AQSH kongressmenlari chegara boʻyicha kelishuvga erishdi

54
0

AQSH kongressmenlari chegara boʻyicha kelishuvga erishdi

AQSH Kongressi vakillari 11 fevral kuni kechgacha davom etgan muzokaralardan soʻng yangi shatdaundan qutulib qolish yoʻlini topishdi. Bu haqda respublikachilar partiyasi senatori Richard Shelbi maʼlum qilgan.

Senatorning aytishicha, respublikachi va demokratlar chegarani mustahkamlash dasturini moliyalashtirishni 30 sentyabrgacha kechiktirish borasida kelishuvga erishgan. Gap asosan Meksika chegarasida quriladigan “Tramp devori” haqida ketmoqda.

Kongressmenlar uchrashuvida aynan nimani muhokama qilgani aniq emas va tafsilotlar keyinroq maʼlum qilinishi aytilgan, biroq katta ehtimol bilan raqobatchi partiya vakillari aynan Meksika chegarasidagi devor qurilishini moliyalashtirishni kechroqqa surishga kelishishgan. Bu orqali siyosatchilar davlat ishchilariga xavf solayotgan yangi shatdaundan qochishga umid qilishgan.

Biroq kelishuvni hali Donald Tramp ham tasdiqlashi kerak boʻladi. Prezident yaqinda tarafdorlari bilan uchrashuvda Meksika bilan chegarada qurilishi rejalashtirgan devor haqida soʻz olib, “Biz bu devorni albatta quramiz” deya ishonch bilan aytgandi. Tramp saylovoldi dasturida mamlakatga noqonuniy migrantlar oqimini toʻxtatishga alohida urgʻu bergan va migrantlarning asosiy yoʻnalishi hisoblangan Meksika bilan chegarada devor qurilmasa, noqonuniy muhojirlar kirib kelishini toʻxtatib boʻlmasligini aytgandi. Saylovchilarga bergan vaʼdasini bajarishi kerak ekanini taʼkidlayotgan Tramp koʻpchilikning noroziligiga sabab boʻlayotgan bu devorni baribir qurishini koʻp bora takrorlagan.

22 dekabr kuni demokratlar Meksika chegarasidagi devorni moliyalashtirishni 2019 yilgi davlat byudjetiga kiritishdan bosh tortganliklari sabab mamlakatda yangi shatdaun eʼlon qilindi. Yaʼni, 9ta vazirlikning 800 ming xodimi maoshsiz qolishdi. Ulardan 380 ming nafari maosh berilmaydigan taʼtilga chiqarib yuborilgan boʻlsa, qolganlar maoshsiz ishlashga majbur boʻlishgan. Agar kongressmenlarning kelishuvi prezident tomonidan tasdiqlanmasa, 16 fevraldan AQSHda yangi shatdaun boshlanishi mumkin.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.