O‘zbekiston va AQSh harbiylari qo‘shma mashqlar o‘tkazdi

301
0

O‘zbekiston va AQSh harbiylari qo‘shma mashqlar o‘tkazdi

Shu yil 24 fevralidan 2 martiga qadar Milliy gvardiya O‘zbekistonning boshqa xavfsizlik kuchlari bilan birgalikda AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi bilan xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va o‘zaro muvofiqlikni oshirish maqsadida inqirozga qarshi qo‘shma mashqlar o‘tkazgan. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomada aytilishicha, o‘zbekistonlik va amerikalik harbiylar dala-o‘quv poligonlari va O‘zbekiston hukumati ruxsat bergan boshqa ob’ektlarda “Engilmas soqchi – 2020” nomli o‘quv mashqlarida ishtirok etdi.

“O‘zbekiston bilan harbiy hamkorligimiz o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlarga asoslangandi. “Engilmas soqchi” mashqlari kabi o‘quv dasturlari va qo‘shma javob mashqlari bizning O‘zbekiston bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorligimiz chuqur va kengligini ko‘rsatadi”, degan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum.

Izoh: AQSh va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi nufuz talashishi O‘zbekistonda to‘qnashmoqda.

Rossiya AES qurib berish hamda o‘zining ichki bozorlarini O‘zbekiston mahsulotlariga ochib berishni va’da qilish bilan O‘zbekiston rejimini o‘ziga tortmoqchi bo‘ldi. AQSh esa katta moliyaviy kreditlar va investitsiya olib kirish hamda turli darajadagi harbiy delegatsiyalar jo‘natish, o‘zbek harbiylarini o‘z yurtiga taklif qilish va qo‘shma mashg‘ulotlar orqali O‘zbekistonni o‘ziga jalb qilmoqchi bo‘lyapti.

2018 yil kuzida Missisipi shtati milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor Jenson Boyls boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga rasmiy tashrif bilan keldi. Tomonlar harbiy-texnik hamkorlikni va qo‘mondonlik va shtab darajasidagi harbiy kadrlarni tayyorlash sohasidagi so‘nggi yondashuvlarni muhokama qildilar.

2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov va O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining boshqa vakillari Kemp-Shelbi harbiy bazasida “Janubiy hujum” Milliy gvardiyasining mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va CENTCOM o‘rtasidagi harbiy aloqalar rejasini qo‘mondonlik shtabida muhokama qildilar.

O‘zbekistonga taklif qilinayotgan bu ikki tomonlama manfaatlar, aslida O‘zbekiston xavfsizligi uchun xatarli holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki AQSh va Rossiyani har birining bu mintaqada o‘z manfaatlari bo‘lib, birining manfaati ikkinchisinikiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu esa O‘zbekistonda xalqaro siyosatga ta’sir etuvchi davlatlar o‘rtalarida to‘qnashuvga olib keladi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.