelar edi, ammo o’zaro kelishuvlardan so’ng gaz berishni qayta boshlar edi. Bu safargi bosim esa avvalgilardan farqli ravishda ancha cho’zilib va jiddiylashib ketdi. O’zbekiston hukumati nafaqat Qirg’iziston hukumatini balki “Gazprom” orqali Rossiyani ham ochiqchasiga mensimayotganini namoyish qilmoqda.

Qirg’iziston hukumati esa agar “Qirg’izgaz” “Gazprom”ga sotiladigan bo’lsa gaz ta’minotida hech qanday uzilishlar bo’lmaydi deb ishontirgani bois hozirgi vujudga kelgan holatdan jiddiy tashvishga tushib qoldi. Shu sababdan “Qirg’izgaz” kompaniyasini Rossiyaga sotilishi siyosatchilarning emas, balki iqtisodchilarning qarori bo’lganligini aytishmoqda.

Izohlar yo'q