General Sisiy juma kuni namoyishga chaqirdi

321
0

01

Misr armiyasi generali Abdul Fattoh Sisiy Misr xalqini juma kuni ko’chalarga chiqib, armiyaga “yuzaga kelishi mumkin bo’lgan tartibsizliklar va terrorizmga qarshi kurashish” vakolatini berishga chaqirdi.

“Men barcha misrliklarni terrorizm va tartibsizliklarga qarshi kurashda menga, ishonch ko’rsatish uchun juma kuni ko’chaga chiqishga chaqiraman”, dedi general Sisiy 23 iyul inqilob bayramini nishonlash munosabati bilan so’zlagan nutqida.

O’z tarafdorlarini juma kuni ko’chaga chiqishga undagan general Sisiy bu chaqiriq tartibsizliklarga emas, balki milliy manfaat yo’lida harakat qilish uchun dastak bo’lishga qaratilganligini ta’kidladi.

“Agar tartibsizliklar va terrorga qo’l uriladigan bo’lsa harbiylar va xavfsizlik xodimlari o’z vazifalarini bajaradi”, deya qo’shimcha qildi general Sisiy.

Shuningdek Siysi Sobiq prezident Muhammad Mursiyni aldaganligi haqidagi o’ziga qo’yilgan ayblovlarni rad qilib, “Muhammad Mursiy duch kelgan inqirozdan chiqish uchun uch taklif kiritdik. Men sobiiq prezidentni aldamadim. Barcha bayonotlarni berishdan avval Mursiyga taqdim qilardim. Amalga oshirishni rejalashtirgan ba’zi loyihalarni to’xtatib turish uchun unga maslahat berardim”, dedi.

U barcha buyruqlarni xalqdan olishini bildirib, harbiylar e’lon qilgan “yo’l xaritasi”ni mahkam tutishini ta’kidladi.

“Bir lahza ham “yul xaritasi”dan ortga chekinish yo’q”, dedi u. Musulmon birodarlar jamoasidan ajralib chiqqan “Hurriyat va adolat” partiyasi “yo’l xaritasi”ni rad qilgan edi.

O’z navbatida “Musulmon Birodarlar” harakati general Sisining chaqirig’ini o’zlariga nisbatan tahdid, deb bilishib, bu chaqiriq mahalliy urushga sabab bo’lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

“Sizning tahdidingiz adolat tiklanishini istagan millionlarni yana ko’chaga chiqishini to’xtata olmaydi”,- dedi “Musulmon Birodarlar” rais o’rinbosari Essom al-Orian . U general Sisini “harbiy to’ntarish dohiysi, ayollar , bolalar va namozxon musulmonlarning qotili”, deb ta’riflagan.

Ayni paytda Misr prezidenti idorasining notig’i bosh qo’mondonning tartibsizliklar va terrorga qarshi chaqirig’ini qullab, “Misr terrorga qarshi urush ochdi”, deya bildirdi.

“Ashsharqul asvat” axborot agentligining xabar qilishicha, muvaqqat prezident Adli Mansur hozirgi vaziyat va milliy xavfsizlikni muhokama qilish uchun davlat amaldorlarini to’plagan.

Eslatib o’tish joyizki, hokimiyatdan ag’darilgan Muhammad Mursiyning tarafdorlari harbiy to’ntarish bo’lgan 3 iyuldan buyon norozilik namoyishlarini to’xtatganlari yo’q.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.