24 mart, yakshanba kuni Qirg’izistonning Jalol-Obod shaxrida Azimbek Beknazarov etakchilik qilgan «El unu» muxolif harakati tomonidan uyushtirilgan qurultoy bo’lib o’tdi. Chora-tadbirda shuningdek, Jogorku Kenesh deputatlari Ahmadbek Keldibekov va Ravshan Jeenbekov, jamoiy faollar Adaxan Madumarov va Bektur Asanov, ombudsmen Tursunbek Aqun va boshqalar qatnashdi.
2005 va 2010 yillar inqiloblari qatnashchilari amaldagi hukumatga qarshi so’zlashdi. “Mamlakatdagi ayni sharoitda biz yana avtoritar rejim sari qulab bormoqdamiz, Qirg’izistonda hukumat ishlamayabdi”, – bayon qildi Azimbek Beknazarov.
Beknazarovning so’zlariga ko’ra, “2010 yili qabul qilingan parlament boshqaruv sistemasi Qirg’izistonda tomir otolmayabdi”. “Xalq inqiloblardan charchadi”, – dedi u.
Qurultoy rezolyutsiya qabul qilish bilan yakun topdi. “Rezolyutsiyaning asosiy mavzui – «Qumtor» xususidagi shartnomani bekor qilish. Agar rezolyutsiyada ko’rsatilgan talablar 7 aprelgacha qondirilmaydigan bo’lsa, xalq hukumati tashkil qilinadi”, – bayonot berdi uyushtiruvchilardan biri Mederbek Usenov.
Qurultoy yakuni haqida gapirar ekan, Qirg’iziston ombudsmeni Tursunboy Aqun, – “Tinchlik yig’inini o’tkazishdan maqsad bir qancha talablarni ilgari surishlik bo’ldi : «Qumtor» oltin konini milliylashtirish, «Ata-Jurt» deputatlari Kamchibek Tashiev, Sadir Japarov va Talant Mamitovni ozod qilish hamda aholini iztirobga solayotgan muammolar”, – dedi.
“Xozir xalq ancha o’sgan, u tajavvuzkorona kayfiyatda emas. Siyosatchilar ham o’zgargan. Masalan, Azimbek Beknazarov juda yaxshi nutq so’zladi. Bu safar boshqaruvga yagona yo’l – saylovlar”, – belgiladi ombudsmen.
“Prezident Almazbek Atambaev besh yilga saylangan. Unga vaqt berish zarur”, – takidladi Aqun.
Qurultoy tinch o’tdi.
Turkiston: Bu muxolifot vakillarining xarakat va talablari, ularni Rossiya tomonidan Atambaevni bazi bir xarakatlarga undash yoki qaytarish maqsadida uyushtirilayotgani ko’rinadi. Balki undanda kattaroq maqsadlar xam bor, ya’ni butun O’rta Osiyoning markazi bo’lgan va xozirda AQSh maqsadlarini ilgari surayotgan O’zbekiston va unga xavas qilayotgan boshqa davlatlarni qo’rquvga solish maqsadida, butun mintaqada notinchliklar keltirib chiqaruvchi xolatlarni tayorlamoqchi. Albatta bu kabi ishlar uchun xozirda Qirg’izistondan qulay joy yo’q.