O’zbekistonda ayrim davlat amaldorlari endilikda xorijga faqat mamlakat Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Prezident devonining tegishli xizmatlaridan maxsus ruxsatnoma olganidan keyingina chiqa oladilar.Chet elga maxsus ruxsatnoma bilangina chiqa oladigan amaldorlar ro’yxati prezidenti Islom Karimovning “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risi”dagi qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga muvofiq, endilikda Bosh vazir va uning o’rinbosarlari, vazirlar, Oliy Majlis Senati raisi va Qonun chiqarish palatasi spikeri, mamlakat Ombudsmani, Markaziy bank raisi va uning o’rinbosarlari, MXX raisi, Bosh prokuror, Markaziy saylov komissiyasi raisi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Oliy xo’jalik sudi raislari, Fanlar akademiyasi prezidenti, O’zbekiston respublikasi inson huquqlari bo’yicha milliy markazi direktori, viloyat hokimlari va Toshkent shahri hokimi – jami 25 ta mansabni egallab turgan amaldorlar chetga chiqish uchun shaxsan O’zbekiston prezidentidan izn olishlari zarur.
Bularga qo’shimcha, Konstitutsiyaviy sud hakamlari, O’zbekistondagi umumiy yurisdiktsiya va xo’jalik sudlari sudyalari, IIV, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo’mitasiga doxil oliy ta’lim muassasalari rahbarlari (rektorlari) va o’rinbosarlari (prorektorlari), shuningdek, Tashqi ishlar vao’irligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, MXX Davlat chegarasini qo’riqlash qo’mitasi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat bojxona qo’mitasi, Davlat soliq qo’mitasi hamda ularning hududiy va tuzilmaviy bo’linmalarining mas’ul xodimlari esa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar (BMT, ShHT, MDH va sh.k.) tomonidan o’tkazilayotgan rasmiy tadbirlarda ishtirok etish uchun o’z komandirovkalarini Prezident devonining tegishli xizmatlari bilan muvofiqlashtirishlari lozim bo’ladi.
5 mart kuni imzolangan bu hujjat mansabdor shaxslarning chet mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish, xizmat safarlari samaradorligini oshirish, O’zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini ta’minlash va davlat sirlarini saqlash maqsadida qabul qilingani aytilmoqda.
Qarorda qayd etilishicha, O’zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to’g’risida”gi qonunida davlat siri yoki harbiy sir bo’lgan ma’lumotlar bilan ishlayotgan yoki ishlagan O’zbekiston fuqarolarining huquqlari o’zlarining yozma roziliklari asosida cheklanishi mumkinligi belgilab qo’yilgan.
Qarorda Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda noqonuniy ravishda xorijga chiqqanlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni takomillashtirish bo’yicha takliflar kiritish topshirilgan.
Turkiston:
Prezidenti Karimov sal kam 25 yildan buyon O’zbekiston xalqini o’z nog’arasiga o’ynatish uchun ko’ngliga kelgan ishni amalga oshirib kelmoqda. Avvallari oddiy xalq, inson huquqlari tashkiloti a’zolari, talaba va kommunal to’lovlardan qarzdor bo’lganlar uchun xorijga chiqishga cheklovlar joriy etilgan bo’lsa, endilikda navbat ko’p yillardan beri Karimovga sodiq xizmat qilib kelayotgan amaldorlarga etib keldi.
O’zbekistonda “davlat siri va davlat xavfsizligi”ni ta’minlash bahonasi bilan joriy etilgan bu yangi qaror ham avvalgilariga o’xshash faqatgina Karimov xavfsizligini o’ylab chiqilgan navbatdagi qonunlardan biri xolos.
Musulmon olamida sodir bo’layotgan xodisalar va ayniqsa Ukrainada bo’lib o’tgan navbatdagi inqilobdan so’ng Islom Karimov chinakamiga tahlikaga tushib qolgan ko’rinadi. Shundoq ham O’zbekistondagi barcha fuqarolarni qattiq nazorat ostida ushlab kelayotgan mustabid Karimov yanada ko’proq o’z qobig’iga o’ralib olishga harakat qilmoqda. U hatto o’ziga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan amaldorlardan ham xavfsiray boshladi.
Bu battol Karimov o’z hokimiyatini saqlab qolish uchun har qanday tubanlik va qotilliklarga ham tayyor. 2005 yil 13 may qirg’ini bunga yaqqol misol bo’la oladi.