Bashir hukumati islomiy edi, degan gapga uzil-kesil javob

534
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Bashir hukumati islomiy edi, degan gapga uzil-kesil javob

Ustoz Muhammad Jome (Abu Ayman)

Hizb ut-Tahrirning Sudan viloyatidagi rasmiy notigʻi yordamchisi

Shu kunlarda Islomga qarshi qaratilgan gaplarni eshitib qolyapmiz. Goʻyo korruptsiyachi Bashir hukumati islomiy boʻlgan emish. Gʻalati bir gaplarni aytib yurishibdi. Masalan: “Bashir hukumati bizga Islomni yomon koʻrsatib qoʻydi” va “Bizni Islom bilan alday olmaysizlar” kabi. Bu bilan sharʼiy hukmni aytayotgan yoki voqea-hodisalarga Islom asosida qarayotgan har bir kishiga hujum qilishmoqda. Hatto ulardan biri – oyatdagi “اقِرَأْ” kalimasi dalil qilinib, dinimiz bizni ilmga va tushunishga buyuryapti, deb bayon qilingan paytda oyatda kelgan ushbu kalimaga hujum qildi. Uning daʼvosicha, bunday dalil qilib keltirish Kizoniy (yaʼni ixvonchilar)ning uslubi emish. Subhanalloh! Shuning uchun bu kabi gaplarga uzil-kesil yechim berishimiz va keskin raddiya bildirishimiz kerak boʻlyapti.

Kizon boshqa, Islom boshqa. Ikkisi bir-biriga mutlaqo zid, oʻrtalarida aslo oʻxshashlik yoʻq. Islom oʻzining nusus va manbalari bilan Robbul alaminning dinidir. Islomni savob ish qilganlarning savobi bilan ham, gunoh qilganlarning gunohi bilan ham oʻlchanmaydi. Islom kim yaxshilik qilsa ham oʻziga, yomonlik qilsa ham oʻziga, deya bitib qoʻygan. Shuning uchun yuqoridagilarning bari hujjatsiz, mantiqsiz gaplar boʻlib, na dalillikka yaraydi, na guvohlikka. Men ularga raddiyamni bunday savollar bilan boshlayman: Bashir hukumati islomiy edimi? Bashir Islomni tatbiq qilganmi? 2005 yil ilmoniy konstitutsiya qabul qilinganini nima deyish mumkin? Sudan Respublikasi nima degani? Nima uchun Bashir partiyalarning Islomga asoslanishiga taqiq qoʻygan? Bashir rejimi Islomni Sudan ahlining oʻzligiga aylantirdimi? Islomda parlament va qonunchilik palatasi, degan narsa bormi? Xalqaro Valyuta Fondi va uning Sudan iqtisodini vayron qilgan koʻrsatmalariga amal qilishga Islom va shariat ruxsat beradimi? Islom Amerikaning Sudan ishlariga aralashishiga ruxsat beradimi? Va hokazo savollar…

Bu kabi savollar son-sanoqsiz, ularga javob bersangiz, Bashirning islomiy, deyishda qattiq turgan kishilardan yoqangizni ushlaysiz. Vaholanki, Bashir rejimi ilmoniy edi. Chunki u ilmoniylik dasturi va boshqaruv shaklini qabul qilgan. Zotan, mustamlakachilikdan to shu kungacha Sudandagi hukumatlarning birortasi ham Islom bilan hukm yuritishmadi. Mustamlakachilar tiqishtirgan 1953 yildagi muxtoriyat konstitutsiyasidan boshlab, 2005 yildagi konstitutsiyaga qadar barcha konstitutsiyalarga murojaat qilib koʻring, barchasining aniq ilmoniy konstitutsiya ekaniga guvoh boʻlasiz. Bu konstitutsiyalarning hech birida Islom tilga olinmagan, faqat fuqarolarning qaysi dinga mansubligi aytilgan yerda tilga olingan, xolos. Yoki Islom urf-odatlar va anʼanalar bilan bir yerga qoʻyilgan, masalan “ulugʻ eʼtiqodlar”, deyishayotgani kabi. Yaʼni Alloh Azza va Jallaning dini boʻlmish Islom insonning zalolatdagi butparastlik dinlari va odamlarni urf-odatlari bilan bir qatorga qoʻyilgan. Bunday yolgʻon, aldov va adashtiruvlar xoh hukumatda boʻlsin, xoh muxolafatda, farqsiz, mustamlakachilarga malay boʻlgan hukmdorlarning qurolidir. Shular orqali Sudan ahlini Islomlariga boʻlgan muhabbatlaridan adashtirishmoqchi. Sudan mustamlakadan ozod etilgandan to bugun (2019 yil)ga qadar uni birorta ham islomiy davlat islomiy dastur asosida boshqargani yoʻq va bu mutlaq haqiqatdir. Mayli, sizga 2005 yilgi konstitutsiyani dalil sifatida keltiraylik: ilmoniylar oʻsha yilgi konstitutsiyani islomiy ekanini iddao qilishyapti. Holbuki, unda Sudan Respublikasi mustaqil suveren demokratik davlat ekani yozib qoʻyilgan. Shuningdek, unda “bu konstitutsiya davlatning Oliy Qonunidir”, “Xalq hokimiyat manbaidir”, “demokratiya, siyosiy koʻppartiyaviylik boshqaruv asosidir”, “inson huquqlarini xalqaro konventsiyalar va shartnomalarda aytilgandek himoya qilishga amal qilinadi” kabi soʻzlar qayd etilgan.

“Boshqaruv masalalari va dialog natijalari” sarlavhasi ostida berilgan Milliy dialog xulosasida “Islom, urf-odat va ulugʻ eʼtiqod, Sudan davlati qonunchiligiga manbadir”, deb keladi. Shunday qilib, butun olam Parvardigori tomonidan nozil qilingan buyuk Islomimiz inson tomonidan oʻylab topilgan urf-odatlar va adashgan eʼtiqodlar bilan yonma-yon qoʻyildi va bu Islom va musulmonlarga nisbatan haqoratdir. Chunki hech qanday tuzum Islomga teng boʻlolmaydi, hech qanday insoniy adashgan fikr va yoʻl uning buyuklik darajasiga koʻtarilolmaydi.

Shuningdek, Bashir rejimi Sudan ahli shaxsiyasini Islom-musulmonlar emas, balki sudanliklar, deya qayd etdi, chunki sudanliklar deganda musulmon ham, gʻayrimusulmon ham kirib ketadi. Mana shuning oʻzi Bashir rejimining islomiy emasligiga yetarli dalildir. Milliy dialog xulosalarida “sudanliklar, deganda ularning sudanga oidliklari tushuniladi”, deb keladi. Shuningdek, “sudanlik xalqning shaxsiyasi sudanlik ekanida alohida taʼkidlanadi va mana shuni himoya qiluvchi qonunlar ishlab chiqiladi”, deya qayd etilgan. Mustamlakachilar milliylik degan narsani yaratishdi va shu bilan Sayks-Piko shartnomasi orqali va “boʻlib tashla, hukmron boʻl” siyosatini ijro etib, yurtni boʻlib tashlashdi. Vaholanki, Islom musulmonlar shaxsiyasini qatʼiy belgilab, millat, qabila va irqlaridan qatʼiy nazar, Islom-musulmonlarga cheklab qoʻygan. Alloh Taolo bunday dedi:

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ

“Shubhasiz, moʻminlar ogʻa-inilardir” [Hujurot 10]

Yana bunday dedi:

وَاعْتَصِمُواْ بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعاً وَلاَ تَفَرَّقُواْ

“Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va boʻlinmang” [Oli Imron 103]

Rosululloh ﷺ bunday dedilar:

“مَثَلُ الْمُؤْمِنِينَ فِى تَوَادِّهِمْ وَتَرَاحُمِهِمْ وَتَعَاطُفِهِمْ مَثَلُ الْجَسَدِ إِذَا اشْتَكَى مِنْهُ عُضْوٌ تَدَاعَى لَهُ سَائِرُ الْجَسَدِ بِالسَّهَرِ وَالْحُمَّى”

“Moʻminlarning oʻzaro munosabatlari, rahmdilliklari va hamdardliklari xuddi bir tanaga oʻxshaydi. Agar uning biror aʼzosi bedor boʻlsa qolgan aʼzolar ham isitmalab, bedor boʻlib chiqadi”.

Hatto Bashirning “Milliy Kongress” partiyasi ham islomiy emas. U ilmoniy partiya boʻlib, bu partiyaga aʼzo boʻluvchi shaxsning musulmon boʻlishi shart qilinmagan. Oʻzlari bu partiyaning oʻziga musulmon va gʻayrimusulmonlarni jamlovchi tomirdir, deyishgan.

Hatto Bashir partiyalar toʻgʻrisidagi qonunda partiyalarning Islomga asoslanishini taqiqlagan. Misol uchun, Hizb ut-Tahrirga Bashirning 2005 yilgi konstitutsiyasidagi partiyalar toʻgʻrisidagi qonuni boʻyicha ruxsat berilmagan. Oʻsha qonunda bunday deyilgan: “Bu qonun siyosiy partiyalar, tashkilotlar, kasaba uyushmalari, mehnat ittifoqlari, jamiyatlarning tuzilishini va qayd etilishini demokratik jamiyat talablariga muvofiq tartiblashtiradi”. “Hech bir tashkilot milliy darajada yoki yurt janubi darajasida yoxud davlat darajasida siyosiy partiya sifatida faoliyat qilishga haqqi yoʻq, haqqi boʻlishi uchun unda quyidagilar topilishi shart: a) har bir sudanlik uchun uning dinidan yoki etnik kelib chiqishidan yoxud tugʻilgan yeridan qatʼiy nazar, ochiq aʼzoligi boʻlsin; b) ushbu konstitutsiya matniga zid kelmaydigan dasturi boʻlsin”.

Koʻpchilik indamay kelayotgan muhim narsa, Sudandagi boshqaruvning “Sudan respublikasi”, deb atalishidir. Bu barcha rasmiy hujjatlarda mavjud: tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma, shaxsni tanituvchi guvohnoma (pasport), viza, milliy raqam…. kabi. Bu ham Bashir hukumatining demokratik hukumat ekaniga yaqqol dalildir. Chunki respublika boshqaruvi qonunchilikni insoniyat Parvardigoriga emas, respublikaga, yaʼni, parlament va qonunchilik palatasi orqali insoniyatga bergan demokratik boshqaruvdir. Bunday holat Bashirning hokimiyatdaligi paytida ochiq edi. Bu narsa Bashir oʻzi chiqargan qarorlar bilan hukm yuritadigan shaklida boʻlganmi yoki biror demokratik partiya boshqaruvi shaklida real suratda boʻlganmi, buning farqi yoʻq. Chunki bularning bari insonning hukm yuritishidir, har ishdan xabardor Allohning hukm yuritishi emas. Janubni boʻlish, Darfur urushlari, shu kabi boshqa urushlar, manfur harom riboni halol qilish, soliq va bojxona soliqlari solish, favqulodda holat eʼlon qilish… bularning hammasi aniq sharʼiy ahkomlarga xilof kelishiga qaramay, mana shu parlament va qonunchilik palatasidan oʻtgan, u yerdagilar sharʼiy ahkomlar va qatʼiy nususlarni sariq chaqaga olmagan holda, mana shularni qabul qilishgan! Bas, shuncha ishlardan keyin ham Bashir hukumati qanday islomiy boʻlsin?!

Yuqorida barcha dalillarni birma-bir keltirganimizdan soʻng bunday deymiz: Bashir konstitutsiyasi mana shu, hukm yuritish fikrlari va boshqaruv asoslari ham mana shu. Konstitutsiyaning oʻzida boshqaruvning demokratik ilmoniy respublika boshqaruvi ekani tan olindi… Xoʻsh, nega baʼzilar Bashir hukumatini islomiy, degan gapda qatʼiy turishibdi?! Demak, mana shu baʼzilar ikki holatdan biridagi kimsalardir: yo Islomni bilmaydigan johillardir yoki oʻz loyihalarini amalga oshirish maqsadida Islomni uzoq-uzoqlarga chetlatib, Islom ustida shaytonlik-mugʻombirlik qilayotganlardir. Chunki mudom musulmonlar sharʼiy ahkomlarni ongli tarzda bilar ekanlar, ular ayni loyihalarini hargiz amalga oshirisholmaydi. Zero, ushbu ahkomlar bunday qilishlariga aslo yoʻl bermaydi, bilʼaks, qabih qilmishlarini tezda oʻrtaga chiqaradi. Shuning uchun ular “islomchilar” niqobi ostida Islomga mugʻombirlik qilishdan boshqa choralari qolmadi. Ammo shunisi isbotlandiki, bu “islomchilar” nizomi ilmoniy ekan, mustamlakachi odamlarni aldab, Sudandagi elchixonalari orqali hokimiyatni hamon boshqarib kelmoqda, xolis insonlardan iborat biror mustaqil hukumatning undan qutulishiga va boyliklarni talayotgan qoʻllarga bolta urishiga yoʻl qoʻymayapti. Chunki bu mustamlakachi bir holatda Islomni niqob qilib aldash orqali, yana bir holatda Islomga dushmanlik qilish orqali oʻz boshqaruvining davom etishini istayapti. Biroq har ikkala holatda ham Islom toza, pokiza, nurli va kunduzdagi quyosh misoli tiniqligicha qolajakdir.

Bas, xoh soqolli ilmoniylar orqali boʻlsin, xoh elchixonalar orqali boʻlsin, yetar shuncha ilmoniy boshqaruv. Biz Sudan ahli suyukli Paygʻambarimiz Muhammad ﷺning

“عَليْكُمْ بسُنَّتِي وسُنَّةِ الخُلَفاءِ الرَّاشِدِينَ المَهْدِيِّينَ عَضُّوا عَلَيْهَا بالنَّواجِذِ”

“Mening sunnatimni va mendan keyingi roshid xalifalar sunnatini mahkam tutib, ogʻiz tishlaringiz ila mahkam tishlanglar”, degan vasiyatlarini ijro etib, Paygʻambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlati soyasida Islomning barpo boʻlishini va ahkomlari tatbiq etilishini orziqib kutmoqdamiz. Toki, Alloh bizdan istagandek, insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummatga aylanaylik.

Roya gazetasining 2019 yil 15 may chorshanba kungi 234-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.