Qirg’iziston: noroziliklar davom etmoqda

304
0

001

7 oktyabr kuni Qumtor oltin konini 100 foiz davlat hisobiga milliylashtirish talabi bilan chiqqan mitingchilar garovga olgan Qirg’iziston hukumatining Issiqko’ldagi vakili Emil Qaptagaev 8 oktyabrga o’tar kechasi garovdan ozod qilindi va mitingchilar kuch qo’llash yo’li bilan tarqatib yuborildi, deya xabar qiladi Ozodlik. Militsiya norozilik mitingiga chiqqanlarni ovoz chiqaruvchi granatalar va ko’zdan yosh oqizuvchi vositalar yordamida tarqatgan. Militsiya tomonidan mitingda ishtirok etgan 23 odam, jumladan, mitingning ikki tashkilotchisi qo’lga olingan. Ular 8 oktyabr kuni ertalab Bishkekka olib kelingani hamda Milliy xavfsizlik qo’mitasi hibsxonasida saqlanayotgani aytilmoqda.

8 oktyabr kuni Issiqko’lning Saru qishlog’i aholisi qo’lga olingan hamqishloqlarini hibsdan ozod etish talabi bilan mitingga yig’ildi va Bishkek-Baliqchi yo’lini to’sib qo’ydi.

Soat 12.00 atrofida Mitingchilar tomonidan bir engil avtomashina yoqib yuborilgan. Baliqchi-bishkek yo’li katta yuk mashinasi yordamida to’sib qo’yildi. Mitingga chiqqanlar soni 700 ga etgani aytilmoqda.

Saruu qishlog’i harbiy vertolyotlar yordamida nazorat qilinmoqda. Ayrim xabarlarda aytilishicha, vertolyotlardan havoga qarata avtomatlardan ogohlantiruvchi o’q otilgan. Qirg’iziston Bosh vaziri o’rinbosari To’qo’n Mamitov Saru qishlog’ini nazorat qilayotgan ikki vertolyot Qirg’iziston qurolli kuchlariga tegishli ekanini tasdiqladi.

“Saru qishlog’ida vaziyat og’ir”, deya bayonot berdi Qirg’iziston Bosh vaziri o’rinbosari To’qo’n Mamitov. Unga ko’ra, hukumat qishloqda yuz berayotgan voqealarni noqonuniy harakat sifatida baholamoqda. To’qo’n Mamitovning aytishicha, norozilar tomonidan pachoqlangan va o’t qo’yib yuborilgan mashina Qirg’iziston huquq-tartibot tuzilmalariga tegishli bo’lgan. Shuningdek, Qirg’iziston rasmiysi bugun ertalab Saru qishlog’i aholisi norozilarni tinchlantirish uchun kelgan Jeti –O’g’uz tumani militsiyasi boshlig’iga hujum qilinganini tasdiqladi.

Qirg’iziston kuchishlatar tuzilmalari Saru qishlog’ida tartib o’rnatishga tayyor holga keltirildi. Qirg’iziston Bosh vaziri o’rinbosari To’qo’n Mamitovning qirg’iz matbuotiga bildirishicha, militsiya tomonidan maxsus vositalar va qurollar qo’llanilishi mumkin. “Maxsus vositalar va qurollar qonunchilikda belgilangan tartibda va qonunchilikda belgilangan vaziyatga asoslanib qo’llaniladi”, dedi T. Mamitov.

Prezident Almazbek Atambaez bu hodisalarga nisbatan o’z fikrini bildirar ekan, bu harakatlarning ortida ayrim siyosiy kuchlar turganini eslatib, ularning xalqni aldashiga yo’l qo’ymaslikka chaqirdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.