Fiqhdan namunalar

1322
0

фикх-199x300

بسم الله الرحمن الرحيم

 

Shahid

Shahidlar uch qismdir:

Dunyo hukmlarisiz faqat oxiratda shahid.

Faqat dunyoda shahid.

Dunyo va oxiratda shahid.

Dunyo hukmlarisiz faqat oxiratdagi shahid haqida aytadigan bo’lsak, ular hadislarda zikr qilingan kishilardir. Ba’zi rivoyatlarda ular ettita deyilsa, ayrimlarida sakkizta, ayrimlarida to’qqizta, ayrimlarida esa o’n bitta deyilgan. Sahihi shuki, Muslimda vorid bo’lganidek ular beshtadir: Toun, ya’ni vabo kasalida o’lgan kishi, qorin og’rig’i bilan o’lgan kishi, g’arq bo’lib o’lgan kishi, ustiga bino qulab o’lgan kishi, jangdan boshqa paytda Alloh yo’lida Alloh kalimasini oliy qilish uchun o’lgan kishi. Muslim Abu Hurayradan Rosululloh (s.a.v)ning shunday deganini rivoyat qildi:

«Bir kishi yo’lda ketayotib, yo’lda yotgan bir tikonli shoxni ko’rib qoldi va uni chetga surib qo’ydi. Alloh uning bu ishini taqdirlab uni mag’firat qildi va dedi: Shahidlar beshtadir: Vabo kasalidan o’lgan, qorni og’rib o’lgan, cho’kib o’lgan, ustiga bino qulab o’lgan va Alloh Azza va Jalla yo’lida shahid bo’lgan». Muslim yana Abu Hurayradan rivoyat qildi: Rosululloh (s.a.v) dedilar:

«Orangizda kimni shahid deb hisoblaysizlar? Sahobalar: Yo Rosululloh, kim Alloh yo’lida o’ldirilsa o’sha shahiddir, deyishdi. Payg’ambarimiz (s.a.v): Unday bo’lsa Ummatim shahidlari oz ekan-da, dedilar. Sahobalar: Unda ular kimlar yo Rosululloh? – deyishdi. Payg’ambarimiz (s.a.v): Kim Alloh yo’lida o’ldirilsa u shahiddir, kim Alloh yo’lida o’lsa u shahiddir, kim vabodan o’lsa u shahiddir, kim qorin og’rig’idan o’lsa u shahiddir, dedilar». Ibn Miqsam aytadi: men otangning bu hadisda:

«Cho’kib o’lgan shahiddir», deb aytganiga guvohman, dedi . Bularning shahidligidan murod shuki, ularga oxiratda shahidlar savobi bo’ladi. Ammo dunyoda ular yuvilib, ularga janoza o’qiladi. Endi agar shahid kalimasi savob berilishi haqida aytilsa – hadis o’zi shu haqdadir – u holda bu kalimani ana shu kishilarga nisbatan qo’llash to’g’ri bo’ladi. Ammo agar bu kalima gapda hech bir qarinasiz mutlaq qo’llansa, u holda bu kalima ularga tegishli bo’lmaydi, balki Alloh yo’lida o’ldirilgan kishiga oid bo’ladi, undan boshqasiga nisbatan qo’llanmaydi.

Endi oxiratda emas, faqat dunyodagi shahidga kelsak, u dunyodagi shahid hukmlarini oladi, yuvilmaydi va unga namoz o’qilmaydi, balki o’z kiyimida dafn qilinadi. Lekin u oxiratda Allohning kalimasini oliy qilish uchun jang qilgan shahidlar savobini olmaydi. Bu Alloh yo’lidan boshqa yo’lda jang qiladigan kimsadir. Masalan obro’ uchun yoki faqat o’lja uchun yoki ortiga qochib jang qiladigan kimsa. Bunday kimsa oxiratda shahidlik savobini olmaydi. Chunki hadislar shahidlik savobini faqat Alloh yo’lida jang qilgan va ortiga chekinmay oldinga tashlanib jang qilgan shahidgagina xoslab qo’ydi. Muslim Abu Muso Ash’ariydan ushbuni rivoyat qildi:

«Bir kishi Nabiy (s.a.v) huzuriga kelib, yo Rosululloh, bir kishi g’animat uchun jang qiladi, yana bir kishi nomi zikr qilinishi uchun jang qiladi, boshqa bir kishi esa o’zining qanday o’rin tutishini ko’rsatib qo’yish uchun jang qiladi. Xo’sh, ulardan kim Alloh yo’lida jang qilgan bo’ladi? – deb so’radi. Rosululloh (s.a.v): kim Allohning kalimasi oliy bo’lishi uchun jang qilsa u Alloh yo’lida jang qilgan bo’ladi, dedilar». Muslim Abu Musodan shunday deganini ham rivoyat qildi:

«Rosululloh (s.a.v)dan: shijoati jo’sh urib jang qiladigan, hamiyati qo’zg’alib jang qiladigan va riyo uchun jang qiladigan kishi haqida bularning qaysinisi Alloh yo’lida jang qilishdir? – deb so’raldi. Rosululloh (s.a.v): kim Allohning kalimasi oliy bo’lishi uchun jang qilsa u Alloh yo’lida jang qilibdi, deb javob berdilar». Rosululloh (s.a.v) shahidning gunohlari kechirilishi uchun ortiga qochmay oldinga tashlanib jang qilishini shart qilib qo’ydilar. Muslim Abdulloh ibn Abu Qatoda orqali Qatodadan rivoyat qiladi:

«Payg’ambarimiz (s.a.v) ularning ichida turib ularga Alloh yo’lidagi jihod va Allohga imon keltirish eng afzal amal ekanini aytdilar. Shunda bir kishi turib: yo Rosululloh, agar men Alloh yo’lida o’ldirilsam gunohlarimga kafforat bo’ladimi? – dedi. Rosululloh (s.a.v): ha, agar sen sabr qilgan holda, savob umid qilib, ortingga qochmay oldinga tashlanib Alloh yo’lida o’ldirilsang, dedilar. So’ngra Rosululloh (s.a.v): nima deding? – dedilar. Haligi kishi: agar men Alloh yo’lida o’ldirilsam gunohlarimga kafforat bo’ladimi? – dedi. Rosululloh (s.a.v): ha, sabr qilgan holda, savob umid qilib, ortingga qochmay oldinga tashlansang, magar qarz bundan mustasno. Menga buni Jabroil (a.s) aytdi, dedilar». Bundan tushunilyaptiki, agar ortiga qochib jang qilsa gunohlariga kafforat bo’lmaydi va unga shahidlik savobi berilmaydi. Obro’ uchun jang qiladigan kimsaga kelsak, Rosululloh (s.a.v) uni shahid deb nomlab, azoblanishini bayon qildilar. Muslim Sulaymon ibn Yasordan shunday deganini rivoyat qildi: odamlar Abu Hurayra oldidan turib tarqalishdi. Shunda unga Shom ahli vakili: ey shayx Rosululloh (s.a.v)dan eshitgan biron hadisni bizga aytib bering, dedi. Abu Hurayra dedi: Xo’p, men Rosululloh (s.a.v)ning shunday deganini eshitganman:

«Qiyomat kuni ustidan birinchi bo’lib hukm chiqariladigan odam shahid bo’lgan kishi bo’ladi. Uni olib kelinadi. Alloh unga O’zi bergan ne’matlarini eslatadi. U ularni eslaydi. Alloh bu ne’matlar uchun nima amal qilding? – deydi. U Sening yo’lingda jang qilib, shahid bo’ldim, deydi. Alloh: yolg’on aytding, aksincha jur’atli ekan deyishlari uchun jang qilding. Sen haqingda shunday ham deyildi, deydi. So’ngra Alloh amr qiladi. Uni yuz tuban sudrab do’zax o’tiga uloqtiriladi…». Bu hadis obro’ olish uchun jang qilgan kimsa garchi dunyoda shahid hukmini olsa ham, lekin qiyomat kunida unga shahid savobi berilmasligiga, aksincha azoblanishiga dalolat qilyapti.

Endi dunyo va oxiratdagi shahidlikka kelsak u Allohning kalimasini oliy qilish uchun kofirlarga qarshi jang qilgan va musulmonlar bilan kofirlar o’rtasidagi jangda o’ldirilgan kishidir. Bu jang urush holatidagi yurtda bo’ladimi yoki Islom yurtida bo’ladimi, buning farqi yo’q.

Alloh Taolo dedi:

«Alloh yo’lidagi jangda o’ldirilgan zotlarni hargiz o’liklar deb o’ylamang! Yo’q, ular tiriklardir! U zotlar Parvardigori ne’matlaridan bahramand bo’lmoqdalar» [Oli Imron: 169]

Bu shahid uning haqqida shar’iy hukmlar kelgan kishidir. Bunday shahidlik kofirlar bilan bo’lgan urushda o’ldirilgan kishiga xosdir. Shuningdek jangda jarohatlanib keyinchalik shu jarohatdan o’lgan kishi ham jangda o’ldirilgan kabi hisoblanadi. Ammo undan boshqani shahid deb hisoblanmaydi. Shunga ko’ra bog’iylar bilan bo’lgan urushda o’ldirilgan kishini ham, jangda jarohatlanib, so’ngra jarohati tuzalib, so’ng shu jarohatdan o’lgan kishini ham shahid deb hisoblanmaydi. Shahidga tegishli xos hukmlar bor bo’lib Alloh Taolo shahid haqida u tirikdir deb xabar berdi. Bunday shahidlik Allohning kalimasini oliy qilish uchun kofirlar bilan bo’lgan jangda o’ldirilgan kishiga va ana shu jangda jarohatlanib shu jarohatdan o’lgan kishiga xosdir.

Mazkur shahid haqidagi hukm shuki, u yuvilmaydi va kafanlanmaydi, balki qoni va kiyimida dafn qilinadi. Chunki shahid qiyomat kuni tirilar ekan, uning qoni mushki ambardek juda yoqimli hid taratadi. Bunga dalil Buxoriy Jobirdan rivoyat qilgan ushbu hadisdir:

«Rosululloh (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlardan ikki kishini bitta kiyimda jamlab, so’ngra: ulardan qaysinisi Qur’onni ko’proq (yod) olgan? – derdilar. Ulardan qaysi biri ko’rsatilsa uni lahadga oldin qo’yardilar va: men bularga guvohman, dedilar va ularni qonlari bilan dafn qilishga buyurdilar, ularga namoz o’qimadilar va ularni yuvmadilar». Ahmad ham Nabiy (s.a.v)ning Uhudda o’ldirilganlar haqida shunday deganini rivoyat qildi:

«Ularni yuvmanglar. Zero har bir jarohat yoki har tomchi qon qiyomat kunida mushk anbardek xushbo’y hid taratadi. Payg’ambarimiz (s.a.v) ularga namoz o’qimadilar». Nasoiyning rivoyat qilishicha, Nabiy (s.a.v) Uhud shahidlari haqida bunday dedilar:

«Ularni qonlari bilan o’rab qo’yinglar. Zero Alloh yo’lida olingan biron jarohat yo’qki, qiyomat kunida qoni oqqan holda kelmasa. Rangi qonning rangidek, hidi mushkning hididek bo’ladi». Anasdan ushbu hadis rivoyat qilingan:

«Nabiy (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlarga namoz o’qimadilar va ularni yuvmadilar». Bu hadisni Shofeiy «Musnadi»da rivoyat qildi. Uhud shahidlari yuvilmaganidek Badr, Xandaq va Xaybar shahidlari ham yuvilmadi. Bundan ko’rinib turibdiki, shahid yuvilmaydi. Shuningdek shahid o’lik kafanlangandek kafanlanmaydi, balki o’z kiyimi bilan kafanlanadi. Bunga dalil Rosululloh (s.a.v)ning Uhud shahidlari haqida aytgan ushbu so’zidir:

«Ularni jarohatlari va qonlari bilan o’rab qo’yinglar». Ahmad rivoyati. Bunga yana dalil Ibn Abbos qilgan ushbu rivoyatdir:

«Rosululloh (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlardan temir va terilarni echib olishni, qonlari va kiyimlari bilan dafn qilishni buyurdilar». Abu Dovud rivoyati. Endi shahidga namoz o’qilishiga kelsak, o’qilishi ham, o’qilmasligi ham joiz. Namoz o’qilishi joizligiga dalil Rosululloh (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlarga dafn qilinganidan keyin namoz o’qigani, Hamzaga namoz o’qigani va jangda o’ldirilgan bir kishiga namoz o’qigani haqida kelgan rivoyatlardir. Masalan Buxoriyda Uqba ibn Omirdan rivoyat qilinishicha:

«Nabiy (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlarga sakkiz yil keyin xuddi tiriklaru o’liklar bilan vidolashgandek janoza namozini o’qidilar». Tahoviy «Sharhul maoniy» kitobida Ibn Zubayrdan hasan isnod bilan ushbu rivoyatni keltirdi:

«Rosululloh (s.a.v) oldiga to’qqiz kishini olib kelindi. Hamza o’ninchisi bo’ldi. Payg’ambarimiz (s.a.v) ularga namoz o’qidilar». Abu Dovud Abu Salamadan, u Nabiy (s.a.v) ashobidan bo’lgan bir kishidan shunday deganini rivoyat qildi:

«Biz Juhaynadagi bir mahallaga hujum qildik. Musulmonlardan bir kishi ulardan bir kishini olishuvga chiqishini talab qildi. Unga zarba bergan edi, zarbasi xato ketib o’zi yaralandi. Shunda Rosululloh (s.a.v): ey musulmonlar jamoasi birodaringizni olib keling, dedilar. Odamlar shoshib borishsa u o’lgan ekan. Rosululloh (s.a.v) uni kiyimi va qoni bilan o’rab unga namoz o’qidilar va dafn qildilar. Shunda ashoblar: yo Rosululloh, u shahid bo’ldimi? – deyishgan edi, Payg’ambarimiz (s.a.v): ha, men unga guvohman, dedilar». Bu uch hadis sobit hadislar bo’lib, shahidga namoz o’qilishiga ochiq dalolat qilyapti.

Endi shahidga namoz o’qilmasligi joizligiga kelsak, bunga dalil Rosululloh (s.a.v) shahidga namoz o’qimagani haqida kelgan boshqa rivoyatlardir. Masalan Abu Dovud va Termiziy Anasdan ushbuni rivoyat qilishdi:

«Nabiy (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlarga namoz o’qimadilar va ularni yuvmadilar». Ahmad Anasdan ushbuni rivoyat qildi: «Uhud shahidlari yuvilmadi, ularni qonlari bilan dafn qilindi, ularga namoz o’qilmadi». Buxoriy Jobir ibn Abdulloh (r.a)dan shunday deganini rivoyat qildi:

«Rosululloh (s.a.v) Uhudda o’ldirilganlardan ikki kishini bitta kiyimda jamlab, so’ngra: ulardan qaysinisi Qur’onni ko’proq (yod) olgan? – derdilar. Ulardan qaysi biri ko’rsatilsa uni lahadga oldin qo’yardilar va: men bularga guvohman, dedilar, ularni qonlari bilan dafn qilishga buyurdilar. Ular yuvilmadilar va ularga namoz ham o’qilmadi». Bu hadislar ham sobit hadislar bo’lib, shahidga namoz o’qilmasligiga ochiq dalolat qilyapti. Imom Shofeiy Uhudda o’ldirilganlarni dafn qilishdan oldin ularga namoz o’qilgani haqida vorid bo’lgan rivoyatlar haqida javob berib: «Xabarlar mutavotir jihatlar tomonidan Nabiy (s.a.v)ning Uhudda o’ldirilganlarga namoz o’qimaganini ko’z bilan ko’rilganidek keldi», dedi. Demak bu hadislarning hammasi – Nabiy (s.a.v) shahidga namoz o’qigan deb rivoyat qilinganlari ham, namoz o’qimagan deb rivoyat qilinganlari ham – sobit hadislardir. Shuning uchun ulardan hech qaysinisini rad qilishga yo’l yo’q. Chunki ular rivoyat va diroyat jihatidan hujjat keltiriladigan dalillar sirasiga kiradi. Ulardan birini boshqasidan ustun qo’yishga ham yo’l yo’q. Chunki sahobalarning ana shu shahidlarga namoz o’qilganidan bexabar qolishlari ehtimoldan uzoq bo’lganidek, namoz o’qilmaganidan bexabar qolishlari ham ehtimoldan uzoqdir. Shunday ekan bu hadislardan birini boshqasidan qanday qilib ustun qo’yish mumkin, axir? «Shahidga namoz o’qilgani sobit bo’lgan bu hadislardagi namozdan murod duodir, shuning uchun namoz o’qidilar degan so’z duo qildilar ma’nosidadir», deyilmaydi. Chunki shar’iy haqiqatlar – modomiki biron qarina kelmasa – lug’aviysidan muqaddam qo’yiladi. Bu erda esa hech bir qarina kelmagan. Demak namozdan murod mayyitga o’qiladigan shar’iy namoz ekanligi aniq. «Shahidga namoz o’qilgani haqidagi hadislar namoz o’qilmagani haqidagi hadislarni mansux qiladi. Chunki ulardan biri, ya’ni Uhudda o’ldirilganlarga sakkiz yildan keyin namoz o’qilgani haqidagi hadis hamma hadislardan keyin kelgan. Chunki Ibn Hibbon rivoyatida: «So’ng uyiga kirib to Alloh qabz qilmagunicha chiqmadi», deyilgan», deb ham aytilmaydi. Chunki hadisning keyin kelganligining o’zigina mansux bo’lishga dalolat qilish uchun etarli emas. Aksincha mansux bo’lganini bildiradigan boshqa bir qarina ham bo’lishi kerak. Bu erda esa hech bir qarina yo’q. Demak mansux bo’lish ham yo’q. Shuning uchun bu rivoyatlarning hammasi e’tiborli bo’lib qolaveradi va ulardan shahidga namoz o’qimaslik joiz, degan ma’no olinadi. Zero Rosululloh (s.a.v)ning Badrda o’ldirilganlarga ham, Xandaq g’azotida o’ldirilganlarga ham, Xaybarda o’ldirilganlarga ham namoz o’qigani rivoyat qilinmagan. Shuningdek bu rivoyatlardan shahidga namoz o’qilsa bunda hech bir zarar yo’q, degan ma’noni tushunsa ham bo’ladi. Shuning uchun odamlarning shahidlarga namoz o’qishlariga monelik qilinmaydi.

Shahidga jannat bo’lishi haqida Qur’on nassi guvohlik bergani uchun u shahid deb ataladi.

Alloh Taolo dedi:

«Albatta, Alloh mo’minlarning jonlarini va mollarini ulardan jannat barobariga sotib oldi – ular Alloh yo’lida jang qilishib (kofirlarni) o’ldiradilar va (o’zlari ham Alloh uchun shahid bo’lib) o’ldiriladilar» [Tavba: 111]

Muslim Jobirdan shunday deganini rivoyat qildi:

«Bir kishi dedi: (Suvayd rivoyatida: bir kishi Nabiy (s.a.v)ga Uhud kunida dedi, deyilgan) Yo Rosululloh, agar o’ldirilsam men qaerda bo’laman? Payg’ambarimiz (s.a.v): jannatda, deb javob berdilar. Shunda u qo’lidagi xurmolarni otib yuborib jangga kirib ketdi va o’ldirilguniga qadar jang qildi». Anas ibn Molikdan rivoyat qilinishicha, Rosululloh (s.a.v) sahobalari bilan ildam jo’nab Badrga mushriklardan oldin etib keldilar. Rosululloh (s.a.v):

«Birontangiz to men uning ro’parasida bo’lmagunimcha hech bir narsaga qadam qo’ymasin, dedilar. Mushriklar yaqinlashgach Rosululloh (s.a.v): kengligi osmonlaru ercha bo’lgan jannatga qo’zg’alinglar, dedilar. Shunda Umayr ibn Humom Ansoriy: yo Rosululloh, kengligi osmonlaru ercha bo’lgan jannat, dedingizmi? – deb so’radi. Payg’ambarimiz (s.a.v): ha, dedilar. Umayr: bah-bah (juda zo’r-ku), dedi. Buni eshitib Rosululloh (s.a.v): nega bah-bah, deding? – deb so’radilar. Umayr: Allohga qasamki, yo Rosululloh, jannat ahlidan bo’lishimni umid qilib shunday dedim, dedi. Payg’ambarimiz (s.a.v): sen uning ahlidansan, dedilar. Shunda Umayr yonidan xurmolarni chiqarib eya boshladi. So’ng: agar bu xurmolarni eb bo’lgunimcha tirik tursam bu uzun hayot kechirish bo’lib qoladi, dedi-da, xurmolarni otib yuborib jangga kirib ketdi va o’ldirilguniga qadar jang qildi». Muslim rivoyati. Demak Alloh Taolo va Rosululloh (s.a.v) shahidning jannatda bo’lishi haqida guvohlik berdilar. Shahidning tirik bo’lishiga kelsak, bu ham Qur’on nassi bilan sobit bo’lgan.

Alloh Taolo dedi:

«Alloh yo’lidagi jangda o’ldirilgan zotlarni hargiz o’liklar deb o’ylamang! Yo’q, ular tiriklardir! U zotlar Alloh o’z fazlu karami bilan bergan ne’matlardan xushnud hollarida bahramand bo’lmoqdalar va hali ortlaridan etib kelmagan birodarlariga hech qanday xavfu xatar yo’qligi va g’amgin bo’lmasliklari haqida xushxabar bermoqdalar. Ular Alloh tomonidan bo’lgan ne’mat va fazlu karam haqida hamda mo’minlarning ajri-mukofotini Alloh zoe qilmasligi haqida xushxabar beradilar» [Oli Imron: 169-171]

Shahidning tirik bo’lishi g’aybiy hayot bo’lib, biz uni idrok ham, his ham qilolmaymiz. Chunki u abadiyat olamidagi hayotdir. Biz garchi shahidning bu hayotini idrok qilolmasak va sezolmasak-da, lekin uning borligiga imon keltiramiz. Biz uning haqiqatini idrok qilolmasak-da, unga imon keltirishimiz muqarrar ishdir. Chunki u Qur’onning qat’iy nassi bilan sobit bo’lgan.

Alloh Taolo dedi:

«Alloh yo’lidagi jangda o’ldirilgan zotlarni hargiz o’liklar deb o’ylamang! Yo’q, ular tiriklardir, lekin sizlar sezmaysizlar» [Baqara: 154]

Shahidlarning hayot bo’lishi imon keltirish vojib bo’lgan g’ayb narsalardandir. Shahidlarning fazliga kelsak, u juda buyuk fazl bo’lib, unga hech bir fazl teng kelolmaydi. Buni Nabiy (s.a.v) bir necha hadislarda bayon qilgan. Buxoriy Qatodadan shunday deganini rivoyat qildi: men Anas ibn Molik(r.a)dan Nabiy (s.a.v)ning shunday deganini eshitdim:

«Jannatga kirgan biron kishi – agar unga er yuzidagi barcha narsa berilsa ham – dunyoga qaytishni istamaydi. Magar shahidgina unga berilgan fazlu karamni ko’rib, dunyoga qaytib o’nlab marta o’ldirilishini orzu qiladi». Buxoriyda ushbu rivoyat ham kelgan: Mug’iyra ibn Sho”ba dedi:

«Bizga Nabiyyimiz (s.a.v) Robbimiz risolatidan xabar berib bizdan kim o’ldirilsa jannatga borishini aytdilar». Umar Nabiy (s.a.v)ga:

«Bizdan o’ldirilganlar jannatda, ulardan o’ldirilganlar esa do’zaxda emasmi? – deganida Payg’ambarimiz (s.a.v): ha, shunday, dedilar». Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan rivoyat qilinishicha, Rosululloh (s.a.v) shunday dedilar:

«Shahidning barcha gunohlari mag’firat qilinadi, faqat qarz bundan mustasno». Muslim rivoyati. Muslimning yana rivoyat qilishicha, Nabiy (s.a.v) shunday dedilar:

«Alloh yo’lida o’ldirilish barcha narsaga kafforat bo’ladi, faqat qarz bundan mustasno». Buxoriy va Muslim Abu Hurayradan rivoyat qilishicha, Nabiy (s.a.v) shunday dedilar:

«Alloh Uning yo’lida jihod qilgan, faqat Alloh yo’lida jihod qilish va Uning kalimasini tasdiqlash uchun chiqqan kishini jannatga kiritishni yoki o’z maskaniga o’zi erishgan ajr va g’animat bilan qaytarishni O’z zimmasiga oldi. Muhammadning joni qo’lida bo’lgan Zotga qasamki, Alloh yo’lida jarohatlangan biron jarohat yo’qki qiyomat kunida jarohatlangan paytidagi ko’rinishidek ko’rinishda kelmasa, rangi qonning rangidek, hidi mushkning hididek bo’ladi. Muhammadning joni qo’lida bo’lgan Zotga qasamki, agar mendan qolib ketishlari ko’ngillariga xush kelmaydigan – holbuki menda ularni mindirish uchun ulov yo’q – mo’minlar bo’lmaganida edi, men Alloh yo’lida ertalab chiqib ketadigan biron sariyyadan qolmagan bo’lardim. Muhammadning joni qo’lida bo’lgan Zotga qasamki, Alloh yo’lida o’ldirilishimni, so’ng yana tirilishimni, so’ng yana o’ldirilishimni, so’ng yana tirilishimni, so’ng yana o’ldirilishimni, so’ng yana tirilishimni, so’ng yana o’ldirilishimni juda-juda xohlardim».

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.