Stoltenberg: AQSh Xitoyning ta’siri kuchayayotganligidan tashvishda

368
0

Stoltenberg: AQSh Xitoyning ta’siri kuchayayotganligidan tashvishda

 AQSh Xitoyning ta’siri kuchayib borayotganligidan tashvishlanmoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi.

 “AQSh har doim eng yirik iqtisodiyotga, eng ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan, u hamma narsada eng katta bo‘lgan. Hozirda Xitoy kattalashmoqda – ulkan iqtisodiyot, yirik YaIM, harbiy xarajatlarni oshirmoqda va texnologiyalarni rivojlantirmoqda”, – dedi u.

 Stoltenberg «Xitoy yangi texnologiyalarni rivojlantirishda jahon etakchisiga aylanayotganini» ta’kidladi.

 “5Gdan tortib, qiyofani aniqlash texnologiyalarigacha, kvant hisoblashlardan tortib, ulkan hajmdagi global ma’lumotlarni yig‘ishgacha. Shu bois Xitoyning ta’sir doirasi o‘sib borayotganligi xavfsizligimiz uchun nimani anglatishini tushunishimiz lozim”, – dedi Stoltenberg.

 Izoh: So‘nggi yillarda Xitoy iqtisodi juda tez rivojlanib, olamdagi eng yirik ikkinchi iqtisodga aylandi. Xitoy iqtisodini jadal rivojlanishi AQShni xavotirga solib qo‘ydi va uni o‘ziga iqtisodiy va harbiy  raqib qatori ko‘ra boshladi. Joriy yilning may oyida AQSh mudofaa vazirligi (Pentagon) ham Xitoyning kuchayib borayotgani bo‘yicha hisobot tayyorladi. Hisobot mualliflari “Xitoy etakchilari o‘sib borayotgan iqtisodiy, diplomatik va harbiy vazndan regional ustunlik o‘rnatish hamda mamlakatning xalqaro ta’sirini kengaytirish uchun foydalanmoqda”, – degan fikrni ilgari surishgan edi.

 Shu sababli ham, AQSh 2017-yildan boshlab Xitoy bilan “savdo urushiga” kirishdi. Ammo bu “urush” tufayli AQShning o‘zi ham jiddiy zarar ko‘rishi ortidan ikki davlat “urushni” to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat boshladi. Biroq, AQSh Xitoyning kuchayib ketishini istamaydi. Shu sababli ham AQSh necha yillardan beri ko‘z yumib kelayotgan Xitoyning Sharqiy Turkistondagi uyg‘ur musulmonlariga qarshi olib borayotgan siyosatidan bosim o‘tkazish quroli sifatida foydalanmoqchi va dunyo hamjamiyatini Xitoyga qarshi qo‘yishga intilmoqda.

 Abdurahmon Odilov      

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.