Koronavirus yuqtirganlar 23 kishiga etdi, 16 ming kishi karantinda

49
0

Koronavirus yuqtirganlar 23 kishiga etdi, 16 ming kishi karantinda

19 mart holatiga ko‘ra:

— O‘zbekistonda 23 kishida virus aniqlandi. Bular Parij, Istanbul, London va Dubaydan qaytgan vatandoshlar hamda ularning tibbiy kuzatuv ostida bo‘lgan yaqinlaridir.

— SSV: og‘ir ahvoldagi bemor yo‘q, ularning yaqinlari shifoxona va uy karantinida, jami karantinga olinganlar 16 ming kishidan oshiq.

— 16 martdan boshlab, O‘zbekistonga kirish-chiqish to‘xtadi, ta’lim muassasalari yopildi, davlat idoralarida majlislar to‘xtatildi.

— Evropa hanuz COVID-19 pandemiyasi markazi bo‘lib qolmoqda, aksar Evropa davlatlarida favqulodda vaziyat amalda.

— Virus yuqtirganlar rasmiy soni 200 mingdan, o‘lganlar soni esa 8 ming kishidan oshdi, 90 mingga yaqin odam sog‘aydi.

O‘ZBEKISTON: Inqirozga qarshi jamg‘arma tuziladi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

10 trillion so‘m evaziga Inqirozga qarshi jamg‘arma shakllantirilishi ma’lum qilindi.

Ushbu yig‘inda ma’lum qilinishicha, koronavirus infektsiyasi keng tarqalishi oldini olish maqsadida jami 16 ming kishi karantinga olingan. (Manba Ozodlik).

Tahlil: Islomiy o‘lkalar, shuningdek, Markaziy Osiyo singari uchinchi olam mamlakatlari, pandemiyaga qarshi kurashda o‘z holatlari, iqtisodiy imkoniyatlari va fuqorolari mintalitetlaridan kelib chiqib, o‘zlaricha uslublar ishlab chiqishsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Xitoy va G‘arb davlatlarining iqtisodiy imkoniyatlari nisbatan juda yuqori. Ular o‘z fuqorolari uchun karantin holatini xalqaro standartlarga yaqin sharoitlar yarata olishadi.

Kuni kecha internetdan O‘zbekistondagi karantinda saqlash sharoitidan norozi bo‘lgan odamlarning videolari va ayanchli sharoitlari tarqab ketdi. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham holat deyarli shunday. 16 ming odamni har biri virusdan kasallangan deb gumon qilinayotgani bilan, ularni bir birlaridan ajratib saqlash uchun imkoniyat ham, sharoit ham yo‘q. Hatto ulardan bir nechasi virusdan kasallangan bo‘lganida ham, karantin ularning barchasiga yuqtirishi uchun atayin sharoit paydo qilib berilayotgandek tasavvur paydo qildi. Ya’ni biz bir necha o‘nlagan kasallar uchun, aytaylik 16 ming odamni qamab bir-birlariga yuqtirishlari uchun qo‘yib berayapmizmi?. Ertaga karantindagi odamlar soni yana bir necha barobar ortishi mumkin. Unda bundan ham battar bo‘lishi kutiladi.

Davlatlarimiz kasallikka qarshi kurashda xalqaro standartlarga rioya qilaman deb, katta davlatlarga taqlid qilib imkoniyatlari ko‘tarmasa ham rasmiyatchilik yo‘lidan voz kechishi kerak. Minglagan odamni karantin qilib, qolganlaridan uzib saqlay olmasa, karantin uslubidan bosh tortib, aytaylik o‘z uylarida, shahar, qishloqni karantin qilib davolash uslubiga o‘tishi to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Davlat rahbarlarimiz fuqorolarini vabodan saqlashni hayotiy masala qilib olishlari kerak edi. Aksincha ular xalqaro tashkilotlarning nazariga tushish uchun ko‘r-ko‘rona ularga ergashish yo‘lidan borishyapti. Iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olmay, xalqqa zulm qilib, kasallikka sharoit va keng imkoniyat yaratib borishyapti. Xalqaro donor davlatlardan yordam olish yoki ichki fuqorolarining badavlat qatlamidan ixtiyoriy yoki majburiy jamg‘arma yig‘ib olish maqsadini ham ko‘zlashadi. Shuningdek xalq boshiga tushgan balodan foydalanib byudjet kamomadlari va bir qator siyosiy muammolaridan qutilib olmoqchi bo‘lishadi.

Islomiy mamlakat rahbarlari ham, nasroniylar singari vaziyat va sharoitlardan kelib chiqib, xalqning e’tiqodiy ishonchlaridan foydalanib, ularni o‘z dinlariga bog‘lagan holda ishonch bilan xavfga qarshi yo‘naltirishlari kerak edi. Negaki vaboga qarshi kurashda, xalqni davlat bilan fikr-tuyg‘u uyg‘unligi asosiy muvoffaqqiyat garovi bo‘lib hisoblanadi. Bu esa davlat va ummatning faqat o‘sha masaladagi iymoniy muhitda birlashishi bilan, ya’ni vaboga qarshi kurashdagi shar’iy masalaga rioya qilishlari bilan amalga oshadi. O‘shanda xalq davlatga va uning shu masalada chiqarib borayotgan qarorlariga ixtiyoran, qalbdan rioya qila boshlaydi. Shu qalbdan kelib chiqqan uyg‘unlik bo‘lmas ekan, davlatlarimiz vaziyatdan qutila olmay katta davlatlardan yordam olib, yana milliardlagan qarzlarga botib boraveradi.

Abdurazzoq Mo‘’min.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.