So”do ibn Sa’laba qavmi Banu Muinni ziyorat qilmoqchi bo’lib, yo’lga chiqadi. U bilan birga o’g’ilchasi Zayd ibn Horisa ham bor edi. Qavmining diyoriga etay deganda, ularga Bunu Qayn qaroqchilari hujum qilib, mol-mulkini talon-taroj qiladilar, tuyalarini tortib oladilar va bolalarini asirga oladilar. Asirga tushgan bolalar orasida So”doning o’g’li Zayd ibn Horisa ham bor edi. Zayd o’sha paytda sakkiz yoshga qadam qo’ygan edi. Uni Ukoz bozoriga olib borib, savdoga qo’yadilar. Quraysh etakchilaridan Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid ismli badavlat boy uni 400 dirhamga sotib oladi. U undan boshqa bir necha bolalarni ham sotib olib, ularni Makkaga olib ketadi. Uni kelganini ammasi Xadicha bint Xuvaylid bilib tinch-omon yaxshi keldingmi deb, ziyorat qilgani keladi. Hakim unga ey amma, Ukoz bozoridan bir necha bolalar sotib oldim, ulardan xohlaganingizni tanlab oling, u sizga hadya, dedi. Xadicha hazratlari bolalarning yuzlariga diqqat bilan nazar soldilar. Yuzida yaxshilik alomatlarini ko’rgani bois Zayd ibn Horisani tanladilar va uni o’zlari bilan olib ketdilar.
Ko’p o’tmay, Xadicha bint Xuvaylid Muhammad ibn Abdullohga nikohlandilar va kuyovlariga qandaydir sovg’a bermoqchi bo’ldilar. Bisotidan asir g’ulomi Zayd ibn Horisadan yaxshiroq sovg’ani topa olmadilar. Muhammad ibn Abdullohga shuni sovg’a qildilar. Tolei kulib boqqan g’ulom Muhammad ibn Abdullohning qaramog’ida ne’matlanib yashar ekan, u yoqda o’z farzandini yo’qotish dog’ida azoblanayotgan onasining ko’z yoshlari hech to’xtamas, ruhan ezilar va halovatini yo’qotgan edi. Farzandining o’lik yoki tirikligini bilmasligi ham uning dardiga dard qo’shardi. Tirik bo’lsa, umid qilardi, o’lgan bo’lsa, umidini uzardi. Otasi esa hamma joydan uni qidirdi, har bir yo’lovchidan uning daragini so’radi. Farzandiga bo’lgan muhabbatini, farzand dog’ini yuraklarni qon qiladigan mahzun she’rga soldi.
Haj mavsumlaridan birida Zaydning qavmidan bir necha kishi Baytul Haromga keldilar. Ular ko’hna Baytullohda Zayd bilan yuzma-yuz kelib qoldilar. Zaydni tanidilar. Zayd ham ularni tanidi. Bir-birlaridan hol-ahvol so’radilar. Ibodatlarini tugatib, o’z yurtlariga borganlarida ko’rgan va eshitganlarini Zaydning otasi Horisga etkazdilar. Horis safarga shunaqangi tez hozirlandiki, darhol o’g’lini qutqarib oladigan mol ham yig’di. Qandayam rohatbaxsh xursandchilik. U bilan birga inisi Ka’b ham yo’lga chiqdi. Ikkalovi Makka tomonga qarab yo’lga tushdilar. Shaharga etib kelishgach, Muhammad ibn Adbullohning huzuriga kirib, dedilar: Ey Abdul Muttalibning farzandlari, sizlar Allohning qo’shnisidirsizlar, qiynalganga yordam berasiz, och qolganni to’ydirasiz. Biz sizlarga asiringizdagi o’g’limizni deb keldik, uni qutqarib olish uchun mol ham to’plab keldik. Bizlarga marhamat ko’rsating. Xohlaganingizni ayting, bizlarga farzandimizni qaytarib bering. Muhammad (s.a.v) sizlar so’ragan bola kim o’zi, deb so’radilar. Ular g’ulomingiz Zayd ibn Horisa, dedilar. Muhammad (s.a.v) sizlarga farzandingizni mol bilan qutqarib ketishdan ham yaxshiroq yo’lni aytaymi, dedilar. Ular: u qanday yo’l ekan, dedilar. Muhammad (s.a.v) hozir uni sizlarning oldingizga chaqiraman, sizlar unga meni yoki sizlarni tanlashiga ixtiyor berasizlar. Agar sizlarni tanlasa, u sizlarniki, hech qanday molsiz olib ketaverasiz. Agar meni tanlasa, men Allohga qasamki, o’zimni tanlagan odamdan aslo yuz o’girmayman, dedilar. Ular esa: insof qildingiz, bo’lganda ham juda katta insof qildingiz, dedilar. Muhammad (s.a.v) Zaydni chaqirdilar va undan bular kim, deb so’radilar. Bu otam Horisa ibn Shurohil, bunisi amakim Ka’b, dedi. Muhammad (s.a.v) men senga ixtiyor beraman, xohlasang, ular bilan birga ketasan, xohlasang, men bilan birga qolasan, dedilar. Zayd esa hech ikkilanmay darhol «siz bilan birga qolaman», dedilar. Otasi esa ey qurib ketgur Zayd, ota-onang o’rniga qullikni tanlaysanmi, dedi. Zayd: men bu kishidan yaxshilik ko’rdim, endi aslo undan ajralmayman, dedi. Muhammad (s.a.v) Zaydning bu gaplarini eshitgach, uning qo’lidan tutib, Baytul Haromga olib chiqdi, qurayshliklar turgan joyga kelib, ey Quraysh jamoasi, guvoh bo’linglar, bu mening o’g’lim, u menga merosxo’r bo’ladi yoki men unga merosxo’r bo’laman, dedilar. Zaydning otasi va amakisi xursand bo’ldilar. O’g’lini Muhammad ibn Abdulloh huzurida qoldirdilar. Qavmlariga dillari xush, qalblari xotirjam qaytdilar. Shu kundan boshlab Zayd ibn Horisa «Zayd ibn Muhammad», deb chaqiriladigan bo’ldi. Bu hol Muhammad (s.a.v) payg’ambar etib yuborilib, Islom o’g’il qilib olishni botil qilgunicha davom etdi. Keyin u yana Zayd ibn Horisa deb chaqiriladigan bo’ldi.
Zayd ota-onasidan kechib, Muhammad (s.a.v)ni tanlagan vaqtda qanday o’ljani qo’lga kiritganini bilmas edi. Ahli va oilasidan afzal ko’rgan xojasini avvalgi va oxirgilarning sayyidi, Allohning butun xalqiga bo’lgan Rosuli bo’lajagidan bexabar edi. Yer yuzida Islom davlati qurilishi, bu davlat mag’rib va mashriqni adolat va yaxshilikka to’ldirishi, balki uning o’zi ham ushbu buyuk davlatni qurishda dastlabki g’ishtlardan bo’lishini, o’sha paytda hayoliga ham keltirmagan edi. Bunday fikrlar Zaydda umuman yo’q edi. Albatta bu Allohning fazlidir, uni xohlagan kishisiga beradi. Alloh buyuk fazl egasidir.
Ushbu ixtiyor berish voqeasidan hech qancha o’tmay Alloh Taolo Muhammad (s.a.v)ni haq va hidoyat dini bilan payg’ambar etib yubordi. Zayd ibn Horisa unga imon keltirgan ilk erkaklardan bo’ldi. Bellashuvchilar bellashadigan bundan ham peshqadamlik bo’ladimi?! Darhaqiqat, Zayd ibn Horisa Rosululloh (s.a.v)ning ishonchli sirdoshi, yuborgan askarlarining boshlig’i va Madinani tark etganlarida u zotning o’rinbosarlari edi.
Zayd Rosululloh (s.a.v)ni qanday yaxshi ko’rib, ota-onalaridan ham ustun qo’ygan bo’lsa, Rosululloh (s.a.v) ham uni shunday sevar, ahli oilasiga aralashtirib yurardilar. Agar yo’q bo’lsa, uni sog’inar, qaytib kelsa, xursand bo’lar va uni hech kimga nasib bo’lmagan holatda kutib olardilar. Mana Oisha onamiz Rosululloh (s.a.v)ning Zayd bilan uchrashgandagi xursandchiliklaridan bir ko’rinishni qanday tasvirlaydilar: «Zayd ibn Horisa Madinaga keldi. Rosululloh (s.a.v) mening uyimda edilar. Zayd eshikni taqillatdi. Rosululloh (s.a.v) esa yalang’och, faqat tizzasi bilan kindiklari orasi to’siq edi. Yo’l-yo’lakay kiyimlarini shoshib kiyib borib eshikni ochib Zaydni quchoqladilar, uni o’pdilar. Allohga qasamki, Rosululloh (s.a.v)ni undan oldin ham, undan keyin ham yalang’och holda ko’rmaganman». Payg’ambarning Zaydni yaxshi ko’rishi musulmonlar orasida tarqaldi. Hatto ular uni Zaydul hubbi, suyukli Zayd, deb atadilar, unga Rosululloh (s.a.v)ning suyukligi, deb laqab qo’ydilar. Undan keyin uning o’g’li Usomaga Rosululloh (s.a.v)ning suyuklisi, u zotning suyuklisining o’g’li, deb atadilar. Hijratning sakkizinchi yilida hikmati buyuk Alloh O’zining habibi Muhammad (s.a.v)ni habibidan ajratish bilan sinadi. Rosululloh (s.a.v) Horis ibn Umayr Azdiyni Basra podshohiga Islomga dahvat qilgan maktub bilan yubordi. Horis Urdunning sharqida Mo’hta degan joyga etganida Shurahbil ibn Amr g’assona amirlaridan biri uning yo’lini to’sib, ushlab oladi, arqonga bog’laydi va o’ldiradi. Bu Hodisa Rosululloh (s.a.v)ga qattiq tahsir qiladi, chunki hech qachon elchilari o’ldirilmagan edi. Mo’hta g’azotiga uch mingta askarni tayyorlaydilar va unga suyuklisi Zayd ibn Horisani amir qiladilar va aytadilar: «Agar Zayd musibatlansa, uning o’rniga Jahfar ibn Abu Tolib etakchi bo’ladi, agar Jahfar musibatlansa, Abdulloh ibn Ravoha, agar u musibatlansa, musulmonlar o’zlariga birortasini boshliq etsinlar». Askar yo’lga chiqib Urdundagi Maon degan joyga kelganida Rum podshohi Xiraql g’assonlarni mudofaa qilish uchun yuz ming askar bilan yo’lga chiqadi, ularga mushriklardan yana yuz minggi qo’shiladi. Ushbu ko’p sonli armiya musulmonlar tushgan joyning yaqiniga kelib tushadi. Musulmonar Maonda ikki kecha kunduz nima qilish haqida maslahatlashadilar. Biroq Rosululloh (s.a.v)ga maktub yuborib, dushmanimizning adadini bildiramiz va u zotning amrini kutamiz, dedi. Boshqa birovi «ey qavm, biz adadimiz kuchimiz yoki ko’pligimiz bilan kurashmaymiz. Biz ushbu din bilan kurashamiz. Nima deb chiqqan bo’lsak, shuning uchun boraylik. Alloh Taolo bizlarga ikki chiroyli ishdan birini tahminlab qo’ygan: yo g’alaba yo shahodat, dedi. Shundan so’ng Mo’hta yonida ikki tomon to’qnashdi. Musulmonlar shu qadar jasorat bilan urushdilarki, ular dushmanlarni hayratga soldilar, uch ming askar bilan ikki yuz mingga etgan askarlarga qarshi chiqib ularning dillarida qo’rquv uyg’otdilar. Zayd ibn Horisa Rosululloh (s.a.v)ning bayrog’ini ko’tarib, uni himoya qilib, shunaqangi qattiq kurashadiki, tarix hali bunaqa bahodirlikni ko’rmagan edi. Oxiri uning jasadidan yuzlagan nayzalar o’rin topdi, qoniga belanib erga quladi. Keyin undan bayroqni Jahfar ibn Abu Tolib oldi. U ham bayroqni ahlo darajada himoya qildi, oxiri u ham quladi. Undan bayroqni Abdulloh ibn Ravoha oldi, u ham mardonavor himoya qildi, oxiri u ham yiqildi. Shundan so’ng musulmonlar o’zlariga Xolid ibn Validni amir etib sayladilar. U o’sha paytda endi Islomga kirgan edi. Xolid armiyani ortga chekintirdi va uni batamom qirilib ketishidan saqlab qoldi.
Mo’hta janggining xabari va unda mardonavor kurashgan uchta etakchisining o’limi Rosululloh (s.a.v)ga etib keldi. Rosululloh (s.a.v) ularga shu qadar qayg’urdilarki, avvallari hech bu holga tushmagan edilar. Ularning ahli ayollariga ta’ziya bildirib, uylariga kirib chiqdilar. Zayd ibn Horisaning uyiga etganida uning jajjigina qizchasi chiqib, Rosululloh (s.a.v)ga yopishib oldi va birdan yig’lab yubordi. Rosululloh (s.a.v) ham ho’ngrab yig’lab yubordilar. Shunda Sa’d ibn Uboda: bu nimasi, yo Rosulalloh (s.a.v) deb ajablandi. Rosululloh (s.a.v) unga
«هَذَا بُكَاءُ الْحَبِيبِ عَلَى حَبِيبِهِ»
«Bu suygan odamning suygan odamiga yig’lashi», deb javob berdilar.