Adolatli va ochiq saylov imkoniyati bo’lmagan, uzoq yillik avtoritar boshqaruvdagi mamlakat uchun hokimiyat almashishi qaltis davr hisoblanadi. 2012-yil O’zbekiston tashqi siyosatida biror sezilarli o’zgarish kuzatilmadi. Ammo jamiyatda Islom Karimov hokimiyatni kimga qoldirish haqidagi fikr hukmron.
Ayrim tahlilchilar fikricha, 2013-yil O’zbekistonda prezident Islom Karimovning vorisi kim bo’lishi aniqlanadi. Shu oy 75 yoshini qarshilayotgan Islom Karimovdan keyin hokimiyatga kim kelishi hozircha noma’lum. Moskvadagi Karnegi markazi eksperti Aleksey Malashenko “Amerika ovozi” bilan suhbatda O’zbekistonda kutilayotgan bu yilgi siyosiy o’zgarishlar haqida mulohaza yuritadi.
Markaziy Osiyo bo’yicha bir necha kitob muallifi, sharqshunos olim Aleksey Malashenko O’zbekistonda Islom Karimovdan keyin hokimiyatga uning qizi Gulnora Karimova kelishi mumkinligi haqidagi ehtimollarni rad etadi.
“Karimovning nega hozirgacha o’z vorisi haqida aniq bir xulosaga kelmagani sabablari menga qorong’u. Biroq bu masala hozirgi kunda mamlakat uchun eng dolzarb muammo bo’lib turibdi”, – deydi Malashenko.
O’zbekistonda hokimiyat almashishining jarayonining Turkmanistondagi kabi silliq kechishini taxmin qilish qiyin, deydi u. “O’zbekiston Turkmaniston emas. O’zbekiston mintaqaning qudratli davlati. Shunga muvofiq, mamlakatda hokimiyatga intilayotgan turli klanlar, doiralar mavyud. Ularning ta’sir qamrovi, kuchi ham turlicha. Shuning uchun bu doiralar o’rtasida kurash, baribir, bo’ladi. Turkmanistonda kuzatilganidek silliq o’zgarishni kutish qiyin”, – deydi rossiyalik ekspert.
Malashenko taxminicha, hokimiyatga intilayotgan doiralar o’zaro murosaga kelishlari uchun hozir imkoniyat ham, vaqt ham mavjud. Biroq klanlarni murosaga keltiruvchi shaxs kim bo’lishidan qat’iy nazar, o’zgarish davri xavotirli va qaltis kechadi.
“Karimovning o’rniga kim kelmasin, hozirgacha u bajarib kelayotgan liderlikni davom ettirishi, klanlar manfaatini muvofiqlashtirib turishi, shu bilan birga, hamma sohada nazoratni o’z qo’lida ushlab turishi juda qiyin. Bu davr mamlakat uchun murakkab kechadi”, – deydi Malashenko. O’zbekistonda hokimiyat uchun ochiq kurash boshlanishini ham ehtimoldan soqit qilib bo’lmaydi. “So’nggi variant – O’zbekistonda hokimiyat uchun ochiq kurash ham boshlanishi mumkin. Biroq kutilmagan natijalarga olib keladigan bunday raqobatdan manfaatdor tomon yo’q. Agar shunday kurash boshlansa, tomonlardan biri islomga, islomiy muxolifatga murojaat qilsa, ajablanmayman” -deydi ekspert. Yana uning aytishicha, bugungi vaziyatda tashqi kuchlar, qudratli davlatlar ham O’zbekistonda kutilmagan o’zgarishlar bo’lishidan manfaatdor emas. Inson huquqlari, demokratik islohotlar masalasi tobora kun tartibidan tushib bormoqda.
AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham turli inqilobiy o’zgarishlardan ko’ra Islom Karimovning avtoritar hukumati bilan muloqot qilishga moyillik bildirmoqda.