Amerika bazasi – Bakiyev rejimining halokati

106
0

v

Amerika bazasi – Bakiyev rejimining halokati

 “Oqilga ishora kifoya” deyilganidek eʼtiboringizga “AKIpress”da chop etilgan quyidagi maqolani xavola qilamiz. (Rus tilidan tarjima qilingan https://kg.akipress.org/news:630293)

 K. Bakiyevning diplomatik halokati xronikasi

 Joriy yil iyulida amerikalik harbiylar Qirgʻizistondan chiqib ketganiga besh yil toʻladi. 2014 yil 11 iyulda qirgʻiz tomoni talabi bilan AQSh harbiy bazasi oʻz ishini toʻxtatgan edi.

 Amerika harbiylari Qirgʻizistonga dastlab 2001-yil soʻngida AQShning 11-sentyabr hujumlaridan soʻng boshlagan aksilterror “Barqaror ozodlik” amaliyoti doirasida kelib joylashgan. Oʻsha yili Asqar Akayev amerika harbiy bazasini fuqaroviy “Manas” aeroporti hududida joylashtirishga ruxsat bergan. Biroq, bundan 10 yil avval, 2009-yil 3-yanvarda prezident Kurmanbek Bakiyev – oqibati oʻz rejimining qulashiga asos boʻlgan – shov-shuvli bayonot berdi. Mazkur bayonotdan soʻng uning harakatlarini Rossiya hukumati ochiqchasiga korruptsiya, klanchilik va oilaviy boshqaruvga bogʻlab fosh qilib yubordi.

 AKIpress bu qanday sodir boʻlganini 2016-yilda eʼlon qilgan materiallar orqali esingizga soladi.

 2009-yil 3-fevralda Kremlda Qirgʻiziston va Rossiya prezidentlari Kurmanbek Bakiyev bilan Dmitiriy Medvedev uchrashuvi boʻlib oʻtdi va unda Rossiya Qirgʻizistonga 2 milliard dollardan oshiq investitsiya kiritishni vaʼda qildi. Bunday sahiylarcha shartnoma –keyinchalik matbuot anjumanida aytilganidek – xalqaro darajadagi savdo quroli boʻlgan. Matbuot anjumanida rossiyalik jurnalist Bakiyevga Bishkekdagi Amerika aviabazasi taqdiri haqida savol berganda qirgʻiz prezidentining unga javobi tayyor edi: Bazani chiqarib yuboramiz!

 Bakiyev oʻz bayonotida: koalitsiya kuchlarining aviabazasi Qirgʻizistonda uzoq turib qolgani, baza turgani uchun AQSh mamlakatga kompensatsiya toʻlamayotgani, shuningdek, amerikalik harbiy tarafidan Qirgʻiziston fuqarosining oʻldirilishi boʻyicha jinoiy ish tergovi oxiriga yetkazilmayotganini aytdi. Bakiyevning aytishicha, qisqasi, baza bilan bogʻliq muammolar toʻplanib qolgan, shu sababli Qirgʻiziston bazani chiqarish boʻyicha barcha ichki tartib-qoidalarni koʻrib chiqishni maqsad qilib qoʻygan.

 Prezidentning bu bayonoti Rossiya bilan ham, AQSh bilan ham uzoqqa choʻzilgan savdolashishlarga olib keldi. Bu savdolashish qanday olib borilganini WikiLeaks eʼlon qilgan amerikalik diplomatlarning hujjatlari yaqqol koʻrsatib beradi. Qirgʻizistondagi AQSh elchixonasi maktublariga (depesha) muvofiq “Gansi” aviabazasi boʻyicha muzokaralarning navbatdagi bosqichi 2008-yil oktyabr oyida boshlangan.

 “AKIpress” mazkur hujjatlar asosida sobiq prezident Bakiyevning 2009-yili “Manas” aviabazasining chiqarib yuborilish munosabati bilan – oqibatda uning rejimiga mina qoʻygan – diplomatik halokat xronologiyasini keltiradi.

 2008-yil 2-oktyabda oʻsha vaqtdagi prezident maʼmuriyati boshligʻi Medet Sadirkulov – Qirgʻiziston “Manas” aviabazasi tufayli Moskvaning “daxshatli bosimi” ostida qolgani haqida – AQSh elchisi Tatiana Gfellerga maʼlumot beradi. Sadirkulovning aytishicha, ruslarning gʻazablanishining asosiy sababi – AQShning Gruziyani qoʻllashidagi ritorikalar boʻlmoqda. MDH sammitida bu masalani – buning evaziga mintaqadagi transchegaraviy suv muammolaridagi oʻzbek mavqeyini qoʻllab-quvvatlash uchun – Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov koʻtaradi. Sadirkulov agar oqibatlari yomon boʻladigan boʻlsa, Qirgʻiziston AQShdan qoʻshinini olib chiqib ketishni soʻraydi va “bu bizning shuni xohlayotganimizdan emas, balki bizda bundan boshqa tanlov qolmaganligi uchun”, deydi. MDH sammitidan keyin Sadirkulov amerikaliklarga “bosimga bardosh berilgani” haqida xabar qiladi. Shundan soʻng Bishkekka AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi Richard Baucher uchib keladi. Elchi Gfeller 2008-yilning 17-oktyabrdagi maxfiy maktubida, yordamchi bazaning “xavfsizligiga” erishilgani haqida yozadi. Elchi bu fikrni 2008-yilning 31-oktyabridagi xulosaviy maktubida ham yozgan.

 2009-yil 14-yanvarda, Bakiyev maʼmuriyatining yangi rahbari Daniyar Usenov – Moskvaning 2,5 milliard dollarlik sarmoyasi evaziga Bishkek bazani chiqarish boʻyicha taklifni qabul qilishga yaqin ekanligini – AQSh elchisiga maʼlum qiladi. Elchi Gfeller buni “maxfiy” belgisi ostidagi xati orqali oʻz rahbariyatiga xabar qiladi.

Unda Usenov “Manas” bazasini yopish uchun Rossiya 2,5 milliard dollar taklif qilgani haqida xabar qilgani aytilgan.

Usenovning soʻzlariga koʻra, prezident Bakiyev taklifni qabul qilishga yaqin, biroq, agar AQSh 10 yil mobaynida yiliga 500 million dollar taklif qilsa, u holda vaziyatni saqlab qolsa boʻladi.

Elchi bu haqda: bu odatdagidek qirgʻizcha taktika – koʻp pul undirish kerak, biroq, baza chindan ham yopilishi mumkin – degan fikrni bildiradi. Gfeller, agar Pentagon bazani saqlab qolishni xohlasa, u holda yaqin oylarda Qirgʻizistonga muzokaralar uchun komanda joʻnatishni tavsiya qiladi.

 21-yanvarda Bishkekka AQSh Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni general Petreus uchib keldi. Elchi unga – bosh vazir Chudinov bazaning yopilishi boʻyicha hech qanday rasmiy muzokaralar boʻlmagani va Rossiya yordami bilan baza oʻrtasida bogʻliqlik yoʻqligini – aytganini maʼlum qiladi. Elchi, “Biz vaziyatga barqaror, biroq, nozik deb qaraymiz”, – degan xulosa chiqaradi. Yana “qirgʻiz tomonga qoʻshimcha iqtisodiy imtiyozlar berilmaguncha, baza yana xavf ostida qoladi”, deydi.

23-yanvarda elchi maxfiy xatda bunday deb yozdi: “general Petreusning tashrifi – bazani saqlab qolish maqsadida birgalikda yangi, foydaliroq iqtisodiy yordamlar paketini tayyorlash uchun – amerikaliklarga bir oycha vaqt yutib berdi”. Shuningdek, elchi agar bunday boʻlmasa baza 2009-yilda yopilishini hisoblab chiqqan. Yana u 50 million dollardan ziyod yangi narxni hisoblab bergan.

29-yanvarda Rossiyaning Qirgʻizistondagi elchisi Vlasov Rossiya tomonidan 2,5 milliard dollar iqtisodiy yordam tariqasida berilishi, shuningdek, bu shartnoma 3-fevralda K. Bakiyevning Moskvaga amalga oshiradigan tashrifida imzolanishini tasdiqladi. Oʻshanda Rossiya elchisi: “Men doʻstlarimizni sotib olmaslikni avzal koʻrar edim”, – degan.

30-yanvarda Qirgʻizistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidikova – Bakiyev 2008-yili dekabrda – Rossiyaning iqtisodiy yordami evaziga bazani chiqarishga qaror qilganini tasdiqladi. Shuningdek, u AQSh yanada qimmatroq narx taklif qilish bilan bazani saqlab qolishi mumkinligini aytadi va muzokaralar olib borish uchun komanda joʻnatishni taklif qildi. Uning aytishicha, 3-fevraldan keyin narx sezilarli darajada oshadi.

2009-yil 2-fevralda elchi Gfeller prezident maʼmuriyati boshligʻi D. Usenov va TIV rahbari Sarbayev bilan uchrashdi. Usenov “Manas” bazasini saqlab qolish uchun bajarilishi kerak boʻlgan talablar roʻyxatini topshirdi:

-1,8 mlrd dollarlik tashqi qarzdan kechish;

-Bazaning ijarasi boʻyicha 2006-yildan beri toʻplanib qolgan 150 mln dollar “qarzni” toʻlash;

-harbiy baza maqomi “transport va logistika markaziga” aylantirilgan va baza qirgʻiz xizmatlari tomonidan qaytariladigan yangi shartnoma tuzish;

-Bazani Bishkekdan Oʻshga koʻchirish;

-“Janub-Shimol” energiya koridorini barpo etuvchi qoʻshma korxonaga 2 mlrd. dollar ajratish;

-Baza ijarasi uchun har yili 300 mln dollar berish;

-yiliga 0,75% bilan, dastlabki 10 yili toʻlovsiz 500 mln dollarlik kredit ajratish;

-xaydovchi Ivanov (AQSh harbiy tomonidan otib oʻldirilgan) va Yasinov (amerikalik diplomat mashinada urib yuborgan) oilasiga million dollardan kompensatsiya toʻlash.

D. Usenovning soʻzlariga koʻra, ushbu shartlar bajarilishi K. Bakiyev bilan Davlat kotibi Xillari Klintonning telefon orqali muloqotlariga sharoit yaratmoqchi.

3-fevralda Moskvada Bakiyev Qirgʻiziston AQShdan aviabazani olib chiqib ketishni talab qilishini rasman maʼlum qildi.

5-fevralda AQSh elchisi turli manbaalardan olingan maʼlumotlarni taxlil qilib: Bakiyevning harakatlari muddatidan oldin oʻtkaziladigan prezidentlik sayloviga tayyorgarlikdan iborat, u saylovga 30-aprelga qadar ajratilishi vaʼda qilingan 450 mln dollar Rossiya mablagʻini sarflamoqchi,- deb yozdi. Uning fikricha, AQSh 2 mlrd dollarga raqobat qilmaydi, biroq, 450 mln dollarlik miqdorga toʻliq raqobatdoshlik qila oladi. Shuningdek, bayonotda yana shunday deyiladi, elchixona qirgʻiz tarafi Vashington tomonidan “Manas” boʻyicha qoʻshimcha taklif kutayotgani toʻgʻrisida bilvosita axborot oldi.

12-fevralda elchi Gfeller Vashingtonga “Manas” boʻyicha oʻz taklifini joʻnatadi. U Moskva bilan ham, Bakiyev bilan ham paralel muzokaralar olib borishni taklif qiladi. Elchi Rossiyaga baza 2011-yili yopiladi deb kafolat berishni taklif qiladi. Ikkinchidan, Moskvaga buni taklif qilish orqali ular ruslarning Oʻrta Osiyodagi hukmronligini qayta tiklash tuygʻularini qitiqlab, bundan foydalanishi mumkin. Agar Moskva bunga rozi boʻlsa, amerikaliklar ulardan – Bakiyev bilan muzokaralar olib borilayotganda – betaraf qolishlarini talab qilishlari kerak. Elchi, harbiy baza Bakiyev uchun bir tovar kabi, shu sababli u odamni shunchaki sotib olish mumkin, deydi.

17-fevralda prezidentning yangi maslaxatchisi Muratbek Imanaliyev AQSh elchisiga Bakiyev qilgan ishlaridan juda afsusda ekanligi va “Manas” deb atalgan bu boʻtqadan chiqish choralarini izlayotganini maʼlum qiladi.

Elchi Imanaliyevning soʻzlarini keltiradi: “Bakiyev menga qoʻngʻiroq qilib iltimos qildi: “Amerikaliklar muzokaralarga qachon kelishadi? Men nima qilishim kerak?”. Imanaliyev Bakiyevni uzoqni koʻra olmasligini maxaralaydi. U unga shunday debti: “Sening hukumating yutqazdi. Sen Rossiya bilan bunday yomon shartnomaga bormasliging kerak edi. Bu tuzoq boʻlgan. Rossiya vaʼda qilgan pulni hech qachon bermaydi”. Shunda Bakiyev nima qilishim kerak deb soʻrabdi. Imanaliyev: “Moskvaga bir tomonga chipta sotib ol” depti. Imanaliyevning soʻzlariga koʻra, Amerika bazaga muvofiq haq toʻlashi kerak, albatta oshiqcha emas. U yana, Bakiyevning yaqinlari – “tentaklar” (prezident maʼmuriyati boshligʻi Usenovni aytyapti), ular xali ham “ahmoq” Bakiyevni baza uchun qimmat narx soʻrashga majburlashmoqda, degan.

 AQSh elchisi shunday xulosaga keladi, Usenovning real boʻlmagan talablaridan soʻng sukut saqlash siyosati oʻz natijalarini beryapti, shu sababli, amerika tomonida baza uchun maqbul narxga kelishib olish imkoni bor.

25-fevralda elchi prezident maʼmuriyati boshligʻi Usenov, TIV rahbari Sarbayev, prezident maslaxatchisi Imanaliyevlar bilan alohida-alohida uchrashadi. Usenov muzokaralarni – bazada amerikalik harbiylar boʻlmasligi kerak; Rossiya hududi orqali tranzit qilinganidek, Qirgʻizistonda ham bazadan noharbiy yuklarni tashishda foydalanish kerak – degan shartlar bilan boshlashni taklif qildi. Keyin Imanaliyev bazani harbiylarsiz saqlab qolinishini bemanilik deb atadi. Chunki, u holda bazani saqlab qolishdan maʼno qolmaydi, yuklarni esa Qirgʻizistonni chetlab ham tashish mumkin. Uning fikricha, muzokaralarda uch tomon ishtirok etishi kerak: Qirgʻiziston, AQSh va Rossiya. U ajoyib taklif kiritdi – bazaning nominigina oʻzgartirib, oʻzini harbiy baza sifatida saqlab qolish. Oʻsha kuni kechqurun Sarbayev telefon qilib, prezident Bakiyevning nomidan gaplashayotganini aytdi. Uning aytishicha, Qirgʻiziston “Manas” harbiy bazasini AQSh harbiylari bilan saqlab qolish boʻyicha muzokaralar olib borishga tayyor. 

2009-yil 2-aprelida bevosita muzokaralar boshlandi. Elchi Gfeller yozganidek, unda elchi Djekson Donalьd boshchiligidagi Davlat departamenti va Pentagondan tashkil etilgan qoʻshma delegatsiya qatnashgan.

Bu orada 2009-yilning bahorida qirgʻiz-rus muzokaralari natijasida Rossiya Qirgʻizistonga 2,15 mlrd dollarlik iqtisodiy yordam paketini ajratishga rozilik berdi. Yordam jumlasidan 1,7 milliard dollari Norin daryosidagi Kambar-Ata GES-1 qurilishiga, 300 mln dollari – davlat rivojlantirish Fondiga, 150 mln dollari – ijtimoiy tarmoqlarni moliyalashga ajratiladigan boʻldi. Shartnomaga muvofiq 450 million dollar 30-aprelga qadar oʻtkazib beriladigan boʻldi.

Soʻngra rossiya tomoni kreditning – qirgʻiz tomoni vakolatlarini tekshirishga imkon beruvchi kichik bir qismi – 450 mln dollarlik mablagʻni ajratdi. Biroq, keng reklama qilingan, prezidentning oʻgʻli Maksim Bakiyev boshqargan Qirgʻiziston rivojlantirish Fondi Bakiyevlar oilasining asosiy daromad manbaiga aylandi. Fond hukumat tomonidan nazorat qilinmas, u prezident oilasiga tegishli boʻlib, unga foyda olib kelar edi. 600 mln somlik mablagʻga ega Fond endilikda Rossiyaning 300 mln dollarlik krediti hisobidan boyidi

Keyinchalik rus hukumati Rossiya tomonidan ajratilgan 450 mln dollar “oʻz oʻrniga sarflangani yoʻq” deb xabar tarqatdi. Qirgʻiz hukumati ajratilgan mablagʻni – daromad olish uchun – boshqalarga kredit beruvchi fond tashkil etishga sarfladi. Rivojlantirish Fondi prezidentning oʻgʻli boshqargan “Rivojlantirish, investitsiyalar va innovatsiyalar Markaziy agentligi (TsARII)ning boʻlimi edi. Rossiya Qirgʻiziston qoʻshimcha mablagʻlarni olishga tayyor emas deb topdi va kreditning qolgan qismini bermay muzlatib qoʻydi.

Vashington “Manas” bazasini yoʻqotishga rozi emasligini koʻrsatdi. Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbs: “Biz Qirgʻiziston hukumati bilan vujudga kelgan vaziyatni bartaraf qilish maqsadida hamkorlik qilishga tayyormiz”, – dedi. Oq uydagi bir manba axborot vositalariga: Vashingtonga grant, kredit, pul va infrastruktura kabi bir qator iqtisodiy ragʻbatlantirish vositalarini izlashga toʻgʻri keladi”, – dedi.

Oʻsha yilning bahorida Bishkekka AQSh delegatsiyasi keldi, albatta quruq qoʻl bilan emas, balki prezident Barak Obamaning murojaatini olib keladi. Bu ham shunchaki emas – Gfleyer oʻz xatlarida aytganidek – TIV rahbari Sarbayev muzokaralar vaqtida Obamaning maktubi boʻlishini iltimos qilgan va maktub qoʻliga tekkanida qaltirab ketgan.

2009-yili 22-iyunda AQSh va Qirgʻiziston “Manas” aeroportida tranzit yuk toshish Markazini tashkil etish boʻyicha shartnomani imzolashdi.

Natijada Qirgʻiziston Rossiyadan 450 mln dollar yordam oldi, biroq, Amerika harbiy bazasi oʻz oʻrnida qoldi. AQSh har yili 60 mln dollar kompensatsiya toʻlaydigan boʻldi. Huquqiy jihatdan aviabaza tugatildi – yaʼni amerikalik harbiylar dislokatsiyasi oʻrniga – ilingan yozuvgina almashtirib qoʻyildi.

Bir oydan soʻng – 2009-yil 23-iyulda – Bakiyev prezidentlikga  ikkinchi muddatga qayta saylandi.

 Rossiya oʻz munosabatini ochiq bildirmadi, bu ishni oʻz nazorati ostidagi axborot vositalariga qoldirdi. Rossiyalik axborot vositalari rejali tarzda Maksim Bakiyev bilan atrofidagilarining jinoiy harakatlarini ocha boshladi, jumladan uning moliyaviy boshqaruvchisi Yevgeniy Gurevichning xorijiy davlatlardagi jinoiy jarayonlarini ochdi.

Qirgʻiziston va Rossiya hukumati darajasidagi muzokaralarda moliyaviy yordam taqdiri toʻgʻrisidagi savollar koʻp tilga olina boshlandi. Hatto prezident Medvedev ogʻzidan ochiqchasiga Qirgʻizitonga qaratilgan soʻz chiqdi: “Bu mamlakatlarning orasidagi ayrimlari bilan bizning masalalarimiz bor… Ular bizning sheriklarimiz, biroq bu biz ularga asossiz imtiyozlar beraverishimizni anglatmaydi”. Bir ozdan soʻng Rossiya neft maxsulotlariga boj joriy qildi, bu esa mamlakatda benzin narxi tez koʻtarilib ketishiga olib keldi. Rossiya rahbariyatining bunga qadar Bakiyev haqida aytmay kelgan fikrlarini bir necha oydan keyin fosh qilish imkoniga ega boʻldi – Bakiyevlar oilasi va ular atrofidagilarining ochkoʻzligi 2010-yil aprelida hokimiyatni kuch bilan almashtirishga olib keldi

7-aprel kungi Bishkekdagi qonli xodisalarga baho berib, Rossiya prezidenti Dmiritiy Medvedev: “Bakiyev rejimining qulashi – Qirgʻiziston xalqining manfaatlaridan hisoblangan davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga layoqatsizligi, shuningdek, soʻngi yillarda paydo boʻlgan korruptsiya, klanchilik va oilaviy boshqaruvga bogʻliq”, – dedi.

Rossiya bosh vaziri Vladimir Putin: “Bakiyev oʻz oʻtmishdoshi Askar Akayev bosgan yertaroqni qayta bosdi”, – dedi.

Buning ustiga Rossiya yangi hokimiyatni darhol tan oldi.

2011-yili prezident boʻlganAlmazbek Atambayev lavozimga kirishar ekan ilk qadamlaridan birini – amerikalik harbiylarni chiqarish dedi va AQShga 2014-yilga qadar vaqt berdi, chunki, baza boʻyicha shartnoma muddati shu vaqtda tugar edi. 2014-yil 11-iyulda AQSh Qirgʻizistondan harbiy kontingentini olib chiqib ketdi.

Bundan oldin 2012-yili Rossiya bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi shartnomalar paketi imzolandi – Rossiya Kambar-Ata GES-1 va Yuqori Norin kaskadi qurilishiga 2 mlrd dollarlik investitsiya vaʼda qildi, buning evaziga Qantdagi harbiy aerodrom va mamlakatning gazotransport tizimini deyarli tekinga oldi.

2015-yili mamlakatimiz Rossiya bilan boʻlgan barcha shartlarni bajardi – Amerika harbiy bazasini chiqardi, Bojxona ittifoqiga kirdi va Qantdagi rus bazasini 2032-yilga qadar qoldirdi.

Dekabrda Atambayev – Rossiya ichki inqirozlar sababli GES kabi katta miqyosdagi  loyihalarni amalga oshirishga qudrati yetmasligini, shu sababli Qirgʻiziston yangi investorlar izlashini maʼlum qildi…

Shunday qilib, ikki olamiy derjava – AQSh va Rossiyaning harbiy baza atrofida Qirgʻiziston bilan boʻlgan tarixi mana shunday…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.