Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi to‘qnashuv

449
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi to‘qnashuv

Savol:

(Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 2020 yil 4 oktyabr yakshanba kuni rasmiy televidenie orqali qilgan murojaatida bir haftadan buyon olib borayotgan janglarimiz to‘xtashi uchun Armaniston Tog‘li Qorabog‘dan chiqib ketish jadvalini belgilashi kerak, dedi… Alievga ko‘ra, yakshanba kuni Jabroil shahrining qo‘lga kiritilgani Armaniston va uni qo‘llab-quvvatlovchilar uchun dars bo‘lgan va Armaniston bundan saboq chiqarishi kerak». Ma’lumki, 2020 yil 27 sentyabr kuni ertalab Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar boshlanib ketgan edi. Zero, 1994 yil har ikki tomon urushni to‘xtatganlaridan beri bunday to‘qnashuv kuzatilmagan. 2016 yilda bo‘lgani kabi vaqti-vaqti bilan tor doirada to‘qnashuvlar bo‘lib turgan, xolos. Turkiya avvalgi to‘qnashuvlarda Ozarbayjonni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamagan edi. Lekin bu safar Turkiya Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ochiq aytdi. Aftidan, uning ma’lum maqsadlari borga o‘xshaydi! Xo‘sh, bu qanday maqsadlar? Nima uchun Turkiya bunday keng ko‘lamda aralashdi? Minsk guruhining, xususan AQSh, Rossiya va Frantsiyadan iborat undagi etakchilarning pozitsiyasi qanday? Oldindan sizga tashakkur va hurmat bildirib qolaman.

Javob:

Bo‘layotgan voqea-hodisalar haqiqatini bilish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqmoq lozim:

1 – Ozarbayjon o‘zining erlariga 2020 yil 27 sentyabr ertalab Armanistonning keng ko‘lamda hujum qilganini e’lon qildi. Ozarbayjon mudofaa vazirligi chiqargan bayonotda bunday deyiladi: («Armaniston hujumlari tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lishiga olib keldi. Shuningdek, uning qaqshatqich bombardimonlari natijasida bir necha qishloqlardagi fuqaroviy infratuzilma ham qattiq zarar ko‘rdi». Shuningdek, bayonotga ko‘ra, «Ozarbayjon kuchlari ham qarshi hujumni boshlab, Armanistonning oldingi liniyada joylashgan ko‘plab ob’ekt va harbiy texnikalarini, shu jumladan, Rossiyada ishlab chiqarilgan «Osa» rusumli zenit-raketa kompleksidan o‘n ikkitasini yo‘q qilgan». Al-Jazira, 2020 yil 27 sentyabr). Ozarbayjon parlamenti ba’zi shahar va rayonlarda urush holatini, to‘qnashuvlar bo‘layotgan rayonlarda esa, harbiy holat e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu tomonda Armaniston ham urush holati e’lon qilib, musulmonlarga qarshi salibchilik urushi boshlashganini belgisi sifatida, qo‘lida avtomat, bo‘ynida xoch osib olgan rohibning suratini tarqatdi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘z murojaatida mamlakatining pozitsiyasini ma’lum qilib, («Butun arman xalqiga qarshi Ozarbayjonning urush e’lon qilgan»ini ta’kidladi. So‘ng, «Mintaqadagi eskalatsiyaning mintaqa chegarasidan oshib o‘tib, xalqaro xavfsizlikka ham tahdid tug‘dirishi ehtimoldan xoli emas»ligini bildirdi. Pashinyan Turkiyani «uning xatti-harakatlari Janubiy Kavkaz uchun dahshatli oqibatlarga olib keladi», deya tanqid qilib, xalqaro hamjamiyatni 1991 yildan buyon Qorabog‘ mintaqasi ustida davom etayotgan Erevan-Boku nizosiga Turkiyaning aralashmasligini ta’minlashga chaqirdi». Al-Jazira, 2020 yil 27 sentyabr).

2 – Ozarbayjon bu safargi janglar jiddiyligini hamda hal qiluvchi urush bo‘lajagini bildirdi. Ozar prezidenti Ilhom Aliev 2020 yil 30 sentyabrda quyidagi so‘zlarni aytdi: («Qorabog‘ xususidagi muzokaralar samarasiz bo‘ldi. Shuning uchun qayta muloqotga chaqirishga hech qanday hojat yo‘q. Ozarbayjon o‘zining hududiy yaxlitligini tiklashga bel bog‘lagan. Armiyamiz bahsli hududlarda olib borgan so‘nggi operatsiyalari davomida jangovar yutuqlarni qo‘lga kiritdi, ozar kuchlarini o‘zlarining egallagan pozitsiyalaridan chekinishga hech kim majbur qila olmaydi. Arman qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi Ozarbayjon tomonidan ilgari surilayotgan yagona shart bo‘lib, qachon Erevan buni amalga oshirsa janglar to‘xtaydi. Bizning bitta shartimiz bor: Armaniston o‘z qurolli kuchlarini bizning tuproqlardan to‘liq, hech qanday shartsiz va kechiktirmasdan olib chiqib ketsin. Agar arman hukumati shunga rozi bo‘lsa, albatta janglar to‘xtaydi, qon to‘kilishga barham beriladi». Al-Jazira va Rusiyal Yavm, 2020 yil 30 sentyabr). Ko‘rinib turibdiki, Ozarbayjon Turkiyaning qo‘lloviga ishonmoqda hamda uning qo‘llovi samimiy va erimizni ozod qiladi, deb o‘ylayapti.

3 – To‘qnashuvlar shu yilning 12 iyulida yangilanib, uch kun davom etgan va har ikki tomondan qurbonlar berilishi bilan to‘xtagan edi. Keyin, Turkiya birinchi marta o‘zining quruqlik va havo kuchlarini Ozarbayjonga ikki davlat o‘rtasida 2020 yil 29 iyulda boshlanib, taxminan ikki hafta davom etgan keng ko‘lamli harbiy manevrlarda ishtirok etish uchun yubordi. Turkiya Ozarbayjonga, xususan uning Armaniston tomonidan bosib olingan erlari masalasida yordam bermoqchiligini ko‘rsata boshladi. Bunday holat ilgari kuzatilmagan edi, garchi 1994 yilda o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgandan beri Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida uzuq-yuluq to‘qnashuvlar yuz berib turgan bo‘lsa ham. O‘shandan buyon eng shiddatli to‘qnashuv 2016 yil aprel oyining boshida boshlanib, 26 aprelgacha davom etgan to‘qnashuv edi. Biroq o‘sha paytda Turkiya Ozarbayjon tomoniga aralashmagan edi. Faqatgina Erdogan to‘qnashuvlarda qurbon bo‘lganlarga ta’ziya bildirib, hech qanday yordam ko‘rsatmasdan yordam berishga tayyorligini bildirib qo‘ygandi, xolos. Chunki u paytdagi vaziyat to‘qnashuvni emas, balki Turkiya bilan Rossiyaning o‘zaro hamfikr bo‘lishini talab qilgan. Amerikaning rejasi bo‘yicha, Turkiya bilan Rossiya amerikaparast Asad rejimini qo‘llab-quvvatlovchi pozitsiyada turishlari va bu rejimga qarshi qo‘zg‘olon qilganlarga zarba berishlari, Islomning hokimiyatga qaytishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak edi.

Armanlar 1988 yilning fevralida Rossiyaning qo‘llab-qo‘llovi bilan Ozarbayjonga qarshi hujum qildi. 1991 yilga kelib, Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazorat o‘rnatganliklarini aytib, u erda o‘zlari uchun mustaqil respublika e’lon qilishdi. Urush 1994 yilgacha davom etdi. Ozarbayjon o‘z erlaridan 20-24 foizini, shu jumladan, 5 viloyatdan iborat Qorabog‘ viloyatini yo‘qotdi. U shuningdek, Ag‘dam va Fazuliy rayonlarining katta qismidan tashqari, mamlakat g‘arbidagi yana 5 viloyatni qo‘ldan boy berdi. Armanlar bu mintaqadan bir millionga yaqin musulmon aholini ko‘chib ketishga majbur qilishdi. Rossiya qo‘shini bu urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashdi. Ozarbayjonga nisbatan maydon, aholi, kuch, potentsial jihatidan kichik hisoblangan Armaniston ortida hamon Rossiya turibdi.

4 – Turkiya Amerika ta’siri doirasi bo‘yicha harakat qiladi va uning buyruqlarini bajaradi, Ozarbayjon ishidagi o‘yinga ham shu e’tibordan aralashdi. Darvoqe, Turkiya 2009 yil 10 oktyabrda Shveytsariyaning Tsyurix shahrida Armaniston bilan keng ko‘lamli tinchlik bitimini imzolagan edi. Bitimda ikki davlat o‘rtasidagi mavjud chegaralarni tan olish, chegaralarni ochish, diplomatik aloqalar o‘rnatish, elchilar almashish, konsulliklar ochish, barcha sohalarda munosabatlarni normallashtirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni o‘rnatish, mintaqaviy va global nizolarni xalqaro printsip va qonunlarga muvofiq hal etish, terrorizmga qarshi kurash, mintaqada demokratiyani rivojlantirish kabi hamda arman xalqining genotsidi to‘g‘risidagi da’vo muammosini hal qilish maqsadida, tarixiy hujjat va manbalarni ilmiy o‘rganish uchun dialog o‘rnatish va rivojlantirish kabi narsalar aytilgan… Shuni eslatib o‘tish lozimki, bundan avval Erdogan Armaniston qo‘shinlari Qorabog‘ va uning atrofidagi bosib olingan Ozarbayjon erlaridan olib chiqilmaguncha u bilan munosabatlarni normallashtirishdan bosh tortgan edi. Ammo Turkiya-Armaniston o‘rtasidagi ayni kelishuv AQSh sobiq prezidenti Obamaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabi bilan amalga oshirildi. Obama o‘zining 2009 yil 6 aprelda Turkiyaga qilgan safari chog‘ida Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi nizoni hal qilishga hamda 1993 yilda ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar buzilganidan va chegaralar yopilganidan keyin, qaytadan o‘zaro tinchlikni o‘rnatishga chaqirgan edi. O‘shanda Erdogan Obamaning talabiga itoat qilib, Armaniston bilan mazkur keng ko‘lamli tinchlik bitimini imzoladi. Ammo bu ishda Ozarbayjon masalasini ham, ozar erlarining Armaniston tomonidan bosib olinganini ham, shuningdek, bir millionga yaqin musulmon aholining ko‘chib ketishga majbur qilinganini ham tilga olmadi. AQSh davlat departamenti ushbu kelishuv tarixiy kelishuv ekanini, o‘zi ham unda ishtirok etganini ma’lum qildi!

5 – O‘shanda Ozarbayjon bu bitimning armanlarning bosib olgan erlardan chiqib ketmasidan oldin imzolanganini tanqid qildi va Turkiyadan Armanistonning bosib olgan erlardan chiqib ketmasidan oldin chegaralarni ochmaslik va u bilan munosabat o‘rnatmaslik haqidagi avvalgi va’dalarini bajarishni talab qildi. Darhaqiqat, «Ilaf» veb-sayti 2009 yil 10 oktyabrda bunday xabar nashr qilgan: (Tsyurix: Shanba kuni Shveytsariyaning Tsyurix shahrida Turkiya va Armaniston tashqi ishlar vazirlari tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan ikki tomonlama bitimga imzo chekdilar. Har ikki davlat vazirlari Edvard Nalbandyan bilan Ahmad Dovuto‘g‘li imzo ortidan bir-birlarining qo‘llarini uzoq siqishdi… AQSh davlat kotibining Evropa va Evroosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Fil Gordon «Bu oqshom tarixiy voqeada ishtirok etdik», dedi… Gordon Evropaning olti shahri bo‘ylab besh kunlik safari doirasida shanba kuni kechqurun Londonga etib kelgan AQSh davlat kotibi Xillari Klintonga hamrohlik qilmoqda». Londonga etib kelishidan oldin Klinton Tsyurix-Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan Turkiya-Armaniston o‘rtasidagi bitim imzolash marosimida qatnashdi… Amerikalik yuqori lavozimli bir rasmiy Obamaning bu bitimdan mamnun ekanini, bitimni u «oldinga katta qadam», deya baholayotganini bildirdi. O‘z navbatida, yakshanba kuni Ozarbayjon Armaniston bilan Turkiya o‘rtasida imzolangan munosabatlarni normallashtirish bitimini qoralab, arman-turk chegaralarini ochishning Janubiy Kavkazdagi barqarorlikka putur etkazishidan ogohlantirdi… Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi bayonotida «Armanistonning Ozarbayjon erlaridan o‘z kuchlarini olib chiqib ketmasidan oldin Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarning normallashishi Ozarbayjon manfaatlariga zid keladi hamda Ozarbayjon bilan Turkiya o‘rtasidagi chuqur tarixiy ildizlarga asoslangan birodarlik munosabatlariga soya soladi», deya ta’kidlandi. Ilaf, 2009 yil 10 oktyabr). Iqtibos tugadi.

6 – Biroq Erdogan Turkiyasi amalsiz shirin gaplar bilan Ozarbayjonni aldashga urindi. Vaholanki, u Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi bitimda Armanistonning Qorabog‘dan chiqib ketishi uchun hech qanday shart qo‘ygani yo‘q, aksincha, qanday bo‘lsa o‘shanday davom etishiga rozi bo‘ldi! Lekin oradan to‘qqiz yil o‘tgach, 2018 yil mart oyida Armaniston Rossiyaning bosimi bilan ayni bitimni rasman bekor qildi va bunga Rossiyaga bo‘ysungani sababli qo‘l urdi. Natijada, Amerika Armanistonni Rossiyadan ayni bitim orqali tortib olishdek, o‘zining imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Rossiya esa, Armanistondagi nufuzini kuchaytirib, u erdagi o‘zining Gyumri harbiy bazasidagi raketa arsenalini kuchaytirdi. Keyin 2015 yil dekabrda Armaniston bilan havo hujumlaridan mudofaalanish to‘g‘risidagi qo‘shma bitimni imzoladi. Rossiya Armanistonga «Mig-29» samolyotlari eskadrilyasini, minglab askarlarini, zirhli mashinalarni, havo mudofaa tizimini, uzoq masofadagi «S-300» rusumli raketalarga qarshi mudofaa tizimini hamda «Kub (ZRK)» rusumli o‘rtacha olislikdagi havo mudofaa tizimini joylashtirdi. Shuningdek, 2015 yil 1 yanvarda ish boshlagan o‘zining «Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi» bozoriga Belorusiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan bir qatorda Armanistonni ham olib kirdi. Ushbu davlatlar, shu jumladan Armaniston «barcha sohalarda tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi» niqobi ostida Rossiya mahsulotlari sotiladigan bozorga aylandi. Ushbu bozorning yalpi ichki mahsuloti 5 trillion dollardan oshadi va uning aksariyati Rossiya foydasiga bo‘ladi.

7 – Bularning barchasidan so‘ng Amerika Ozarbayjondagi nufuzini mustahkamlash va u erdagi Rossiya nufuzini zaiflashtirish, so‘ng Armanistonga sizib kirish maqsadida qaytadan boshqa yo‘llarni qidira boshladi. Shundan kelib chiqib, Turkiyaga Ozarbayjon bilan iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga qo‘shimcha, harbiy sohada ham aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bundan Ozarbayjonda AQSh nufuzini mustahkamlash hamda AQSh nufuziga eshiklarni ochib berishi uchun Armanistonga bosim o‘tkazish ko‘zlandi. Va nihoyat, o‘tgan iyul oyidagi so‘nggi to‘qnashuvlar kelib chiqdi… Go‘yo bu Turkiyaning harbiy aralashuvi uchun, qo‘shma mashg‘ulot va manyovrlarda qatnashishga o‘z kuchlarini yuborishi uchun hamda buning ortidan ayni paytdagi to‘qnashuvlar kelib chiqishi va ikki tomon urush holati e’lon qilishlari uchun… bir bahona sifatida qasddan qilinganga o‘xshaydi. Turkiya prezidenti Erdogan ayni to‘qnashuvlar boshlanishi bilanoq bevosita 2020 yil 27 sentyabrda o‘zining tvitterdagi sahifasida bunday dedi: («Xalqaro Hamjamiyat ikkiyuzlamachilik qilmoqda. Armanistonning provokatsion hujumlariga qarshi hech qanday reaktsiya bildira olmadi. Minsk guruhidagi uchlik afsuski, echim topish yo‘lidan uzoq yurib, qariyb o‘ttiz yildan buyon masalani e’tiborsiz qoldirib kelayotgan pozitsiyasini davom ettirmoqda». Yana bunday dedi: «Mintaqada tinchlikni o‘rnatish Armanistonning 1992 yil bosib olgan Ozarbayjon erlaridan chiqib ketishi bilan bog‘liqdir. Turkiya do‘st va qardosh bo‘lmish Ozarbayjon tomonida turishda davom etadi». Turk axborot agentligi, 2020 yil 28 sentyabr). Lekin u odamlar esdan chiqaradi deb o‘ylab, 2009 yilda AQShga xizmat ko‘rsatish uchun Armaniston bilan tinchlik bitimini imzolaganidan, unda Armanistonga Ozarbayjon erlaridan chiqib ketish talabini qo‘ymaganidan, bu haqda hatto og‘iz juftlashga ham jur’at qilolmaganidan o‘zini unutganga soldi!

8 – Armaniston ushbu bitimni imzo chekilganidan to‘qqiz yil o‘tib bekor qilgach va Amerika Armanistonga kirolmay qolgach, Erdogan Armanistondan bosib olgan erlaridan chiqib ketishni yana talab qila boshladi. O‘zi aziz do‘stim degan Putinni tanqid qildi. U bilan qo‘shib Makronni ham tanqid qilib, («Men bu masalada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Frantsiya prezidenti Emmanuelь Makron bilan gaplashdim, ammo foydasi bo‘lmadi», dedi. Turk axborot agentligi, 2020 yil 28 sentyabr). Ammo do‘stim va ittifoqchim, deya sifatlagan Trampni esa, tanqid qilmadi. Nega ham tanqid qilsin, axir, parda ortidan, hatto ochiqchasiga bu ishga undagan shu Tramp emasmi?! Amerika buni diplomatik o‘yinlari bilan yashirgan bo‘lsa ham, lekin har qanday ko‘zi ochiq aqli raso kishiga bu narsa ma’lum. AQSh prezidenti Tramp 2020 yil 27 sentyabr kuni kechqurun bergan matbuot konferentsiyasida («Amerika Armaniston bilan Ozarbayjon o‘rtasida kelib chiqqan zo‘ravonlik amaliyotlarini to‘xtatishga harakat qiladi», dedi. Lekin u yana bunday dedi: «Biz mintaqada katta aloqa-imkoniyatlarga egamiz. Ko‘ramiz, buni to‘xtata olamizmikin». Al-Jazira, 2020 yil 27 sentyabr). Bu shuni anglatadiki, agar to‘xtatishni zarur, deb bilsa to‘xtatadi. Chunki u Amerikaning bosim o‘tkazishini hamda echimga kelishlari uchun har ikki tomonga ham o‘z og‘irligini solishini aytgani yo‘q. Aksincha, yumshoq tarzda, «buni to‘xtata olamizmikin», deb qo‘ydi, xolos. Vaholanki, Amerika biror ishni qilishni istasa, albatta unga og‘irligini solib, bosim o‘tkazadigan davlat! AQSh Davlat departamenti bayonotida shunday keladi: («AQSh bunday eskalatsiyani qattiq so‘zlar bilan qoralaydi. Zero, AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Stiven Bigan Ozarbayjon bilan Armanistonni o‘zaro dushmanona harakat va hujumlarni to‘xtatishga hamda tez fursat ichida konstruktiv muzokaralarga qaytish uchun Minsk guruhidagi a’zo davlatlar bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. Stiven Bigan mojaroni tinch va barqaror yo‘l bilan hal qilishda Vashingtonning har ikki tomonga ham yordam berishga sodiqligini ta’kidladi». Qatarning Al-Jazira va Eronning Olam kanallari, 2020 yil 27 sentyabr). Amerika dushmanona harakatlarni to‘xtatish talabida har ikki tomonni ham barobar ko‘rdi. Chunki uning pozitsiyasi har ikki davlatda ham o‘z nufuzini mustahkamlashga va Rossiya nufuzini zaiflashtirish yoki yo‘q qilishga qaratilgan.

Bularning barchasi Amerikaning Turkiya harakatlariga zimdan rozi ekaniga va Turkiya ham Ozarbayjon sari Amerikaning buyrug‘i bilan harakat qilganiga dalolat qiladi. Agar ishlarni Amerika boshqarmayotgan bo‘lsa, u holda, nega Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Kalin 2020 yil 29 sentyabrda AQSh prezidentining Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen bilan bog‘lanib, Ozarbayjon-Armaniston nizosi haqida suhbatlashdi?! Bu haqda Onado‘li axborot agentligi xabar qilgan.

9 – Bundan tashqari, Erdogan va uning rasmiylari Xavfsizlik Kengashining adolatsiz qarorlarini va Minsk guruhi qarorlarini tatbiq etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ta’kidlashdi. Ma’lumki, bu Minsk guruhi 1992 yil Evropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan tuzilgan bo‘lib, unga AQSh, Rossiya va Frantsiya etakchilik qiladi. Shu bois, ushbu qarorlar armanlar manfaati uchun hamda otashkesimni ularning foydasiga ta’minlash uchun xizmat qiladi. Shuning uchun bu erda qasddan vaziyatni murakkablashtirish uchun ish olib borilyapti. Bundan maqsad, barcha siyosiy va diplomatik ishlarni Amerika xohlagandek bosim o‘tkazish yo‘lidan olib borishdir. Chunki siyosiy va diplomatik ishlarni yurgizish uchun urushlar ko‘pincha vosita sifatida qo‘llanib, AQSh ko‘rsatmasi asosida amalga oshiriladi. Chor atrofdan muzokara boshlash va masalani siyosiy yo‘l bilan hal etib, Xavfsizlik Kengashi qarorlarini tatbiq qilishga chaqiriqlar boshlandi. Turk rasmiylari tomonidan yangragan qator bayonotlarda masalani Xavfsizlik Kengashi qarorlari asosida hal etish orqali Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlash aytildi. Tashqi ishlar vaziri Chovusho‘g‘li Ozarbayjonning Anqaradagi elchixonasini ziyorat qilishi chog‘ida («BMT, Evropa Kengashi va Evropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Ozarbayjon erlari daxlsizligiga doir qarorlari aniq. Shu bois, agar Armaniston kuchlarini olib chiqib ketmasa masala hal bo‘lmaydi», dedi. Al-Jazira, 2020 yil 29 sentyabr). Ma’lumki, bu qarorlarda Qorabog‘ tepaliklari haqida yakuniy gap aytilmagan, balki boshqa erlar tilga olingan. Bu esa, Ozarbayjon masalasi ustida til biriktiruv mavjudligini ko‘rsatmoqda.

10 –            Maydoni, aholisi, kuchi va potentsiallari Ozarbayjonga nisbatan oz bo‘lgan Armanistonning ortida Rossiya turibdi. Uni qurol-yarog‘, texnika va hayot uchun kerakli barcha narsalar bilan ta’minlayotgan ham Rossiya. Armaniston Rossiya etovidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining a’zosi bo‘lib, u erda Rossiyaning katta harbiy kuchi joylashgan. Shu bois, undan osonlikcha voz kechmaydi. Aks holda, uning orqa tomoni ochilib, o‘zining federal mintaqasi bo‘lgan Shimoliy Kavkazni qo‘ldan boy berishga zamin yaratib qo‘ygan bo‘ladi. Rossiya tashqi ishlari vaziri Sergey Lavrov armanistonlik hamkasbi Zograb Mnatsakanyan bilan telefon suhbati chog‘ida «Qorabog‘dagi jangovar harakatlardan xavotirlanayotganini, o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi»ni ta’kidladi. (Sputnik, 2020 yil 27 sentyabr). Bu Rossiyaning Ozarbayjonga qarshi Armanistonni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi. Shu bois, Turkiya Armanistonni qoralayotganda Rossiyani ham qoralashi kerak edi. Chunki Armanistonda o‘z nufuzini o‘rnatgan va uni qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiya. Zotan, Rossiya qo‘llovi bo‘lmasa, Armaniston harbiy agressiya qilishga jur’at qilolmaydi. Zero, dushmanni qo‘llab-quvvatlovchi ham dushman hisoblanadi. Erdogan Turkiyasi esa, dushman Rossiya bilan eng yaxshi munosabatlarni o‘rnatmoqda. Masalan, Suriyada Asad rahbarligidagi qonxo‘r rejimni ag‘darish uchun qo‘zg‘olon ko‘targan musulmon ahliga qarshi Rossiya bilan ittifoq tuzmoqda. Bir vaqtning o‘zida, Amerika o‘z manfaatlari yo‘lida Rossiyadan foydalanish uchun olib borayotgan o‘yinlarida Turkiya bir qurol sifatida xizmat qilib bermoqda. Lekin Rossiya Ukraina va Gruziyada bo‘lgani kabi o‘zining ushbu hayotiy mintaqasida osonlikcha yon bermaydi. Shuning uchun ushbu jangda kurash hal bo‘lmaydi va u siyosiy, diplomatik harakatlar yo‘liga o‘tadi. Chunki Rossiyani aldash uchun eng qulay uslub mana shu.

11 –            Frantsiyaning u erda mavjudligiga kelsak, bu bir muncha boshqacha. Chunki u erda Frantsiyaning hech qanday nufuzi yo‘q. U o‘zini yirik davlat sifatida namoyish etishga urinib, Minsk guruhidagi o‘z a’zoligini saqlab qolmoqchi. Bu guruh ozar-arman nizosini hal etishni va o‘t ochishga doimiy ravishda barham berishni ta’minlash maqsadida 1992 yil Xavfsizlik Kengashi bilan Evropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining qarori asosida tashkil topgan. Frantsiya Turkiyaga qarshi turibdi. Zero, Turkiya AQShning ta’sir doirasida harakat qilishi sababli Evropaning, shu jumladan Frantsiyaning nufuziga to‘sqinlik qilmoqda. Darhaqiqat, Makron 2020 yil 30 sentyabrda Latviyada bergan matbuot konferentsiyasi chog‘ida bunday dedi: «Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlovchi Turkiyaning bayonotlarini ko‘rib turibman. Men buni o‘ylamasdan berilgan xatarli e’lon, deb bilaman. Frantsiya so‘nggi soatlarda Turkiya tomonidan yuborilgan jangovar nomalardan qattiq xavotirda. Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tomonidan qayta zabt etilishi uchun Turkiya uning oldidagi barcha to‘siqlarni olib tashlamoqchi. Biz buni aslo qabul qilmaymiz». (Reyter, 2020 yil 30 sentyabr). Turkiya tashqi ishlar vaziri Chovusho‘g‘li bunga javoban «Frantsiyaning Armaniston bilan birdamligi – Ozarbayjondagi arman bosqinchiligini qo‘llab-quvvatlash darajasiga etdi», dedi. (Onado‘li, 2020 yil 30 sentyabr). Frantsiya qarama-qarshi pozitsiyani egallab, o‘zini «xolis» vositachi qilib ko‘rsatishga urindi. Zotan, u siyosiy manyovrlarni eplolmaydigan davlat bo‘lib, pozitsiyasi doim oshkora ko‘rinib turadi. Mabodo, uni yashirishga urinsa ham qarama-qarshiligi bilinib qoladi. Misol uchun, Frantsiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Agnes fon der Mulь bunday dedi: «Frantsiya Qorabog‘da bo‘layotgan keng miqyosdagi to‘qnashuvlardan hamda tinch aholi orasida bo‘lgan qurbonlar to‘g‘risidagi hisobotlardan qattiq xavotirda. U bunday jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatib, muloqotni qayta boshlashga chaqiradi». Fon der Mulь yana bunday dedi: «Frantsiya Minsk guruhining hamraisi sifatida, rossiyalik va amerikalik hamkorlari bilan mojaroni xalqaro huquq doirasida muzokaralar yo‘li bilan hal etishga o‘zining sodiq ekanini ta’kidlaydi». (Sputnik, 2020 yil 27 sentyabr). Bir vaqtning o‘zida, Frantsiya xoh ichki, xoh tashqi siyosatda bo‘lsin, har doim Islom va musulmonlarga nisbatan nafratini ochiq ko‘rsatib kelgan. Masalan, ichki siyosatda erkinliklarga keng yo‘l ochib berganini da’vo qiladi-da, so‘ng bu narsani musulmonlarga nisbatan cheklab, ochiqdan-ochiq qarama-qarshi pozitsiyani egallaydi. Tashqi siyosatda ham shunday. Armanlar va boshqa nasroniylar muammolarini hal qilishni o‘zining zimmasiga olayotgan bo‘lsa, shu orqali o‘z nufuzini o‘rnatishni maqsad qilgan. Zero, armanlarni aldash juda oson. Misol uchun, ularni Birinchi jahon urushida aldadi. O‘shanda Frantsiya armanlarni ularni uzoq asrlar davomida g‘amxo‘rlik bilan chiroyli boshqarib kelgan Usmonli davlatga qarshi gijgijlagan. Buning evaziga ularga Onado‘lida bir vatan qilib berishni va’da qilgan edi. Natijada, armanlar Usmonli davlatga xiyonat qilishdi. Frantsiyaning fitnasiga ilinib, ko‘plab musulmonlarni qirib tashlashdi. Agar aqllarini ishlatishganda edi, Islom davlati soyasida tinch zimmiy sifatida qolishlari o‘zlarining foydasi edi. Chunki Usmonli davlat ularga adolat qilardi, Frantsiya va boshqa mustamlakachi davlatlarga o‘xshab, o‘z manfaati yo‘lida ulardan foydalanmas edi.

12 –            Turkiyadan iborat bir qancha davlatlar tatbiq qilishni talab qilayotgan Xavfsizlik Kengashi qarorlariga kelsak, unda armanlar bosib olib, u erda o‘zlari uchun respublika e’lon qilgan Qorabog‘ mintaqasi haqida hech narsa deyilmagan. Kengashning 1993 yil 30 aprelda chiqargan 822-sonli birinchi qarorida to‘qnashuvlar va jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, o‘t ochishga doimiy ravishda barham berish talab qilingan. Unda shuningdek, bosqinchi arman kuchlaridan Kalbajar mintaqasidan va boshqa Ozarbayjon hududlaridan chiqib ketish talab qilingan. Ammo bosib olingan Qorabog‘ viloyati haqida hech narsa deyilmagan. Bundan tashqari, o‘sha yilning o‘zida ayni qarorni ta’kidlovchi boshqa qarorlar ham qabul qilindi. Masalan, 1993 yil 29 iyul kuni 853-sonli qarorda ham avvalgi qarordagi narsalar qayta ta’kidlanib, Agdam va boshqa Ozarbayjon mintaqalarining bosib olinishi qoralandi va armanlardan ayni mintaqalardan to‘la chiqib ketish talab qilindi. Shuningdek, Qorabog‘ viloyati 822-sonli qarorga bo‘ysunishi uchun Armaniston hukumatidan unga bosim o‘tkazish talab qilindi. O‘sha yilning 14 oktyabrida 874-sonli qaror chiqarilib, unda ikki tomon o‘rtasida tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash ta’kidlandi hamda shoshilinch choralar uchun qayta ishlangan jadvalni qabul qilishga chaqirildi. Bu qarorni Ozarbayjon qabul qilmadi. Chunki qarorda Qorabog‘dagi arman kuchlarining Ozarbayjonga tegishli bosib olingan erlardan chiqib ketishi Armaniston ustidan joriy qilingan taqiqlarning bekor qilinishiga bog‘lab qo‘yilgan edi. Ozarbayjon hukumati o‘ziga nisbatan mag‘lub bo‘lgan tomon kabi muomala qilinayotganidan shikoyat qildi. Yangilangan jadvalga qo‘shinlarni yangi bosib olingan hududlardan olib chiqib ketish hamda aloqa va transportdagi barcha to‘siqlarni olib tashlash bilan bog‘liq takliflar, shuningdek, kengash tomonidan ko‘rib chiqilmagan va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan boshqa masalalar kiritilgan edi. 1993 yil 12 noyabrda Xavfsizlik Kengashi 884-sonli qaror chiqardi. Unda ham sobiq qarorlar ta’kidlanib, ikki tomon o‘rtasida, ayniqsa, Zangilan va Goradiz shaharlaridagi otashkesimning buzilganligi qoralandi. Shuningdek, bosqinchi arman kuchlari Zangilan va Goradiz shaharlaridan va boshqa bosib olingan Ozarbayjon erlaridan chiqib ketishga chaqirildi. Kengash qarorlarining birortasida ham Qorabog‘dan chiqib ketish haqida aytilgani yo‘q. Bu qarorlar obdan o‘rgangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Ozarbayjon erlari Qorabog‘ mintaqasidan tashqarida ekaniga urg‘u berilgan va bu mintaqa Ozarbayjon erlariga kirmasligiga ishora qilingan. Bu shuni anglatadiki, agar muzokalar boshlanib, bitim imzolansa ham ayni mintaqa, xususan Qorabog‘ mintaqasi – Ozarbayjon erlaridan arman kuchlarining chiqib ketishi evaziga – armanlar nazorati ostida qoladi. Turkiya ham armanlarning Qorabog‘ viloyatidan chiqib ketishlari ko‘rsatilmagan ayni shu qarorlarning tatbiq etilishini talab qilmoqda. Bu xuddi Turkiyaning Suriyadagi qonxo‘r rejimga aloqasi bo‘lmagan, aksincha rejimning o‘zini va uning ilmoniyligini saqlab qolishga qaratilgan Xavfsizlik Kengashi qarorlarini tatbiq etish to‘g‘risida qilgan talabiga o‘xshaydi. Shuningdek, Falastinda ikki davlat echimini tatbiq etish to‘g‘risidagi qilgan talabiga ham o‘xshaydi. Holbuki ushbu echimda Falastinning 80 % erlarida yahudiylarning bosqinchiligi qabul qilingan. Shunday qilib, Qorabog‘ masalasi boshi berk ko‘chaga kirib, otashkesim armanlar uchun g‘alabaga aylanib qoldi. Minsk guruhi echimning qandayligi va muzokaralar nima ustida bo‘layotgani haqida ma’lumot bermadi. Faqatgina Xavfsizlik Kengashining avvalgi qarorlaridan iqtiboslar keltirdi, xolos. Lekin, matnlar, vaziyat va sharoitlardan kelib chiqib shuni anglash mumkinki, ular musulmon aholidan to‘liq bo‘shatilib, nasroniy kofir armanlar joylashgan Qorabog‘ning besh viloyatida Armaniston qilgan bosqinchilikni Ozarbayjonning tan olishini xohlashyapti. Buning evaziga Armaniston boshqa beshta viloyatdan hamda Agdam va Fuzuliy viloyatlaridagi bosib olgan mintaqalaridan chiqib ketadi. Masala shunday hal etilmoqchi, xuddi Falastinda qilingani kabi. Falastinda ham yahudiylar va ularning ortida turgan AQSh Falastin Ozodlik Tashkilotiga hamda arab va islomiy yurtlaridagi mavjud rejimlarga Falastinning 80 % erlaridagi yahudiylar bosqinchiligini tan oldirishgan edi. Natijada, 1967 yildan beri yahudiylar tomonidan bosib olinayotgan, balki xoin hukmdorlar – otashkesimni qabul qilib, Xavfsizlik Kengashining 242 va 243 sonli qarorlariga rozi bo‘lishgan paytda – qo‘sh qo‘llab topshirgan 20 % er ustidagina muzokara qilinadigan bo‘lib qoldi. Zero, Xavfsizlik Kengashining 242 va 243 sonli qarorlarida yahudiylarning 1967 yil 5 iyunda bosib olishgan, balki ularga qo‘sh-qo‘llab topshirilgan erlardangina chiqib ketishlari aytilgan.

13 –            Turkiyaning bu masalaga e’tibor berayotgani yaxshilik alomati emas. Chunki Erdogan Turkiyasi qaysi bir masalaga aralashadigan bo‘lsa, bu – xuddi Suriyada bo‘lgani kabi – o‘z xalqining zarariga, Amerikaning esa, foydasiga bo‘ladi. Suriyadagi qurolli guruhlarning eskalatsiyani kamaytirish va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulhni qabul qilishlari uchun Turkiya ularga qanday bosim o‘tkazganini bilamiz. Vaholanki bu sulhga na qonxo‘r rejim amal qildi, na uni bevosita qo‘llovchi Eron rejimi va uning gumashtalari va na Rossiya. Va nihoyat, bu guruhlar ozod etilgan mintaqalardan chiqarib yuborilib, u erlar rejim qo‘liga topshirildi. Liviyada ham Turkiya shunga o‘xshash ishni qilib, Sarroj hukumatini qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Sarroj kuchlari Sirt va Jafra tomon harakatlanganda esa, Turkiya qo‘llab-quvvatlovni to‘xtatib qo‘ydi. So‘ng Sarrojdan doimiy ravishda jangovar harakatlarni to‘xtatib, Turkiya noqonuniy deb hisoblagan Haftar bilan muzokara qilishni talab qildi! Shuning uchun Turkiya tomonidan Ozarbayjonga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uning pozitsiyasini yumshatish maqsadida bosim o‘tkazish uchun qilinayotgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Bunga turk rasmiylari bergan bayonotlar ham ishora qilmoqda. Ularga ko‘ra, Minsk guruhi, xususan, AQSh etakchilik qilayotgan muzokaralardagi turg‘unlikni Ozarbayjon Qorabog‘ mavzusida yon bermagunicha va uni bosqinchilardan kuch bilan qaytarib olish haqidagi qaroridan qaytmagunicha engib bo‘lmaydi. Zero, Amerika, Rossiya va Frantsiya Qorabog‘ni go‘yo Armanistonning viloyati deb hisoblashmoqda. Bu narsa ularning bayonotlari ohangidan hamda doim armanlarni qo‘llab-quvvatlaydigan axborot vositalaridan sezilib turibdi. Bundan tashqari, Xavfsizlik Kengashining uch davlat tomonidan chiqariladigan va kengashdagi qolgan davlatlar tomonidan ma’qullanadigan qarorlari ham shunga dalolat qilmoqda. Darhaqiqat, Tog‘li Qorabog‘da go‘yo Armanistondan mustaqil bo‘lgan alohida bir respublika tashkil qilingan. Muzokaralarning qiyin bo‘lishi va viloyat o‘zining mustaqil respublikasidan voz kechmasligi uchun shunday qilingan! Bundan tashqari, Tog‘li Qorabog‘ni mustaqil qilishdan Armanistonning unga bevosita javobgar bo‘lmasligi hamda qandaydir bosim o‘tkaziladigan bo‘lsa, bunga chap bera olishi ko‘zlangan. Erdogan Turkiyasining pozitsiyasiga bu masalada ham, boshqa masalalarda ham aslo ishonib bo‘lmaydi. Zotan, u o‘ttiz yil oldin ikkala tomon o‘rtasida urush chiqqandan beri Ozarbayjonga yordam ko‘rsatmay kelyapti, Ozarbayjon o‘shandan beri yolg‘iz edi. Shu sababdan Turkiyaning bugungi qo‘llab-quvvatlovi xatarli bo‘lib, bu bilan Ozarbayjonning qarorlari ustidan o‘z hukmini o‘tkazishi va uni yon berish tomon sudrashi mumkin bo‘ladi!

14 –            Ozarbayjon islomiy yurt bo‘lib, aksar aholisi musulmon. Biroq uning rejimi ilmoniy bo‘lib, dinni davlat va jamiyatdan uzoqlashtirishda avvalgi kommunistik tuzumning davomchisidir. Ozarbayjon va Armaniston uchinchi roshid xalifa Usmon ibn Affon davrida fath qilingan. Shu bois, ushbu islomiy yurtlarni AQSh yoki Rossiya changalidan ozod etishda Turkiyaga ham, Eronga ham suyanib bo‘lmaydi. Chunki ular AQSh va Rossiya bilan hamkorlik qiladi. Musulmonlar Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatini barpo qilish bilangina xalos bo‘la oladilar. Zero, uning barpo bo‘lishini Rosululloh ﷺ bunday deya bashorat qilganlar:

«تَكُونُ النُّبُوَّةُ فِيكُمْ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ تَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ خِلاَفَةٌ عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ فَتَكُونُ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ تَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ اللهُ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ مُلْكًا عَاضًّا، فَيَكُونُ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ يَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ مُلْكًا جَبْرِيَّةً، فَتَكُونُ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ تَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ خِلاَفَةً عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ».

«Sizlarning orangizda Alloh xohlaganicha payg‘ambarlik davom etadi. So‘ng Alloh xohlagan paytda uni ko‘taradi. So‘ng payg‘ambarlik minhoji asosida Xalifalik bo‘ladi va u Alloh xohlagancha davom etadi. So‘ng Alloh O‘zi xohlaganda uni ko‘taradi. So‘ng raiyatiga zulm va adolatsizliklar etadigan podshohlik bo‘ladi va u Alloh xohlagancha davom etadi. So‘ng Alloh O‘zi xohlaganda uni ko‘taradi. So‘ng zolim-zo‘ravon podshohlik bo‘ladi va u Alloh xohlagancha davom etadi. So‘ng Alloh O‘zi xohlaganda uni ko‘taradi. So‘ng payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik bo‘ladi». Rosululloh ﷺ so‘zlari rostdir.

       18 safar 1442h

       5 oktyabr 2020m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.