Shayx Said Biyron Qo‘zg‘oloni

422
0

Shayx Said Biyron Qo‘zg‘oloni

 (Tarixdan bir shingil)

Islomiy Xalifalik yahudiy Kamol Otaturk qo‘lida parchalanib turgan bir paytda aksar musulmonlar bu ishga beparvo bo‘ldilar. Xilofatning parchalanishi Islomning parchalanib, hayotdan butunlay g‘oyib bo‘lishi ekani xayollariga kelmadi. Bu zamondagi musulmonlarning muammosi shundan iborat ediki, ular tub, asl, hal qiluvchi hayot-mamot masalasi bilan juz’iy masalalarni bir-biridan ajratolmadilar. Shu sababli Marokashdagi Xitobiy Xilofatni qaytarish ishiga salbiy yondashib, mutlaqo boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Shu sababli Said Nursiy shayx Said Biyronning qo‘zg‘oloniga yordam berishdan bosh tortdi. Bu ish birodarlar o‘rtasidagi urush, degan vaj ko‘rsatdi. Holbuki, u o‘sha paytda kuch va nufuzga ega edi.

Lekin bu masalaning mohiyatini ko‘ra olgan, uning hal qiluvchi masala ekanini, hayot-mamot masalasi ekanini anglagan shayx Said Biyron (Olloh u kishini rahmat qilsin) shar’iy hukmga muvofiq ish tutdi va Islom diyoriga kufrni olib kirgan hokim bilan kurashdi. U anjumanlaru ma’ruzalar bilan ovora bo‘lib o‘tirmadi. U jang qilib, o‘zi va do‘stlarining hayotini shar’iy hukmni amalga oshirishga bag‘ishladi. Shayx Said Biyron va do‘stlarini Olloh rahmat qilsin.

1340 hijriy, 1921 milodiyda qaqshatqich jangdan keyin yunonlar Turkiyaning Izmir shahridan chiqib ketib, unga Usmoniylar kirib keldi. Bu hodisa Islom davlati tarixida oddiy voqea bo‘lmadi. Zero, unda shunday bir shaxs etishib chiqdiki, keyinchalik u Islomiy Xalifalikni parchalashda katta rol o‘ynadi. U 1880m-1938m yillarda yashagan Mustafo Kamol Otaturkdir. Umuman g‘arbliklar, xususan inglizlar tashviqoti Otaturkning «g‘alaba»larini bo‘rttirib ko‘rsatdi. Bunga millionlab musulmonlar aldandilar. Xilofatni isloh qiladi, uning haybatini qayta tiklaydi, deb unga umid bog‘lashdi. Hatto shoir Ahmad Shavqiy o‘zining bir qasidasida uni arablarning Xolidiga, ya’ni Ollohning sug‘urilgan qilichi Xolid ibn Validga o‘xshatib, turklarning Xolidi, deya shunday satrlarni bitdi:

Ajib zafar mastligidan qalbim ko‘kda yurardi,

Arab Xolid o‘rnin bosib, turk Xolidi turardi.

Otaturk bu «g‘alaba»dan so‘ng Anqaraga qaytdi. Anqarada uni «Buyuk milliy majlis» e’zozlab, unga «g‘oziy»lik libosini kiydirdilar. Odamlar o‘rtasida mashhur bo‘ldi. Afg‘oniston, Hindiston, Misr va boshqa turli Islomiy o‘lkalardan uni ulug‘lovchi nomalar keldi. Mana shunday e’zozlashlardan keyin uni «Buyuk milliy majlis» hukumatning qonuniy rahbari etib sayladi.

1922 yilda Otaturk Ismat Ininu Poshoni inglizlar bilan mustaqillik borasida muzokara olib borish uchun Angliyaga yubordi. Britaniya elchisi Karzon Ismat Ininu Poshoga u 1922 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan sulh anjumanida Turkiyaga mustaqillik berilishini talab qilgan paytda shunday dedi: «Biz sizlarni mustaqil qilib qoldirolmaymiz. Shunday qiladigan bo‘lsak, sizlar yana atrofiga musulmonlar yig‘iladigan bir yadroga aylanasizlar. Natijada uzoq yillar bizni qiynab kelgan Sharq masalasi yana paydo bo‘ladi». Shunda Otaturk inglizlarga ularni xavotirga solayotgan narsani bartaraf etishni va’da berdi va o‘sha xavotirlarni ketkazadigan kafolatlar sifatida ular qo‘yadigan har qanday shartlarga rozi ekanini bildirdi. 1923 yilning aprelida bo‘lib o‘tgan yig‘inda inglizlar Britaniya elchisi Karzon orqali keyinchalik «Karzon shartlari» nomi bilan mashhur bo‘lgan to‘rtta shartni qo‘yishdi. Ular quyidagilar edi:

1. Turkiya Islom bilan aloqasini uzadi;

2. Xalifalikni bekor qiladi;

3. Xalifalikni qayta tiklashi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni bostirishga va’da beradi;

4. Islomiy shariat o‘rnini odamlar tomonidan chiqarilgan qonunlar egallaydi. Islom qoidalariga asoslangan Usmoniy dasturni bekor qilib, uning o‘rniga yangi zamonaviy, ilmoniy dastur qabul qiladi.

Otaturk bu shartlarga rozi bo‘ldi va shu bilan «Lozanna bitimi» tuzildi. Angliya unga Usmoniylardan tortib olgan barcha erlarni berdi. Toki, shu bilan ular muvaffaqiyatga, mustaqillikka erishgandek ko‘rinsinlar.

Otaturk Angliya qo‘ygan barcha shartlarni bajardi. Yangi Turkiyaga zamonaviy Shveytsariyaning dasturini tanladi. Hokimiyatni Xilofatdan ajratdi. Xalifaning hech qanday hokimiyati, hech qanday nufuzi qolmadi. 1342 hijriyning 18 rabiul-avvalida, 1923 milodiyning 29 oktyabrida vazirlikdagi muammodan foydalanib, qo‘rqituv va qatag‘on orqali o‘zini Turkiya jumhuriyatining birinchi raisi (prezidenti) etib saylab oldi. Shu bilan yurtning hokimiga aylandi.

1342 hijriyning 28 rajabida, 1924 milodiyning 3 martida Mutafo Kamol Otaturk Xilofatni rasman bekor qildi. Xalifa va uning oilasini yurtdan haydab chiqardi. Vaqflar va shar’iy mahkamalar vazirliklarini bekor qilib, diniy madrasalarni zamonaviy maktablarga aylantirdi. Turkiya jumhuriyatini barpo qilishi va ilmoniy davlat qurishini e’lon qildi. Mamlakatdagi Islomiy ko‘rinishlarga qarshi qattiq hujum boshladi. Olimlarni qamadi, masjidlarni yopdi va hokazo…

Islom olamining bu mudhish hodisaga yarasha munosabat bildirmaganligi haqiqatda o‘ta achinarli bir holat. Bugungi kunda qo‘limizda shunday tarixiy hujjatlar borki, ular bilan tanishar ekanmiz, o‘sha paytdagi aksar musulmonlarning o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado qilishda naqadar sustlik qilganlarining, ya’ni Xilofatni bekor qilib, ochiq kufr bilan hukm yuritganlarga qarshi jang qilish ishiga qanchalar beparvo bo‘lganlarining guvohi bo‘lamiz.

Mana sizga Xilofat bekor qilinganidan biroz oldinroq va biroz keyinroq Islom olamida sodir bo‘lgan ishlar. Ular Islom olamining o‘z yo‘lini naqadar yo‘qotib qo‘yganligi va masalaning mohiyatini naqadar anglay olmaganini ko‘rsatib beradi.

•          Saltanat bekor qilinishi va Xilofatdan ajratilishidan oldinroq bir tadqiqot olib borilgandi. Uni bir necha turk faqihlari «Xilofat va Ummat saltanati» nomi ostida olib borgandilar. Unda, Xilofat siyosiy masala, uning dinga hech qanday aloqasi yo‘q, degan gaplar aytilgandi. Bu tadqiqot shu boradagi bahsni ortga surish yoki faqat ruhiy saltanatga aylantirishni tavsiya qildi. Kamol Otaturk aynan mana shu narsaga tayanib, o‘zining Xilofat borasidagi pozitsiyasini bildirgandi.

•          Sanusiyya harakatining rahbari shayx Ahmad Sharif Sanusiy Kamol Otaturkni qo‘llab-quvvatladi. Saltanatni Xilofatdan ajratishda Islom uchun manfaat bor, deb shu ishni tasdiqladi. 1923 yil 28 sentyabrda Misrning «al-Ahrom» gazetasida bir bayonot nashr qilib, unda fuqarolik boshqaruvini xalifa qo‘lidan olish uning Islomiy nufuzini oshiradi, chunki u butun Ummat uchun umumiy va ruhiy (ma’naviy) rahbarga aylanadi, degan fikrni bildirdi!

•          O‘sha davrdagi shoirlar shoiri Ahmad Shavqiy Otaturkni ulug‘lab, «Anqaraga toj kiydirish, Ostonani (xalifalikni) ajratib tashlash» nomli bir qasida yozdi. Unda Otaturkni maqtab, saltanatni Xilofatdan ajratishni ma’qulladi.

•          Shayxul-Islom Usmoniy davlatining muftisi Mustafo Sabriy ham kamolchilarning isloh qilish haqidagi da’volariga aldanib, «Mab’uson» majlisida xalifa Abdulmajidni ishdan bo‘shatishga rozi bo‘ldi. Fursat o‘tib bo‘lgandan keyin haqiqat ochildi. O‘shanda u bunday degandi: «Sulton Abdulmajidni lavozimidan bo‘shatishga rozi bo‘libman. Olti oydan keyin bildimki, uning siyosiy vazni «Mab’uson» majlisining butun a’zolari vazni bilan teng, hatto ulardan ham ortiq ekan».

•          Marokashdagi ispanlar va frantsuzlarga qarshi borayotgan jihod sarkardasi Abdulkarim Xitobiy (1881-1962m) Xilofat bekor qilinganidan keyin uni qayta tiklash haqidagi da’vatga qarshi chiqdi. Xilofatni qayta tiklash anjumaniga yuborayotgan vakiliga hech qaysi nomzodni qo‘llamasligini uqtirdi.

•          Jazoirdagi Islomiy harakat rahbari Abdulhamid ibn Bodis (1889-1940m) «Ulkan fojia yoki kamolchilarning Islomga, musulmonlarga nisbatan qilgan jinoyatlari va dindan qaytganlari» nomli bir maqola yozdi. Bu maqola «Najoh» gazetasining.1924 yil 28 martdagi 152-sonida bosildi. Unda muallif vaziyatlar qay ahvolga kelib qolganidan hasrat chekayotganini aytib, Misrda bo‘ladigan Xilofat anjumanidan umidvor ekanini bildirdi. Lekin shayx Bodisning Xilofat va Otaturkka nisbatan tutgan pozitsiyasi 1357 hijriyning ramazonida, 1938 milodiyning noyabrida «Mustafo Kamol – Olloh uni rahmat qilsin» nomli sarlavha bilan nashr qilingan maqolasida aniqroq berilgan. Unda jumladan shunday deyilgan: «Ulug‘ ramazonning o‘n ettisida yangi tarix mobaynida insoniyat tanigan eng buyuk shaxs nafas olishdan to‘xtadi. U sharqning jahonni turli jihatlardan o‘rganadigan, tarix oqimini o‘zgartirib, yangi tarix yarata oladigan eng buyuk donishmandlaridan biri edi. Mustafo Kamol Dardaneldagi G‘olibo‘lining, Anado‘lidagi Saqoriyoning pahlavonidir. U o‘lim yoqasiga kelib qolgan Turkiyani bugungi boy, aziz, buyuk holatiga olib chiqdi… To‘g‘ri, Mustafo Kamol shafqatsizlarcha qo‘zg‘olon yasadi. Lekin u Islomga qarshi emas, o‘zlarini musulmon, deb nomlaydigan anavilarga qarshi qo‘zg‘olon qildi. Yasama Xalifalikni bekor qilib, anavi olimlarning qo‘llarini hokimiyatdan uzdi. Hukmlar to‘plamini rad qilib, tariqatchilikning zaqqum daraxtini tomiri bilan qo‘porib tashladi. U Islom ummatlariga qarata, o‘z g‘amingizni o‘zingiz eng, men o‘z g‘amimni o‘zim eyman, modomiki, shu ahvolda turar ekansizlar, sizlar bilan aloqa bog‘lashdan men uchun hech qanday yaxshilik yo‘q, dedi… Ha, Mustafo Otaturk turklardan shar’iy hukmlarni sug‘urib oldi. Bu ishga yolg‘iz uning o‘zi javobgar emas. Xohlagan paytlarida qanday xohlasalar u hukmlarni qaytarib olishlari mumkin. Lekin u ularga dunyo ummatlari orasidagi erkinliklarini, mustaqilliklarini, etakchiliklarini, buyukliklarini qaytardi. Agar bu narsalar qo‘ldan boy berilganida, ularni qaytarib olish oson kechmagan bo‘lardi. Bu ishlarning boshida uning o‘zi va ixlosli birodarlari turishdi. Shar’iy hukmlarni Napoleon otining tuyog‘i ostiga otganlar o‘z ummatlariga nima berishdi? Ularning olimlari nima deyishdi…?».

•          1926 yilda Ali Abdurrazzoq Misrda «Islom va usulul-hukm» nomli bir kitob chiqardi. Unda ilmoniylikni yoqlab, dinni davlatdan ajratish va Islomda hukm nizomlari yo‘qligi haqida gapirgan.

•          Misrda Azhar tomonidan yillik Islomiy anjuman o‘tkazilib, Islomiy Xilofat masalasi ko‘rib chiqilishiga da’vat qilindi. Bu da’vatning ortida o‘zining xalifa bo‘lishga rag‘bati borligini bildirgan podshoh Fuod turdi. Anjuman 1343 hijriyning o‘n to‘qqizinchi sha’bonida, 1924 milodiyning 25 martida, ya’ni o‘sha mash’um Xilofat parchalangani voqeasidan bir necha kun keyin o‘tkazildi. Uning eng muhim qarorlari quyidagilar bo‘ldi: Birinchidan: Turkiya milliy majlisii tomonidan sodir etilgan bu ishning musulmonlarga oldin tanish bo‘lmagan bid’at ekanligi bayon qilindi. Lekin hisobot Abdulmajidning bu tarzdagi xalifaligi shar’iy emasligi, siyosatdan chetlatilganligi uchun unga bay’at berish to‘g‘ri bo‘lmasligi, to‘g‘ri bo‘lgan taqdirda ham Abdulmajid xilofatga ega bo‘lgan kishi uchun shart bo‘lgan nufuz va kuchga ega emasligi, shunga ko‘ra, uni shar’an xalifa qilib belgilashdan ko‘zlangan maqsad amalga oshmagani tufayli unga musulmonlarning bay’at berishi lozim emasligidan ham ogohlantirib o‘tdi. Hisobot «o‘z yurtida yashashga ham qodir bo‘lmagan kishi uchun musulmonlarning bo‘yinlarida bay’at mavjud bo‘lib qolishi Islom va musulmonlarning sharafiga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisobladi». Ikkinchidan: Ummat olimlari ishtirok etgan anjuman shunday xulosaga keldi: «Kamolchilar Turkiyada Xalifalik mansabini bekor qilganlari tufayli Islom olamida besaranjomlik yuzaga keldi». Musulmonlar Xilofat masalasida, kim xalifa bo‘lishi mumkinligi haqida pishiq-puxta bir fikrni bildira olmayotganlarining sababi ham mana shu besaranjomlik, deb topdilar. Shuning uchun Azhar anjumani kengroq ko‘lamdagi boshqa bir anjuman o‘tkazishga chaqirdi. «Mana shu sabablarga ko‘ra, biz Islomiy Xalifalikni kimga topshirish masalasini uzil-kesil hal etish uchun Islomiy Ummat vakillari qatnashadigan bir diniy Islomiy anjuman o‘tkazish lozim, deb bilamiz. Bu anjuman Qohira shahrida, Misr diyorlarining shayxul-Islomi boshchiligida 1343 hijriyning sha’bon oyida, 1925 milodiyning martida, ya’ni birinchi anjumandan roppa-rosa bir yildan keyin o‘tkaziladi».

Anjuman qatnashchilari tarqalishdan oldin noislomiy, kofir ummatlarga mana shunday og‘ir ahvolda musulmonlarning sharoitlariga «rioya qilib», ularning ichki ishlariga aralashmaganlari uchun minnatdorchilik bildirib qo‘yishni ham unutmadilar: «Islom dinidan boshqa dindagi ummatlarga va ularning davlatlariga Islomiy Xilofat ishlariga aralashmasliklarini bildirganlari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ulardan Xilofat masalasi sof Islomiy masala bo‘lib, o‘z doirasidan tashqariga chiqmasligi va uning g‘amini o‘z ahlidan boshqasi emasligi kerakligi haqida mulohaza qiladilar, degan umiddamiz».

1924 yilgi birinchi anjumandan tug‘ilgan 1925 yilgi ikkinchi anjuman o‘tkaziladigan payt yaqinlashgach, ichkaridagi ixtiloflar yuzaga qalqib chiqa boshladi. Har bir qatnashuvchi o‘zi Xalifa bo‘lishni da’vo qila boshladi. Uni podshoh Fuod ham, Sharif Husayn ham, podshoh Abdul-Aziz ibn Saud ham talab qildi. Bu ham etmagandek, Xilofatning shakli va mazmuni haqida ham tortishuvlar, uni o‘zgartirish kerakmi, yo‘qmi, degan gaplar bo‘ldi. «Tog‘ homilador bo‘lib, sichqon tug‘di» (ya’ni ulkan orzu-umidlar bog‘langan bu anjuman kutilgan natijani bermadi). Shu bilan anjuman kelgusi 1926 yilga qoldirildi. U ham o‘z navbatida muammoni hal eta olmadi.

•          Badiuzzamon Said Nursiy (1876m-1960m) shayx Said Biyronga 1925 yilda Xilofatni qayta tiklash uchun olib borgan urushida yordam berishdan bosh tortdi. Shayx Said Biyronning vakili Husayn Posho uni Mustafo Kamol Otaturkning ilmoniy siyosatiga qarshi va Xilofatni qayta tiklab, shariatni tatbiq etish uchun ko‘tarilgan qo‘zg‘olonda qatnashishga da’vat qilib kelganida, ularning o‘rtalarida shunday suhbat bo‘lib o‘tdi:

Nursiy: Kim bilan jang qilasizlar?

Husayn Posho: Mustafo Kamol bilan.

N: Mustafo Kamolning qo‘shini kimlar?

H.P.: Ular qo‘shin-da!

N: Uning qo‘shini mana shu vatanning farzandlari. Ular sening va mening qondoshlarim. Biz kimlarni o‘ldiramiz? Ular kimlarni o‘ldiradilar? O‘ylab ko‘r… va angla. Sen aka o‘z ukasini o‘ldirishini (birodar o‘z birodarini) o‘ldirishini xohlayapsan.

Keyin Nursiy shayx Said Biyronga bir maktub yubordi. Maktubda shunday deyilgan: «Sizlar qilayotgan qo‘zg‘olon birodar o‘z birodarini o‘ldirishiga undaydi va hech qanday natija bermaydi. Turk ummati Islom bayrog‘ini yuqori ko‘targan. O‘z dini yo‘lida minglab, balki millionlab shahidlarni qurbon bergan. Bundan tashqari, millionlab avliyolarni etishtirib chiqargan. Shuning uchun qilich Islom uchun o‘z jonini qurbon qilgan mana shunday qahramonlarning avlodiga – turk ummatiga qarshi ko‘tarilmaydi. Men ham ularga qarshi qilich ko‘tarmayman».

Aytib o‘tganlarimiz Ummatning o‘sha paytda o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘yganidan, o‘z muammosini hal eta olmaganidan, yana ham to‘g‘rirog‘i, ulkan baloga, fojiaga yo‘liqqanidan ayrim lavhalardir.

Xilofat parchalanishidan oldinroq Islom Ummati garchi o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa-da, baribir uning orasida Xalifalik mudofaasi uchun, g‘alabasi uchun o‘z qalami va qilichi bilan kurashgan er kishilar mavjud edi.

Xilofatni qo‘llaganlardan biri shayx Muhammad Xizr Husayn (1876m-1958m) edi. Uning qalami va tili Usmoniy davlat tarafida turdi. Oxirgi lahzaga qadar sodiq qoldi. Ali Abdurrazzoq 1926 yilda «Islom va usulul-hukm» kitobini chiqargan paytida shayx bu kitobning da’volari asossiz ekanini isbotlab, o‘zining «Islom va usulul-hukm kitobining inkori» nomli kitobini chiqardi.

Shunday erkaklardan yana biri shayx Mustafo Sabriy (1869m-1954m) edi. Usmoniy davlatining oxirgi muftisi bo‘lgan bu odam «Din, Xilofat, Ummat otliq ne’matni inkor qiluvchilarga raddiya» nomli bir kitob chiqardi. Bu kitob Xilofat dushmanlari yuziga aytilgan rost, haq so‘z bo‘lib, Otaturkning aldamchiligini, iflosligini, shuningdek, davlatga qarshi uyushtirilgan til biriktiruvlarni fosh qildi.

Biroq, Otaturk va uning atrofidagilarga qarshi qilich ko‘tarib, Xilofatni qayta tiklash uchun jang qilgan va haqiqiy olqishlanishga, ulug‘lanishga haqli bo‘lgan qahramon shayx Said Biyrondir. (Olloh Taolo u kishini rahmat qilsin).

Shayx Said Biyron ibn shayx Mahmud ibn shayx Ali 1865 milodiyda Kurdistonning Olazag‘ viloyatidagi Bolu qazosi (qazo – uezdga o‘xshash ma’muriy birlik. Suriyada «viloyat» ma’nosida qo‘llanadi)da tug‘ilgan. Uning bobosi shayx Ali Boluda yashagan. Shuning uchun uni Bolulik, deydilar. Shayx Said dastlabki ta’limni otasidan va otasining ayrim muridlaridan olgan. O‘qish va yozishni o‘rganganidan keyin fiqh, Islomiy shariat va tarixni ham o‘rgangan. O‘qishni tamomlagach, tolibi ilmlarga dars berish shahodatnomasini olgan. Otasi vafotidan keyin rahbarlik uning qo‘liga o‘tib, Boludagi naqshbandiya tariqatining murshidi bo‘lgan. Uning muridlari va tobelari soni o‘n mingdan ortib ketgan. Ular orasida bir necha turklar bo‘lib, qolganlari kurdlar bo‘lgan.

Said o‘sha zamon shayxlariga o‘xshab taqlidchi bo‘lmagan. Balki etuk mujaddid olim bo‘lib, odamlar shayxlar haqida gapirib yuradigan xurofotlarga ishonmagan. Qo‘lini o‘ptirmagan. O‘ziga egilishlariga yo‘l qo‘ymagan. Uning o‘tirishlari ziyolilar, olimlar va shijoatli odamlarga to‘la bo‘lgan. Odamlar orasida ilm-ma’rifatni yoyishda jonbozlik ko‘rsatgan. Shayx Said 1908-1923 yillar orasida kurdlar jamiyatlari va tashkilotlari ta’sis etilganidan boshlab, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullangan. U Badarxonbek, shayx Ubaydulloh Nahriy kabi ulug‘ oilalar va boshqa zamondosh siyosiy rahbarlar bilan bordi-keldi qilib turgan.

Shayx Said Biyron nomi bilan tanilgan. Ya’ni, uning nisbati Biyronga berilgan. Biyron Boluga yaqin erda joylashgan bir qishloqdir. U bilan Otaturk qo‘shinlari o‘rtasidagi birinchi to‘qnashuv o‘sha erda yuz bergan.

1924 milodiyning noyabri. Shayx Said Biyronning o‘g‘li boshqa kurd sarkardalari bilan qo‘zg‘olonni uyushtirishga uzil-kesil kelishib olish uchun Diyorbakr orqali Halabga bordi. U erda bir anjuman o‘tkazildi. Anjumanda kurdlarning Turkiya, Iroq va Suriyadagi bir necha etuk shaxslari qatnashdi.

1924 yilning dekabri. Turkiya hukumati Xolid Jabronlini ushladi. Shuningdek, «Ozodiy (istiqlol) jamiyati» a’zolari Hoji Muso va Yusuf Ziyolar ham hibsga olindilar. Kurdlar bunga raddiya tarzida «Kurdiston mustaqilligi jamiyati»ga shayx Said Biyronni rahbar etib tayinladilar. Shuningdek, Said Biyron boshchiligidagi kurdlar qo‘zg‘olonini boshlash vaqti belgilandi. U kurdlarning milliy bayrami «navro‘z»ga, 1925 yilning 21 martiga to‘g‘ri keldi.

1925 yil 8 fevral. Shayx Said jang harakatlarini boshladi. U sharqiy viloyatlarni aylanib o‘rganib chiqdi. Bu o‘rganib chiqish chog‘ida Biyronda ham bo‘lib, ukasi Abdurrahimni borib ko‘rdi. Shu paytda mulozim Avval Husniy Afandi boshchiligidagi Turkiya harbiy kuchlari bir necha kurdlarni ushlash uchun kelishdi. Lekin Biyron kurdlari ularni berishmadi. Shu bilan qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Natijada bir necha turk askari o‘ldirildi. Ayrim zobitlar asir olindi. Ular orasida Husniy Afandi ham bor edi.

1925 yil 11 fevral. Shayx Saidning yana bir tug‘ishgan ukasi Tohir Biyron Lijadan Sirdiy qishlog‘igacha pochtani egallab, 200 jangchidan iborat otryad bilan Kenjo‘ga bordi. Shayx Saidga o‘zi qo‘lga kiritgan hujjat va pullarni berdi. Bu hodisalar shayx Said Biyron harakatining haqiqiy boshlanishi edi. Shu bilan qo‘zg‘olon belgilangan vaqtidan taqriban 41 kun oldin boshlandi.

1925 yil 14 fevral. Qo‘zg‘olonchilar Kenjo‘ muhofazasini to‘la egallab olishdi. Turk muhofizi (muhofaza boshlig‘i) va amaldorlari asirga olindilar. Mudon qabilasining boshlig‘i Fiqh Hasan Kenjo‘ga yangi muhofiz etib tayinlandi. Shayx Said imzosi bilan yangi favqulodda qonun chiqarildi. Uning taqozosiga ko‘ra, Kenjo‘ Kurdistonning muvaqqat poytaxti bo‘ldi. Diniy va fuqarolik saltanatlar shayx Said qo‘liga o‘tdi. Hamma soliqlar va asirlar Kenjo‘ga yuboriladigan bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilar og‘ir ushr solig‘ini bekor qilish, buning o‘rniga qo‘zg‘olonchilarning ta’minotini ko‘tarish haqida bir murojaatnoma tarqatdilar. Bu ish keng omma tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

1925 yil 22 fevral. Turkiya vazirlar kengashi favqulodda majlis chaqirdi. Majlis 22 fevral oqshomidan ertasi kuni ertalabigacha davom etdi. Yig‘inda bosh shtab boshlig‘i Favziy Posho qatnashdi. Yig‘in qo‘zg‘olon bo‘layotgan joylarda favqulodda holat e’lon qilishga qaror qildi. Turkiya qo‘shini qo‘zg‘olonni bostirishga muvaffaq bo‘lishi uchun bu ish favqulodda holat qonunlari bo‘yicha bir oy davomida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

1925 yil 25 fevral. Turkiya parlamentidagi umumiy majlis vatanga xiyonat qilish haqidagi jinoyat kodeksining 1-moddasiga o‘zgartish kiritdi. 1923 yilning 15 aprelida chiqarilgan 556-sonli bu qonunda shunday deyilgan: «Diniy asoslarga qurilgan siyosiy tashkilotlarni, shuningdek, siyosiy maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida dindan foydalanishni taqiqlash. Shunday ishlar bilan shug‘ullanganlarni yoki shunday tashkilotlarga a’zo bo‘lganlarni xoinlar, deb hisoblash».

1925 yil 28 fevral. Qo‘zg‘olon tez sur’atlar bilan rivojlanib bordi. Har tomondan uning atrofiga minglab jangchilar qo‘shildi. Lija va Xoniyni egalladi. Solihbek kuchlari, Hoji Hasan, Umar Foruq guruhlari, Janubiy Jabkajo‘rdagi Mistiyon va Butoni qabilalari ham unga qo‘shilishdi. Diyorbakr atrofidagi shayx Shamsiddinga qarashli katta guruh ham qo‘zg‘olon bilan birlashdi. Kurd guruhlarining soni 20 ming jangchiga etib, Turkiya hukumatini sarosimaga solib qo‘ydi, uning qo‘mondonliklari orasida qo‘rquvni paydo qildi.

1925 yil 2 mart. Anqaradagi Fathiybek hukumati iste’fo berdi. Bevosita ertasi kuniyoq yangi hukumatga Ismat posho boshliq bo‘ldi. U Turkiya buyuk millat majlisiga havola qilgan o‘z programmasida norozilik kayfiyatlarini qo‘zg‘aydiganlarni yo‘q qilish va yurtda tinchlik o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Bu programma bo‘yicha hukumat shayx Said qo‘zg‘olonini bostirish uchun harbiy tadbirlar ishlab chiqdi.

1925 yil 4 mart. Millat majlisi rejimni muhofaza etish haqida 578-sonli maxsus qonun qabul qildi. Bu qonun xalq harakatlari va har qanday qarshi harakat bilan jang olib borayotgan hukumatga keng vakolatlar berdi. Favqulodda holatga doir barcha choralarni qo‘llashga ruxsat etildi. Shuningdek, millat majlisi istiqlolni saqlab qolish uchun ikki mahkamani tashkil qilish haqida ham qaror qabul qildi: ulardan biri Turkiya uchun umumiy bo‘lib, uning doimiy qarorgohi Anqara bo‘ldi. Bu mahkama cheklangan vakolatlarga ega edi. (Masalan, o‘lim jazosi tayinlashi uchun Turkiya millat majlisining ruxsatini olishi kerak edi). Ikkinchi mahkama sharqiy viloyatlarda joylashgan bo‘lib, mutlaq – cheklanmagan vakolatlarga ega edi.

1925 yil 11 mart. Shayx Said Diyorbakrga hamma tomondan hujum qilish haqida buyruq berdi. Lekin son va tayyorgarlik jihatidan ustun bo‘lgan Turkiya kuchlari vaziyatni qo‘lga oldilar. Shu bilan shayx Said Darxoniyga chekinish haqida farmon berdi.

1925 yil mart oyining oxirlari va aprelning boshi. Hukumat kuchlari qo‘zg‘olonchilar mintaqasiga bir vaqtning o‘zida shimoldan, janubdan va janubi-sharqdan hujum uyushtirdi. Turkiya kuchlariga general Kamoliddin Somiy Posho qo‘mondonlik qilardi. Qo‘zg‘olonchilar chekinishdan boshqa iloj topolmadilar. Aprelning boshida Boluga yo‘naldilar. Ayni paytda Turkiya kuchlari bir bayonot chiqarib, unda shayx Saidni tirik tutib kelganga ming oltin lira, o‘ligini olib kelganga esa etti yuz oltin lira va’da qilishdi. Shu bilan jang oqimi Turkiya kuchlarining foydasiga og‘a boshladi. Qo‘zg‘olon esa mag‘lubiyat sari burildi.

1925 yil 6 aprel. Shayx Said 300 otliq hamrohligida Solihon sari chekinishga majbur bo‘ldi.

1925 yil aprelning o‘rtalari. Qo‘zg‘olonning asosiy kuchlari qamal qilindi va Kenjo‘ vodiysida tor-mor etildi. Uning qo‘mondonlari shayx Said, shayx Ali, shayx G‘olib, Rashid Og‘a, Muhammad Og‘a, Temur Og‘alar ushlandi. Shu bilan shayx Said qo‘zg‘oloni bostirildi.

1925 yil 13 aprel. Sayyid Abdulqodir, uning o‘g‘li Sayyid Muhammad, Ko‘r Abdulloh Sa’diy va Hushinon qabilalarining rahbarlari qamoqqa olindilar.

1925 yil 14 may. Shayx Said qo‘zg‘olonida ishtirok etgan ko‘p sonli qo‘zg‘olonchilar sud qilina boshladilar. 27 mayda ulardan bir nechalariga o‘lim jazosi, qolganlariga qamoq jazosi belgilandi.

1925 yil 29 may. Shayx Saidning sudi boshlandi va bir oy davom etdi. Ayblanuvchilar kamerasida u bilan birga shayx Abdulloh, shayx Ismoil, shayx Abdullatif, mayor Qosim Ismoil, Hoji Xolid Abdulhamid, Sharkasiy Rashid va bir necha qo‘zg‘olon rahbarlari bor edi.

1925 yil 29 iyun. Shayx Said va uning do‘stlari ustidan osib o‘ldirish hukmi chiqarildi.

1925 yil 30 iyun. Shayx Said va uning sheriklarini osib o‘ldirish haqidagi hukm Diyorbakr shahridagi katta masjid sahnisida ijro etildi. Shayx dor arqoni oldida turib shunday dedi: «Tabiiy hayot oxiriga qarab bormoqda. O‘z jonimni Ollohning yo‘lida qurbon qilayotganimdan hecham afsuslanmayman. Biz xursandmiz. Negaki, bizning avlod dushmanlar oldida hech qachon biz tufayli uyalib qolmaydilar».

Qo‘zg‘olonning haqiqiy sabablari

Deyarli barcha tarixiy manbalar voqeani bunday sharhlaydi: «1924 yilning kuzida «Kurdiston milliy ozodlik jamiyati»ning ayrim rahbarlari qamoqqa olingach, shayx Said jamiyatga rahbar etib tayinlandi. Jamiyat 1924 yilning noyabrida Halabda bir anjuman o‘tkazdi. Anjumanda Turkiya va Suriyadagi aksar kurd qo‘mondonlari bilan birga shayxning o‘g‘li Ali Rizo otasidan vakil bo‘lib qatnashdi. Qatnashchilar kurdlarning milliy huquqlariga erishish va Otaturkning millatchilik siyosatiga qarshi chiqish uchun kurdlarning milliy bayrami «Navro‘z» kuni 1925 yilning 21 martida bir qo‘zg‘olon ko‘tarishga qaror qildilar».

Bu voqea shayx Said Biyronning qo‘zg‘oloni xususida ayrim ishtibohlarni paydo qiladi. Chunki ayrim odamlar qo‘zg‘olon kurdlarning milliy huquqlari uchun bo‘lgan ekan-da, degan o‘yga boradilar. Kamolchilar hukumati ham xuddi shu da’voni qilgan. Ayrim Kurdiston milliy harakatlari ham shu vaqtga qadar shu da’voda bo‘lib kelganlar. Negaki, bu qo‘zg‘olonni ozodlik harakatiga va Kurdiston taraqqiyoti va yuksalishi jamiyatiga mansub, deb bilganlar. Ayrim sharqshunoslar ham o‘zlarining qo‘zg‘olon haqidagi tarixiy kitoblarida xuddi shu narsani asos qilib olishgan.

Qo‘zg‘olon kurdlarning milliy harakati bilan bo‘ldi, degan gaplar tarqaldi. Lekin oxirgi yillarda ochilgan hujjatlar uning Islomiy bo‘lganligini, Xilofatni qayta tiklash va shariatni tatbiq etish uchun yuz berganligini isbotlaydi. Zero, Turkiya hukumati qo‘zg‘olon bo‘lganidan boshlab 1977 yilga qadar shayx Said Biyron harakatiga oid hujjatlarni sir saqlab keldi. Saksoninchi va to‘qsoninchi yillarga kelib, qo‘zg‘olonning mohiyati va g‘oyalarini ochib beruvchi tadqiqotlar olib borildi.

Hujjatlarga qaraganda, shayx Said Biyron bilan kurd ozodlik harakati o‘rtasida muntazam aloqa bo‘lmagan. Negaki, ozodlik harakatining rahbari Xolidbek Jabronli hamidiyya-alaviyya rahbarlaridan, Islomiy jomea da’vatchilaridan, sulton Abdulhamid yaqinlaridan biri va shayx Said Biyronning tengdoshi bo‘lgan. Shayx Saiddan Xolid Jabronli va uning sheriklari ustidan bo‘layotgan sudda qatnashish so‘ralgan edi. Biroq kamolchi rejimi uni ayblab, sud qilmoqchi bo‘layotgani va uning qamoqqa olinishi mumkinligi ayon bo‘lib qoldi. Shuning uchun qarshi chiqishga, qo‘zg‘olon ko‘tarishga qaror qildi. Kurd qabilalarining shayxlarini qo‘zg‘olonga tayyorlab, kurdlarning mashhur shaxslariga maktublar, elchilar yubordi, o‘zi ham o‘zaro nizolarni daf qilish va saflarni jipslashtirish uchun atrofni aylanib chiqdi.

Shayx qo‘zg‘olonni etarlicha tayyorgarlik ko‘rmay turib, ertaroq boshlashga majbur bo‘ldi. «Ozodiy» tashkilotining rahbarlari qamoqqa olingach, odamlar undagi bilimdonlik, halollik va donishmandlikni ko‘rib, uni rahbar etib saylashdi.

Shunday qilib, shayx Said Biyron boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilar kamolchilar hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Qo‘zg‘olonning maqsadi sof Islomiy edi. Shayx o‘z harakatini Ollohning nomi bilan e’lon qilib, Payg‘ambar ning bayrog‘idek yashil bayroq ko‘tardi. Shiori: «Yashasin Xilofat, qulasin jumhuriyat», bo‘ldi. O‘zi mujohidlar xodimi, degan laqabni oldi.

Turkiya harbiy bosh shtabi kengashi bir maxfiy yig‘inning hujjatini nashr qildi. Unda hujjatlar va guvohlar orqali shayx Saidning qo‘zg‘oloni Xilofatni qayta tiklash va shariatni tatbiq etish yo‘lida qilingan sof Islomiy qo‘zg‘olon ekanligi bayon qilingan. 1845-sonli bu qaror barcha tegishli idoralarga tarqatilgan.

Lekin kamolchi hukumat bu harakatni buzib ko‘rsatib, uni millatchilik, deb tavsiflagan-da, milliy harakat etakchilarini shayx Said va uning sheriklari bilan birga sud qilgan. Bundan maqsad turk millatchilarida turonchilik tuyg‘usini qo‘zg‘ash hamda Turkiya va jahonning boshqa joylaridagi musulmonlarning qo‘zg‘olon ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Bundan tashqari, hukumat qo‘zg‘olonni chet el bilan aloqasi bo‘lganlikda ayblagan. Holbuki, inglizlar va frantsuzlar qo‘zg‘olonni bostirishda kamolchi hukumatga yordam berganlar. Kamolchi hukumat qo‘zg‘olonchilarning turar joylarini o‘qqa tutishda inglizlarning zambaraklaridan foydalangan. Shuningdek, Turkiya hukumati 1925 yil mart oyining boshida Frantsiya hukumatidan kuniga 20 va hatto 25 ming qurolli askarlar bo‘lgan to‘rt poezdning harbiy operatsiyalar o‘tkaziladigan maydonga Bag‘dod temir yo‘li orqali o‘tishiga ruxsat so‘ragan. 1925 yil may oyining oxirida Turkiya hukumati Frantsiya hukumatidan yana bir marta Suriya orqali Bag‘dod temir yo‘li bilan yordamchi kuchlarning o‘tishiga ruxsat berishini so‘ragan.

Qo‘zg‘olonning Islomiy bo‘lganini, Xilofat uchun uyushtirilganini ta’kidlaydigan yana bir fakt shundan iboratki, 1925 yilning 25 fevralida bo‘lib o‘tgan Turkiya parlamentidagi umumiy majlis vatanga xiyonat qilish haqidagi jinoyat kodeksining 1-moddasiga o‘zgartish kiritdi. 1923 yilning 15 aprelida chiqarilgan 556-sonli bu qonunda shunday deyilgan: «Diniy asoslarga qurilgan siyosiy tashkilotlarni, shuningdek, siyosiy maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida dindan foydalanishni taqiqlash. Shunday ishlar bilan shug‘ullanganlarni yoki shunday tashkilotlarga a’zo bo‘lganlarni xoinlar, deb hisoblash». Bu narsa kamolchi hukumatning o‘zi qo‘zg‘olonning Islomiyligini e’tirof etayotganini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham qonun sharoitga qarab o‘zgartirilgan.

Shayx Saidning sud qilinishi paytidagi hujjatlar ham qo‘zg‘olonning Xilofatni qayta tiklash va shariatni tatbiq etish uchun bo‘lganini ta’kidlaydi. Sudya uni harakatga undagan narsa millatchilik bo‘lgan, deb ayblagan. Shunda u bunday degan: «Olloh Shohid, qo‘zg‘olon kurd siyosatchilarining (ya’ni, millatchilarning) ishi ham, ajnabiylar aralashuvining natijasi ham emas».

Sudyaning savoli: Siz xalifa bo‘lishni xohlaysizmi?

Shayxning javobi: Xalifaning bo‘lishi din qoidalari tatbiq etilishining asosiy kafolatidir. Bu ish shar’an talab qilingan ishdir.

Savol: Isyon e’lon qilishinglar sizlarning mamlakatda shariat to‘la tatbiq etilmayotganiga to‘la ishonch hosil qilganinglarni anglatadimi?

Javob: Kitob (ya’ni, Qur’on) shuni ta’kidlaydiki, yuqorida aytib o‘tilgan o‘rinlarda hokimga qarshi chiqiladi. Shariatni tatbiq etish qotillik, zino, mast qiluvchi ichimliklar kabilarni taqiqlash demakdir… Ollohga hamdlar bo‘lsinkim, hammamiz musulmonlarmiz. Bizning e’tiqodimizga ko‘ra, kurd bilan turkni ajratish durust emas. Hozirgi paytda bunday ishlar tark qilingan. Biz mana shu ishonchdan kelib chiqib, Qur’oni Karimga asoslanib, ish boshladik. (Al-va’y jurnalidan).

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.