Chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar ham endi soliq to‘laydi

312
0

Chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar ham endi soliq to‘laydi

 Chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar o‘z-o‘zini band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi va belgilangan tartibda soliq to‘laydi.

 O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 1 yanvaridan kuchga kiradigan “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

 “2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan holda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish – o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga tenglashtiriladi hamda ushbu shaxslarga o‘zini o‘zi band qilganlari uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi”, – deyilgan prezident qarorida.

 Qarorda, shuningdek, bo‘lajak migrantlarning oila a’zolari kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olinib, xorijga chiqib ketishi uchun mikroqarzlar berilishi haqda aytilgan.

 Izoh: O‘zbekiston oltin, uran, mis, tabiiy gaz, neft va boshqa foydali qazilmalar zahirasi bo‘yicha nafaqat MDH davlatlari o‘rtasida, balki dunyoda etakchi o‘rinlarni egallaydi. Jumladan, oltin zahirasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, uni qazib olish bo‘yicha ettinchi, mis zahirasi bo‘yicha o‘ninchi, uran zahirasi bo‘yicha ettinchi, qazib olishda o‘n birinchi o‘rinni egallaydi.

 O‘zbekiston oltin eksporti bo‘yicha etakchilik qilib kelmoqda. Mamlakat iyul-sentyabrь oylarida 35 tonna oltin sotib, bu borada dunyoda etakchiga aylandi. Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, yilning III choragida O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha etakchi o‘rinni egalladi. Bu vaqt oralig‘ida Markaziy bank 35 tonna oltin sotgan. Birgina avgust oyining o‘zida O‘zbekiston 2,5 mlrd AQSh dollaridan ziyod summaga oltin eksport qilgan. Keyingi besh yil ichida O‘zbekistonda oltin eksporti o‘sib bormoqda. Masalan, oltin eksporti 2015 yilda 823,9 mln dollarni, 2016 yilda 738,2 mln dollarni, 2017 yilda 1,6 mlrd dollarni, 2018 yilda esa 3,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

 Bulardan tashqari O‘zbekistonda 1800 kondan iborat foydali qazilmalar bo‘lib, ularning mingga yaqini ishlatiladi va 118 turdagi mineral xomashyo mavjud bo‘lib, ularning 65tasidan foydalanilmoqda. Mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonning mineral zahiralari taxminan 3,5 trillion dollar deb baxolanadi.

 “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda 11 o‘rinni egallaydi va har yili 60-70 mlrd metr.kub gaz qazib oladi. O‘zbekistonda neftning geologik zahirasi – 5 mlrd tonna, tasdiqlangan zahirasi – 530 mln tonna, tabiiy gazni geologik zahirasi – 5 trln metr. kub, tasdiqlangan zahirasi – 3,4 trln metr.kubni tashkil etadi va har yili 3,5 mln tonna neft qazib olinadi. Bularga qo‘shimcha, O‘zbekistonda har yili 3,5 million tonnaga yaqin paxta etishtiriladi va 1 million tonna atrofida paxta tolasi eksport qilinadi. O‘zbekiston har yili 15 milliard dollarlikdan ziyod paxta, oltin, uran, tabiiy gaz va mineral o‘g‘itlar eksport qiladi. Ammo, afsuski, bu boyliklar xuzurini hukumat tepasidagi bir xovuch shaxslargina ko‘rib kelmoqda, oddiy xalq esa…

 Ammo, shuncha boyliklarga ega bo‘lishiga qaramay millionlab o‘zbekistonlik xalqi chet ellarga, xususan, Rossiyaga mehnat muhojirligiga chiqib ketgan va asosan qora mehnat bilan band. Rasmiy hukumat ularni o‘z vatanida kerakli ish va ehtiyojiga etarli maosh bilan ta’minlash kabi o‘z zimmasidagi vazifani bajarish o‘rniga, shu mehnat muhojirlari o‘zga yurtlarda xorlik va zorlik bilan topayotgan mablag‘ga ham sherik bo‘lmoqda. Chet ellarda ishlab, pul topib oila a’zolarini ta’minlab kelayotgan migrantlar puliga ko‘z olaytirish esa oddiy xalqni kunduzi talash bilan barobar qaroqchilikdan boshqa narsa emas.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.