AQShning Rossiya va Xitoyga nisbatan siyosati

153
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

AQShning Rossiya va Xitoyga nisbatan siyosati

Savol:

Bayden boshchiligidagi AQShning yangi ma’muriyati Xitoy va Rossiyaga hujum qilishni boshladi. Bir vaqtning o‘zida, ba’zi davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, eski ittifoqlarni jonlantirmoqda. Amerika bu ikki davlatga nisbatan qanday siyosat olib bormoqda va qanday maqsadlarni ko‘zlagan? Bu ma’muriyat eskisidan farq qiladimi?

Javob:

Keling, yangi ma’muriyatning xatti-harakatlarini ko‘rib chiqaylik. Shu orqali AQSh siyosatining mohiyati va maqsadlarini bilib olamiz:

1 – Xitoyning o‘sib borayotgan harbiy va iqtisodiy qudratiga qarshi turishda Avstraliya, Hindiston va Yaponiya davlatlari muhim rolь o‘ynashini hisobga olgan holda, AQSh prezidenti Bayden 2021 yil 12 mart kuni ushbu davlatlar rahbarlari Skott Morrison, Narendra Modi va Yosixide Sugalar bilan onlayn konferentsiya o‘tkazdi. Konferentsiyada Bayden bunday dedi: («Hind va Tinch okeanidagi erkin va ochiq hudud bizning kelajagimiz uchun juda muhimdir. Amerika barqarorlikka erishish yo‘lida siz bilan hamda mintaqadagi barcha sherik va ittifoqchilarimiz bilan birga ishlash tarafdoridir». Sharqul Avsat, 2021 yil 13 mart). AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin 2021 yil 13 mart kuni bergan bayonotida («Osiyoga bir haftalik safar qilib, Tokio, Seul, Nьyu-Dehlida AQSh ittifoqchilari bilan mintaqadagi harbiy hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilmoqchiligini, Xitoyga qarshi kuchli cheklov kamarini paydo qilish yo‘llarini o‘rganishini…» ma’lum qildi. Ya’ni, Tokio va Seulda bu ikki mamlakatdagi hamkasblari bilan uchrashmoqchiligini bildirdi. Bu uchrashuv Bayden guruhining Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bo‘lmish Xitoy Kommunistik partiyasining tashqi aloqalar bo‘yicha mas’uli Yan Tszechi va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan Alyaskada birinchi bor uchrashishidan oldin bo‘ladi». Sharqul Avsat, 2021 yil 14 mart). Muzokaralarda Gonkong, Shinjon (Sharqiy Turkiston), Tibet va Tayvandagi vaziyat hamda inson huquqlarining buzilishi muhokama qilinadi.

2 – AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin 2021 yil 20 mart kuni («Albatta biz barcha ittifoqchi va sheriklarimizni biz tomondan sanktsiyalar joriy qilinishidan saqlanish uchun Rossiya texnikalari (qurollari)dan va ularga ega bo‘lishdan uzoq turishga chaqiramiz», dedi. So‘ng qo‘shimcha qilib, «Hindiston Rossiyaning S-400 tizimini hozircha sotib olmadi. Shuning uchun sanktsiya joriy qilish uchun biror bir sabab yo‘q», dedi. Al-Jazira, 2021 yil 20 mart). 2018 yilda Hindiston bosh vaziri Modi Rossiya prezidenti Putin bilan Rossiyadan S-400 tizimini 4-5 milliard dollarga sotib olish to‘g‘risida bitim imzolagan edi. Hindiston 2019 yilda ayni bitimning dastlabki to‘lovi sifatida 800 million dollar to‘ladi. Raketalarning birinchi partiyasi shu yilning oxirida etkazib berilishi kutilmoqda. Ostinning Hindistonga tashrifi esa, AQShning Xitoy ta’siriga qarshi turishga harakat qiladigan hamda Rossiya ta’sirini cheklashda Amerikaga yordam beradigan davlatlar ittifoqini tuzish urinishlari doirasida bo‘ldi. AQShning mudofaa kompaniyalari Hindistonga harbiy texnika etkazib berish, shu jumladan, 150ta harbiy samolyot va vertolyotlar sotib olish bo‘yicha Hindiston bilan milliardlab dollarlik bitimlar imzoladi. Bu Hindistonga 250 milliard dollar atrofida sarmoya kiritish maqsadida Hindiston qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish doirasida amalga oshirildi. Shuni aytib o‘tish kerakki, Rossiya Hindistonga asosiy qurol etkazib beruvchi davlat bo‘lishiga qaramay, xuddi Turkiya S-400 tizimini sotib olgani uchun sanktsiyalarga yo‘liqqani kabi, Hindiston ham sanktsiyalarga yo‘liqishdan qo‘rqadi. Modi 2014 yil qudratga kelganidan so‘ng, AQSh siyosatiga tobe kimsa bo‘lgani uchun AQSh-Hindiston aloqalari mustahkamlandi. Amerika Hindistonga 2016 yilda «asosiy mudofaa sherigimiz», deya baho berdi va o‘shandan boshlab Amerika Hindiston bilan nozik qurollarni etkazib berish va harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qator bitimlarni imzolab kelmoqda. Amerika Rossiyaning S-400 tizimi va boshqa qurollarni sotib olishdan Hindistonning butunlay voz kechishini istaydi. Shunda Hindiston harbiy sohada, ayniqsa, qurollanish sohasida Amerikaga qaram bo‘lib qoladi. Bu esa, britaniyaparast Hindiston Kongress partiyasining siyosatiga butunlay zid. Zero, Britaniya Hindiston ustidan o‘z hukmini o‘tkazib kelgan o‘nlab yillar davomida uni – Sovet Ittifoqi davrida ham, undan keyin ham – qurol-yarog‘ni Rossiyadan sotib olishga undab kelgan. Bu bilan AQShning Hindistondagi harbiy sohani o‘z nazoratiga olishiga va u erda o‘z nufuzini mustahkamlashiga imkon bermagan. Biroq Amerika Bxarata Janata partiyasidagi o‘zining malaylarini hokimiyatga olib kelishga muvaffaq bo‘lgach, siyosiy va harbiy sohadagi ishlar tizginini o‘z qo‘liga olish va Britaniya nufuziga yakun yasash uchun Hindistonni qurollanish va armiya sohasida o‘ziga bog‘lab olishga harakat qila boshladi.

3 – Bir vaqtning o‘zida, Amerika Xitoy bilan dialog olib borib, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosim o‘tkazib kelmoqda. 2021 yil 18 martda AQShning Alyaska shtatida AQSh-Xitoy tashqi ishlar vazirliklari darajasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken («Xitoyning xatti-harakatlari global barqarorlikni kafolatlaydigan qoidalarga asoslangan tartibga tahdid solmoqda…», dedi. U yana bunday qo‘shimcha qildi: «Biz Shinjon (Sharqiy Turkiston), Gonkong va Tayvanda Xitoy amalga oshirayotgan ishlarga nisbatan chuqur xavotirlarimizni hamda AQShga qarshi qilingan kiberhujumlar va ittifoqchilarimizga qarshi o‘tkazilayotgan iqtisodiy bosimlarni muhokama qilamiz… Ushbu xatti-harakatlarning barchasi global barqarorlikni kafolatlaydigan qoidalarga asoslangan tartibga tahdid solmoqda». Bunga javoban Xitoy Kommunistik partiyasining tashqi aloqalar bo‘yicha mas’uli Yan Tszechi bunday dedi: «Xitoy o‘zining ichki ishlariga AQShning aralashishiga qat’iyan qarshi… Biz bunday aralashuvga qat’iy qarshi ekanligimizni bildirib, javob qaytarish uchun keskin choralarni ko‘ramiz… Qilinishi lozim bo‘lgan narsa sovuq urush mentalitetidan voz kechishdir». Reyter, 2021 yil 19 mart). Bu bilan Amerika Xitoyni dunyo oldida obro‘sizlantirish va inson huquqlarini buzuvchi sifatida ko‘rsatish uchun unga media va psixologik bosim o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Bularni inson huquqlariga qayg‘urayotgani uchun qilayotgani yo‘q, balki Xitoyga bosim qilishda inson huquqlaridan kuzir karta sifatida foydalanmoqda. Biroq bunga muvaffaq bo‘lolmagan ko‘rinadi. Chunki xitoyliklar ham xuddi shunday javob qaytarib, Amerikani mamlakat ichkarisi va tashqarisida inson huquqlarini buzishda aybladi. Bunga qo‘shimcha, Amerika boshqa davlatlar ustidan hukmronlik qilib, ularni o‘z nazoratida ushlab keladi, provokatsiya qilib, boyliklarini talaydi.

4 – Bayden boshchiligidagi yangi ma’muriyat Tramp ma’muriyati boshlagan savdo urushini davom ettirmoqchiligini, ammo buni ittifoqchi va boshqa davlatlar bilan birgalikda amalga oshirishini ta’kidladi. Blinken Xitoyga qarshi sanktsiyalar qo‘llash tarafdori bo‘lgani uchun davlat kotibi etib tayinlandi. Darhaqiqat, Blinken Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi yig‘inida bunday degan edi: («Hech shubha yo‘qki, Xitoy biz uchun boshqa har qanday davlatlardan ko‘ra kattaroq muammo hisoblanadi va bu juda murakkab muammodir. Amerika Xitoy bilan yaqinlashishni zaiflik printsipiga emas, balki kuch printsipiga tayangan holda boshlamog‘i darkor. Ittifoqchilar bilan birgalikda ish olib borish, xalqaro muassasalar bilan hamkorlikda ish yuritish ayni shu kuchning bir qismi hisoblanadi. Ijozatingiz bilan shuni aytmoqchimanki, men prezident Trampning Xitoyga nisbatan keskin pozitsiyani egallab to‘g‘ri qilgan deb bilaman. Uning bir qator sohalardagi yondashuviga unchalik qo‘shilmasam-da, lekin printsipial jihatdan bu to‘g‘ri bo‘lgan va bizning tashqi siyosatimiz uchun juda foydali bo‘lgan, deb bilaman». Anado‘lu, 2021 yil 20 yanvar). Bu shuni ko‘rsatadiki, Xitoyga nisbatan AQSh siyosatining asosi o‘zgarmaydi. Ma’muriyat almashishi bilan faqatgina uslublar o‘zgaradi, xolos. Hozirda Xitoyga nisbatan jilovlash siyosati tugab, mintaqa va xorijdagi kengayishini oldini olish uchun dushmanona siyosat boshlandi.

5 – Amerika Xitoyning kengayishidan xavotirlanayotganini ochiq aytdi. Masalan, prezident Bayden («Agar tezroq harakat qilmasak, «xitoyliklar» tushligimizni ilib ketishadi. Ular temir yo‘l sohasida yangi katta tashabbuslarga ega… Xitoy elektr transportlari texnologiyasida jadal rivojlanmoqda», dedi. U «2021 yil 10 fevral chorshanba kuni xitoylik hamkasbi Si Tszinьpin bilan o‘tkazgan ikki soatlik uchrashuvida inson huquqlari, savdo va xavfsizlik kabi qator masalalar haqida suhbatlashganini» bildirdi. Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki «Prezidentning nuqtai nazari bo‘yicha, biz (ya’ni AQSh) Xitoy bilan raqobatbardosh davlatmiz. Bu narsa ayni kurashning naqadar chuqurligidan ko‘rinib turibdi», dedi. «The Wall Street Journal», 2021 yil 12 fevral). Bayden o‘z yurtining xavotirlarini yana bir bor ta’kidlab bunday dedi: «AQSh bilan Xitoy o‘rtasida kuchli raqobat mavjud. Zero, Xitoy qudrat va nufuz jihatidan dunyoda birinchi davlat bo‘lishga intilmoqda. Men Oq uyda ekanman bunday bo‘lmaydi», dedi. So‘ng, Xitoyga qarshi tashlanadigan navbatdagi qadamlar borasida kelishib olish uchun yigirma etti nafar mamlakat rahbarlari bilan aloqa o‘rnatishga va’da berib bunday dedi: «Biz Xitoydan hisob so‘raymiz va ayniqsa, Janubiy Xitoy dengizidagi tartib-qoidalarni hurmat qilishni undan talab qilamiz». Al-Jazira, 2021 yil 25 mart). Bayden ma’muriyati mart oyi boshida «Milliy xavfsizlik strategiyasining muvaqqat strategik yo‘nalishi» nomli hujjat nashr qildi. Hujjat AQSh yangi ma’muriyatining global muammolarga qarshi kurashga muvaffaq bo‘lishi uchun milliy xavfsizlik agentliklariga taqdim etgan yangi ko‘rsatmalarini o‘z ichiga oladi. 20 sahifadan oshmaydigan kichik hajmdagi bu hujjatda Xitoy degan so‘z 15 marta takrorlangan bo‘lsa, Rossiya degan so‘z atigi 5 marta kelgan!

6 – Amerika Xitoyning Janubiy Xitoy dengizida hamon o‘z hukmronligini o‘rnatolmaganini, lekin bunga harakat qilayotganini ko‘rib turibdi. Shu sababli, buni oldini olishni va Xitoyni mintaqadagi davlatlar vositasida chalg‘itib turishni istamoqda. Amerika Xitoyni mintaqada har tomonlama qamal qilingan bir katta davlat sifatida qoldirishga urinyapti. Masalan, Janubiy Xitoy dengizida Indoneziya, Malayziya, Filippin va Vьetnam davlatlari bo‘lib, Amerika ularni Xitoyga qarshi harakatlantirishga urinyapti. Janubiy Xitoy dengizining shundoqqina yonidagi Tinch okeanida Avstraliya bor. Amerika Avstraliyani Xitoyga qarshi qo‘yish uchun u bilan ham hamkorlik qilmoqda. Sharqiy Xitoy dengizida esa, Yaponiya, Tayvan va Janubiy Koreya davlatlari joylashgan. Bu davlatlar ham AQShning ittifoqchilaridir. Amerika Xitoyning Tayvan bilan ixtiyoriy ravishda birlashishi sharti bilan «yagona Xitoy» printsipini tan olgan edi. Ammo Tramp davrida ayni e’tirofdan qaytdi. Ana shunda Xitoy Tayvanni bosib olish bilan tahdid qilgach, Tramp «yagona Xitoy» printsipini yana e’tirof etishga majbur bo‘ldi. Ma’lumki, bu 1979 yil Xitoy bilan imzolangan bitim bo‘lib, unda birlik (ya’ni «yagona Xitoy» printsipi) o‘zaro tushunish, asta sekin iqtisodiy va siyosiy yaqinlashuvlar orqali amalga oshishi shart qilingan. Biroq, Amerika ayni bitimga qaytgan esa-da, Xitoyning oldiga turli to‘siqlar qo‘ymoqda. U Tayvanni qurol-yarog‘ bilan ta’minlab, siyosiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayapti. (Hind va Tinch okeani mintaqasidagi AQSh kuchlari qo‘mondoni admiral Filipp Devidson 2021 yil 10 mart kuni Xitoy olti yil ichida, ya’ni, 2027 yilga qadar Tayvanga hujum qilishi mumkin, deya ogohlantirdi. U kongressda «Xitoyliklar Qo‘shma Shtatlarning xalqaro tartibdagi etakchilik rolini egallash borasida o‘z loyihalarini jadallashtirayotganidan xavotirdaman. Ular bu maqsadga 2050 yilda etib borishlarini aytishar edi. Mening xavotirim hozirga kelib buni jadallashtirishayotganidir», dedi. Al-Jazira, 2021 yil 11 mart). Ya’ni, Amerika Xitoyning Tayvanni anneksiya qilishidan xavfsiramoqda. Amerikaning e’tirofi bilan Xitoy Tayvanni o‘zining bir qismi, deb e’tibor qilayotgan esa-da, lekin Amerika buni amalga oshishini paysalga solib kelmoqda. Aftidan, Xitoy ham Amerikaning birlik (ya’ni «yagona Xitoy» printsipi)ning amalga oshishiga to‘sqinlik qilish uchun o‘yin qilib, paysalga solishlaridan zada bo‘lgan ko‘rinadi. Shuning uchun Xitoy tomonidan Tayvanga jiddiy tahdid mavjudligi ko‘rinib turibdi. Aslida, Xitoy uni kuch bilan anneksiya qilib olishga qodir. Biroq, hozir u Amerika bilan savdo aloqasini buzishni istamayotgan ko‘rinadi. Zotan, boshqa davlatlar bilan ham savdo aloqasi buzilishi mumkin. Chunki agar Xitoy anneksiyaga qadam tashlagudek bo‘lsa, Amerika butun dunyo davlatlarini unga qarshi gijgijlashi turgan gap.

7 – Rossiya masalasi Xitoy masalasidan bir muncha farq qiladi. Chunki Rossiya Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Evropaning bir qismidan tortib Ukrainagacha bo‘lgan mintaqalarga hukmronlik qiladi. Bu mintaqalar Sovet Ittifoqi davridan beri Rossiyaning nufuzi ostida qolmoqda. Amerika ayni shu mintaqalarda barqaror o‘rnashib olish va o‘z nufuzini yoyishda Rossiya bilan raqobatlashmoqda. Hozirda u erga kirib borishga muvaffaq bo‘lib, yana ayrimlarida o‘z ta’siri o‘tkazishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, biroq haligacha barqaror o‘rnasha olmadi. Bir vaqtning o‘zida, Amerika Rossiyaga siyosiy, iqtisodiy, axborot va psixologik bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Shu bois, AQSh prezidenti Baydenning rossiyalik muxolafatchi Navalьniyning zaharlanishi to‘g‘risidagi savolga javob berayotib, Rossiya prezidenti Putinni «qotil», deb atashi bejiz emas. Bayden («Rossiya o‘tgan yilgi AQSh saylovlariga aralashishga uringani uchun – garchi Kremlь bu ayblovlarni tan olmasa-da – buning oqibatlarini albatta ko‘radi», dedi. U «Putin buning badalini to‘laydi, deya ta’kidlab, o‘tgan yanvar oyida bo‘lib o‘tgan uzoq vaqtli telefon so‘zlashuvida bularga javob berishi mumkinligi to‘g‘risida Putinni ogohlantirganini bildirdi. «Oqibatlar», degan so‘zdan nimani qasd qilgani so‘ralganda «yaqinda ko‘rasizlar», deb javob qildi. Amerikaning «AVS» telekanali, 2021 yil 17 mart). Bu bilan Bayden Rossiyaga yangi sanktsiyalar joriy qilmoqchiligiga ishora qilmoqda.

Eng g‘alatisi shu bo‘ldiki, Putin bunga juda zaif, hatto xorlarcha javob qildi: U jumladan bunday dedi: («Moskva Vashington bilan aloqalarni aslo uzmaydi. Aksincha, AQSh bilan Rossiya manfaatlarini hisobga olgan holda muomala qiladi». Rossiya Televideniesi (RT), 2021 yil 18 mart). Bu esa, Rossiyaning zaifligiga hamda AQShning sanktsiyalaridan, bosimlaridan va Ukraina, Qrim, Evropada olib borayotgan hujumlaridan qo‘rqayotganiga dalolat qiladi. Ma’lumki, Rossiya Dumasi raisi Vyacheslav Volodin Baydenning o‘z prezidenti Putinga va mamlakatiga qilgan hujumini («Barcha ruslar uchun haqorat», deb atab, jumladan bunday dedi: «Bayden bunday bayonoti bilan mamlakatimiz fuqarolarini haqorat qildi. Bu ojizlikdan kelib chiqqan isteriyadir. Putin bizning prezidentimiz. Unga qilingan hujumlar bizning mamlakatimizga qilingan hujumdir». Rusiyal Yavm, 2021 yil 17 mart). Rossiyaning bor-yo‘q qilgan ishi Vashingtondagi elchisini maslahat uchun chaqirib olgani bo‘ldi, xolos! So‘ng Putin Bayden bilan konferentsiya o‘tkazishga chaqirdi. Ammo Amerika buni rad qilib, unga navbatdagi haqoratni yo‘lladi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi chiqargan bayonotda qo‘yidagi so‘zlar kelgan: («Afsuski, Vladimir Putinning 19 yoki 22 mart kunlari AQSh prezidenti Jo Bayden bilan videokonferentsiya o‘tkazish taklifiga AQSh tomoni javob qilmadi. Rossiya shu orqali ochiq suhbat o‘tkazib, ikki tomonlama munosabatlarda to‘planib qolgan muammolarni hamda strategik barqarorlik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilmoqchi edi». Rossiyalik diplomatlar yana shuni ta’kidlashdiki, Vashingtonning aybi sababli Rossiya-AQSh munosabatlarida yuzaga kelgan boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini topishda Amerika tomoni imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. TASS, 2021 yil 22 mart).

8 – Shu sababli Amerika Rossiyaga taalluqli o‘zi ko‘rsatib bergan siyosatdan Turkiyaning voz kechishini istamoqda. Ma’lumki, Amerika Suriyada Rossiyadan foydalanish uchun Turkiyani Rossiyaga ergashishga, to‘g‘rirog‘i, Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun uning yonida turishga buyurgan edi. AQSh davlat kotibi Blinken 2021 yil 23 mart kuni turkiyalik hamkasbi Chovusho‘g‘li bilan Anqarada o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng («Anqara bilan bo‘lgan kelishmovchiliklarga qaramay, Amerika va NATO Turkiyani ayni alyans tarkibida ushlab turishdan katta manfaatdor. Zero, Turkiya uzoq muddatli va qimmatli ittifoqchimizdir», dedi. Reyter, 2021 yil 23 mart). NATO kotibi Yens Stoltenberg esa, NATOga a’zo davlatlarga ko‘rsatgan xizmatlari va Evropani himoya qilgani uchun Turkiyani maqtab, bunday dedi: («Suriya va Iroq bilan chegaradosh bo‘lgan Turkiya Evropa Ittifoqi tarkibiga kirmagan bo‘lsa-da, biroq u o‘zining janubiy sharqiy chegaralarida NATOni himoya qilish borasida juda muhim rolь o‘ynaydi». Anado‘lu, 2021 yil 6 mart). Bunday maqtovdan so‘ng Erdogan xursand bo‘lib, Tvitterdagi sahifasida «Turkiya NATOning ittifoqchisi sifatida, barcha majburiyatlarini bajarishda hamda global tinchlik va xavfsizlikka xizmat qilishda davom etajak», deb aytdi. Zero, Turkiya Rossiyaning raketalarga qarshi mudofaa tizimi S-400 tizimidan voz kechish uchun bosim qilayotgan Amerikaga ijobiy javob qaytarishga hoziru nozir. Vaholanki, Amerika ishning boshida Turkiyaga ayni tizimni sotib olishiga ruxsat bergan edi. Chunki u paytda Amerikaning Asad rejimini saqlab qolish rejasiga xizmat qilishi uchun Rossiyani Suriyada qolishga qiziqtirish kerak edi. Ammo endi Amerikaga Rossiyaning Suriyadagi xizmati kerak bo‘lmay qoldi. Shuning uchun Tramp davridagi Turkiyaga bosim qilish siyosati davom etadigan ko‘rinadi. Bayden boshchiligidagi AQSh ma’muriyati 2021 yil 5 yanvarda «Turkiyadan S-400 tizimidan voz kechishni istayotgani»ni ma’lum qildi. AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbi «Bu boradagi pozitsiyamiz o‘zgargani yo‘q», deya Turkiyani bunday tizimdan voz kechishga chaqirdi. Turkiya esa, xuddi Gretsiya kabi foydalanmasdan omborda saqlab turmoqchiligini bildirib, yon berishni namoyish qildi. Bu haqda Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar bunday dedi: «Turkiya Rossiyadan sotib olgan S-400 tizimidan foydalanmaslikka tayyor. Chunki bu masalada AQSh bilan yuzaga kelgan ziddiyatlarni kamaytirishni hamda ma’lum bir kelishuvga erishishni istaymiz»… U yana bunday dedi: «Gretsiyaning Krit orolidagi S-300 tizimi bo‘yicha o‘tkazilganidek, bu borada ham xuddi shunday muzokaralar o‘tkazishga tayyormiz». Turkiyada chiqadigan Hurriyat gazetasi, 2021 yil 9 fevral). Ma’lumki, Kipr ayni raketalarni 1999 yil Rossiyadan sotib olgan paytda Turkiya qarshi chiqqan edi. Shunda Gretsiya bilan bu raketalarni Krit orolidagi omborda saqlashga kelishuv imzolangan. Bu tizim Gretsiyaning mulkiga o‘tgan bo‘lsa-da, o‘shandan beri ulardan foydalanmay keladi, faqat 2013 yil mashqlarda foydalandi, xolos.

9 – Ko‘rinib turibdiki, Amerika xuddi Xitoyga qarshi rejalashtirgani kabi, Rossiyaga qarshi siyosiy, iqtisodiy, media va psixologik hujumni rejalashtirgan. AQSh davlat kotibi Blinken Senatda qilgan nutqida («Rossiya masalasi kun tartibimizning eng muhim masalasi bo‘lib turibdi», deb aytdi. U yana bunday qo‘shimcha qildi: «Biz bir qancha muammolar haqida suhbatlashdik. Rossiyaning bir qator frontlarda tug‘dirayotgan muammolari ham dolzarb muammolardan biridir». Anado‘lu, 2021 yil 20 yanvar). Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki bunday dedi: («Rossiyaning 2020 yilgi AQSh saylovlariga aralashmoqchi bo‘lgani to‘g‘risidagi uzoq yillik ayblovlarni o‘z ichiga olgan AQSh razvedkasi hisoboti o‘z tasdiqini topgach, Rossiya o‘z xatti-harakatlari uchun javob beradi»… So‘ng Psaki «Bayden ma’muriyatining Rossiyaga nisbatan munosabati sobiq Respublikachi prezident Trampnikidan farq qiladi», dedi. U yana «Ruslar o‘zlarining xatti-harakatlari uchun albatta javob beradilar», deya qo‘shimcha qildi. Reyter, 2021 yil 17 mart). Bu Rossiyaga qarshi psixologik urush bo‘lib, Amerika bundan bir qator masalalarda Rossiyani shantaj qilishni, ayniqsa, undan Xitoyga qarshi foydalanishni ko‘zlayapti. Xuddi AQShga hamda uning malaylariga qarshi qo‘zg‘olon qilgan Suriyaning musulmon ahliga qarshi foydalangani kabi. Shu bois, Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pьer bunday dedi: («AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Putin bilan munosib vaqtda uchrashadi. U aslo chekinmay, Rossiya bilan bo‘ladigan munosabatlarda ochiq va ravshan pozitsiya egallaydi». Reyter, 2021 yil 19 mart). Bu shuni anglatadiki, Amerika muzokaralar vaqtida o‘zini kuch markazidaligini ko‘rsatish uchun hujumkor taktikani qo‘llaydi. Boshqalarning zaif pozitsiyada turib muzokara olib borishlarini, o‘zining manfaatlarini amalga oshirish uchun ularning zimmasiga xohlagan narsasini yoki ular qodir bo‘lgan narsani yuklashni istaydi. Bunday uslublarni Tramp ham qo‘lladi. Ammo u qo‘pollik, tahdid va zo‘ravonlik yo‘li bilan qo‘lladi. Biroq ayni paytda, AQShning istak va talablarini boshqa tomonlarga zo‘rlab tiqishtirish uchun diplomatik aloqalar ham olib bordi, masalan, Shimoli Koreya va Xitoy bilan bo‘lgani kabi. Ayni paytda Bayden o‘zining ma’muriyati zaif emas kuchli ekaniga doir ichkaridagi pozitsiyasini kuchaytirishni xohlayapti.

10 –            Amerika siyosatlaridan yana biri shuki, AQSh Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yaqinlikni buzishga harakat qilmoqda… Shuning uchun Rossiyaga yaqinlashib, uni Xitoyga qarshi gijgijlamoqda. Hozir ham mana shu siyosat bo‘yicha ketayotgani, ammo Rossiyani xorlab-tahqirlagandan keyin davom ettirmoqchiligi ko‘rinib turibdi. Shu bois, Amerika Rossiyaga qarshi hujum siyosatini qo‘llab, shu orqali unga bosim o‘tkazmoqda va uni Xitoyga qarshi birgalikda harakat qilishga majbur qilmoqda. Ma’lumki, Rossiya Amerikadan o‘ziga yaqin tutishini, xalqaro ishlarni boshqarishda sherik qilishini umid qilyapti. Ammo Amerika shu bilangina rozi bo‘lmaydi, balki o‘z siyosatiga Rossiyaning bo‘ysunishini, Xitoyga qarshi Rossiyadan foydalanishni, xuddi Suriyada foydalangani kabi boshqa masalalarda ham uni ishga solishni istaydi. Amerika Rossiya bilan uni dunyo ishlari yoki biror mintaqa ishlari bo‘lishiladigan katta bir davlat deya hisoblab muomala qilgisi kelmayapti. Shuning uchun Suriya masalasida Rossiyani o‘zining siyosati doirasidan chiqmaydigan Turkiya darajasiga tushirib qo‘ydi. Amerika hamon g‘ururlanib, kekkayib, takabburlanish og‘ushida yuribdi. Vaholanki, uning xalqaro reytingi pastlab ketganligi, ichdan emirilib, jarlikka qulash bosqichida turganligi ma’lum.

11 –            Rossiya Amerikaga qarshi pozitsiyasini mustahkamlash uchun o‘zini Xitoy bilan kuchaytirib olishga harakat qilmoqda. Amerikaning Xitoyga qarshi undan foydalanmoqchi bo‘layotganini Rossiya anglayotgan bo‘lishi kerak. Shu bois, haligacha uning tuzog‘iga ilingani yo‘q. Darhaqiqat, Rossiya tashqi ishlar vazirligi chiqargan bayonotda bunday deyiladi: («Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 2021 yil 23 mart kuni xitoylik hamkasbi Van I bilan uchrashmoqchiligi, aloqalarni eng yuqori darajada tashkil etish borasida hamda ikki davlat o‘rtasidagi strategik kelishuv to‘g‘risida muzokaralar olib bormoqchiligi ta’kidlandi. Bu ikki davlat ko‘plab xalqaro muammolarni hal etishda yaqin yoki bir xil pozitsiyani egallab keladi. Har ikki davlat ham tashqi siyosiy harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaror qilishdi». Novosti, 2021 yil 22 mart). Lavrovning Xitoy safari chog‘ida Rossiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotda «Rossiya va Xitoy yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik shartnomasini yana besh yilga uzaytirgani» bildirildi. Xitoy tashqi ishlar vaziri esa, bunday dedi: («So‘nggi yigirma yil davomida ushbu ikki tomonlama shartnoma Rossiya-Xitoy munosabatlarining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asosni yaratib, o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shib keldi». Novosti, 2021 yil 23 mart). Biroq, bu narsa ularning o‘rtasida bir ittifoq tuzish hamda Amerikaga qarshi kurashda xalqaro mushtarak harakatlarni amalga oshirish darajasiga etib bormadi. Yigirma yildan beri davom etib kelayotgan bu eski shartnoma AQShga qarshi amaliy mushtarak harakatni keltirib chiqarmadi. Chunki har ikkala davlat ham o‘zini o‘zi himoya qilishga hamda AQSh bilan til topishib, unga yaqin bo‘lishga harakat qilib keldi. Rossiya Xitoyga suyanib qoladigan darajada yaqinlashishni istamayotgani ko‘rinib turibdi. Chunki bu narsa AQSh yonidagi ikkinchi yirik davlatga aylanishga harakat qilayotgani uchun uning xalqaro martabasini yo‘qqa chiqaradi. Zero, Rossiya AQShga qarshi kurashishni emas, balki unga sherik bo‘lishni xohlaydi. Chunki u Amerika bilan munosabatlarini keskinlashtirishni, Amerikaning Ukraina, Qrim, O‘rta Osiyo va Kavkaz…da unga muammolar tug‘dirishini istamaydi.

12 –            Amerika o‘z ittifoqchilarini yana atrofiga yig‘ib, Rossiya va Xitoyga ochiqdan-ochiq qarshi turibdi. Bir vaqtning o‘zida, ittifoqchilari ustidan qayta hukmronlik o‘rnatishni ham istamoqda. Bunga misol, AQSh davlat kotibi Blinken NATO qarorgohiga qilgan ziyorati chog‘ida NATO bosh kotibi Stoltenberg bilan uchrashganidan so‘ng bunday dedi: («Men Qo‘shma Shtatlarning qat’iy qo‘llab-quvvatlovini bildirish uchun keldim. Qo‘shma Shtatlar sheriklik aloqalarini qayta tiklashni istaydi. Biz birinchi navbatda NATOdagi sheriklarimiz bilan bo‘lgan ittifoqni qayta tiklashni istaymiz». U yana bunday dedi: «NATO dunyoning turli burchaklaridagi tahdidlarga qarshi burilish nuqtasida turibdi. Amerika hanuz Afg‘onistondagi imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda va bu borada alyansdagi ittifoqchilari bilan maslahatlashmoqchi». Frans 24, 2021 yil 23 mart). Amerika bitta tosh bilan ikki qushni urmoqchi bo‘lyapti. Ham NATOdagi ittifoqchilari ustidan o‘z hukmronligini qayta o‘rnatmoqchi, ham Evropa bilan birgalikda Rossiya va Xitoyga qarshi kurashmoqchi. Mana, Rossiya gazini Evropa va Germaniyaga Boltiq dengizi ostidan eltib beruvchi «Shimoliy oqim-2»dan voz kechishi uchun Germaniyaga bosim o‘tkazmoqda. O‘tgan yilning oxirida, 2020 yil dekabrda Amerika ayni loyihada ishtirok etuvchi kompaniyalarga qarshi sanktsiyalar kiritib, g‘oyat mutakabbirlik bilan ulardan quvur yotqizishni to‘xtatishni talab qildi. Ayni loyihani moliyalashtirgan Germaniya fondiga jarima solishni istamoqda. Bunga Germaniya vazirlar mahkamasi bunday javob qildi: («Germaniya va Evropa kompaniyalariga qarshi bir tomonlama sanktsiyalar qo‘yilayotgan ekan, Germaniya hukumati fondga ham sanktsiya qo‘yilishini inkor eta olmaydi. Berlin «Shimoliy oqim-2» gaz quvuriga qarshi AQSh tomonidan sanktsiyalar qo‘llanishiga norozilik bildirib, buni Evropa suverenitetini buzish, deb hisoblaydi». Sputnik, 2021 yil 1 mart). AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Edvard Prays bunday bayonot berdi: («Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi chog‘ida AQSh davlat kotibi Blinken germaniyalik hamkasbi Xayko Maas bilan uchrashdi. Blinken Rossiyaning jamoaviy xavfsizlikka putur etkazish harakatlariga qarshi turish uchun Qo‘shma Shtatlar o‘zining ittifoqchi va sheriklari bilan birgalikda harakat qilish majburiyatiga sodiq ekanini, shuningdek, «Shimoliy oqim-2»ga qarshiligini alohida urg‘uladi». DPA, 2021 yil 24 mart). Amerika Tramp davrida qo‘llagan va Bayden davrida ham qo‘llashni davom ettirayotgan siyosat mana shu. Zero, u Rossiyaga iqtisodiy jihatdan zarba berishni hamda uning Evropa bilan bo‘lgan aloqalarini taranglashtirishni istamoqda. Germaniyani AQShning past sifatli gazini qimmat narxda sotib olishga majburlamoqchi bo‘lyapti!

13 –            Xullas kalom, bular dunyoda o‘zini eng katta deb hisoblaydigan davlatlardir. Ular o‘zlarining tug‘yonlari bilan butun olamni qamrab olib, yurt va fuqarolarga turli xil makr-hiylalarini ishlatishmoqda. Ushbu kalomni aytgan qudrati cheksiz Alloh naqadar haqdir:

أَفَأَمِنَ الَّذِينَ مَكَرُوا السَّيِّئَاتِ أَنْ يَخْسِفَ اللَّهُ بِهِمُ الْأَرْضَ أَوْ يَأْتِيَهُمُ الْعَذَابُ مِنْ حَيْثُ لَا يَشْعُرُونَ * أَوْ يَأْخُذَهُمْ فِي تَقَلُّبِهِمْ فَمَا هُمْ بِمُعْجِزِينَ

«Eng yomon makru hiylalarni qilgan kimsalar o‘zlarini er yutishidan yoki (ularga) sezmagan-kutmagan taraflaridan (Allohning) azobi kelib qolishidan xotirjam bo‘ldilarmi?!» [Nahl 45]

       17 sha’bon 1442h

       30 mart 2021m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.