Koronavirus kasalligi haqidagi savol-javob nashramiz xususida kelgan so‘rovlarga javoblar

689
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Koronavirus kasalligi haqidagi savol-javob nashramiz xususida kelgan so‘rovlarga javoblar

Quyida koronavirus kasalligi haqidagi savol-javob nashramiz xususida kelgan so‘rovlarga javob beramiz:

1 –   Vabo bilan o‘latning yoki koronavirus bilan o‘latning o‘rtasida yuqumli kasallik ekanligi jihatidan hech qanday farq yo‘q. Chunki kuch-qudrat egasi bo‘lgan Alloh Taolo o‘latni ham, koronavirusni ham yuqishi mumkin bo‘lgan suratda yaratgan. Kasallik bakteriya orqali yuqadimi yoki virus orqalimi, farqsiz, unda yuqish imkoniyati mavjud. Shuning uchun yuqishi mumkinligi jihatidan ularning hukmi bir xil. Savol-javob nashrasi ayni shu mavzuni o‘z ichiga olgan edi.

2 –   Biz o‘z javobimizda hozirgi koronavirus kasalligi inson tomonidan ishlab chiqilmaganini aytgandik. Shu to‘g‘rida ham savol berilib, «bunda G‘arb hisobotlariga tayanib aytilibdi, ularning hisobotlariga tayanib bo‘lmaydi», deyishdi… Bu gap unchalik to‘g‘ri emas. Chunki ilmiy nuqtai nazarlarni har qanday manbadan olish mumkin, muhimi u narsaning haqiqatdan to‘g‘ri ekani og‘ir bosib, bundan qalb qanoatlansin. Shuning uchun koronavirusning inson tomonidan ishlab chiqilmaganligi to‘g‘risidagi G‘arb hisobotlariga tayanish mumkin. Darhaqiqat, savol-javob nashrasida bu virusning inson tomonidan ishlab chiqilmasdan, tabiiy suratda paydo bo‘lganini, ya’ni, inson tomonidan ma’lum bir maqsadda ishlab chiqilgan degan fikrdan ko‘ra tabiiy suratda paydo bo‘lgan, degan fikrning ehtimoli ko‘proq ekanini, ayniqsa Xitoy va AQSh kabi koronavirus kasalligini tarqatganlikda ayblanayotgan davlatlarning o‘zida ham keng tarqalganligi bu narsani isbotlab turganligini aytib o‘tganmiz. Savol-javob nashramizda bunday degan edik: «Shunday qilib, koronavirus (Covid-19, SARS-CoV-2)ning tarqalishi to‘g‘risida Amerika bilan Xitoy o‘rtasida dahanaki jang boshlandi. Ikkala davlat ham bir-birini ushbu kasallik tarqalishining bevosita sababchisi ekanligida ayblamoqda. Shunday bo‘lsa-da, Xitoy hukumatining ham, AQSh hukumatining ham kasallik tarqalishi ortida turganligi ehtimoldan xoli emas. Biroq, biz masalani o‘rganib chiqqanimizdan keyin, Qo‘shma Shtatlarning ham, Xitoyning ham koronavirusni boshqa mamlakatlarga olib borganiga yoxud uni ishlab chiqib, boshqa davlatlarga ko‘chirilishi uchun imkoniyat yaratib berganiga etarli dalillar yo‘q, degan xulosaga kelib, shu variantning ehtimoli ko‘proq, deb bilyapmiz». Bu to‘g‘rida savol-javob nashramizda mufassal aytib o‘tdik. U feysbukdagi sahifamizda turibdi, murojaat qilish mumkin.

3 –   Jum’a namozi masjidda ado etiladi. Ba’zi fuqaholar maydonlarda, ya’ni, namozxonlarning kirishi man qilinmaydigan umumiy joylarda ham ado etilishini joiz sanaganlar. Biroq, jum’a namozining xususiy joylarda (uylarda) barpo etilmasligi va durust bo‘lmasligining ehtimoli ko‘proqdir (rojihroqdir). Shuning uchun masjid yoki maydon topilmasa, u holda, uyda to‘rt rakatli peshin o‘qiladi. Agar davlat masjidlarda yoki maydonlarda o‘qishni taqiqlasa, gunohkor bo‘ladi. Chunki nususlar shuni ifodalaydi va Alloh Subhanahuning

يَا أيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا نُودِيَ لِلصَّلَاةِ مِنْ يَوْمِ الْجُمُعَةِ فَاسْعَوْا إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ وَذَرُوا الْبَيْعَ ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ

«Ey mo‘minlar, qachon Jum’a kunidagi namozga chorlansa (ya’ni azon aytilsa), darhol Allohning zikriga shoshib boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar, mana shu o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir»  [Jum’a 9]

degan oyatidan shu narsa tushuniladi. Shu bois, musulmon jum’a namoziga hech bir taqiqsiz borishi kerak.

فَاسْعَوْا إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ وَذَرُوا الْبَيْعَ

(Darhol Allohning zikriga shoshib boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar). Demak, jum’aga sa’y-harakat qilmoq farz bo‘lib, buning qarinasi mubohni tark qilishdir. Bundan taqiqlash joiz bo‘ladigan uylar kabi xususiy joylarda jum’a namozi ado bo‘lmasligi tushuniladi… Shuning uchun javobda hukmdorlarning masjidlarni yopib, u erda namoz o‘qishni taqiqlashlarining nojoizligi va bunda o‘sha hukmdorlar uchun gunohi azim borligi aytilgan. Shunga ko‘ra, agar hukmdorlar masjidda jum’a namozi ado etilishini taqiqlashsa va uylardan tashqari namoz uchun atalgan boshqa er bo‘lmasa, uyda to‘rt rakatli peshin o‘qiladi. Masjidlarni yopgan davlat esa – javobda aytganimizdek – qattiq gunohkor bo‘ladi.

4 –   Endi, «demak – tushunishim bo‘yicha, vallohu a’lam – bugungi kunda hukmdorlardan zulm etishi xavfi bo‘lsa, shu sababli jum’a va jamoat namozlari soqit bo‘lar ekanda», degan savolga kelsak, bu masalani tafsiloti bilan bayon qilish lozim. Javobimizda bunday kelgan: (Xavf-xatarda qolgan kishiga ham jum’a vojib bo‘lmaydi. Bunga Ibn Abbos roziyallohu anhuning ushbu rivoyati dalil: Nabiy ﷺ aytdilar:

«مَنْ سَمِعَ النِّدَاءَ فَلَمْ يُجِبْهُ فَلَا صَلَاةَ لَهُ إلَّا مِنْ عُذْرٍ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا الْعُذْرُ؟ قَالَ: خَوْفٌ أَوْ مَرَضٌ»

«Kimda-kim azonni eshitsa-yu, uzrsiz namozga kelmasa uning namozi namoz emas. Faqat uzr holati bundan mustasno. Yo Rosululloh, nima uzr bo‘ladi? deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: Xavf-xatar yoki kasallik, deb javob berdilar». Bayhaqiy «Sunani kubro»da ishlab chiqqan). Ushbu xavf-xatar haqida Ibn Qudoma o‘zining «Mug‘anniy»sida (1/451) bunday degan: «(881) fasl: xavf-xatardagi kishiga har ikkalasini tark etishi uzrga o‘tadi. Bunga Nabiy ﷺning

«الْعُذْرُ خَوْفٌ أَوْ مَرَضٌ»

«Uzr – xavf-xatar yoki kasallikdir», degan hadislari dalil. Xavf-xatar uch xil bo‘ladi: jon uchun, mol uchun, ahli oila uchun. Jon uchun bo‘lgan xavf kishining hokim yoki dushman tomonidan qamoqqa olinishidan xavfsirashi yoki shunga o‘xshash joniga biror aziyat etkazishidan qo‘rqishidir…». «Muhazzib fi fiqhi imom Shofeiy li Sheroziy» kitobida ham bunday kelgan: (… chunonchi, o‘ziga yoki moliga zarar etishidan yoxud maqsadning amalga oshishini qiyinlashtirib qo‘yadigan bir kasallikdan qo‘rqishidir. Bunga dalil Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan Nabiy ﷺning quyidagi hadislaridir:

«مَنْ سَمِعَ النِّدَاءَ فَلَمْ يُجِبْهُ فَلَا صَلَاةَ لَهُ إلَّا مِنْ عُذْرٍ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا الْعُذْرُ؟ قَالَ: خَوْفٌ أَوْ مَرَضٌ»

«Kimda-kim azonni eshitsa-yu, uzrsiz namozga kelmasa uning namozi namoz emas. Faqat uzr holati bundan mustasno. Yo Rosululloh, nima uzr bo‘ladi? deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: Xavf-xatar yoki kasallik, deb javob berdilar»). Ya’ni, musulmon kishi zolim hukmdor tomonidan adolatsiz ravishda ta’qib qilinsa, uzrli hisoblanadi. Masalan, hukmdorning malaylari jomeda uni qamoqqa olish va ziyon etkazish uchun kutib turishganiga aniq ishonsa yoki bunga ko‘proq gumoni g‘olib kelsa, u o‘sha masjidda jum’a namozini ado qilishdan uzrli hisoblanadi va jum’a namozini ado qilish uchun boshqa masjidni qidirishi lozim bo‘ladi. Qidirish uchun qilgan harakati ham foyda bermasa, u holda, xususiy joyda to‘rt rakatli peshin o‘qiydi… Agar savol bergan kishi bizning javobimizdan shu narsani tushungan bo‘lsa, to‘g‘ri tushunibdi, vallohu a’lam va ahkam.

5 –   Imom Buxoriy rivoyat qilgan «لَا عَدْوَى… kasallik yuqishi yo‘q…» degan hadisga kelsak, ba’zi ulamolar nafi ma’nosida, ya’ni, kasallik yuqmaydi, deya tafsir qilganlar. Biroq, uning talab ma’nosidagi xabar bo‘lishining ehtimoli ko‘proq. Shuning uchun agar musulmon yuqumli kasallikka chalinsa yoki uning kasalligi Alloh Subhanahu yaratgandek yuqishi mumkin bo‘lsa, bunday holatda musulmon kishi boshqa namozxonlarga yuqtirib qo‘yishdan xavfsiragani uchun jum’a va jamoat namozlariga borishdan uzrli hisoblanadi. Shuningdek, bu yuqoridagi «الْعُذْرُ خَوْفٌ أَوْ مَرَضٌ uzr – xavf-xatar yoki kasallikdir», degan hadisda kelgan uzrlardan biri hamdir.

6 –   Imom Buxoriy rivoyat qilgan

«إِذَا مَرِضَ الْعَبْدُ أَوْ سَافَرَ كُتِبَ لَهُ مِثْلُ مَا كَانَ يَعْمَلُ مُقِيماً صَحِيحاً»

«Agar banda kasal bo‘lib qolsa yoki safar qilsa, unga muqimligi va sog‘lomligida qilgan amalining ajridek savob yoziladi», degan hadisga kelsak, bu hadis musofir yoki kasal odamga, ya’ni, jamoat va jum’a namozlariga borishdan uzrli bo‘lgan kishiga nisbatan aytilgan. U namozlarini shariatda ko‘rsatib bergandek o‘qiyveradi va Allohning izni ila, xuddi muqim yoki sog‘lom holida namoz o‘qiganining savobini oladi. Shuning uchun uzrsiz jum’a namoziga bormayotgan sog‘lom yoki muqim kishiga bu hukm to‘g‘ri kelmaydi.

7 – Endi, bizning jum’a namozidagi adad uchta degan gapimizga e’tiroz bildirib, Shofeiyda qiriqtaligi aytilgan savolga kelsak, bu boshqa mavzudir va bunga Molikiydagi o‘n ikki nafar, degan fikrni ham qo‘shish mumkin… Bu erda hech bir qarama-qarshilik yo‘q. Chunki gap musulmon kishining shariat tasdiqlagan sanoqdagi kishilar bilan jum’a va jamoat namozlarini o‘qishi uchun masjidlarni berkitib qo‘ymaslik haqida ketyapti. Ma’lumingizkim, javobda aytilganidek, uch kishining jum’a namozini o‘qiy olishi to‘g‘ri fiqhiy ra’ydir.

8 – Sabablarni ushlash mavzusiga kelsak, bu to‘g‘ri. Lekin shariatga xilof kelmasligi lozim. Bu erda kasal kishining jum’aga bormay, sog‘lomlarning borishi sabablarni ushlash, demakdir… Biz savol-javob nashramizda sog‘lom kishilar namoz o‘qiy olishlari uchun masjidlar yopib qo‘yilmasligi kerakligini va yuqumli kasali bor kishilar masjidga kelmasliklari uchun barcha kerakli chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimligini etarlicha bayon qilganmiz. Shuning uchun sog‘lom kishilar ham koronavirus kasalligiga chalingan bo‘ladi, biroq, uning simptomlari ko‘rinmaydi, shu bois, hammani masjiddan taqiqlash kerak, ya’ni, butun er kurrasi aholisini masjidlarga qo‘ymaslik lozim, deb aytish noto‘g‘ri! Chunki bu na bir hujjatga asoslangan va na bir g‘olib gumonga!! Bil’aks, yuqumli kasallikka chalingani aniq bo‘lgan kishi masjidga kiritilmaydi. Shuningdek, yuqumli kasallikka chalingani gumon qilingan kishi ham kiritilmaydi. Ammo boshqalar namoz o‘qiyveradilar…

9 – Koronavirusning umurtqa pog‘onasi yo‘q, degan kishining savoliga kelsak, bu kishi koronavirus inson kabi emas, demoqchi bo‘lgan bo‘lsa kerak. Ha shunday, u inson kabi emas. Biroq, aftidan, bu mavjudotda bo‘g‘inlarning borligi sababli ingliz manbasi uni «Backbone», deb atashga majbur bo‘lgan ko‘rinadi. «Backbone», deb tibbiyot tilida umurtqa pog‘onasini aytiladi. Zero, ushbu bo‘g‘inlarning bog‘lanishi inson umurtqasidagi bog‘lanishlarga o‘xshaydi… Shu sababdan buni shundayligicha qoldirgan edik… Bundan savol kelib chiqadi, deb o‘ylamagan edik!

10 – Mayyitni yuvish masalasiga kelsak, uning shar’iy hukmi quyidagicha:

a) Musulmon mayyitni yuvish farzi kifoya bo‘lib, mana shu ra’y rojihroqdir. Buning dalillarini quyida keltirib o‘tamiz:

–      Tuyasi zarar etkazishi natijasida vafot topgan ehromdagi kishi haqida Rosululloh ﷺ bunday deganlar:

«اغْسِلُوهُ بِمَاءٍ وَسِدْرٍ وَكَفِّنُوهُ فِي ثَوْبَيْهِ»

«Uni suv va sidr (xushbo‘y o‘simlik qo‘shilgan suv) bilan yuvib, ikki libosi bilan kafanlanglar». (Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan).

Nabiy ﷺ o‘z qizini yuvgan ayollarga bunday deganlar:

«اغْسِلْنَهَا وِتْراً ثَلَاثاً أَوْ خَمْساً»

«Toq qilib, uch marta yoki besh marta yuvinglar». (Muslim Ummu Atiyyadan rivoyat qilgan).

–      Ushbu ikki hadisdan mayyitni yuvganlar shu ishga kifoya qilgudek bir necha nafar musulmonlar bo‘lganligi hamda Rosululloh ﷺ shu bilan kifoyalanganliklari ochiq ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, Rosululloh ﷺ o‘z hayoti davomida barcha musulmon mayyitlariga shu hukmni qo‘llab kelganlar va mayyitni yuvishni hech qachon istisno qilmaganlar. Faqat Badr va Uhud janglari kabi, jangda shahid bo‘lganlarni yuvmaganlar. Shuning uchun mayyitni yuvmoq farzi kifoyadir.

b)     Bu hukmni ko‘plab fuqaholar olgan:

–      Saraxsiyning «Mabsut»ida bunday deyiladi: «Bilingki, mayyitni yuvmoq vojib bo‘lib, musulmonning musulmon ustidagi haqqidir. Muhammad alayhissalom «Musulmonning musulmon ustida oltita haqqi bor», degan hadislarida vafot etgandan so‘ng yuvishni ham zikr qilganlar. Lekin ba’zi musulmonlar uni ado etsalar, maqsad hosil bo‘lgani uchun qolganlardan soqit bo‘ladi».

–      Imom Shofeiy «Umm» kitobida bunday deganlar: «Odamlarga mayyitni yuvmoq, janoza o‘qimoq va dafn qilmoq vojibdir. Bu ish musulmonlarning hammasini o‘z ichiga olmaydi. Balki bu ishga kifoya qiladigan ayrim musulmonlar ado etsalar, shuning o‘zi etarli, insha Alloh».

–      Ibn Qudomaning «Sharhul Kabir»ida bunday kelgan: «(Mayyitni yuvmoq fasli): (Masala): (Mayyitni yuvmoq, kafanlamoq, janoza o‘qib, dafn qilmoq farzi kifoyadir). Chunki tuyasi zarar etkazishi natijasida vafot topgan kishi haqida Rosululloh ﷺ bunday deganlar:

«اغْسِلُوهُ بِمَاءٍ وَسِدْرٍ وَكَفِّنُوهُ فِي ثَوْبَيْهِ»

«Uni suv va sidr (xushbo‘y o‘simlik qo‘shilgan suv) bilan yuvib, ikki libosi bilan kafanlanglar». (Muttafaqun alayhi)».

v)     Mayyitni yuvish ma’zur bo‘ladigan ba’zi bir sabablar ham bor. Masalan, suv yo‘q bo‘lishi mumkin yoki jasad kuyib ketib, suv bilan yuvganda titilib ketishi mumkin yoxud mayyit moxov, o‘lat va koronavirus singari kasal tufayli vafot etib, g‘assolga kasallik yuqishi mumkin, va hokazo. Biz bu masalada biror hukmni tabanniy qilmoqchi emasmiz. Musulmon kishi ko‘ngli taskin topib, rojih deb bilgan fiqhiy ra’ylardan biriga taqlid qilaveradi. Men fuqaholarning ba’zi shar’iy ra’ylarini keltirib o‘tmoqchiman:

–      Hanafiylar agar suv yo‘qligi sababli mayyitni yuvmoq ma’zur bo‘lib qolsa, uni tuproq bilan tayammum qilinadi, deganlar. Masalan, «Inoyat» kitobida (16/261) «Suv yo‘qligi sababli yuvish ma’zur bo‘lib qolsa, uni tuproqda tayammum qilinadi», deyilgan. Ammo mayyitni ushlash ma’zur bo‘lgani sababli yuvish ham ma’zur bo‘lib qolsa, ustidan ko‘pgina suv quyib yuboriladi. Bu haqda «Maroqil Faloh»da (224) bunday deyilgan: «Shishib ketgani sababli ushlash ma’zur bo‘lib qolgan paytda, mayyitning ustidan suv quyib yuboriladi».

–      Molikiylar ra’yi bo‘yicha, suv yo‘qligi sababli yuvish ma’zur bo‘lib qolsa, mayyit tayammum qilinadi… Agar tanadagi yaralar yoki kuyish yoxud qichima yo-da chechak kasalligi sababli mayyitni yuvish ma’zur bo‘lsa, ya’ni, suv bilan yuvganda jasad shilinib yoki uqalanib-titilib ketadigan bo‘lsa, bunday vaziyatda shu holatlarga olib bormaydigan darajada ustidan suv quyiladi. Agar suv quyish ham ma’zur bo‘lsa, mayyit tayammum qilinadi… Bu shayx Ahmad Dardirning «Muxtasari Xalil»ga yozgan «Sharhi Kabir»ida kelgan.

–      Shofeiylarning ra’yiga ko‘ra, ba’zi bir sabablar bois, mayyitni yuvish uzrli bo‘lib qolsa, masalan, suv yo‘q bo‘lsa yoki jasad kuyib ketgan bo‘lib, yuvish oqibatida shilinib-titilib ketishi xavfi bo‘lsa, bunday holatlarda mayyit yuvilmaydi, balki uni tayammum qilinadi. Shofeiylar – agar g‘assolga mayyitni yuvishda biror zarar etishi xavfi bo‘lsa, uni tayammum qilish vojibligini aniq qilib, aytib o‘tganlar. Imom Navaviy rohimahulloh «Majmu»da bunday deydi: «Agar suv yo‘qligi sababli yoki kuyib ketib, yuvganda jasadning shilinib-titilib ketishi sababli mayyitni yuvish ma’zur bo‘lib qolsa, uni yuvilmaydi, balki tayammum qilinadi va bu tayammum vojibdir. Chunki tayammum poklash bo‘lib, najosatni tozalashga aloqasi yo‘q. Xuddi junub bo‘lgan kishi suv bilan g‘usl qilolmagan paytda tayammum qilgani kabi, bunday holatda ham tayammum qilinadi. Masalan, mayyitning badani tilka-pora bo‘lib, yuvish natijasida jasad titilib ketadigan bo‘lsa yoki g‘assol uchun xavf mavjud bo‘lsa, bunday holatda mayyit tayammum qilinadi».

–      Hanbaliylarda ikki rivoyat bor, birinchi rivoyat mana bu: «Agar biror mone tufayli mayyitning badanini ishqab yuvish uzrli bo‘lsa, ishqamasdan ustidan ko‘pgina suv quyib yuboriladi. Buning iloji bo‘lmasa, tayammumga o‘tiladi».

Ikkinchi rivoyat: «Yuvish uzrli bo‘lib qolsa, mayyit tayammum qilinmaydi. Balki yuvmagan va tayammum qilinmagan holda janoza o‘qilaveradi. Chunki yuvishdan maqsad tozalashdir. Tayammum bilan esa, tozalash amalga oshmaydi».

–      Shayx Muhammad ibn Muhammadmuxtor Shanqitiy «Umdatul Fiqh» sharhida bunday deydi: «Birortasining zarar beruvchi yuqumli kasalligi bo‘lsa – albatta mayyit to‘g‘risida gap ketyapti – va tirik g‘assolga zarari tegishi mumkin bo‘lsa, ya’ni, o‘qib o‘rganish bilan hamda mutaxassislar guvohligi asosida uning yuqumli kasali yuvish paytida g‘assolga yuqishi isbotlansa, bunday holatda mayyit tayammum qilinadi».

Ko‘rib turganingizdek, bu borada ikki ra’y bor ekan. Birinchisi: agar mayyitni yuvish ma’zur bo‘lib qolsa, uni tayammum qilinadi va janoza o‘qib, dafn etiladi. Ikkinchi ra’yga ko‘ra, mayyitni yuvish ma’zurli bo‘lsa, uni tayammum qilinmaydi, balki janoza o‘qib, dafn qilinaveradi. Biz ushbu javobimiz boshida aytganimizdek, musulmon kishi to‘g‘riligiga ko‘ngli taskin topib, xotirjam bo‘lgan ra’yga taqlid qilishi lozim.

11 –             Bizning aqida va ibodatlar masalasida tabanniy qilmasligimizga kelsak, bu to‘g‘ri. Lekin biz asosiy aqidalarda va Ummat birligi bilan bog‘liq ibodatlarda, masalan, har qanday yurtda oy ko‘ringan paytda ro‘za va hayit kunlarini boshlash kabi masalalarda tabanniy qilganmiz. Masjidlarni yopilishi masalasida ham tabanniy qildik. Ya’ni, javobda aytganimizdek, kerakli vaqtlarda masjidlar ochiq turishi vojib.

18 sha’bon 1441h

11 aprel 2020m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.