Xitoy Qirg‘izistonga un, shakar va o‘simlik yog‘i beradi

326
0

Xitoy Qirg‘izistonga un, shakar va o‘simlik yog‘i beradi

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Qirg‘izitonga Xitoydan oziq-ovqat va grant yordami keladi.

 Yordam doirasida Xitoydan 40 ming tonna un, 20 ming tonna shakar, 20 ming tonna o‘simlik yog‘i va 350 million yuan (54 million AQSh dollari) miqdorida mablag‘ grant shaklida beriladi.

 Bundan tashqari, Xitoy yana insonparvarlik yordami sifatida koronavirusga qarshi “Sinopharm” vaktsinasidan 150 ming doza taqdim etadi.

 “Qirg‘izistonning Xitoydan bo‘lgan davlat tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirishda qo‘shimcha to‘lovlarni hisoblamaslik, COVID-19 pandemiyasi sababli vaqtincha to‘xtatilgan ishlarni davom ettirish, grant loyihalarini amalga oshirish uchun Qirg‘izistonga xitoylik mutaxassislarni jo‘natish masalasi hal etildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

 Izoh: Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov 2020-yil 25-noyabr kuni parlamentda qilgan chiqishida davlat tashqi qarzi masalasida Xitoy bilan muzokaralar davom etayotganini ma’lum qilgan va “Xitoy qarzni to‘lash muddatini transhlarga bo‘lib to‘rt yilga uzaytirishni taklif qilmoqda. Bunday muddatni uzaytirish uchun foiz stavkasi 2 foiz etib belgilandi. Taklif hukumat tomonidan imtiyozlar bo‘yicha belgilangan parametrlardan oshmaydi. Ushbu summaning ortiqcha to‘lovi 2,9 milliard som (34 million 118 ming dollar)ni tashkil etadi”, – degan edi.

 Keyinchalik, Sadir Japarov agar rasmiy Bishkek Xitoydan olgan tashqi qarzini vaqtida to‘lamasa, mamlakatdagi muhim ob’ektlar – Bishkek issiqlik elektr stantsiyasi, Datka-Kemin elektr uzatish liniyasi hamda respublikaning shimoli va janubini birlashtiruvchi yo‘l Xitoy nazorati ostiga o‘tib ketishi mumkinligini aytgan edi.

 Joriy yilning may oyi o‘rtalarida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbaevga Xitoy hukumati Qirg‘izistonning davlat qarzlarini qaytarishini ortga surish va qo‘shimcha mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.

 Bugunga kelib esa Xitoy Qirg‘izistonga ko‘rsatadigan yordam bilan bir qatorda to‘xtab qolgan grant loyihalarini qayta tiklash masalasi ham hal etilgani aytilmoqda. Ushbu grant loyihalari jumlasiga – “Xavfsiz shahar”, Xitoy granti evaziga ta’mirlanadigan Bishkek yo‘llari, bir vaqtlar aholining keskin qarshiligi ortidan to‘xtab qolgan Batken viloyati Qadamjoy tumanidagi Shambesoy oltin koni, Norindagi Jetim-Too temir konida xitoylik kompaniyalar faoliyatini qayta tiklash kiritilgan bo‘lishining ehtimoli katta. Demak odatdagidek, Xitoy hukumati go‘yoki Qirg‘izistonga yordam berayotgandek ko‘rinib, er va tabiiy boyliklarni qo‘lga kiritishga urinmoqda. Buni un, shakar va o‘simlik yog‘i bilan yordam berish pardasi ortiga yashirmoqda. Bu xudosiz kommunistlarning “oshqozonni tuzoq qilib” xalqni boshqarish uslubi bo‘lib, shu orqali iqtisodiy qiyinchiliklar iskanjasiga tushib qolgan xalqni aldash va o‘tgan yillar mobaynida o‘ziga qarshi shakllangan nafratni yo‘q qilishga urinishdan iborat.

Abdurahmon Odilov 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.