Beshinchi avlod (G5) texnologiyasi nima va qanday qilib u Tramp bilan uning maʼmuriyatini jigʻibiyron qilyapti va Amerika Xitoyga qarshi boshlagan iqtisodiy urushni qanday avj oldiryapti?!

517
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Beshinchi avlod (G5) texnologiyasi nima va qanday qilib u Tramp bilan uning maʼmuriyatini jigʻibiyron qilyapti va Amerika Xitoyga qarshi boshlagan iqtisodiy urushni qanday avj oldiryapti?!

Doktor Muhammad Aqraboviy qalamiga mansub

Ikkinchi Jahon urushidan soʻng Amerika dunyo iqtisodi ustidan yakkahokimlik qila boshlagach, Xitoy bilan boʻlgan muomalasini kuzatib borish va ogʻir-vazminlik asosida olib borishni istadi. Bu holat to Xitoy dunyo iqtisodiga sherik boʻlishni, zinadan asta sekin koʻtarilishni boshlagunga qadar davom etdi. Uning iqtisod mashinasi tezlashgani sari, Amerika ham bu narsani hisobga olib, qanday pozitsiya tutishini belgilab bordi… Amerika ushbu Xitoydek bir oʻjar-itoatsiz davlatni tiyib qoʻyish uchun hamda AQSh nufuzi ostidagi mintaqalar hamda uning hozirgi va kelajakdagi xalqaro iqtisodiy bozorlari tashqarisida qolishi uchun Xitoyga qarshi makr-hiylalar qila boshladi. Amerikaning Xitoyga boʻlgan bunday iqtisodiy urushi turli xil shakl kasb etdi. Bu urush xalqaro va regional vaziyatga, Amerikaning xalqaro faol davlatlar bilan oʻzaro hamfikrliligiga, olamdagi siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarga qarab goh taranglashsa, gohida pasayib bordi. Lekin Amerika Xitoyni bir lahza ham koʻzdan qochirmadi, uning turli fitna va nayranglarini kuzatib turdi. Zero, oʻz mabdasini butun olamga yoyishga harakat qiluvchi har qanday yirik davlat odatda mana shunday qiladi.

Ushbu qisqa maqolamizda Huawei kompaniyasiga va bu kompaniyaning AQSh maʼmuriyatini nega bunchalik jigʻibiyron qilib, zamonaviy iqtisod olamida mislsiz zoʻravon choralarni koʻrishga majbur qilganiga biroz toʻxtalib oʻtmoqchimiz.

Bu kompaniya chindan ham Xitoy qoʻlidagi eng kuchli qurol hisoblanadi. Xitoy u orqali dunyo iqtisodiga chuqurroq kirishga hamda oʻzining xarajati oz, yuqori texnologiyaga ega ayni yutugʻidan foydalanib, olam iqtisodi taxtiga yastanib oʻtirib olishga urinyapti. Huawei kompaniyasiga 1987 yil asos solingandan boshlab, boshqa Xitoy kompaniyalari qatori amerikaliklar koʻzi ostidan qochirilgani yoʻq. Boshida amerikaliklar bu kompaniyani raqamli tarmoqlarda qoʻllanadigan ayrim uskuna va jihozlar ishlab chiqarishdan nariga oʻtmaydi, deb oʻylashgan edi. Shuningdek, Amerikaning Cisco singari raqamli tarmoq uskunalarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar bilan raqobatlasha olmaydi, raqobatlashsa-da, uzoqqa bormaydi, deya ishonishgan edi. Amerikaliklar – biz eng muhim material va sanoat tovarlari manbalarini oʻz nazoratimiz ostida ushlab kelyapmiz (Cisco kompaniyasi ham oʻz sanoatini rivojlantirishda ayni material va sanoat tovarlariga tayanadi), shu bois istagan vaqtda Huaweini tiyib qoʻya olamiz, deb oʻylashgan edi. Keyin Huawei kompaniyasi bilan kurash avj olib, taranglasha boshladi. Chunki Xitoyning bu kompaniyasi dunyodagi aloqa tarmoqlari qurilmalari va infratuzilma tizimlarini ishlab chiqaruvchi gigant kompaniyalar bilan bellashadigan boʻldi… Birin-ketin ulardan oʻzib, nihoyat, xalqaro va mahalliy tarmoqlarda qoʻllanadigan qurilmalar boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egalladi. Amerika bunga javoban Huaweini huquqiy kurash oʻyiniga kiritib qoʻydi. Bu oʻyin Gʻarbning mulkchilik huquqlari va ularni legallashtirish tushunchasi boʻyicha oʻynalar edi. Amerikaliklar baʼzi hollarda Huaweiga yirik miqdorda jarimalar solishdi hamda uni qaytib Gʻarb kompaniyalari loyihalarini oʻgʻirlamaslikka vaʼda berishga majburlashdi. Biroq bu choralar Huaweini kengayib, keng tarqalishini toʻxtatolmadi. Masalan, bu kompaniya ilmiy rivojlanishga ixtisoslashgan bir muassasa ochib, oʻziga ishlayotgan 180 ming nafar mulozimdan 70 mingini shu boʻlimdan yetishtirib chiqardi. Yigirma birinchi asr kirishi bilan Huawei kompaniyasi yangi texnologiyaning eng muhim va qaynoq sohaga, yaʼni, sotoviy yoki mobil telefonlar sektoriga kirishga muvaffaq boʻldi. Yaqinda esa, Amerikaning Apple korporatsiyasi va Koreyaning Samsung kompaniyasi kabi gigantlar bilan raqobatlashishga qodir boʻla oldi. Hatto baʼzi ekspertlar Huawei kompaniyasi savdosi dunyoda eng yuqori koʻrsatkichga yetganini bildirishdi.

Ammo Amerikani esini ogʻdirib qoʻygan va “Huawei kompaniyasini boykot qilish va dunyoga uzatilgan qoʻllarini qirqib tashlash kerak”, deya butun dunyoga bor ovozi bilan jar solishga majbur qilgan narsa mana shu aytilgan faktlarning oʻzi emas. Balki Amerikaning shu ahvolga tushishiga asosiy sabab, Huawei kompaniyasining 2018 yil boshida simsiz aloqa boʻyicha beshinchi avlodni, yaʼni, xalqaro mobil tarmoqlarida qoʻllanuvchi (G5) texnologiyasiga erishganini, keyin bir yil oʻtib, beshinchi avlod tarmogʻi uchun birinchi marta koʻp tartibli chipni ishga tushirganini eʼlon qilgani boʻldi. Bundan tashqari beshinchi avlod tarmoqlari uchun ayni chipda ishlovchi birinchi tijoriy qurilmani taklif qildi.

Biroq Amerika oʻzining Google korporatsiyasiga hamda Qualcomm, ARM va Intel kabi gigant kompaniyalariga, hatto Facebookka buyurib, Huaweini boykot qildirdi. Mana shunday ochiq sharmandali ravishda uni parchalashga, hatto 2018 yil dekabrda Kanadada Huawei moliya ishlari direktorini, yaʼni kompaniya asoschisining qizini Kanadada qamoqqa olib, uni AQShda sud qilishga urindi! Xoʻsh, Amerikani bunchalik qattiq gʻazablanishga nima sabab?!

Javob ushbu beshinchi avlod texnologiyasining afzalliklarida yashiringan. Toʻgʻri, u foydalanuvchiga maʼlumotlar tezligini bir soniyada 20 gigabaytga qadar tezlatib beradi, yuqori chastota diapazonida ishlaydi, chastotalar hajmi va maʼlumotlar samaradorligining yuqoriligiga ega, foydalanuvchiga bir vaqtning oʻzida butun dunyo boʻylab 100ta qurilma bilan ishlash imkoniyatini beradi, maʼlumot uzatish vaqtini taxminan millisekundga qisqartiradi, yangi qurilmalargagina emas, balki eski qurilma va jihozlarga ham mos keladi… Biroq Amerikani dargʻazab qilgan narsa shu va boshqa afzalliklarning oʻzi emas. Balki uni eng avvalo ustunlik va narx jihatidan ayni texnologiyaning egasi Xitoy kompaniyasi boʻlganidir. Bu kompaniyaga Amerikada birorta ham raqobatchi topilmayapti. Gʻarbdagi raqiblari esa, faqat Nokia bilan Ericsson kompaniyalari boʻlib, ikkalasi ham Skandinaviyada va ikkalasi ham Huaweichalik imkoniyatga ega emas. Demakki, kimda-kim – garchi hal qiluvchi soʻz egasi boʻlmasa ham – Huaweiga egalik qilsa, bas, u ayni texnologiyaga asoslangan kelajak sanoatiga taʼsir oʻtkaza oladi. Maʼlumki, tarmoq uskunalari va tizimlari bilan shugʻullanuvchi har bir kompaniya, kelajakdagi faoliyati jarayonida oʻz uskuna va tizimlarini ayni yangi texnologiyaning yangi taraqqiyotiga moslashtirishga, oʻsha bilan barobar olib ketishga harakat qiladi. Aks holda, vaqtdan ham yutqazadi, ishlab chiqarishlari bilan barobar sarmoyalari ham oʻladi. Zotan, yangi texnologiya rivoji bilan barobar yurmagan koʻplab kompaniyalar mana shunday ahvolga tushdi. Mening fikrimcha, Tramp va uning maʼmuriyatini jinni qilgan narsa ham mana shu. U AQShdagi texnika dargʻalarining hammasini toʻplab, ulardan zudlik bilan aloqa tarmogʻi texnologiyasining oltinchi avlodini yaratishni talab qildi, shu orqali yurtining ayni sohadagi ustunligini qayta saqlab qolishga urindi, goʻyo aloqa tarmogʻi texnologiyasining oltinchi avlodini yaratish “suf-kuf”, desa yaralib qoladiganday!

Amerika Huawei kompaniyasidan mana shunday tarsaki yegach, unga qoʻygan ayblovlarini bevosita oqlashga va yana-da kuchaytirishga tushdi. Bu AQSh kompaniyalari loyihalarini oʻgʻirlaganlik hamda Xitoy foydasiga josuslik qilganlik ayblovlari edi. Endi, yaqinda bularga yana yangi ayblov-AQShning Eronga belgilagan sanktsiyalariga qarshi harakat qilish ayblovini qoʻshdi. Biroq, aftidan, Huawei ham Amerikaga osonlikcha yem boʻlmaydigan hamda tahdidlar va xalqaro darajadagi yutuqlarining parchalashga boʻlgan urinishlarga osonlikcha taslim boʻlmaydigan koʻrinadi. Chunki uning qoʻlida koʻplab kartalar, eng muhimi, Xitoy hukumati qoʻllab-quvvatlovi bor. Xitoy hukumatida boʻlsa, AQSh kabi davlatlarga bosim qilishda qoʻl keladigan kartalar talaygina. Misol uchun, noyob yer elementlarining 70 %iga Xitoy egalik qiladi. Buning doirasiga deyarli barcha yangi sanoatlar, shu jumladan, AQShga Huawei kompaniyasidan uzib qoʻyish xavfini tugʻdirayotgan telekommunikatsion sanoat kiradi.

Shu oʻrinda, biz musulmonlar nuqtai nazarimiz boʻyicha, muhim bir savol tugʻiladi: Bu mavzuda biz qayerda qoldik, bizning ham biror rolimiz bormi? Afsuski, shuni qatʼiy ayta olamizki, ustimizdan bugungi tizim hukmronlik qilib, bizni temir va olov bilan boshqarayotgan ekan, bunga nisbatan biz qoʻl qovushtirib turibmiz. Vaholanki, tez orada olovga yonilgʻi yetib kelsa, uning alangasi qoʻl qovushtirib turganlarga ham yetib bormay qolmaydi.

Ammo bizning butun olamiy kapitalizm va uning yurtlarimiz va potentsiallarimiz ustidagi hukmronligiga qarshi kurashimizda shunday bir ibrat-namunalar borki, fursatni gʻanimat bilib, ushbu namunalardan albatta foydalanmogʻimiz va olamdagi barcha ahrorlarga yetkazmogʻimiz darkor. Bu namuna esa, bozor iqtisodi va kapitalistik davlatlar arboblari ogʻiz koʻpirtirib gapirayotgan globallashuv kabi afsonalarni fosh etishdan iborat. AQSh yetakchilik qilayotgan va boshqa Gʻarb davlatlari hamkorlik qilayotgan ushbu globallashuv degan narsa Huawei kompaniyasi bilan boʻlgan muomalalaridan, uni sindirish uchun qilayotgan til biriktiruvlaridan hamda uni oʻzlarining qoʻl ostidagi dunyo bozoriga kiritmaslik uchun zoʻr berib sarflayotgan harakatlaridan yaqqol koʻrinib qoldi. Bu ishda ochiq surbetlik koʻrsatib, oʻz qadriyatlarini ham hurmat qilishmayapti hamda oʻzlari ishlab chiqqan va butun dunyoning boshini ogʻritishayotgan qonunlarga ham zarracha rioya qilishmayapti, dunyo bozoriga kirib olib, uni oʻzlari nazorat qilishga urinishyapti.

Bu kapitalistik tuzum 200 yildan buyon olamning hoʻlu qurugʻini barobar yoqib, zoʻravonlik qilib, oʻtgan 100 yil ichida turli-tuman zulm va monopoliya uslublarini yaratgan ekan, bu tuzum ham bugun tugab-bitish arafasida turibdi. U mana shunday global kurashlarni oʻylab topish bilan oʻzini-oʻzi sindirmoqda. Chunki bu kurashlar oxiri insonga ham, hayotga ham yaxshilik keltirmaydi.

Boyliklar ortidan halloslab yuguradigan, uni turli yoʻllar va nayranglar bilan oʻzlashtirishdan oʻzga tashvish bilmaydigan bu balo-ofat tuzumning faqat bitta alьternativi bor. U ham boʻlsa, sudxoʻrlik, monopoliya, zulmni harom qilgan va bular uchun jazo belgilagan Islom tuzumidir.

Biroq musulmonlar mustamlakachilik kishanlaridan ozod boʻlib, barcha insoniyatni Islom va uning tuzumi asosida gʻamxoʻrlik bilan siyosat yuritadigan roshid bir davlatni barpo etmas ekanlar, bu alьternativ quruq loyiha boʻlib qolaveradi, hech kim unga qiyo boqmaydi.

Roya gazetasining 2019 yil 19 iyun chorshanba kungi 239-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.