Qarz muddati uzaytirilsa Qirg‘iziston Xitoyga qo‘shimcha 2,9 milliard som to‘lashi kerak bo‘ladi

302
0

Qarz muddati uzaytirilsa Qirg‘iziston Xitoyga qo‘shimcha 2,9 milliard som to‘lashi kerak bo‘ladi

 Xitoy hukumati tomonidan Qirg‘izistonga qarzni to‘lash bo‘yicha taklif qilingan shartlarga ko‘ra qirg‘iz tomoni qaryib uch milliard som ortiqcha to‘lashi kerak bo‘ladi. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov 25-noyabr kuni parlamentda Xitoy bilan muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi.

 “Xitoy qarzni to‘lash muddatini transhlarga bo‘lib to‘rt yilga uzaytirishni taklif qilmoqda. Bunday muddatni uzaytirish uchun foiz stavkasi 2 foiz etib belgilandi. Taklif hukumat tomonidan imtiyozlar bo‘yicha belgilangan parametrlardan oshmaydi. Ushbu summaning ortiqcha to‘lovi 2,9 milliard som (hozirgi kurs bo‘yicha 34 million 117 ming 647 dollar)ni tashkil etadi”, – dedi Novikov.

 Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning 4,1 milliard dollarlik tashqi qarzining 1,7 milliard dollari Xitoyning Eksport-import bankiga to‘g‘ri keladi.

 Izoh: Oxirgi 12 yilda Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 200 barobar o‘sdi va 1 milliard 775 million 130 ming dollarga etdi. Qirg‘iziston hukumati o‘tgan yillar mobaynida faqat olingan qarzlarning foizini to‘lab keldi. Yangi, 2021-yildan boshlab qo‘shimcha foiz bilan birga olingan qarzlarning tanini qaytarishni ham boshlashi zarur. Ammo bu qirg‘iz davlat byudjeti uchun ortiqcha yuk bo‘lib, shundoq ham har yili kamomad bilan berkitilayotgan byudjet uchun ado qilib bo‘lmaydigan darajaga etdi. Shu sababli ham Qirg‘iziston rasmiylari Xitoydan qarz muddatini uzaytirishni iltimos qilib kelishmoqda. Aprel oyida endilikda eks-prezident maqomini olgan Jeenbekov, may oyida o‘sha vaqtdagi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, joriy oyda Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbaev Xitoydan qarz yukini engillatishni so‘rab murojaat qilishdi. Xitoy bergan engillik esa Qirg‘iziston xalqi zimmasiga yana 2,9 milliard som qarz yuklamoqda.

 Ma’lumki, mustamlakachi davlatlar Qirg‘iziston kabi uchinchi dunyo davlatlariga sanoat rivoji uchun qarz bermaydi. Ular qarz berishdan avval beriladigan mablag‘ni obodonlashtirish, madaniyat yoki sport komplekslari kabi davlatga daromad keltirmaydigan sohalarga sarflashni shart qilib qo‘yadi. Natijada qarz muddati tugagach, olingan mablag‘ u yoqda tursin, uning ustama foizini to‘lashdan ojiz bo‘lib qolgan davlat mustamlakachi davlatga qaram bo‘lib qolishga mahkum.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.