QUR’ONI KARIM SUHBATI

572
0

0

بِاِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَانِ الرَّحِيمِ

«Iymonlarida rostgo’y bo’lgan zotlar bilan birga bo’ling!» Alloh Taolo shunday deydi:

وَاصْبِرْ نَفْسَكَ مَعَ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ وَلَا تَعْدُ عَيْنَاكَ عَنْهُمْ تُرِيدُ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَلَا تُطِعْ مَنْ أَغْفَلْنَا قَلْبَهُ عَنْ ذِكْرِنَا وَاتَّبَعَ هَوَاهُ وَكَانَ أَمْرُهُ فُرُطًا

– «Siz o’zingizni ertayu kech Parvardigorlarining yuzini – roziligini istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko’zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko’zlab, ulardan o’tib (o’zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr etishdan g’ofil qilib qo’ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo’lgan kimsalarga itoat etmang!» [18:28]

Oliy va Buyuk Zot shunday deydi:

يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ

– «Ey mo’minlar, Allohdan qo’rqing va iymonlarida rostgo’y bo’lgan zotlar bilan birga bo’ling!» [9:119]

Haq Subhanahu va taolo shunday deydi:

وَلَا تَطْرُدْ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ

– «Ertayu kech Parvardigorlarining yuzini istab Unga iltijo qiladigan zotlarni haydamang!» [6:52]

Ushbu birinchi oyatning nozil bo’lish sababi shunday: Salmon Forsiy (r.a) shunday deydi: «Qalblari bilan do’st bo’lgan kishilar (g’ariblar) Rosululloh(s.a.v)ning oldilariga kelishib: «Yo Rosulalloh, agar majlis to’risida o’tirsangiz choponlilar tomonga ham bir boqsangiz, biz ham oldingizga kelib, siz bilan suhbatlashgan va sizdan foydalangan bo’lardik», – deyishdi. (Ular, choponlilar deb Salmon, Abu Zar va faqir musulmonlarni nazarda tutishgan. Chunki ularning yungli, engi keng choponlaridan boshqa hech vaqolari yo’q edi). Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi:

وَاتْلُ مَا أُوحِيَ إِلَيْكَ مِنْ كِتَابِ رَبِّكَ لَا مُبَدِّلَ لِكَلِمَاتِهِ وَلَنْ تَجِدَ مِنْ دُونِهِ مُلْتَحَدًا(27)وَاصْبِرْ نَفْسَكَ مَعَ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ وَلَا تَعْدُ عَيْنَاكَ عَنْهُمْ تُرِيدُ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَلَا تُطِعْ مَنْ أَغْفَلْنَا قَلْبَهُ عَنْ ذِكْرِنَا وَاتَّبَعَ هَوَاهُ وَكَانَ أَمْرُهُ فُرُطًا(28)وَقُلْ الْحَقُّ مِنْ رَبِّكُمْ فَمَنْ شَاءَ فَلْيُؤْمِنْ وَمَنْ شَاءَ فَلْيَكْفُرْ إِنَّا أَعْتَدْنَا لِلظَّالِمِينَ نَارًا أَحَاطَ بِهِمْ سُرَادِقُهَا وَإِنْ يَسْتَغِيثُوا يُغَاثُوا بِمَاءٍ كَالْمُهْلِ يَشْوِي الْوُجُوهَ بِئْسَ الشَّرَابُ وَسَاءَتْ مُرْتَفَقًا(29)إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ إِنَّا لَا نُضِيعُ أَجْرَ مَنْ أَحْسَنَ عَمَلًا

– «Siz faqat o’zingizga vahiy qilingan Parvardigoringizning Kitobi – Qur’onnigina tilovat qiling! Uning so’zlarini o’zgartiruvchi yo’qdir. Hargiz Undan o’zga biron panoh topa olmassiz. Siz o’zingizni ertayu kech Parvardigorlarining yuzini – roziligini istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting!Ko’zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko’zlab, ulardan o’tib (o’zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr etishdan g’ofil qilib qo’ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo’lgan kishilarga itoat etmang! Ayting: Bu Qur’on Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo’lsin». Aniqki, Biz zolim – kofirlar uchun alangalari do’zaxilarni o’rab-chirmab oladigan do’zaxni tayyorlab qo’ygandirmiz». [18:27-30]

Bu oyatda Alloh kofirlarga do’zax bilan tahdid soldi. Oyat nozil bo’lganidan keyin Rosululloh (s.a.v) o’rinlaridan turib ularni izladilar va masjidning oxirida Allohni zikr qilayotgan holatlarida topdilar va: «Allohga hamdu sanolar bo’lsinki, U meni vafot toptirmay Ummatim orasidagi kishilar bilan birga o’tirishga amr qildi, tirikligim ham sizlar bilan, o’limim ham sizlar bilan birga», dedilar.

Ibn Moja o’zining tafsirida (Sunan) Habbobdan shunday rivoyat qiladi: «Tamimlik Aqroo ibn Hobis va Fazorlik Uyayna ibn Hisn va boshqalar Rosululloh(s.a.v)ni Suhayb, Bilol, Ammor va Habbob(r.a) lar bilan birga kambag’al mo’minlarning oldida o’tirgan hollarida topdilar. Shunda ularni ko’rgan kishilar yomon qaradilar. Ular Rosululloh(s.a.v) ni bir chekkaga tortib, shunday dedilar: «Biz shuni istar edikki, biz bilan ham birga o’tirsangiz va bu o’tirishdan arablar bizning ham afzallik tomonimizni bilib qo’ysalar. Arab elchilari oldingizga kelishsa, bizni mana shunday holda ko’rishlaridan uyalyapmiz. Agar biz oldingizga kelsak, ularni turg’izib yuboring. Agar oldingizdan ketsak xohlasangiz ular bilan o’tiravering. Rosululloh (s.a.v): «Xo’p», -dedilar. Ular: «Endi bizga o’zingizdan bir xat yozib bering», – deyishdi. Rosululloh(s.a.v) Aliy(r.a)ni chaqirib xat yozishga buyurdilar, biz ham bir chetda o’tirgan edik, shunda Jabroil (a.s) ushbu oyatni nozil qildi:

وَلَا تَطْرُدْ الَّذِينَ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ بِالْغَدَاةِ وَالْعَشِيِّ يُرِيدُونَ وَجْهَهُ

– «Ertayu kech Parvardigorlarining yuzini istab Unga iltijo qiladigan zotlarni haydamang!» [6:52]

Mana shu birinchi oyatda shu Ummatning Rosuliga va u kishidan keyingi ummatlariga da’vat mavjud. «Ertayu kech» ya’ni bu oyat Parvardigorlariga va uning diniga kunduzning o’rtasida da’vat qilgan kishilar, ya’ni odamlar ishlari bilan mashg’ul vaqtda Allohning zikri bilan band bo’lgan va Allohning rizosiga etish uchun bo’sh vaqtlarini Allohning amru-farmonlarini bajarish bilan o’tkazgan sodiq mo’minlar bilan doim birga bo’lishga da’vat qilyapti. Yana bu oyat Rosululloh(s.a.v) va u kishi vakil qilgan mas’ul va boshqaruvchilarga o’zlari boshqarayotgan kimsalarning ahvollarini doimo kuzatib turishni va munosabatlariga sherik bo’lishni hamda nafsiy va maishiy sharoitlarining yaxshiligidan ko’ngillari to’lishini, doimo yaxshi kayfiyatda yurishlari uchun g’amho’rlik qilishni buyuryapti. Shuning uchun Alloh taolo shunday deydi:

وَلَا تَعْدُ عَيْنَاكَ عَنْهُمْ

– «Bir zum ham ulardan ko’zingizni uzmang» [18:28]

«Ko’zingizni uzmang» degan ma’no haqida Zujjoj shunday deydi: «Ulardan ko’zingizni uzmang, deganda ko’zingizni taniqli kishilar va ziynatlar tomonga olib qochmang degan ma’no tushuniladi».

Bu oyatda Rosululloh(s.a.v) va keyingi ummatlarga boshqa bir da’vat ham mavjud, ya’ni odamlarga yaqin bo’lishda ular Robbilariga qanchalik yaqinlashishlariga qarab yaqinlashiladi va Robbilaridan qanchalik uzoqlashishlariga qarab shunchalik uzoqlashiladi. Allohga osiy ummatga yolg’onchi va Qur’oniga nonko’r bo’lgan kishilarga yaqinlikka o’rin yo’q. Sharaf va oliylik kishining Allohning diniga xizmat qilishiga qarab o’lchanadi.

Duoi qunutda shunday deb duo qilgan Rosululloh(s.a.v) to’g’ri aytganlar: «Robbim, O’zing do’st bo’lgan kimsa xor bo’lmagay, O’zing adovat qilgan kimsa aziz bo’lmagay». Oyatdagi da’vat, xususan, islomiy harakatlarning mas’ullari uchun ham muhimdir. Ular o’z jamoalariga shaxslarini Allohga qanchalik yaqinlashishiga qarab yaqinlashtirishlari va Allohdan qanchalik uzoqlashishlariga qarab uzoqlashtirishlari lozim hamda jamoa mas’ullarini faqir bo’lsa ham taqvoli pok kishilardan tayinlashlari hamda odamlarga yaqinlashishda gapdon va xushomadgo’y, nafsi yomon kishi emas, balki yuksak qanoat va tiniq aql egasini tayin qilishlari zarur. Chunki mas’ullikning o’z talablari mavjud, kimki shu talablar bilan ozuqalanmagan bo’lsa, ojizligi va qusuri tezda ko’rinib qoladi va alal oqibat yo’ldan ozadi va boshqalarni ham adashtiradi.

Yana bu oyatda barcha mo’minlarni sodiq kishilar bilan birga bo’lishga qaratilgan ma’no ham mavjuddir:

يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ

-«Ey mo’minlar, Allohdan qo’rqing va iymonlarida rostgo’y bo’lgan zotlar bilan birga bo’ling!» [9:119]

Oyatdagi (الصَّادِقِين sodiqin) to’g’ri-sodiq kishilar kimlar ekaniligi haqida har xil fikr bildirilgan. Ba’zilar – sodiqinlar Rosululoh(s.a.v) bilan Tabuk g’azotiga chiqqan kishilar deyishadi va bunga hech kim ixtilof qilmagan. Surai «Tavba»ning oxiridagi ushbu so’zlar shundan dalolat beradi. Ba’zilar sodiqinlar payg’ambarlardir, deyishadi. Ya’ni solih amallar qilish bilan jannatda ular bilan birga bo’lish, deyishadi. Ba’zilar surai «Hashr»da zikr qilingan muhojirlar sodiqinlardir deyishadi:

لِلْفُقَرَاءِ الْمُهَاجِرِينَ الَّذِينَ أُخْرِجُوا مِنْ دِيارِهِمْ وَأَمْوَالِهِمْ يَبْتَغُونَ فَضْلًا مِنْ اللَّهِ وَرِضْوَانًا وَيَنْصُرُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ أُوْلَئِكَ هُمْ الصَّادِقُونَ

-«O’z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan zotlar – kambag’al muhojirlarnikidirki, ular Allohdan fazl-marhamat va rizolik istarlar hamda Allhning va Uning payg’ambariga yordam berurlar. Ana o’shalar sodiq zotlardir». [59:8]

Ba’zilar sodiqinlar – ichi bilan sirti bir xil bo’lgan kishilar deyishadi. Ibn Arabiy shunday deydi: «Mana shu gap haqiqatdir va haqiqatning g’oyasi ham mana shu. Negaki, bu sifat bilan aqidadagi munofiqlik ham, so’z va amaldagi qarama-qarshilik ham ko’tariladi».

Musulmonlar sodiq, muxlis kishilarni izlab topib, ular bilan birgalikda mo’minlarning safini kengaytirmoqlari vojibdir. Buning uchun odamlar ustidan hukm chiqarishdagi asosni belgilab olinadi va uning manhajini Rosululoh (s.a.v)ning raylari, fikrlari va ahkomlaridagi manhaj bilan bog’lanadi. To’g’rilik (sidq) Islom ahkomlari bilan hozirgi hayot voqelarining o’rtasini moslashtirish emas. Chunki Islomgina hayotni sozlab, bir maromga soladi. To’g’rilik – zolim, fosiq va kofirlar bilan to’g’ri munosabatda bo’lish degani emas.

لَا تَجِدُ قَوْمًا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ يُوَادُّونَ مَنْ حَادَّ اللَّهَ وَرَسُولَهُ

– «Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg’ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar bilan do’stlashayotganlarini topmassiz». [58:22]

«Manfaat» yoki «zararni daf qilish va foydani jalb etish», degan hujjat bilan narsaning yuzini ko’rsatib, ichini yashirish to’g’rilik emas, balki munofiqlikdir. Mavjud voqega taslim bo’lish, ko’nish va bo’ysunish to’g’rilik emas. Alloh ishlarning eng oliysini yaxshi ko’radi. Holatlar, zamon va jamiyatlar o’zgaradi degan da’vo bilan Rosuli Mustafo(s.a.v)ning siyratlaridan yuz o’girish to’g’rilik emas.

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمْ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

-«Ayting: «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag’firat qiladi. Alloh mag’firat qilguvchi, mehribondir». [3:31]

Yuqoridagi odamlarni va jamoatlarni to’g’ri so’z, muxlis yoki to’g’riligi va ixlosiga putur etgan munofiq deb hukm chiqarishda ayrim asoslar bayon etildi. Musulmonlar o’z etakchilarini mana shunday sodiqin insonlar orasidan saralab olishga buyurilganlar. Toki hammalari bir bo’lib Alloh Subhanahu buyurgan ustivor amallarni ado etsinlar va Allohning Kalimasi oliy bo’lishi uchun munofiqlar, kazzob va adashtiruvchilardan insonlarni uzoqlashtirish yo’lida eng shimarib kurashsinlar.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.