MSK Osh merligiga saylov natijalarini tasdiqladi

431
0

images (15)

Qirg’iziston respublikasi saylovlar va referendumlar o’tkazish bo’yicha Markaziy saylov komissiyasi 20 yanvar kuni bo’lib o’tgan yig’ilishida, Osh shahar merligi uchun bo’lib o’tgan saylovlar natijalarini tasdiqladi.

Saylov natijalari bo’yicha bitta shikoyat kelib tushgan, ammo kechikkanligi sababli, bu shikoyat ko’rib chiqilmadi. Ovoz berish jarayonida qonun buzilish holatlari ro’yxatga olinmagan. Natijada MSK a’zolari 2014 yil 15 yanvar kuni bo’lib o’tgan ovoz berish bayonnomasi va janubiy poytaxt merligiga saylovlar natijalarini tasdiqladilar.

Shunday qilib Aytmamat Qodirboev rasmiy ravishda shahar boshlig’i lavozimiga kirishdi. MSK a’zolari uni g’alaba bilan tabriklab, guvohnoma topshirdilar. Bishkekka kelgan Osh shahrining yangi meri samolyotga kechikayotganini aytib, jurnalistlar bilan suhbatlashishga rozi bo’lmadi.

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev uch yildan beri amalga oshirolmay kelayotgan ishi, Osh shahar meri Melis Miraqmatovni lavozimidan bo’shatish masalasini nihoyat 15 yanvar kuni amalga oshirishga muvaffaq bo’ldi. Ammo prezident o’zining bu ishi bilan zaiflashib borayotgan muxolifatni oz bo’lsada kuchayishiga sababchi bo’ldi.

Aynan o’sha kuni ya’ni, 15 yanvarda Issiqko’l viloyati Saruu qishlog’ida bo’lib o’tgan va 500ga yaqin odam yig’ilgan muxolifatning qurultoyida ishtirok etgan “revolyutsiyalar buldozeri” deb nom olgan Azimbek Beknazarov “bu miting uchinchi revolyutsiyani boshlanishi ekanligini, chunki Osh merligi uchun o’tayotgan saylovlar “Qirg’iziston tarixidagi eng uyatli bo’lganini”, hukumat esa Akaev va Bakiev yo’lidan ketayotgani” ma’lum qilgan edi.

Oshda bo’lib o’tgan Mirzaqmatovning tarafdorlari mitingida esa, shu vaqtga qadar birorta muxolifat rahbari yig’ishga muvaffaq bo’lmagan o’n mingdan ziyod odam ishtirok etdi. Saylov natijalari e’lon qilingach, junbushga kelgan odamlar hatto shahar merligini ishg’ol qilishga harakat qildi. Ammo Melis Mirzaqmatov “Biz bu erga meriyani bosib olish uchun yig’ilganimiz yo’q. Biz bu erda haqiqat uchun turibmiz. Sizlar meni huddi Tashievga o’xshab fitnaga undamanglar. Men sizlarni bir bo’lishlikka va katta kurashga tayyorlanishga chaqiraman. Unga qadar fitnaga berilmanglar, tarqalishinglarni iltimos qilaman”, degan va “baxorda yangi kuch bilan qaytib kelishlik”ka va’da berib, o’z tarafdorlarini sabr qilishga undagan edi.

Shahar meriyasi binosini bosib olishga harakat qilganlarga va prezident portretini yoqqan Osh viloyati ichki ishlar boshqarmasining sobiq rahbari polkovnik Abdulla Kaparovga qarshi jinoiy ish qo’zg’ab, hukumat yana biri xatoga yo’l qo’ydi. Bu bilan rasmiy hukumat yonib turgan olovga yog’ quygandek bo’ldi.

Azimbek Beknazarov Mirzaqmatovni merlik lavozimiga saylanmay qolganidan foydalanib tarqoq holga tushib qolgan muxolifat boshini birlashtirishga va baxor oylariga chiqib hukumat uchun yangi muammoni paydo qilishga harakat qilishi mumkin. Buning uchun Beknazarov atrofiga hukumatdan “jabr ko’rgan” va o’zlaricha haqiqatni izlab yurgan “alamzada”larni yig’ib, ularga o’zi bosh bo’lishni va qolganlarga ham hukumatdagi turli lavozimlarni va’da qilib, uchinchi inqilobga tayyorgarlik ko’rishni boshlagan bo’lishi tabiiy.

Shunday ekan kunlar isib, odamlarni maydonda ushlab turish oson bo’ladigan vaziyatda hukumat yangi o’zgarishlarga tayyorlanishi kerak bo’ladi.

Abdurahmon Odilov

21 yanvar 2014 yil.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.