Toqayev: Bu davlat toʻntarishiga urinish

192
0

Toqayev: Bu davlat toʻntarishiga urinish

Xabar: Qozogʻiston prezidenti Qasim -Jomart Toqayev 10 yanvarda KXShTga aʼzo davlat rahbarlarining navbatdan tashqari onlayn sammiti doirasida soʻzlagan nutqi paytida mamlakatdagi voqealarni “davlat toʻntarishiga urinish” sifatida baholadi.
Toqayev “davlat toʻntarishiga urinish” ortida qanday kuchlar turgani toʻgʻrisida gapirmadi. U tartibsizliklarda xorij fuqarolari ishtirok etganini taʼkidlab, ularni “terrorchilar” deb atadi.
Qozoq prezidenti tinch namoyish oʻtkazganlarning talablari inobatga olinganini, bajarilganini aytdi. U tinch namoyishchilarini tartibsizliklarni uyushtirganlar bilan bir qatorga qoʻymaslik kerak, deb bildirdi.
Toqayev KXShT kuchlarini Qozogʻistonga kiritishga rozi boʻlgani uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Izoh: Toqayev 2-yanvar kuni boshlagan namoyishlarda “Kazmunaygaz” va “Kaztransgaz” kompaniyalarini ayblab, gaz narxini tushirishga buyruq berib, hukumatni tarqatib yuborgani boʻlsa, 5-yanvar oqshomiga kelib namoyishchilarni “terrorchilar” deb atashni boshladi va bu orqali tinch namoyishchilarga qarshi qurol qoʻllash va namoyishni shafqatsizlarcha bostirishga yoʻl ochib oldi. Bundan tashqari, Toqayev namoyishchilarni “terrorchilarga” chiqarib, Putin poyiga bosh urdi. Toqayevni KXShT kuchlarini mamlakatga kiritish borasida qilgan iltimosi rasmiy Moskva tomonidan zudlik bilan qabul qilinib, 6-yanvar tongida rus harbiylari qozoq zaminiga kirib keldi va Mamlakatda “antiterror” tadbirlari boshlandi. Toqayev Olmaotaga yaxshi tayyorgarlikdan oʻtgan va uyushgan 20 ming “terrorchi” hujum qilganini maʼlum qildi va kuch organlariga “ogohlantirishsiz otish” toʻgʻrisida buyruq berdi. Toqayev namoyishchilarni “xorijda tayyorlangan terrorchilar” deb atashi ortidan qozoq kuch organlari qoʻshni davlatlardan borib Qozogʻistonda tirikchilik qilayotgan odamlarga qarshi “ov” boshlab yubordi. Qoʻlga olinib qattiq qiynoqqa solingan shundaylardan biri qirgʻizistonlik taniqli musiqachi Vikrom Ruzaxunov boʻlib chiqdi.

Bugunga kelib esa namoyishlardan “islomiy radikallar” izini izlash boshlab yuborildi. Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi 10-yanvar kuni tarqatgan xabarda, kuchishlatar idora xodimlari maxsus operatsiya oʻtkazib, 2ta radikal islomchilar guruhi aʼzolarini qoʻlga olgani aytildi. Xabarga koʻra, ularning rahbari xalqaro terrorchilik tashkilotlariga aloqador xorijlik ekanligi aniqlangani, qoʻlga olinganlardan oʻqotar qurollar, yorugʻlik-shovqin granatalar, oʻq-dorilar va ekstremistik adabiyotlar topilgani va jangarilar “Tabligʻi Jamoat” radikal islom tashkiloti aʼzolari boʻlgan, deb taxmin qilinayotgani aytildi.
Bundan xulosa qilish mumkinki, Qozogʻistonga harbiy jihatdan kirib kelgan Rossiya qozoq hukumati va mintaqa davlatlaridan Islom va musulmonlarga qarshi kurashni yanada kuchaytirishni talab qiladi. Tartibsizliklarda qirgʻiz, oʻzbek va tojik fuqarolari qatnashganiga urgʻu berilayotgani ham bejizga emas. Rossiya bu orqali mintaqa davlatlarida “potentsial terrorchilar” mavjud ekanligini va ularga qarshi kurashni kuchaytirishni talab qilmoqda. Qozoqqa kirib kelgan Rossiya endi osonlikcha u yerdan chiqib ketmaydi. Aksincha mintaqada harbiy ishtirokni yanada kuchaytirish uchun yana boshqa qoʻshni davlatlarda ham sunʼiy toʻpolonglar chiqarish yoʻlidan boradi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.