Hukumat bo‘shab qolgan byudjetni to‘ldirishni yangi yo‘llarini izlamoqda

579
0

Hukumat bo‘shab qolgan byudjetni to‘ldirishni yangi yo‘llarini izlamoqda

Qirg‘izistonda 300 ming somdan ortiq summaga mulk yoki boshqa narsa sotib olgan fuqarolarning barchasi deklaratsiya topshirishlari taklif qilinmoqda. Soliq kodeksiga shunday o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 22-yanvarda Jogorku Keneshda muhokama qilinib, uchinchi o‘qishda ovoz berish uchun jo‘natildi.
Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Doston Kadirov bunday chora daromad manbaini tozaligini tekshirishga yordam beradi deb hisoblaydi.
“2021-yildan boshlab agar 300 ming somdan ziyod sarf qilsa shu odam deklaratsiya topshirishi kerak deyapmiz. Agar qimmat buyum yoki boshqa narsa sotib olsa – topshiradi. Mablag‘ni qayoqdan topganini tekshiramiz”, – dedi Kadirov.
Deputatlar muhokama qilgan qonun loyihasida “2021-yildan boshlab deklaratsiya berish to‘g‘risidagi talab hisob ko‘rsatkichining 3000 barobari miqdorida mulk huquqi yoki mulkka bo‘lgan boshqa huquqni sotib olish bo‘yicha bir martalik harajat qilgan yakka shaxslarga taalluqli” deb yozilgan.
Izoh: Mamlakatda ishsizlik darajasining yuqoriligi va ish haqining ozligi sababli 6 milliondan oshiqroq aholiga ega Qirg‘iziston xalqining 1,5 millionga yaqini tirikchilik ilinjida chet elga chiqib ish izlashga majbur bo‘lmoqda. Ular chet elda, asosan, Rossiyada eng qora va og‘ir ishlarga yollanib, har qanday huquq va imtiyozlardan mahrum, kerak bo‘lsa 16-18 soatlab ishlab topgan pullarini vatanlarida qolgan yaqinlariga jo‘natib kelishadi. Bugungi kunda Qirg‘izistonda yakka shaxslar qilayotgan qurilish, olishayotgan mashinalar asosan chetda ishlayotgan o‘g‘il-qizlari jo‘natayotgan pullari hisobiga bo‘layotgani hech kimga sir emas.
Hukumat ularni o‘z vatanlarida ish bilan ta’minlashga qurbi yetmayotgani kamlik qilganidek, endi ular og‘ir mehnatlar evaziga topgan pullariga ham ko‘z olaytirmoqda. 300 ming som dollarga hisoblaganda 4 300 bo‘lib, mehnat muhojirlari yillar davomida topgan pullariga soladigan imoratlari, yoki yillab to‘plagan pulariga sotib olmoqchi bo‘lgan imoratlarini kerak bo‘lsa o‘ndan biriga ham barobar kelmaydi. Endi fuqarolar davlatning biror yordamisiz xorijiy yurtlarda kecha va kunduz tinim bilmay ishlab topgan pullari uchun ham davlatga soliq to‘lashga, daromadlari manbai va miqdorini tushintirishga majbur bo‘ladilar. Odatdagidek, qabul qilinadigan bu qonun ham faqat oddiy fuqarolar uchun tatbiq qilinadi. Davlat ishida ishlaydigan, 10-12 ming maosh olishiga qaramay 15-20 ming dollarlik mashinalarda yuradigan amaldorlar esa yana davrini surib yuraveradi. Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, shu vaqtga qadar o‘tgan yil uchun deklaratsiya topshirmagan davlat va munisipal idoralari xodimlarining umumiy soni 5106tani tashkil etadi.
Bundan tashqari yangi qonun loyihasi shundoq ham Qirg‘izistonda keng quloch yoygan korrupsiyani yanada gullab-yashnashiga zamin hozirlaydi.
Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.