Muslima ayol Islom davlatini qanday quradi?

337
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Muslima ayol Islom davlatini qanday quradi?

Ustoz Bayon Jamol xonim

Hizb ut-Tahrir markaziy matbuot bo‘limi a’zosi

Rosululloh ﷺ marhamat qiladilar:

«إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ، وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ فَلْيَغْرِسْهَا»

«Qiyomat boshlanib, birortangiz xurmo ko‘chatini ekayotgan bo‘lsa, darhol ekib qolsin».

Bosnya va Gertsogovinaning birinchi prezidenti Ali Izzatbekovich¹ bunday degan: «Musulmonda faqat ikki variant bo‘ladi, uchinchisi bo‘lmaydi: yo olamni o‘zgartiradi yoki o‘zgarishga to‘sqinlik qilmay qo‘yib beradi».

Maqolani muslima ayol Islom davlatini qanday quradi? – deb atadik. Ayol kishi va uning hayotdagi o‘rni hamon munozarali hamda dinimizni yomon ko‘ruvchilar tomonidan dinga nisbatan shubha uyg‘otadigan masala bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun bu sarlavha bizga muslima ayol Islom davlatini qanday quradi, aslida, davlatda ayol kishining o‘rni qanday, buni bilamizmi – degan savollarni paydo qilmoqda. Biroq Alloh Taolo

وَيُعَلِّمُكُمُ اللّهُ

«Alloh sizlarga bildiradi» [Baqara 282]

demoqda. Biz Ummat ekanmiz, Alloh Taolo

اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ

«Robbingiz nomi ila o‘qing» [Baqara 282]

demoqda. Demak, biz to‘g‘ri tushunolmagan yoki miyalardan chiqib ketgan barcha narsani Qur’ondan o‘qib o‘rganamiz.

Inson dunyo hayoti haqidagi hamda bularning dunyo hayotidan ilgarigi vujudga va dunyo hayotidan keyingi hayotga aloqadorligi haqidagi fikr bilan uyg‘onadi. Demak, uyg‘onish bu shunday bir doshqozondagi fikrning mahsulidirki, ummat bu doshqozonda mafkura asosida toblanib, o‘zi uchun mana shu mafkuraning murojaat qiladigan manba bo‘lishiga rozi bo‘ladi. Islomda murojaat qilinadigan manba Rosululloh ﷺ bizga qoldirgan merosdir. Mudom mahkam ushlasak hargiz adashmaydiganimiz ushbu meros Allohning Kitobi va Rosulining sunnatidir.

Ummat Allohni Robbim, Muhammad ﷺni nabiy va payg‘ambarim deya keltirgan imonidan kelib chiqib, o‘z ishlarining boshqaruvi mana shu aqidasiga muvofiq bajarilishini anglamoqda. Demak, siyosat yurtning ichkarisidagi ishlarga rahbarlik qilish, tashqari bilan aloqalarni tartiblashtirish hamda boshqaruvchilar bilan boshqariluvchilar o‘rtasidagi vositachilikdir. Ya’ni siyosat insonlar ishlarini boshqarib, turmush shart-sharoitlarini yaxshilashdir. «Odamlar boshqaruvchisiz, anarxiya asosida tuzalmaydi», degan gap bor.

Ko‘rinib turibdiki, mana shunday aqidaga ega ayol siyosiy faoliyatning markazida turadi. Darvoqe, ayol kishi Payg‘ambarimiz zamonalarida ham to Xalifalik tugatilgunga qadar hech qanday to‘siqsiz siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan hamda jamiyatning bir bo‘lagi sifatida faol samarali harakat qilgan. U zimmasiga yuklatilgan vazifani his etib, mas’ula sifatida hamda jamiyat va uni uyg‘otishdagi o‘z roli borasida hisob kunida javob berajagini ko‘z oldiga keltirgan holda faoliyat qilgan.

Darhaqiqat, Alloh Subhanahu ayolning ham, erkakning ham zimmasiga siyosiy faoliyat qilish vazifasini yuklagan. Barcha siyosiy ishlar bo‘yicha yuklatilgan shar’iy vazifaga ikkisi ham bab-barobar javobgardir. Faqat hukm yuritish ishini Alloh – o‘zi bilgan hikmatga ko‘ra – erkak kishiga xosladi. Shuning uchun ayol kishi ijroiy vazir bo‘lishi va qozi bo‘lishi mumkin. Ummat majlisida ishlab, hukmdordan hisob so‘rashi va siyosiy ishlardan odamlardan vakil bo‘lishi, saylovda ovoz berishi, saylanishi, ma’rufga buyurib, munkardan qaytarishi joizdir. Hisob so‘rash, haqni ochiq gapirish, ma’rufga buyurib, munkardan qaytarish kabi ushbu ishlarning ba’zisi muboh bo‘lsa, ba’zisi farzi ayndir. Ba’zi farzi kifoya ishlar ham borki, ayol kishi ularni bajarishi bilan jamoasini gunohdan qutqaradi, fikriy kurash olib borish, zolimlarning Ummatga qarshi til biriktiruvini fosh etish, Islomni o‘rganish va boshqa ayollarga o‘rgatish kabi.

Bugun barchamiz barpo bo‘lajak roshid Xalifalik davlatiga intilib, uning alomatlari xushxabarlarini his etayotgan ekanmiz, biz ayol sifatida faoliyat qilib, Rosululloh ﷺ bizni «شَقَائِقُ الرِّجَالِ Erkaklarning tug‘ishganlari», degan bahosiga loyiq bo‘lmog‘imiz darkor. Chunki Xalifalik davlati hammaning davlatidir. Barpo etilishidan oldin uning uchun faoliyat qilish va barpo etilgandan so‘ng tayanchlarini mustahkamlash erkaklar qatori bizning ham burchimiz. Qaysi ayol fiqh o‘rganishda o‘zini faqiha, deb atalgan Oisha onamiz roziyallohu anhoning qizlaridanman yoki «Men sizga ayollardan vakilaman», degan Ummu Salim xonimning qizlaridanman yoxud zihor oyatlari tushishiga sabab bo‘lgan va o‘zidan keyingi ayollarni erlari tomonidan zihor qilinishidan qutqargan Xovla xonimning qizlaridanman, deya tasavvur qilsa, o‘zini Islomning buyuk bir darchalari oldida ekaniga guvoh bo‘ladi. Zero, kelayotgan Islom davlati bizning bor kuchimiz bilan Alloh Subhanahuga xolis harakat qilishimizga muhtojdir, toki, biz ham qiyomat kunida Islomga yordam berib, uni yordamsiz qoldirmagan insonlar qatorida boraylik.

G‘arb ayol kishining suratini hijobsiz ochiq, erkaklar bilan aralashgan ko‘rinishda chizib berdi. Siyosiy faoliyatini ekranlarda yasangan holda namoyon bo‘ladigan, hashamatli mehmonxona zallarida erkaklar bilan aralash-quralash yuradigan, katta davlatlarga safar qilib, xalqaro tashkilotlarga kiradigan ko‘rinishda tasvirladi. Ayol kishi va siyosiy faoliyat, deganda ko‘pchilikning miyasida mana shu surat namoyon bo‘ladi!

Biroq ayol kishi hayotining har bir qismini mufassal tavsiflab, shu jihatdan unga g‘oyat e’tibor qaratuvchi Islom ayolning jamiyatdagi ishtirokiga ruxsat berar ekan, buni ayol kishi sifatida ko‘rsatish uchun yoki erkak bilan tengma-teng kurashuvchi ekanini isbotlash maqsadida ruxsat bermadi. Balki Islomda ayol kishining jamiyatda ishtirok etishidan maqsad, uning samarali ta’sir qilishini va kuchli ishtirok etishini ta’minlagan holda, jamiyatni Islom asosida uyg‘otishga ayolning ham hissa qo‘shishidir. Rosululloh uchun erkaklar ayollardan ko‘payib ketgan paytda, ul zotga biz uchun ham ta’lim olgani bir kun ajrating, degan ayollar, vaqt o‘tib, Umar oldida turdilar va undan ayollarning mahr huquqlari to‘g‘risida hisob so‘radilar. Ular ayollar bo‘lganliklaridan kelib chiqib emas, balki bir shar’iy hukmni himoya qilib shunday qildilar. Mana shunday oddiygina: haqni ochiq aytish kerak bo‘lganda ochiq aytish G‘arb jamiyatidagi kabi, majlislar qilib, parlamentdan o‘rinlar olib keyin aytilmaydi!

G‘arb Malala Yusufzay va Tavakkal Karmon kabi musulmon yurtlaridan bir necha ayollarni ko‘ngliga yo‘l topib, ular bilan kelishib oldi. Kelishuv bo‘yicha G‘arb bu ayollarga pul, lavozim berdi, jamoatchilik diqqatini ularga jalb qildi, buning evaziga ular G‘arb mafkurasini targ‘ib qilib yotishibdi. Mana, G‘arbning tashvishi muslima ayolning siyosat bilan shug‘ullanmasligini, shug‘ullansa ham faqat uning siyosati doirasidan chiqmasligini istash bo‘lib qoldi.

Shuning uchun bugungi kunda muslima ayol Xalifalik davlatini barpo qilish bosqichida g‘oyat muhim bir darcha oldida turib, Islomni buzib ko‘rsatish urinishlariga nisbatan mustahkam qalqon bo‘lishi kerak. Toki, shu orqali boshqalarga ayol rolining qanchalar muhimligini, muslimaning Islom bilan qanchalar o‘sib, rivojlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqlari lozim.

Bir ayol Javhariyning «Sihoh» kitobidan nusxa ko‘chirib, kitobning oxiriga «kim mening ushbu nusxamda kamchilik ko‘rsa, ma’zur tutsin, men o‘ng qo‘lim bilan yozib, chap qo‘lim bilan bolamni tebratdim», deydi. Bu kabi misollar bugun da’vat dunyosida juda muhim. Bir kuni Hizb ut-Tahrirning markaziy matbuot bo‘limi ayollar qanoti konferentsiya o‘tkazishi kerak edi, konferentsiyani suratga olish ishi bir indoneziyalik singlimizga yuklangandi. Tasodifan konferentsiyadan bir kun oldin singlimizni ko‘zi yorib qoldi. Qarangki, u shunday uzridan foydalanmadi, balki, bir kunlik chaqalog‘ini qoldirib, konferentsiyaga keldi va o‘z vazifasini ado etdi. Bu balandligi osmoncha bo‘lgan ahdu paymondir! Bizning ayollar qanotida shunday faoliyat qiladigan rahbar opa-singillarimiz borki, ular konferentsiyaga tayyorgarligimizni nazorat qilishda uxlashni ham unutib mehnat qiladilar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin va munosib mukofotlasin!

Islom davlatiga shunday izlanuvchan siyosiy ayollar kerakki, ular G‘arbning kovagiga barmog‘ini bir marta ham chaqtirmaydilar, uning makr va tuzoqlarini anglab etib, birorta ham tashabbusiga rozi bo‘lmaydilar, xotin-qizlar masalasida tiqishtirayotgan konferentsiyalarini danak kabi tuflab tashlab, hatto makrini o‘zining bo‘g‘ziga qarata uradilar. Islom davlatiga shunday omadli axborot vositasi xodimalari kerakki, ular da’vatni mohirlik bilan yoyadilar, ekranlarga Islom aqidasi asosida chiqadilar, u erlarda axborotni feminizatsiyalash yoki ayollar o‘rinlarini ko‘paytirish niyatida emas, balki ekranlarni o‘zlariga minbar deb hisoblaydilar. Shuningdek, Islom davlatiga shunday xolis onalar va rafiqalar kerakki, zimdan askar sifatida, etakchilarni tarbiyalaydilar, da’vat maydonlariga er kishilarni etishtirib chiqaradilar. Bu er kishilari ortlarida ularni g‘oyibona himoya qilayotgan va boshqa jang maydonida kurashayotgan opa-singillari borligidan ko‘ngillari xotirjam bo‘ladi. Yana ushbu davlatimizga shunday faqiha va olima ayollar kerakki, Oisha onamizning ushbu qiz nabiralari hamda Shom bilan Umm Dormonning ayollari bilan Allohning dini himoya qilinadi.

Imom Ahmad rohimahullohning «Senlar jim bo‘lsalaring biz ham jim bo‘lamiz!», degan gapi bor. Bu gapni «sen Qur’on Allohning kalomi», degan gapingdan tiyil, deganlarga aytgan. Ya’ni, imom Ahmad senlar «Qur’on maxluq-yaratilgan», degan gapni to‘xtatsalaring, biz ham «Qur’on Allohning kalomi», degan gapimizni to‘xtatamiz, degan. Islom davlati uchun ham G‘arbga qarata ovozlarini baralla – senlar jim bo‘lsalaring biz ham sukut qilamiz, deguvchi xolis ayollar kerak.

Ey muslima ayollar!

Xalifalik davlatini barpo etish vazifasini ado etishga hoziroq o‘zingizni tayyorlang va Allohga xolis niyatda bo‘ling. Shunday qilsangiz, bu ertaga mevasi totli ildizi chuqur daraxtga aylanib, qiyomat kunida savoblar tarozingizga qo‘shilajakdir.

Har bir xolis inson uchun o‘zidagi bor imkoniyat bilan harakat qilmog‘i vaqti keldi:

وَفِي ذَلِكَ فَلْيَتَنَافَسِ الْمُتَنَافِسُونَ

«Bas, bellashuvchilar (mana shunday mangu ne’matga etish yo‘lida) bellashsinlar» [Mutoffifun 26]

Roya gazetasining 2021 yil 10 mart chorshanba kungi 329-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.