Tabariyning «payg’ambarlar va podshohlar tarixi» kitobida kelishicha, ibn Hamid bizga shunday hadisni rivoyat qiladi. Uni Salama Muhammad ibn Ishoqdan, u Shaybon ibn Sa’d Toiydan rivoyat qilib, aytadi: Adiy ibn Hotam Toiy menga etib kelishicha, shunday der edi: «Arablardan biror kishi Rosululloh (s.a.v)ni u haqida eshitganda menchalik yomon ko’rmas edi. Men ulug’ odam edim. Nasroniy edim, qavmim ichida (o’ljaning) to’rtdan biriga egalik qilardim. Mening qo’limda tuyalarimni boqib yuradigan arab millatiga mansub qulim bor edi. Unga: (otang o’lgur), tuyalarimdan semiz, yoshi katta miniladiganlarini tayyorlab qo’y. Ularni menga yaqinroq joyda qamab tur. Agar Muhammadning bu shaharga bostirib kelayotganini eshitsang menga xabar ber», dedim. U aytganlarimni qildi. So’ngra u bir kun ertalab kelib «ey Adiy, Muhammadning otliqlari bostirib kelyapti nima qilmoqchi bo’lsang mana endi qilaver», dedi. Men ko’p bayroqlarni ko’rdim va ular haqida so’radim. Bu Muhammadning qo’shini deyishdi. U shunday davom ettiradi: unga tuyalarimni olib kel, dedim. U olib keldi. Oilam va bolalarimni ularga mindirdim va unga «nasorolardan bo’lgan dindoshlarimni Shomga etkaz», dedim. O’zim Shom chegarasi tomon yo’l oldim. Hotamning qizi (opam) shaharda qoldi. Shomga etib kelib, o’sha erda yashay boshladim. Muhammadning otliqlari menga duch kelmadi, ammo Hotamning qizi (opam) musibatlanganlar qatorida edi. Uni Toylik asirlar bilan Rosululloh (s.a.v)ning oldilariga olib kelishdi. U Zot (s.a.v)ga mening Shomga qochganim xabari etgan edi.
U aytadi: Hotamning qizini masjidning oldidagi asirlar saqlanadigan xonaga qo’yishdi. Rosululloh (s.a.v) uning yonidan o’tayotganda turib – u gapga chechan, so’zamol ayol edi – «ey Rosululloh (s.a.v), otam vafot etdi, vakilim g’oib bo’ldi, menga yaxshilik qiling, Alloh sizga yaxshilik qilsin», dedi. Rosululloh (s.a.v) «vakiling kim», deb so’radilar. U «Adiy ibn Hotam», dedi. U Zot (s.a.v) «Alloh va Rosulidan qochganmi?», dedilar. Hotamning qizi aytadi: Rosululloh (s.a.v) yonimdan ketdilar. Ertasi kuni yana yonimdan o’tdilar. Men umidimni uzib qo’ygan edim. Orqasida turgan kishi menga «turib gapir», deya ishora qildi. Men turib «Ey Rosululloh (s.a.v), otam vafot etdi, vakilim g’oib bo’ldi, menga yaxshilik qiling, Alloh sizga yaxshilik qilsin», dedim. U Zot (s.a.v) «shunday qilganim bo’lsin. Chiqishga shoshilmay tur. Seni yurtingga etkazib qo’yadigan ishonchli kishi topganimda senga ruxsat beraman», dedilar. Men «gapiring» deb ishora qilgan kishi haqida so’raganimda, Ali ibn Abu Tolib edi, deb javob berishdi.
U shunday davom ettiradi: Bilo yoki Quzoa qabilasidan karvon kelguncha yashab turdim. So’ngra Shomga ukamning oldiga borishni xohladim. Rosululloh (s.a.v)ga kelib «ey Rosululloh, qavmimdan bir karvon keldi. Uning ichida meni olib borib qo’yadigan ishonchli odam bor», dedim. Rosululloh (s.a.v) menga kiyim kechak berib karvonga topshirdilar va nafaqa ham berdilar. Ular bilan chiqib Shomga etib oldim.
Adiy aytadi: Allohga qasamki, men ahlim orasida o’tirgan edim to’satdan to’g’ri men tomonga kelayotgan taxtiravondagi ayolga ko’zim tushdi. Yana shunday deydi: «Hotamning qizimi? Ha bu o’sha!», deb yubordim. U meni oldimga kelib to’xtab «qarindoshni bilmagan zolim, oilang va bolalaringni olib otangni qizini va oriyatini esa tashlab ketding», deya ta’na qila boshladi. Men «ey opam, faqat yaxshi xabarlardan gapiring. Men uchun esa hech qanday uzr yo’q. Haqiqatdan ham siz aytgan narsalarni qildim», dedim. U taxtiravondan tushib oldimda turdi. Unga – u gapga chechan, so’zamol ayol edi – bu odam (Rosululloh (s.a.v)) haqida nima deysiz», dedim. U «darhol uning oldiga borishing kerak. Agar payg’ambar bo’lsa ertaroq unga bog’lanish fazilatdir, agar podshoh bo’lsa egilgan bo’yinni qilich kesmas», dedi. Men «Allohga qasamki bu to’g’ri fikr» dedim-da chiqib Madinaga, Rosululloh (s.a.v)ning oldilariga bordim. U Zot (s.a.v) masjidda ekanlar, oldilariga kirib salom berdim. Menga «kimsiz», dedilar. Men «Adiy ibn Hotamman», dedim. Rosululloh (s.a.v) o’rnilaridan turib meni uylariga olib bordilar. U Zot (s.a.v) meni olib ketayotganlarida bir qari ayol duch kelib to’xtatdi. Rosululloh (s.a.v) u ayolning ehtiyoji uchun uzoq turib qoldilar. Men o’zimga o’zim «Allohga qasamki, bu odam podshoh emas», dedim. So’ngra borib Rosululloh (s.a.v)ning uyiga kirdik. O’simlik tolasi tiqilgan teri yostiqni olib menga uzatib, «bunga o’tiring», dedilar. Men «o’zingiz o’tiravering», dedim. U Zot (s.a.v) «yo’q siz o’tiring», deb o’zlari erga o’tirdilar. Men o’zimga o’zim «Allohga qasamki bu ish podshohning ishi emas», dedim.
Rosululloh (s.a.v) «xo’sh, Adiy ibn Hotam, sen raksaviyya (nasroniylik bilan sobiylik dini o’rtasidagi din)dan emasmisan», dedilar. Men «ha», dedim. Rosululloh (s.a.v) «axir, sen qavmingning to’rtdan bir o’ljasini eysan, shunday emasmi?», dedilar. Men: «To’g’ri, shunday», dedim. «Bu sen uchun diningda halol bo’lmaydi», dedilar. Yana o’zimga o’zim «Allohga qasamki, bu odam noma’lum narsalarni ham biladigan payg’ambar ekan», dedim. So’ngra Rosululloh (s.a.v) shunday dedilar: «ehtimol sen ko’rib turgan bechorahollik seni bu dinga kirishingga monelik qilayotgandir. Allohga qasamki, yaqinda mol dunyo ularning ichiga shunday oqib keladiki, uni oladigan odam topilmay qoladi. Balki ularni dushmanlari ko’p, do’stlari ozligini ko’rishing seni bu dinga kirishingdan to’sayotgandir. Allohga qasamki, yaqinda ayol kishi Qodisiyadan Baytullohni ziyorat qilish uchun Allohdan boshqadan qo’rqmagan holda tuyasi ustida chiqqani haqida o’z quloqlaring bilan eshitasan. Ehtimol podshohlik va sultonlik boshqalarning qo’lida ekanligini seni bu dinga kirishingga monelik qilayotgandir. Allohga qasamki, yaqinda Bobil eridagi oq qasrlar fath qilinganini eshitasan». Shundan so’ng men Islomni qabul qildim. Adiy ibn Hotam aytadi: ikkitasi o’tdi, uchinchisi qoldi. Allohga qasamki, albatta u ham amalga oshadi. Bobil eridagi oq qasrlar fath qilinganini va tuyasi ustida hech narsadan qo’rqmagan holda Baytullohni haj qilish uchun Qodisiyadan chiqqan ayolni ko’rdim. Allohga qasamki, uchinchisi ham amalga oshadi, ya’ni mol dunyo ularning ichiga shunday oqib keladiki, uni oladigan odam topilmay qoladi