Rossiya Qantdagi bazada uchuvchisiz aviatsiya bo‘linmasi tashkil etdi

68
0

Rossiya Qantdagi bazada uchuvchisiz aviatsiya bo‘linmasi tashkil etdi

 Rossiyaning Qantdagi harbiy bazasida qisqa va o‘rta masofali uchuvchisiz apparatlar bo‘linmasi tashkil etildi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘mondoni Aleksandr Lapinga tayanib rus OAVlari xabar qilmoqda.

 Xabarga ko‘ra, mazkur bo‘linmada o‘rta masofaga zarba beruvchi “Forpost” va qisqa masofaga mo‘ljallangan “Orlar-10” uchuvchisiz apparatlar joylashtirilgan.

 Lapin bu komplekslar Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlarida qo‘llanilgani va yaxshi natijaga erishganini ma’lum qilgan.

 Qirg‘iziston Qurolli kuchlari Bosh shtabi bu masala bo‘yicha izoh bergani yo‘q.

 Izoh: Fevral oyi boshida RF mudofaa vazirining o‘rinbosari Nikolay PankovRossiya Qirg‘izistondagi o‘zining harbiy bazasiga Havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini joylashtirmoqchi ekanligini va “Mazkur ish doirasida yaqin istiqbolda uchuvchisiz apparatlar bo‘linmasini joriy qilish va Rossiya Birlashgan harbiy bazasi tarkibiga kiritishni rejalashtirayapmiz”, – degan edi.

 U bu haqda Davlat Dumasida Rossiya Birlashgan harbiy bazasining QR hududida bo‘lish maqomi va tartiblari to‘g‘risida RF va Qirg‘iziston o‘rtasida erishilgan protokolni ratifikatsiya qilish mavzusida so‘zlagan nutqida aytib o‘tgandi.

  Ma’lumki, joriy yilning fevral oyi boshida AQSh davlat kotibi Pompeo Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelib ketganidan so‘ng AQSh Davlat Departamenti yangi dasturini e’lon qildi. Dasturga ko‘ra, Evropa, Evrosiyo va Markaziy Osiyoda Rossiyaning dezinformatsiyasi va tashviqotiga qarshi turish, uning zararli ta’siridan himoyalanish uchun 763,8 million dollar miqdorida xorijiy yordam va 24 million dollar miqdorida aniq maqsadlarda moliyalash (turli axborot nashrlari qo‘llab-quvvatlash tarzida ko‘mak berish) ko‘zda tutilgan.

 Pompeoning bu tashrifidan so‘ng AQSh va Rossiya o‘rtasidagi mintaqa ustidagi nufuz talashish yangi bosqichga chiqdi. Avvallari AQSh asosan nodavlat tashkilotlarni qo‘llash orqali rus nufuziga qarshi kurashib kelgan bo‘lsa, endilikda rasmiy hukumatlarni oshkora Rossiyaga qarshi yo‘naltirishga o‘tdi.

 Mazkur tashrifi chog‘ida Pompeo, “…Ular Xitoy va Rossiya ta’siri bor mintaqada joylashgan. Biz ular bajarishini xohlayotgan, Amerika bu erda qilayotgan ish ularning to‘g‘ri qarorlar qabul qilish qobiliyatini, qonunlar asosida shaffof boshqaruvga erishishini qo‘llab-quvvatlashdir”,- degandi. 

 AQShning Markaziy Osiyoga qaratayotgan bunday jiddiy e’tibori Rossiyani qarshi choralar ko‘rishga undashi tabiiy. Shu sababli ham u mintaqada o‘zining harbiy ishtirokni yanada kuchaytirishga intilmoqda. Buning uchun eng qulay yo‘l Qirg‘iziston va Tojikistondagi harbiy bazalarini kuchaytirish va o‘zini mintaqadagi tinchlik garovi sifatida ko‘rsatishdan iborat.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.