Tunis prezidentining parlament faoliyatini to‘xtatib, bosh vazirni iste’foga chiqarishi!

641
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Tunis prezidentining parlament faoliyatini to‘xtatib, bosh vazirni iste’foga chiqarishi!

Savol:

Al-Jazira 2021 yil 30 iyulda xabar berishicha, maslahatchi vazifasidan keyin ichki ishlar vazirligi lavozimiga tayinlangan Rizo Garsillavi prezident Qays oldida qasamyod keltirdi. Tunis prezidenti Qays Said harbiy va xavfsizlik rahbarlari bilan favqulodda uchrashuv o‘tkazishi ortidan, 2021 yil 25 iyul yakshanba kuni kechqurun davlat televideniesidagi chiqishida parlament vakolatlarini muzlatib qo‘yganini, konstitutsiyaning 80-moddasiga asoslanib, bosh vazir Hishom Mashishiyni ishdan olganini, deputatlarning daxlsizligini bekor qilganini, mudofaa va adliya vazirlarini ishdan bo‘shatganini, o‘zi yangi tayinlagan bosh vazir yordamida ijroiy hokimiyat boshqaruvini o‘z zimmasiga olganini bildirdi. Xo‘sh, nima uchun Tunis prezidenti bunday qadam tashladi? Bunga nisbatan xalqaro reaktsiyalar qanday bo‘ldi? Bu holat Tunisni xalqaro kurash qamrab olganini anglatadimi?

Javob:

Bu masalalar borasida eng to‘g‘ri fikrni bildirish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:

1 – Tunis prezidenti Qays Said bilan hukumat va parlament o‘rtasidagi inqiroz shu yilning boshida boshlangan. Hishom Mashishiy 2021 yil 16 yanvarda vazirliklarda texnokratlardan iborat 25 nafar vazirning 11tasi o‘zgartirilganini bildirdi. Tunis prezidenti o‘ziga yaqin bo‘lgan ba’zi vazirlar ham ishdan bo‘shatilgani uchun vazirlikdagi o‘zgarishlarga veto qo‘ydi. Qays Saidning 2021 yil 25 yanvarda qilgan bayonotida ta’kidlashicha, «Bosh vazir Hishom Mashishiy amalga oshirgan vazirlikdagi oxirgi o‘zgarishlar konstitutsiyaga, xususan, 92-moddaga zid bo‘lgan. Ya’ni masala hukumat strukturasini o‘zgartirishga taalluqli bo‘lsa, birinchi navbatda vazirlar kengashida muhokama qilinishi kerak. Bundan tashqari, boshqa bir qancha qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. (Ammo u bu qonunbuzarliklarni ochiqlamadi)». U yana bunday ta’kidladi: «Konstitutsiyaga o‘zgartirishni taklif qilgan ba’zi shaxslar ustidan da’vo arizalari yoki manfaatlar to‘qnashuvi borasida sud ishlari mavjud. Ishi ko‘rilayotgan shaxs qasamyod keltira olmaydi. Qasamyod rasmiyatchilik emas, balki muhim protseduradir». So‘ng «vazirliklarda ayollarning yo‘qligi»ga noroziligini ko‘rsatdi… (AFP, 25 yanvar 2021 yil). Tunis prezidenti mamlakat iqtisodiy inqiroz bilan kurashayotgan paytda shunday qaror qabul qildi. Zero, mamlakatga qattiq ta’sir ko‘rsatgan koronavirus pandemiyasi inqirozni yanada kuchaytirgan edi. Sog‘liqni saqlash tizimi qulash yoqasiga kelib qolgani borasida ogohlantiruvlar bor. Shu sababli so‘nggi bir necha kun ichida ba’zi mamlakatlardan shoshilinch tibbiy yordamlar olindi. Tunis Statistika Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Tunis iqtisodiyoti 8,8 foizga qisqargan. (Dushanba kuni Tunis milliy statistika instituti tarqatgan raqamlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakat iqtisodiyoti 2020 yilda rekord darajada 8,8 foizga pasaygan. Asosan turizmga bog‘liq bo‘lgan Tunis iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi tufayli jiddiy zarar ko‘rdi. Statistika institutiga ko‘ra, ishsizlik darajasi 2020 yilning to‘rtinchi choragida 17.4 foizga o‘sdi. O‘sha yilning uchinchi choragida esa, 16.2 foizni tashkil etgan edi. Anadolu agentligi, 2021 yil 15 fevral).

2 – 2021 yil 25 iyulda Tunis prezidenti apparatining feysbukdagi rasmiy sahifasida berilgan bayonotda bunday deyilgan: («Bosh vazir hamda parlament raisi bilan konstitutsiyaning 80-moddasi asosida maslahatlashilganidan keyin, prezident Qays Said 2021 yil 25 iyulda mamlakatni, uning xavfsizligi va mustaqilligini himoya qilish hamda davlat idoralarining normal ishlashini ta’minlash uchun quyidagi qarorlarni qabul qilishni zarur deb hisobladi:

•      Bosh vazir Hishom Mashishiyni ishdan bo‘shatish;

•      Parlamentning ishi va vakolatlarini 30 kunga muzlatish;

•      Parlamentdagi barcha deputatlarning daxlsizligini olib tashlash;

•      Mamlakat prezidenti tomonidan tayinlangan bosh vazir boshchiligidagi hukumat yordamida ijroiy hokimiyat boshqaruvini prezidentning shaxsan o‘zi zimmasiga oladi». Bayonotda yana bunday deyiladi: «Vaziyat taqozosiga ko‘ra, yuzaga kelgan hamda sabablari yo‘qolishi bilan bekor qilinadigan ushbu favqulodda choralarni tartibga solish uchun yaqin soatlarda bir farmon chiqariladi… Prezident apparati Tunis xalqini tartibsizliklar keltirib chiqarayotganlarga ergashmaslikka chaqiradi». Dubai CNN, 2021 yil 26 iyul). Said o‘zining qarorlari («Konstitutsiyani to‘xtatib qo‘ymaginini, konstitutsiyaviy qonuniylikdan chetga chiqmaganini» ta’kidladi. Al-Jazira 2021 yil 26 iyul). Tunis prezidenti Qays Said juma kungi bayonotida o‘zini diktatorga aylanmaganini aytib, «Konstitutsiya moddalarini juda yaxshi bilishini, hurmat ko‘rsatishini va o‘rganib borishini» bildirdi. Avvalroq, Tunis rasmiy axborot agentligi sud «Nahza»ning to‘rt a’zosini, shu jumladan, G‘annushiyning tan soqchisi va Tunis parlamenti deputati Yosin Ayarini parlament oldida zo‘ravonlikka urinishda ayblab, tergov boshlagani haqida xabar bergan edi… France 24, AFP va Reyter, 2021 yil 30 iyul].

3 – Tunis parlamenti spikeri Roshid G‘annushiy 2021 yil 26 iyulda feysbukdagi rasmiy sahifasida prezident u bilan maslahatlashganini rad etib, bunday yozdi: «Deputatlar spikeri konstitutsiyaning 80-moddasini faollashtirish uchun prezident bilan maslahatlashganini rad etadi… Prezident Qays Said konstitutsiyaning 80-moddasini faollashtirish bo‘yicha maslahat qilmagan. Bundan boshqa barcha narsalar yolg‘on. Dushanba kuni ertalab bir guruh deputatlar bilan parlament eshigi oldiga kelgan parlament raisining ichkariga kirishiga askarlar ruxsat bermadi. Ular parlamentni yopishga buyruq berilgani haqida xabar berishgan. G‘annushiy («Men parlament raisiman. Men o‘zim rahbarlik qilayotgan muassasa oldida turibman. Askarlar meni parlamentga kirishga ruxsat berishmadi», dedi va Kays Saidni «inqilobga va konstitutsiyaga qarshi to‘ntarish» qilganlikda aybladi. Al-Jazira, 2021 yil 27 iyul). Ammo Qays Said (O‘zining so‘nggi qarorlari konstitutsiyaga qarshi to‘ntarishga urinish bo‘lmaganini, konstitutsiya va mamlakat qonuniyligiga qarshi to‘ntarish qilish niyati yo‘qligini, oxirgi qarorlari butunlay qonuniy bo‘lganini, kutilmaganda mamlakatni qamrab olgan xavf yo‘qolishi bilan qarorlar o‘z kuchini yo‘qotishini aytdi. Tunis prezidentining feysbukdagi sahifasi, 2021 yil 27 iyul). Keyinchalik, 2021 yil 30 iyulda Al-Jazira xabar berganidek, maslahatchi vazifasidan keyin ichki ishlar vazirligiga tayinlangan Rizo Garsillavi prezident Qays Said oldida qasamyod keltirdi.

4 – Tunisdagi faol kuchlarning reaktsiyasiga kelsak, bu quyidagicha bo‘ldi:

a)    Amerika: Amerika Tunisda faol siyosiy nufuzga ega emas. Chunki hozirgi siyosiy sinf aslida inglizlar malayidir. Keyinchalik Frantsiya ham Tunisga ta’sir o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Shuning uchun siyosatchilar Evropaning, ya’ni Angliya va Frantsiyaning ta’siri ostida. Amerika harbiy va fuqarolik jamiyati yordamlari bilan Tunisga ma’lum darajada kirishga harakat qildi. Harbiy yordamga kelsak, AQSh Tunisda o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun bu taktikadan foydalandi. O‘nlab yillar davomida AQSh terrorizm bahonasi bilan Tunis armiyasini qurollantirib keldi. U Tunis armiyasini mashg‘ulotdan o‘tkazib, birga harakat qilib kelmoqda. Qo‘shma Shtatlar Xalqaro Harbiy Ta’lim va Mashg‘ulot (IMET) doirasida va terrorizmga qarshi kurash dasturi orqali Tunis armiyasini moliyalashtirdi. 2012 yildan 2016 yilgacha Amerikaning Tunis armiyasiga qilgan yordami taxminan 2,7 milliard dollarga etdi. Keyinchalik Tunis 2015 yilda NATOga a’zo bo‘lmagan ittifoqchi sifatida tan olindi. 2020 yil 1 oktyabrda AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Tunis bilan o‘n yillik harbiy hamkorlik shartnomasini imzoladi. Esper prezident Qays bilan uchrashgandan keyin (Biz Tunis portlari va chegaralarini himoya qilish, terrorizmni oldini olish va avtokratik rejimlarning zo‘ravon harakatlarini mamlakatingizdan uzoqlashtirishga yordam berish uchun hamkorligimizni chuqurlashtirishdan mamnunmiz», dedi. Africa news, 2020 yil 1 oktyabr).

Fuqarolik jamiyati yordamlari taktikasiga kelsak, AQShning Tunisdagi elchixonasi bu vazifani yaxshi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash dasturi va korruptsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirmoqda. AQSh elchixonasi Tunisdagi korruptsiyaga qarshi kurashni 5,6 million dollar mablag‘ moliyalashtirmoqda. (Davlat Sudlari Milliy Markazi (NCSC) fuqarolik jamiyatlariga bag‘ishlangan raqamli platformani ishlab chiqish uchun konstitutsiyaviy organlar, fuqarolik jamiyati va aloqalar vazirligi bilan o‘zaro memorandum imzoladi. Bu platforma fuqarolik jamiyati tashkilotlarini masofadan turib ro‘yxatdan o‘tkazishga hamda samaradorlik va javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida tashkilotlarning moliyaviy va adabiy hisobotlarini tayyorlashga yordam beradi… AQShning Tunisdagi elchixonasi, 2020 yil 20 dekabr). Biroq, qachonki mamlakatda siyosiy bo‘shliq mavjud bo‘lsa, shuningdek, xuddi Britaniya kabi yoki Evropa Ittifoqi, ayniqsa Angliyaga etib olishga harakat qilayotgan Frantsiya va Germaniya kabi biror bir ko‘hna davlatning bu mamlakatda nufuzi bo‘lmasa, ana shundagina bu taktikalar o‘sha mamlakatda o‘z nufuzini o‘rnatish uchun bir kirish nuqtasi sifatida ishlatilishi mumkin. Shu sababli Amerikaning bu harakatlari hozirda Tunisda Britaniya yoki Evropaning ta’sirini buzishni anglatmaydi. Tunisda armiya juda kichik va mamlakat siyosatida ikkinchi darajali rolni o‘ynay olmaydi. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar o‘ziga sodiq malaylarni yollash va Tunisda samarali rolь o‘ynash qobiliyatini rivojlantirish uchun ko‘proq vaqtga muhtoj. Bu ancha vaqt olishi mumkin… Ya’ni Amerika roli Tunisda hali faol emas. Balki uning roli demokratiya va inson huquqlariga chaqirish bahonasidagi umumiy bir roldan iborat! Biroq, Amerika Tunisga sizib kirish urinishlaridan voz kechmaydi.

b)    Angliya: Inqilobdan oldin ishlarning nazorati butunlay Angliya qo‘lida edi. U o‘z malayi Zeynulobidin va undan oldin Burqiba bilan mamlakatni parda ortida boshqarib kelgan. Tunis sahnida uning tom ma’nodagi xalqaro raqibi yo‘q edi. U «islomiy» muxolifatni o‘zlashtirish va kerak bo‘lganda bu muhim kartadan foydalanish uchun Nahza harakati etakchisi Roshid G‘annushiyni qabul qilish kabi muxolifat partiyalariga ochiq homiylik qildi… Angliya Tunisda hech qanday raqibsiz bemalol izg‘ib yurardi. 2015 yilda Angliyaning Tunisdagi elchixonasi «Adam Smit» xalqaro konsalting kompaniyasini Tunis hukumatiga maslahat berishga, yuqori martabali ofitserlarni o‘qitishga, siyosatni shakllantirishga va yangi qonunlarni qabul qilishga chaqirdi. Xuddi shunday, Britaniya tashqi ishlar vazirligi hamda Millatlar Hamdo‘stligi uchun million funtlik shartnomalarni boshqaruvchi rivojlanish pudratchisi «Aktis Strategy Ltd» Tunisga olib kelindi. Bundan tashqari, Britaniya Habib Burqibadan tortib Ibn Ali va 2012 yilda Nida Tunis partiyasini tuzgan Boji Sabsiygacha bo‘lgan siyosiy sinfni boshqarib kelgan. Sabsiy Habib Burqibaning safdoshlaridan biri va Ibn Ali bilan ittifoqdosh edi. U inglizlar bilan hamkorlik qilgan barcha eski ilmoniy kuchlarni bir partiyada birlashtirdi. Shunday qilib, Angliya o‘z qo‘li ostidagi siyosiy sinf yordamida mamlakatda o‘z ta’sirini saqlab qoldi. Zeynulobidin prezidentlikdan ketishi bilan Angliya o‘zining kuchli malayini yo‘qotdi, lekin rejimni emas. Chunki uning davlat ichida ham, tashqarisida ham ko‘p malaylari bor. Shunga qaramay, uning siyosiy ta’siri avvalgisidan ancha zaiflashgan. Hatto G‘annushiyning Britaniyadan angliyaparast bo‘lib qaytishi ham bu zaiflikni bartaraf eta olmadi. Zero, Nahza a’zolari va etakchilari, ayniqsa, o‘zlarining ilmoniylashishlari ortidan, G‘annushiyning etakchilik qilishi borasida yakdil fikrga kelisha olmadilar. Chunki harakat ichida xolis kishilar bo‘lgani kabi, Turkiyaga va prezident Erdog‘anga ishonadiganlar ham bor. Bularning barchasi Angliyaning o‘z malaylari saflarini kuchaytirishiga to‘siq bo‘ldi. Aksincha, Amerika malayi bo‘lgan Turkiya Nahza partiyasiga ichkaridan ta’sir o‘tkazishga va G‘annushiy rahbariyatiga ichkaridan tahdid qilishga yo‘l ochdi. Bu muammoni hal qilish maqsadida Nahza harakati ilmoniylar qo‘llab-quvvatloviga erishish uchun o‘zining «islomiy»ligini pasaytirdi. Shuning uchun «da’vatni» «siyosat»dan ajratdi. Ingliz malayi Boji Sabsiyni qo‘llab-quvvatlash uchun keng parlament frontini tuzish maqsadida 2014 yili Nida Tunis bilan ittifoqchi bo‘ldi. Ammo Sabsiy partiyasi o‘z kuchini saqlay olmadi, aksincha, bo‘linib ketdi… Tunis voqealariga nisbatan Angliyaning munosabatini o‘rganadigan bo‘lsak, bo‘lib o‘tgan ishlar uning uchun kutilmagan tarzda ro‘y berganini ko‘ramiz. Britaniyaning The Guardian gazetasi «The Guardianning Tunisdagi to‘ntarishga nisbatan ko‘z-qarashlari: Bahor qishga aylanmoqda» sarlavhali maqola chop etdi. Bu haqda Al-Jazira veb-saytining 2021 yil 27 iyuldagi xabarida aytildi. Gazeta Tunis aksil-inqilobga guvoh bo‘lganini aytib, («Xavfsizlik kuchlarining telekanallarga bostirib kirishi yaxshi belgi emas», deb yozgan. Gazetaga ko‘ra, «Fuqarolar befarq harakat qilib, noliberal tushunchalarga murojaat qilishmoqda. Chunki erkinlik va demokratiya siyosiy barqarorlik va iqtisodiy farovonlikni ta’minlay olmadi. Aksincha, korruptsiya, inflyatsiya va ishsizlik hukm surdi. Tunisdagi oilalarning uchdan bir qismi o‘tgan yili koronavirus pandemiyasi tarqalgandan keyin oziq-ovqat tugashidan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Oshkor qilingan hujjatlarga ko‘ra, hukumat Xalqaro Valyuta Fondidan 4 milliard dollar miqdorida kredit olish uchun muzokaralarda nondan davlat qo‘llab-quvvatlovini olib tashlashga tayyor. Bu kredit o‘n yil ichidagi to‘rtinchi kreditdir. Hukumatning pandemiyaga qarshi kurashiga nisbatan jamoatchilikning g‘azabi milliy qarz darajasining oshishi sababli yanada kuchaydi. Kredit to‘lovlari hozirda mamlakat sog‘liqni saqlash xarajatlaridan olti barobar ko‘pdir»). Ya’ni, Tunis rejimi Xalqaro Valyuta Fondi orqali AQShning bosimi ostida edi. AQSh bu bosimlar orqali o‘zining Tunisdagi mavjud bo‘lib turishini mustahkamlamoqchi.

Bularning barchasidan Tunisdagi Angliya nufuzining haqiqatda zaiflashgani ma’lum bo‘ladi. Angliya nufuzini zaiflashtirgan vaziyatlar davom etar ekan, Frantsiya Tunisga kuchli tarzda kirib olish uchun eshik ochdi. Angliya frantsuz ta’sirini xavfli emas deb o‘yladi. Chunki u Frantsiya bilan har doim, ayniqsa Amerika ta’siriga qarshi muvofiqlashgan holda harakat qilardi. Ular bu masalada ittifoqdosh edilar. Lekin Britaniyaning «Breksit»i ular o‘rtasida katta tafovut paydo qildi. Ularning hech biri bu yoriqni yamashga harakat qilmadi. Bundan tashqari, Evropa Ittifoqining bir qator davlatlari, xususan Germaniya Frantsiyaning pozitsiyasiga yaqin pozitsiyani egalladi. Germaniya Tunisda sodir bo‘lgan voqeani Britaniya ommaviy axborot vositalarida bo‘lgani kabi bir to‘ntarish sifatida baholamadi. (Germaniya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Adebar dushanba kuni Tunisda siyosiy tartibsizlar kuchayishidan Berlinning xavotirda ekanini bildirib, mamlakatni konstitutsiyaviy huquqiy tartibga qaytarishga chaqirdi. Biroq, u sodir bo‘lgan voqeani «to‘ntarish» emas deb hisoblaydi… Sputnik, 2021 yil 27 iyul).

v)    Frantsiya: Frantsiyaning munosabatiga kelsak, u ko‘proq diqqatga molik:

–     Yangi prezident Qays Said mustamlakachilikka qattiq qarshi edi. Uning inqilobiy tezislarini tunisliklar yaxshi qabul qildi. Ular inqilobdan keyingi davrda davlat boshqaruvini qaysidir ma’noda davom ettirgan «eski gvardiya»ni yo‘q qilish umidida Qays Saidga ovoz berishgan edi. Prezident Said 2019 yil noyabrь oyida prezident bo‘lganida, dastlab Tunisning mustaqil prezidenti edi. Biroq, qandaydir xalqaro kuchga tayanish g‘oyasi uning mentaliteti va zehniyatiga singib ketgan edi. Shu sababli, Frantsiyaning unga quchoq ochganini ko‘rdi. Frantsiya Tunisni yana frantsuzzabon tizimining faol a’zosiga aylantirishni orzu qilardi. Frantsiyaning Qays Saidni haqiqatda o‘z malayiga aylantirib olganiga dalolat qiladigan bir qancha dalillarni quyida keltirib o‘tamiz:

–     Tunis parlamenti prezident Qays Saidning tarafdorlari va muxoliflaridan iborat ikki guruhga bo‘lindi. Uning muxoliflari ko‘pchilikni tashkil qilar edi. Prezident Qays Saidning muxoliflari safidan joy olgan Nahzaning ittifoqchisi va parlamentdagi Frantsiyaning ashaddiy dushmani bo‘lgan «Karoma koalitsiyasi» Frantsiya va Tunis o‘rtasidagi munosabatlarni buzishga harakat qildi. Masalan, Tunis Frantsiyaning mustamlakasi bo‘lgani uchun «Frantsiyaning uzr so‘rashi» g‘oyasini parlament ovoziga qo‘ydi. Sabsiy yoki Marzuqi prezidentligi davrida parlament kun tartibiga bunday taklif kiritilmagani shuni ko‘rsatadiki, prezident Saidga qarshi bo‘lgan blok prezidentni qiyin ahvolga solib qo‘yishni, Frantsiya-Tunis munosabatlarini qiyinlashtirishni va Frantsiyaning mustamlakachi dushmanligini eslatib qo‘yishni ko‘zlagan. Biroq, saylov kampaniyasi paytidagi pozitsiyasidan farqli o‘laroq, Tunis prezidenti Frantsiyaga nisbatan himoya pozitsiyasini egalladi. U o‘z bayonotida («Kim uzr so‘rasa o‘zini ayblagan bo‘ladi», dedi. So‘ng «Kelajakka nazar tashlaylik», deya qo‘shimcha qildi… Frantsiya Tunisda jinoyatlarni xuddi Jazoirdagidek to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustamlakachilik asosida emas, balki rejimning himoyasi ostida sodir etgan. Tunisliklar mustaqillik uchun juda katta badal to‘laganlar. Uzr talab qilish ularning huquqi. Lekin uzr so‘rashning o‘zi etarli emas. Qays Said yana «Ehtimol, ba’zi loyihalar yoki yangi hamkorlik uzrning o‘rniga o‘tishi mumkin», dedi. So‘ng uzr so‘rash bilan oqlanib qolmasligini, bildirib, «Men hayronman, nega biz 60 yildan keyin uzr so‘rashini talab qilamiz?», degan savolni o‘rtaga tashladi. «ultratunisia.com», 2021 yil 23 iyun).

–     (2020 yil iyun oyida Qays Said Frantsiya bilan munosabatlarni chuqurlashtirish uchun o‘z lavozimini egallaganidan so‘ng birinchi Evropa safarini Frantsiyadan boshladi. Anadolu agentligi, 2021 yil 4 iyun). Tunis prezidentining Parij safaridan oldin va tashrifi arafasida yuqori martabali frantsuz rasmiylarining Tunisga kelishi Qays Said prezident bo‘lganidan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. (Shu nuqtai nazardan, prezidentning Frantsiyaga taklif etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik loyihalarining boshlanishi bo‘lishi mumkin. Xususan, ushbu tashrif oldidan Frantsiya mudofaa vaziri 2020 yil may oyida Tunisga tashrif buyurdi. Bundan oldin esa Frantsiya bosh shtab boshlig‘i kelgan edi. Ikki tashrifning mazmuni haqida hech qanday izoh berilmadi. Faqat umumiy muammolar haqidagi bir ahamiyatga molik bayonotlar berildi, xolos. Al-Jazira 2021 yil 18 iyun).

–     Tunisdagi inqiroz chuqurlashib, Frantsiya qo‘llab-quvvatloviga bo‘lgan ehtiyoj oshgani sayin, Frantsiya yuqori martabali amaldorlarini Tunisga yuborishda davom etdi. (Turli inqirozlarni boshdan kechirayotgan va koronavirus pandemiyasi ostida ezilgan Afrika davlati bilan munosabatlarni mustahkamlash maqsadida, Frantsiya bosh vaziri Jan Kasteks chorshanba kuni kechqurun olti vazir hamrohligida Tunisga keldi. Uning tashrifi payshanbagacha davom etadi. Muzokaralarda «iqtisodiy hamkorlik», «qo‘llab-quvvatlov» va «sog‘liqni saqlash inqirozi» kabi mavzular muhokama qilinadi. Tashrif davomida bir qator shartnomalar ham imzolanadi. Tunisda tezyurar poezdlar tarmog‘ini qurish bo‘yicha uchrashuvdan tashqari, tunis va frantsuz ishbilarmonlari tomonidan tashkil etiladigan raqamli sohalar bo‘yicha ham uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Frans 24, 2021 yil 2 iyun).

–     Tunis prezidenti Frantsiya mezbonlik qilgan va Parijda bo‘lib o‘tgan Afrika iqtisodiy sammitida ham qatnashdi. (Sputnik, 2021 yil 22 may). Sammitda Tunisga ba’zi koronavirus vaktsinalaridan tashqari, hech qanday tashqi yordam ko‘rsatish aytilmadi. Bu esa, tashrifdan ko‘zlangan maqsad prezident Makron bilan Tunisning ichki vaziyatini muhokama qilish bo‘lganini ko‘rsatadi. Zero, Qays Said frantsuz matbuotiga Tunisdagi ichki vaziyat haqida uzoq gapirdi. Bu tashrif G‘annushiyning «parlament diplomatiyasi», deb atagan Qatar ziyoratiga qasos sifatida qilingan ziyorat bo‘lishi ham mumkin. Boshqacha aytganda, ikkalasi ham xo‘jayinlari va malay do‘stlari bilan kuchli bo‘lishga harakat qilishmoqda.

–     Frantsiya sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratish uchun 2022 yilgacha Tunisga 1,7 milliard evro miqdorida yordam va kreditlar va’da qildi. Frantsiya prezidenti Makron Tunis prezidenti Qays Saidning 2020 yil o‘rtalarida Parijga qilgan tashrifi chog‘ida Tunisga 350 million evro miqdorida qarz berilishini bildirgan edi… (Arab Jadid, 2020 yil 2 noyabr).

–     2021 yil 28 iyulda Al-Jazira Frantsiyaning aniq rasmiy bayonotidan iqtibos keltirdi. Unda Frantsiya tashqi ishlar vaziri Le Drian «Frantsiya Tunisdagi siyosiy vaziyat bilan bog‘liq o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda», dedi. RT 2021 yil 28 iyulda mana bu xabarni tarqatdi: (Frantsiya tashqi ishlar vazirligining chorshanba kungi bayonotida Le Drian bugun Tunislik hamkasbi Usmon Jarandi bilan telefon orqali muloqot qilgani aytildi. Bayonotga ko‘ra, Le Drian «mamlakatdagi siyosiy inqiroz sharoitida tezlik bilan bosh vazir tayinlash va tunisliklarning umidlarini qondiradigan hukumat tuzish muhimligini ta’kidlagan»).

Xulosa: Tunisda kuchayotgan xalqaro kurashning barcha belgilari shuni ko‘rsatmoqdaki, u erdagi kurash eski va katta nufuz sohibi Angliya bilan yangi va beqaror ta’sirga ega Frantsiya o‘rtasida kechmoqda. Garchi Frantsiya va uning malaylari Amerika va uning malaylari orqali Tunisdagi ingliz malaylariga qarshi kuchaymoqchi bo‘layotgan bo‘lsa ham, Amerika hali ham bu kurashda og‘ir vaznga ega emas. Frantsiya o‘zining Tunisdagi malaylarini Misrdagi Amerika malaylari tomon yo‘naltirayotganini ham ko‘rish mumkin. Biroq, Misrning Tunisdagi ta’siri Tunisga bevosita chegaradosh bo‘lgan Jazoirdagi ingliz malaylarining ta’siriga qaraganda ancha past. Shuning uchun ham Jazoir prezidenti Tunis va Tunisning Frantsiya bilan munosabatlariga ishora qilib bunday dedi: «Darhaqiqat, Tebbun Frantsiyaning Jazoirga jiddiy qarashligini aytib o‘tdi. Jurnalistning Frantsiya hali ham Jazoirni frantsuz provintsiyasi deb hisoblayaptimi degan savoliga, «yo‘q, yo‘q» deb to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng «Siz boshqa davlatni nazarda tutyapsiz. Zero, frantsuzlar siz nazarda tutgan o‘sha mamlakatga buyruq berishadi. U mamlakat esa, buyruqlarni e’tirozsiz amalga oshiradi», dedi. Tunis prezidenti Qays Saidning Frantsiyaga tashrifi chog‘ida «Tunis mustamlaka ostida bo‘lmagan, balki himoya ostida bo‘lgan», degan so‘zlaridan so‘ng, ba’zilar Jazoir prezidenti o‘sha so‘zlari bilan Tunisga ishora qilmoqda, deb o‘yladi… https://el-hosary.com, 2021 yil 8 iyul).

Ushbu xalqaro pozitsiyalarning barchasidan Frantsiya Angliya bilan Tunisdagi hokimiyat ustida kurashayotgani ma’lum bo‘ladi. Lekin kurash Evropaning ichida ketmoqda. Amerika unda qatnashayotgani yo‘q. Amerika kurashda faol qatnashmagani uchun biz Tunisda sodir bo‘lgan voqeani terminologik ma’nodagi xalqaro kurash deb aytmaymiz. Balki yuqorida aytganimizdek, bu Evropa ichidagi, ayniqsa, bir tomondan Frantsiya va Germaniya, boshqa tomondan Angliya o‘rtasidagi kurash. Shunday qilib, kurash uzoq davom etmaydi, o‘zaro muvofiqlashuvga qaytiladi, katta ehtimolga ko‘ra, Angliyaning nufuzi Tunisni tark etmaydi. Chunki Angliya siyosiy makkor davlat. Frantsiya esa, bundan mosuvo… Lekin, biz ular o‘rtasidagi ziddiyat keskin bo‘lishini va bizning qo‘llarimiz bilan Xalifalik barpo qilishini qudratli va kuchli Allohdan so‘rab qolamiz. Zero, Xalifalik bilan Islom va musulmonlar kuchli, kufr va kofirlar xor bo‘ladi.

وَيَوْمَئِذٍ يَفْرَحُ الْمُؤْمِنُونَ * بِنَصْرِ اللَّهِ يَنْصُرُ مَنْ يَشَاءُ وَهُوَ الْعَزِيزُ الرَّحِيمُ

«O‘sha kunda mo‘minlar Alloh nusrat bergani sababli shodlanurlar. (Alloh) O‘zi xohlagan kishiga nusrat berur. U qudrat va rahm-shafqat egasidir» [Rum 4-5]

       22 zul-hijja 1442h

       1 avgust 2021m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.