Suriyadagi soʻnggi voqealar rivoji

460
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Suriyadagi soʻnggi voqealar rivoji

Erdoganning Sharqiy Furotga hujum qilish… Trampning esa, Suriyadan qoʻshinlarini olib chiqib ketish toʻgʻrisidagi bayonotlari!

Savol:

Erdogan sal avvalroq Furotga hujum qilish toʻgʻrisida bayonot bergan edi. Undan keyin hujumni kechiktirgani haqida, keyin esa, yana hujum qilish toʻgʻrisida qator bayonotlar berdi… Soʻng, Manbijdagi kurdlar Suriya rejimidan himoya talab qilishlari ortidan Erdogan amaliyotlarni kelishgan holda olib borish uchun Rossiya bilan maslahatlashishga shoshildi… Bu orada Tramp Sharqiy Furotdan AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketmoqchiligini bildirdi… Keyin, boʻshliqni toʻldirish haqida gap-soʻzlar boʻlib oʻtdi… va hokazo. Savol shuki, Erdoganning Sharqiy Furotga hujum qilish borasidagi ikkilanishi ortida nima bor? Bu ishlar va berilgan bayonotlar Amerika bilan kelishilgan holda boʻlyaptimi yoki kelishilmagan holdami, agar kelishilmagan holda boʻlayotgan boʻlsa, bu narsa Tramp bilan Erdogan oʻrtasidagi siyosatda ziddiyat borligini koʻrsatadimi? Keyin, AQSH qoʻshinlarining Suriyadan olib chiqib ketilishiga nima turtki boʻlmoqda? Maʼzur tutasiz, savolim choʻzilib ketdi, Alloh ajringizni bersin.

Javob:

Erdoganning Sharqiy Furot hujumini rejalashtirayotganidan tortib, Trampning AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketgungacha va ayni davrgacha boʻlgan voqea-hodisalarni diqqat bilan oʻrganadigan boʻlsak, quyidagilar ayon boʻladi:

Birinchi: Erdogan siyosati Amerika siyosatidan zarracha chetga chiqmay, bilʼaks, uning siyosati bilan hamohang tarzda davom etmoqda. Buning bayoni quyidagicha:

  • AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Jeyms Jeffri 2018 yil 7 dekabrda Anqaraga kelib, turk rasmiylari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Jeffri AQSHning Suriyadagi, xususan, Manbij va Idlibdagi vaqtinchalik rejasini chizib berar ekan, Manbij borasidagi hamkorlikning Suriyada tinchlik oʻrnatish namunasiga aylanganini taʼkidladi. (U “Qoʻshma Shtatlar bilan Turkiya oʻrtasida mustahkam hamkorlik boʻlmas ekan, u yerda yakuniy yechimga erishish mumkin emas”, dedi. Kurd qurolli guruhlar bilan hamkorlik qilish xususida esa, “Biz Suriya Demokratik Kuchlari bilan ISHIDga qarshi amaliyotimiz vaqtinchalik va taktikali ekanini doim taʼkidlab kelganmiz”, dedi. Er Ti onlayn, 2018 yil 8 dekabr). Jeffri ziyoratidan toʻrt kun oʻtib, Erdogan Sharqiy Furotda yangi amaliyot rejalashtirganini maʼlum qildi: (Turk rahbari oʻz telemurojaatida “Sharqiy Furotni separatist terrorchilardan tozalash uchun bir necha kun ichida harbiy amaliyot boshlaymiz”, dedi. U bu bilan Xalq mudofaasi otryadlari nazorati ostidagi hududlarni nazarda tutdi. Bi-Bi-Si, 2018 yil 12 dekabr).
  • Turkiya Sharqiy Furotda yangi harbiy amaliyot olib borishni eʼlon qilganidan bir necha soat oʻtib, AQSHdan bunga teskari bayonotlar yangradi va bu bayonotlar markazi Pentagon boʻldi: (Pentagon vakili Shon Robertson oʻz bayonotida “Suriyaning Shimoliy-Sharqida, xususan oʻsha mintaqa atrofida amerikalik qoʻshinlar bor boʻlishi ehtimoli borligi uchun bir tomonlama harbiy amaliyot olib borish kuchli xavotir uygʻotadi”, dedi. Keyin, “Bu kabi har qanday amaliyot biz uchun nomaqbuldir”, deya qoʻshimcha qildi. Xalijul jadid sayti, 2018 yil 13 dekabr). Asosan, Pentagondan va AQSH Senatidagi taniqli Respublikachilar partiyasi aʼzolari tomonidan berilgan bunday bayonotlar ortidan Turkiya oʻzini Vashingtondan chiqayotgan ikki xil fikr oʻrtasida qolganini his qildi. Shundan soʻng, Vashingtondan yakuniy fikr chiqishini kutib, turk rejasi muzlatib qoʻyildi! Prezident Rajab Toyib Erdogan 17 dekabr dushanba kuni “Oʻz mamlakati istagan vaqtda Suriyada navbatdagi harbiy amaliyotlarni boshlashi mumkin”ligini maʼlum qildi. Erdogan Turkiyaning Konya shahrida qilgan maʼruzasida “Biz Sharqiy Furotda harbiy amaliyot boshlashimiz mumkinligini rasman eʼlon qilganmiz”, dedi. Keyin, “Buni janob Tramp bilan muhokama qildik va uning javobi ijobiy boʻldi”, deya qoʻshimcha qildi. Reyter, 2018 yil 17 dekabr).
  • AQSH prezidenti Tramp 2018 yil 19 dekabr kuni kutilmaganda Suriyadan AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketishga qaror qilganini, chunki missiya tamom boʻlganini, yaʼni, ISHID tashkiloti yakson qilinganini maʼlum qildi. Tramp “ISHIDga qarshi tarixiy gʻalabaga erishilgach, buyuk yigitlarimizning vatanlariga qaytishlari vaqti keldi”, dedi. Rossiyaning Sputnik axborot agentligi, 2018 yil 20 dekabr). Qoʻshinlarni olib chiqib ketish bilan, Amerika Sharqiy Furotni Turkiyaga boʻshatib berayotgandek va Erdogan rejasiga darhol jon bagʻishlayotgandek, koʻrindi. Chunki Sputnik axborot agentligining bergan xabariga koʻra, “Turkiya armiyasi Suriya bilan chegaradosh boʻlgan mamlakatning janubidagi harbiy qismlarga qoʻshimcha kuchlarini joʻnatdi”.
  • AQSH prezidentining Suriyadan qoʻshinlarni olib chiqib ketish qarori Vashingtondagi amerikalik siyosatchilar oʻrtasida keskin noroziliklarni keltirib chiqardi… Qarorga Respublikachilar partiyasidagi taniqli siyosatchilar qarshi chiqdi… Kutilmaganda AQSH Mudofaa vaziri isteʼfo berdi: (AQSH Mudofaa vaziri Jeyms Mettis oʻz mansabidan isteʼfo berdi. U isteʼfo haqidagi maktubida prezident Tramp bilan oʻrtalarida siyosiy ziddiyat yuzaga kelganini alohida taʼkidladi. Bi-Bi-Si, 2018 yil 21 dekabr). Vashingtondagi ayni noqulaylik manzarasida, turk rahbari Istanbulda qilgan maʼruzasida bunday dedi: (“Biz oʻtgan hafta Furot daryosi sharqida harbiy amaliyot boshlashga qaror qilgan edik. Lekin, Tramp bilan telefon orqali suhbatlashishimiz hamda diplomatlar va xavfsizlik mulozimlari oʻrtasida soʻzlashuvlar boʻlib oʻtishi va Qoʻshma Shtatlar tomonidan bir necha bayonotlar berilishi ortidan maʼlum vaqt kutib turadigan boʻldik”. U yana qoʻshimcha qilib bunday dedi: “Furot daryosi sharqidagi kurd jangarilariga qarshi qiladigan harbiy amaliyotimizni kechiktirdik. Amerika Suriyadan qoʻshinlarini olib chiqib ketish borasida uzil-kesil qaror qabul qilgunicha kutib turamiz”. Reyter, 2018 yil 22 dekabr).

Bundan koʻrinib turibdiki, Turkiyaning Sharqiy Furotdagi harbiy amaliyoti ikki kundan keyinoq yana kutish bosqichiga oʻtdi. Chunki bu amaliyot Vashingtondan esuvchi shamolga qarab, yo alanga oladi yoki oʻchadi. Hujum qilish toʻgʻrisidagi bayonotlar va uni kechiktirishlar, yaʼni Jeffri tashrifidan boshlab, undan keyin boʻlgan hodisalarning hammasi Amerika manfaati asosida amalga oshirilmoqda. Boshqacha ibora bilan aytganda, Turkiya Suriyada Vashingtondan keladigan xabardan ayricha hech qanday siyosat olib bormaydi. Bu bilan Turkiya Amerika taʼsiri ostidagi davlat boʻlishdan, unga malaylik qiluvchi davlatga deyarli tushib qolmoqda. Chunki turk rejimi oʻz yurti manfaatlaridan koʻra koʻproq AQSH manfaatlariga rioya qilmoqda. Juda koʻp hollarda shunday boʻldi, masalan, “Furot qalqoni” va “Zaytun novdasi” amaliyotlarida shunday boʻldi! Bugun ham, turk rejimi Amerika tortgan qizil chiziqqa qattiq rioya qilmoqda, xuddi Manbijda “Furot qalqoni” amaliyoti yaqinlashgan paytda qizil chiziqqa yaqinlashmagani kabi!

Ikkinchi: Trampning AQSH qoʻshinlarini Suriyadan olib chiqib ketish qaroriga nima turtki boʻlganiga kelsak, buni quyidagi ishlardan tushunib olish mumkin:

  • Amerikaning Afgʻoniston va Iroqdagi agressiyasi sababli umidlari puchga chiqqach, Obama oʻsha paytda yangicha agressiya shaklini, yaʼni, amerikalik kuchlar ishtirok etmaydigan yoki kam ishtirok etadigan agressiya shaklini joriy qildi. Unga koʻra, asosiy eʼtibor ittifoqchilarga qaratiladigan, bu ittifoqchilar janglarni oʻz askarlari bilan taʼminlaydigan boʻldi. Suriya kurashi boshlangandan buyon Amerika mintaqadagi Turkiya, Eron va Fors Koʻrfazi davlatlari kabi oʻz tobelarini safarbar qildi. Asad rejimiga qarshi qoʻzgʻolonni barbod etishdagi faol rolni Yevropa Ittifoqi oʻynadi. Ammo bu qoʻzgʻolonni barbod etishga kifoya qilmagach, Qoʻshma Shtatlar Jeneva shartnomasi orqali diplomatik yechimga erishish uchun Rossiyadan ochiqdan-ochiq yordam soʻrashga majbur boʻldi. Shunday boʻlsa-da, Amerika Suriya maydonini harbiy jihatdan tark etgani yoʻq.
  • Tramp biznesmenlik aqliyasi asosida fikrlaydi. Bunday aqliyada foyda va ziyon tushunchasi ustunlik qilishi tabiiy. Shu bois, u AQSH gʻaznasidagi amerikalik askarlar xarajatini tejab qolishni istayapti. Maʼlumki, Saudiya bilan Birlashgan Arab Amirliklari kurd askarlarining xarajat va qurol-yarogʻlarining asosiy qismini toʻlab kelishmoqda. Bunga qoʻshimcha, xalqaro koalitsiya xarajatlariga ham oʻz hissalarini qoʻshishyapti: (Ommaviy axborot vositalarida Riyozning Turkiya chegaralarida Suriya kurdlarini qoʻllab-quvvatlayotgani xabar qilinishi ortidan, soʻnggi paytlarda, Saudiya Arabistoni bilan Arab Amirliklari Suriya ichkarisidagi eng kuchli oʻyinchilardan biriga aylandi. Misr arabiyya, 2018 yil 4 dekabr). Shuningdek, Saudiya 2018 yil 14 dekabrda AQSH yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyani ham mablagʻ bilan taʼminlashini maʼlum qildi. AQSH Tashqi ishlar vazirligi matbuot voizi Xizer Nauert: (“Saudiya yuz million dollarga teng hissa qoʻshdi. Amirliklar ham yangi moliyalashtirishda 50 million dollar bermoqchi”, dedi. Xolij onlayn, 2018 yil 17 dekabr). Shunga qaramay, Tramp askarlarining xarajati hamda transport va qurol-yarogʻ xarajatlarining hammasi qoplanishini istayapti. Chunki u savdogarligidan kelib chiqib, bu xarajatlarni ziyon, deb biladi. Shuningdek, u ayni rolning boshqalar tomonidan bajarilishini istayapti. Bu narsa uning bayonotlarida aniq koʻrinib turibdi. Masalan, Trampning Suriyadan qoʻshinlarni olib chiqib ketish qarori ortidan Reyter 2018 yil 20 dekabrda mana bu xabarni tarqatdi: (Tramp qoʻshimcha qilib bunday dedi: “AQSH Oʻrta Sharq politsiyasi boʻlishni istaydimi? Aksar hollarda biz qilgan ishlarning qadriga yetmaydiganlarni himoya qilish uchun qimmatli jonimizni fido qilishdan va trillionlab dollarlar sarflashdan boshqa hech narsaga erishmay qolaveramizmi? U yerda abadiy qolishni istaymizmi? Boshqalarning ham jang qilishi uchun vaqt keldi”). Mana shularning barchasidan ayon boʻlyaptiki, Amerika oʻzining urushida boshqalarning jang qilishini, oʻzining emas, boshqalarning qoni toʻkilishini, va oʻzining emas, boshqalarning gʻaznasi ochilishini istamoqda!
  • Tramp Amerika xohlagan siyosiy yechim bilan boshqalar shugʻullanishini va bu narsa – hech boʻlmasa hozirgi vaqtda – harbiy amaliyotlarsiz amalga oshishini istayapti. U rejim va Rossiya qoʻshinlarining Idlib tomon safarbarligini toʻxtatib qolish orqali buni uddalay oldi. Chunki u – eng birinchi navbatda – oʻzining rejasi asosidagi siyosiy yechimni taʼminlashni istaydi. Biz bu haqda 2018 yil 22 sentyabrdagi savol-javob nashramizda bunday degan edik: (Darhaqiqat, Rossiya AQSHning bu siyosatini tushunib yetdi… Shuning uchun oʻz hujumlarini, yaʼni Idlibdagi krizisni tugatish uchun oʻziga tayyorlab berilgan hujumni oʻz uslubi boʻyicha tugata olmadi. Chunki Turkiya Amerika undovi bilan bunga qarshi chiqdi. Eron esa, sukut qildi… Shunday qilib, 2018 yil 7 sentyabrdagi Eron uchrashuvi muvaffaqiyatsiz boʻldi. Yaʼni unda Idlibga hujum qilish va oʻz uslubi boʻyicha u yerdagi krizisni tugatish borasidagi Rossiya rejasi qoʻllab-quvvatlanmadi. Oradan bir necha kun oʻtib-oʻtmayoq Putin-Erdogan uchrashuvi oʻtkazilib, unda hujum masalasi oʻrniga qurolsizlantirilgan hududni tashkil qilish masalasi muhokama qilindi va bu Amerika tomonidan olqishlandi! 2018 yil 18 sentyabrda Novosti axborot agentligi AQSH Tashqi ishlar vazirligidagi bir mulozimning mana bu soʻzini keltirdi: “Biz Asad va uning ittifoqchilarining Idlib atrofidagi hujumlarini oldini olish yoʻlida tashlagan amaliy qadamlari uchun Turkiya va Rossiyani olqishlaymiz”. Shunday qilib, Rossiya Idlibdagi oʻzining bombardimonlarini toʻxtatdi va Oʻrta Yer dengizida manyovr qilayotgan kemalarini ortga qaytardi. U Idlib mavzusini siyosiy yechimdan oldin harbiy yoʻl bilan hal etishga bevosita Amerikadan yoki Turkiya orqali rozilik olishni hamon umid qilmoqda… Lekin Amerika Idlibda harbiy yechimdan oldin, birinchi navbatda siyosiy yechimga erishishni va bundan Rossiyani Suriyadagi harbiy bazalari boʻyicha provokatsiya qilish uchun kuzir karta sifatida foydalanishni istayapti. Keyin, muxolafatni siyosiy yechimda Rossiya bazalari mavzusini qoʻzgʻashga undaydi… Boshqacha ibora bilan aytganda, Turkiya bilan uning ortidagi Amerika Rossiya hujumlarini oldini olishga bunchalik ahamiyat qaratayotgan ekan, buni rejimning Idlibga yetib borishini oldini olish va fuqarolarni mudofaa qilish uchun emas, balki eng birinchi navbatda Amerika manfaatini koʻzlab qilyapti. Amerika oʻzi xohlagan tinchlik yechimini joriy qilib, unga Rossiyani boʻysundirib olsa, ana shundagina fuqaroyu fuqaro boʻlmagan, qurolligu qurolsiz Idlib ahlining qonini halol qilib olishadi. Suriyaning turli yerlaridagi qilgan ishlari va qator jinoyatlari buni koʻrsatib turibdi». Iqtibos tugadi. Shunday qilib, Tramp AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketishga qaror qilish orqali tomonlarni ayni maqsad sari yanada yaqinlashtirib oldi. Masalan, u Turkiyani aldadi. Chunki Turkiya AQSH qoʻshinlari chiqib ketish bilan yuzaga kelgan boʻshliqni men toʻldiraman, deb oʻylayapti. Shuningdek, Turkiya orqali Kurdlarning qalbiga qutqu solib qoʻydi. Shuning uchun ular rejimga chopib borib undan mudofaa soʻrashyapti. Rejim ham xuddi shuni xohlayotgan edi. Chunki Turkiyaning Manbijdagi Kurdlarga tahdid qilishi ortidan rejim oʻz qoʻshinlarini ayni mintaqa tomon yoʻnaltirdi. Rossiyaga kelsak, u rejimni qoʻllab-quvvatlasa-da, bir vaqtning oʻzida, uning Turkiya bilan kelishuvlari bor. Demak, Turkiyaning Manbijda rejimga qarshi jang qilishi oson boʻlmay qoldi. Faqat mintaqada yangicha munosabatlar vujudga kelsagina, jang qilishi mumkin… Shunday qilib, Tramp tomonlarni shunday holatga keltirib oldiki, ular Amerika xohlagan kelishuv boʻyicha harakat qilmagunlaricha, shu haqda gapirmagunlaricha imkoniyatlari torayaveradi! Mana, tomonlardan baʼzilari buni ochiq-oydin, baʼzilari yashirin zimdan gapira boshladi:
  • Keyin, saylov omili ham Tramp uchun eng ahamiyatli sabablardan biridir. Zero, shaxsan Trampning oʻzida xorijiy urushlarga qarshilik pozitsiyasi qadimdan mavjud. Bu uning saylovlarda yutib chiqishiga sabab boʻlgan “birinchi Amerika” kampaniyasiga ham muvofiq keladi. Keyin, Suriya va Afgʻonistondan AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketishga boʻlgan daʼvat ham shaxsan uning oʻziga, yaʼni, 2020 yildagi saylovoldi kampaniyasi uchun foyda keltiradi. Shuning uchun Suriyadan 2000 nafar amerikalik askarni olib chiqib ketish (Gardian, 2018 yil 19 dekabr), Afgʻonistondan 7000 nafar amerikalik askarni olib chiqib ketish (NPR, 2018 yil 21 dekabr) Tramp uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu narsa amerikaliklar koʻz-oʻngida uning obroʻsini oshirib, 2020 yilda qayta saylanishiga yordam beradi.

Tramp hokimiyatga kelgach, asosiy eʼtiborni shu masalaga qaratdi va 2018 yil 19 dekabrda AQSH qoʻshinlarni olib chiqib ketish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Tramp oʻz qarorini himoya qilib, 20 dekabr kuni Tvitterda bunday tvit qoldirdi. U jumladan, bunday dedi: “Men 2016 yildagi saylovoldi kampaniyam chogʻida Suriyadan chiqib ketish toʻgʻrisida bergan vaʼdamga vafo qilaman. Qoʻshma Shtatlar Rossiya va Eron kabi davlatlar qilishi kerak boʻlgan ishni – hech qanday muqobilsiz (bepul) qilyapti. Hozir esa, boshqalarning jang qilish vaqti keldi. Rossiya, Eron va boshqalar «Islom davlati”ning mahalliy dushmanlaridir. Biz ularning ishini qilyapmiz. Endi, vatanga qaytish va qayta qurish ishlarini boshlash vaqti keldi». (Tramp ijtimoiy tarmoq (Tvitter)dagi oʻzining rasmiy sahifasida “Suriyada uch oy qolishni rejalashtirgan edik va bu yetti yil muqaddam edi. Ammo oʻshandan beri u yerni tark etmadik”, dedi. U soʻzini davom ettirib: “Prezident boʻlgan paytimda ISHID quturgandan quturayotgan edi. Mana, bugun qaqshatqich magʻlubiyatga uchradi. Endi, uning qolgan-qutganlarini osonlik bilan yoʻq qilish uchun rolni Turkiya kabi boshqa davlatlarga bersak va yurtimizga qaytsak boʻladi”, dedi. Rusiyal Yavm, 2018 yil 22 dekabr.

Bir vaqtning oʻzida, Tramp 2018 yil 17 sentyabrda Idlib boʻyicha oʻtkazilgan Sochi shartnomasida Rossiya, Eron, Suriya rejimi va Erdoganga AQSH uchun koʻrsatgan ulkan xizmatlari uchun tashakkur bildirdi. Shartnoma imzolanishini aynan Tramp xohlaganini, ular Tramp talabini qabul qilishganini eslatib oʻtdi… Tramp Rossiya, Eron va uning Livandagi Hizbi va jangarilarining hamda Turkiya, Saudiya va ularga qarashli tashkilotlarning AQSH maqsadi uchun, yaʼni, Suriya rejimining agʻdarilishini va Islomning hokimiyatga qayta kelishini oldini olish maqsadi uchun jang qilishga doim tayyor ekanliklarini koʻrib turibdi. Bunga ular Jeneva, Ostona, Sochi, BMT va Xavfsizlik Kengashida Suriya bilan bogʻliq keluvlarda oshkorayu yashirin kelishishgan. Xususan, bu narsa Amerika Xavfsizlik Kengashiga taqdim etgan 2254 raqamli qarorda ham mavjuddirki, uni barchasi rozi boʻlib, tatbiq etilishini talab qilishgan. Biz bu haqda 2018 yil 29 iyuldagi savol-javob nashramizda bunday degan edik: “Regional «tinchlikparvar” kuchlarga tayanish yoʻli. Misr, Saudiya va Turkiya kuchlari ayni shu maqsadda chaqirildi. Bu yangi gap emas… Amerika tashqaridan kuchlarni jalb qilish orqali Suriyadagi yechimga erishish tasavvuridan voz kechmadi… Donald Tramp maʼmuriyati yurtning shimoliy sharqida barqarorlikni taʼminlash uchun AQSH qoʻshinlari oʻrniga Arab davlatlari kuchlarini olib kirishni rejalashtirmoqda». Haqiqatdan ham, Tramp buni oʻzining soʻnggi bayonotlarida bevosita maʼlum qildi.

a)Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy voizasi (Vashingtonning Suriyadan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketish qarori vaziyatni keng miqyosda muvofiqlashtirishga hissa qoʻshishini taʼkidlab, ularni olib chiqib ketish vaqti aniq belgilanmaganini maʼlum qildi. Sputnik Arabiy, 2018 yil 26 dekabr).

b)(Ikki kun muqaddam eʼlon qilingan Manbijni nazorat ostiga olish amaliyoti Turkiya talabi bilan toʻxtatildi. Turkiya Rossiya va AQSH bilan qator muzokaralar olib borish maqsadida buni kechiktirdi. Mudun sahifasi, 2018 yil 27 dekabr).

Shularga koʻra, demak, Tramp AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketish mavzusi orqali tomonlarning saʼy-harakatini oʻzi tayyorlagan muvofiqlashuv tomon oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Yaʼni, tomonlar Suriya krizisini hal qilishda Amerika qoʻygan rejadan boshqa narsani koʻrmaydigan boʻlishdi.

Uchinchi: Shunday qilib, Tramp AQSH qoʻshinlarini olib chiqib ketishga qaror qilish bilan oʻz malay va tobelarida bosh ogʻrigʻi, hatto undan ham kattaroq tashvishni paydo qildi. Vaholanki, bu qarorning ijro etilishi uchun – agar toʻla olib chiqib ketilsa – oylab vaqt ketadi… Boʻlib oʻtgan va boʻlayotgan voqea-hodisalarni tafakkur qilinsa, Trampning oʻz malay va tebelarini sariq chaqaga olmasligi ayon boʻladi. Agar ular aqllarini ishlatishganda edi, uning atrofidan tarqab ketishgan boʻlar edi. Biroq ularning bunga aqli yetmaydi! Shuning uchun Tramp xorlab-aldab yurib ulardan foydalanyapti, hatto bundan Rossiya bilan Yevropa ham omon qolgani yoʻq:

  • Kurdlar Amerikaning soyasiga salom beradigan boʻlib qolishgan. Chunki ular oʻzlarining Suriyadan ajralib chiqib, AQSH himoyasi ostida boʻlgan bir mustaqil davlatni tiklab olishlarida Amerika yordam beradi va mana shu yoʻlda mashqdan oʻtkazib, qurol-aslaha bilan taʼminlayapti, deb oʻylashmoqda. Shuning uchun ham, ular Amerika xohlagan har bir jangda front chizigʻiga aylanishgan! Bir paytlar AQSH Mudofaa vaziri Eshton Karter Suriya Demokratik Kuchlarini maqtagan edi. Maʼlumki, Amerika tomonidan kurd guruhlarining tashkil qilinishida Suriya Demokratik Kuchlari juda qoʻl kelgan. Oʻshanda Karter bunday degandi: (“Ular Suriyada ISHIDga qarshi kurashda oʻzlarini bizning eng yaxshi hamkorlarimiz ekanliklarini isbotladilar. Biz bundan minnatdormiz hamda ularning regional rollaridagi noaniqliklarni eʼtirof etgan holda, mana shunday davom etishlaridan umiddamiz”. Hurriyat Deyli Nyus, 2016 yil 18 mart). Shunday qilib, Kurdlar Amerika bizni doim, oshkorayu yashirin tarzda qoʻllab-quvvatlaydi, deb oʻylashgan edi. Ular – hozirgina aytib oʻtganimiz – AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Jeyms Jeffrining bayonotiga eʼtibor berishmadi. (Jeffri Kurd qurolli guruhlari haqida “Biz Suriya Demokratik Kuchlari bilan ISHIDga qarshi amaliyotimiz vaqtinchalik va taktikali ekanini doim taʼkidlab kelganmiz”, dedi. Er Ti onlayn, 2018 yil 8 dekabr). Shu tariqa kurdlar malaylik qilishda davom etishdi. Shuning uchun Amerika kurdlardan ularning manfaatiga emas, balki oʻzining manfaatiga mos keladigan ishlarda osongina foydalandi! Mana, Amerikaning manfaatlari Suriyadan qoʻshinlarni olib chiqib ketish toʻgʻrisida qaror chiqarishni taqozo qilgach, kurdlarni turklar tahdidiga tashlab qoʻydi. Amerika ushbu qarorni chiqarar ekan, kurdlarning manfaatini hisobga olmadi! Oqibatda, kurdlar oʻzlarini rejim qoʻyniga otishga majbur boʻlishdi. Amerika ayni mana shu narsani xohlayotgan edi. Chunki bu narsa kurdlarning oʻzlarini talabi bilan rejimning Suriya shimoliga qaytishini taʼminladi! (Qoʻshma Shtatlarning mintaqadan chiqib ketish qarori Suriya shimolini oʻz nazoratida ushlab turgan kurd yetakchilarini tashvishga solib qoʻydi. Shu sababdan ular Rossiya va uning ittifoqchisi Damashqni Turkiya hujumi xavfidan chegaralarni mudofaa qilish uchun oʻz qoʻshinlarini yuborishga chaqirdi. Kurdlarning yillar davomida Kurd qurolli kuchlari nazorati ostida boʻlib kelgan Suriya chegaralariga hukumat kuchlarini chaqirishlari – AQSH prezidenti Donald Trampning kutilmaganda qoʻshinlarni olib chiqib ketish qarori ortidan – ularning naqadar krizis-tupikka kirib qolishganini koʻrsatmoqda. Sputnik arabiy, 2018 yil 27 dekabr). AQSHning kutilmaganda Suriya sharqidan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketish qarorini Suriya Demokratik Kuchlari (chorshanba kuni ilk bor bergan izohida “orqadan pichoq urish hamda minglab jangchilarga qilingan xiyonat”, deya izohladi. Suriya inson huquqlari tashkiloti oʻzi ishonchli, deb aytgan manbalariga tayanib xabar qilishicha, Suriya Demokratik Kuchlaridagi yetakchilar “Hozirgi paytda, AQSH qoʻshinlarining olib chiqib ketilishini Suriya Demokratik Kuchlariga hamda Kurd Xalq mudofaasi otryadlariga nisbatan orqadan pichoq urish, deb hisobladi”. Zotan, Kurd Xalq mudofaasi otryadlari oʻtgan bir necha yil davomida ISHID hukmronligi ostida boʻlib kelgan katta geografik qismdagi yerlarni, yaʼni, Manbij bilan Sharqiy Furot hududini bir necha oydan beri oʻz nazorati ostida ushlab kelayotgan edi. Tahrir Nyus, 2018 yil 19 dekabr).
  • Turkiya ham qiyin vaziyatda qoldi. Zero, u AQSH oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketsa, boʻshliqni toʻldirish imkoniga ega boʻlaman, deb oʻylayotgan edi. Chunki AQSH qoʻshinlarini olib ichib ketish qarori oʻtgan juma Tramp-Erdogan oʻrtasidagi telefon suhbati ortidan qabul qilingan edi. Shuning uchun shunday oʻylayotgan edi. Rusiyal Yavm 2018 yil 19 dekabrda bunday xabar tarqatdi: (Amerikalik yuqori lavozimli bir mulozimga koʻra, AQSH prezidenti Donald Tramp turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdogan bilan oʻtkazgan soʻnggi suhbati ortidan Suriyadan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga qaror qildi. Ushbu mulozim chorshanba kuni Reyter axborot agentligi bilan qilgan suhbatida ayni qaror oʻtgan hafta ikki davlat rahbarlarining telefon orqali suhbatlashishlari ortidan qabul qilinganini maʼlum qildi. Ayni manba buni quyidagicha sharhladi: “Kelgusi boʻlajak ishlarning barchasi ushbu telefon suhbati chogʻida erishilgan kelishuvlarning tatbiqi oʻlaroq kuzatiladi”). Ikki rahbar oʻrtasidagi telefon suhbati haqida Onadoʻli turk axborot agentligi 2018 yil 21 dekabrda bunday xabar qildi: (Turkiya prezidenti bunday dedi: “Tramp bizdan – ISHIDga kuchlaring yetadimi, deb soʻradi”. Shunda men – biz ularni magʻlubiyatga uchratdik. Kelgusida ham shunday qilishga qodirmiz. Siz bizni moddiy-texnik yordam bilan qoʻllab-quvvatlasangiz, bas, dedim… Alaloqibat, amerikaliklar chiqib ketishni boshlashdi. Ayni damdagi maqsadimiz ular bilan tinch diplomatik munosabatlarni davom ettirishdir». Shu tarzda Turkiya boʻshliqni toʻldiraman, deb oʻylagan edi… Biroq voqeda Asad rejimi kurdlar iltimosi bilan Manbij tomon harakat qildi! (Asad rejimining mingga yaqin qoʻshini tanklar hamda ogʻir qurollar oʻrnatilgan zirhli mashinalar bilan Tayha nazorat punktiga toʻplandi. Bu kuchlarning qirqqa yaqin jangchisi esa, Arimaning shimoliy sharqidagi Yalani qishlogʻidagi Suriya Demokratik kuchlari bilan rejim oʻrtasida mushtarak boʻlgan nazorat punktiga yetib bordi. Ushbu punkt mushtarak kuchlarni joylashtirish toʻgʻrisida Suriya Demokratik kuchlari bilan kelishuvga erishilganidan keyin rejim kuchlari joylashtirilgan birinchi punkt hisoblanadi. Shuningdek, u Ozodlik armiyasi va turk kuchlari nazoratidagi punktlar roʻparasida joylashgan punktdir. Mudun sahifasi, 2018 yil 27 dekabr).
  • Hatto Rossiya nisbatan kuchli davlat boʻlsa-da, AQSH uni bir krizisdan ikkinchi bir krizisga tiqib qoʻymoqda… Rossiya oʻzining – 2015 yil 29 sentyabrda Obama-Putin uchrashuvi ortidan Suriyaga agressiya qilganidan beri – boshi berk koʻchaga kirib qolganini anglamoqda. Oʻshanda Putin buning evaziga Qrim anneksiyasi sababli joriy qilingan sanksiyalardan AQSH Rossiyani ozod etadi, deya umid qilgan edi. Ammo sanksiyalar bekor qilinmadi… Keyin, Rossiya Suriya yuki ozayib, tupikdan chiqib olish uchun Idlib masalasini harbiy yoʻl bilan hal qilishni va shundan keyingina siyosiy yechimga erishishni xohlayotgan edi. Chunki Suriyadagi harbiy amaliyotlardan forigʻ boʻlgandan keyingi siyosiy yechimning Rossiyaga hech qanday zarari boʻlmaydi. Ammo Amerika bunga yoʻl qoʻymay, eng birinchi navbatda siyosiy yechimga erishishni xohladi. Biz 2018 yil 22 sentyabrdagi savol-javob nashramizda bu haqda bunday degan edik, buni yuqorida ham keltirib oʻtdik: (Shunday qilib, Rossiya Idlibdagi oʻzining bombardimonlarini toʻxtatdi va Oʻrta Yer dengizida manyovr qilayotgan kemalarini ortga qaytardi. U Idlib mavzusini siyosiy yechimdan oldin harbiy yoʻl bilan hal etishga bevosita Amerikadan yoki Turkiya orqali rozilik olishni hamon umid qilmoqda… Lekin Amerika Idlibda harbiy yechimdan oldin, birinchi navbatda siyosiy yechimga erishishni va bundan Rossiyani Suriyadagi harbiy bazalari boʻyicha provokatsiya qilish uchun kuzir karta sifatida foydalanishni istayapti. Keyin, muxolafatni siyosiy yechimda Rossiya bazalari mavzusini qoʻzgʻashga undaydi…).
  • Endi, Yevropa va shu jumladan, xalqaro koalitsiyada hamkor boʻlgan boshqa tomonlarga kelsak, AQSH qoʻshinlarining olib chiqib ketilishi ularni qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Chunki ular Suriyada yolgʻiz oʻzlari qolishga qodir emaslar… Bir vaqtning oʻzida, ular Amerikaning uzoqdan turib, tinchgina kuzatib turishini emas, balki Suriyada qiynalishini xohlashadi! Shuning uchun ayni qarorga qarshi “norozilik bildirib, qarshi chiqishdi”. Masalan, Britaniya bosh vazirligi matbuot voizi “ISHID tashkilotiga qarshi xalqaro koalitsiya ulkan yutuqlarga erishdi, biroq hali ishlar talaygina, bu tashkilot Suriyadan boshqa yerlarda ham koʻp muammolar tugʻdirishi mumkin, uning tahdididan gʻaflatda qolmasligimiz kerak”, dedi. (Euronews, 2018 yil 19 dekabr). Yaʼni, bu bayonot qoʻshinlarni olib chiqib ketish uchun Tramp keltirgan sababni bekorga chiqarmoqda. Shuningdek, Fransiya prezidenti Emmonel Makron ham AQSH rahbari Donald Trampning qoʻshinlarni Suriyadan olib chiqib ketish qarorini tanqid qilib, “Ittifoqchi ishonchli-vafoli boʻlishi kerak”, dedi. Chad poytaxti Njamenadan turib, Tramp qaroriga nisbatan “Qattiq taassufdaman”, dedi. Soʻng, Fransiyaning mujohid qurolli jamoalarga qarshi Chad bilan birga kurash olib borajagini taʼkidlar ekan, “Ittifoqchi bu yelkama-yelka turishni anglatadi”, deya qoʻshimcha qildi. (Bi-Bi-Si, 2018 yil 23 dekabr).

Shundan soʻng, 2018 yil 29 dekabr kuni Mudofaa vaziri, Tashqi ishlar vaziri, Armiya Bosh shtab boshligʻidan tashkil topgan turk delegatsiyasi mavzuni muhokama qilish uchun yoʻlga tushdi. Biroq rus yuqori lavozimli mulozimlari tomonidan Turkiya uchun provokatsiya hisoblangan bir qancha bayonotlar yangradi. Masalan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova 27 dekabrda “Amerikaliklar chiqib ketadigan yerlar ustidan Suriya hukumati nazorat oʻrnatishi kerak”, dedi. Yana davom etdi: “Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: amerikaliklar tashlab chiqib ketadigan yerlar ustidan kim nazorat oʻrnatadi? Aniqki, xalqaro qonunga koʻra, u yerlar Suriya hukumati tomonidan nazorat qilinishi kerak”. U yana bunday dedi: “Biz turkiyalik hamkasblarimiz bilan – xoh tashqi siyosatda boʻlsin, xoh Suriyada terrorizmga qarshi kurashish uchun harbiy amaliyotlar olib borish sohasida boʻlsin – oʻz nuqtai-nazarlarimizni yaqindan muvofiqlashtirib, Suriya yoʻnalishi boʻyicha aniq bir siyosatni amalga oshiryapmiz”. Mudun sahifasi, 2018 yil 27 dekabr). Amerikalik taniqli Respublikachi senator Lindsi Grem ham bunday dedi: (“Tramp AQSH qoʻshinlarining Suriyadan chiqib ketishi ortidan Turkiyaning Xalq Mudofaasi otryadlari bilan toʻqnashmasligiga jiddiy harakat qilishi lozim”. Grem oʻz mamlakatining NATOdagi ittifoqchisi boʻlgan Turkiyaga uning manfaatlarini himoya qilishda yordam koʻrsatish uchun mintaqada bufer zona barpo qilinishi lozimligini taʼkidladi. U Turkiyaning Xalq Mudofaasi otryadlarini oʻz yerlaridagi separatist harakat, deb hisoblashini, shu bois ayni guruhga hujum qilish bilan tahdid etib kelishini bildirib oʻtdi». Arabiy Post, 2018 yil 31 dekabr).

Keyin, rus armiyasi yaqinda “Suriyada tinchlik oʻrnatishga qaratilgan Rossiya muvofiqlashtiruvchi markazi” faoliyatini qaytadan yoʻlga qoʻydi. (“Bu – Manbij yaqinidagi Arima shahrida boʻlib, u yerdan yaqinda chiqib ketgandan soʻng amalga oshdi”. Mudun sahifasi, 2018 yil 27 dekabr). Mana shularning barchasi boʻshliqni toʻldirish masalasida Turkiya oldida bir qancha toʻsiqlarni paydo qildi va hamon paydo qilmoqda!

Keyin, Trampning qoʻshinlarni olib chiqib ketish qarori Rossiya uchun dard ustiga chipqon boʻldi!!! Gap shundaki, Rossiya ushbu hodisadan soʻng Manbijda va Sharqiy Furotdagi kurdlar hududlarida Asad rejimi bilan Turkiya oʻrtasida qoldi! Zero, Rossiya bir tomondan rejimni qoʻllab-quvvatlaydi. Yana bir tomondan oʻzi bilan Turkiya oʻrtasida bir qancha kelishuvlar bor. Yana bir tarafdan Turkiya kuchlari bilan rejim kuchlari yaqinlashib kelmoqda… oʻrtada Rossiya… Bu narsa – agar ular oʻrtasida jang kelib chiqadigan boʻlsa – Rossiyani qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Xullas, Amerika Rossiyani bir krizisdan ikkinchi bir krizisga tiqib qoʻymoqda!

Toʻrtinchi:

Xullas kalom, eng alamli jihati shuki, bizning masalalarimiz ustidan kofirlar hukm chiqarib, qaror qabul qilishmoqda. Musulmon yurtlar hukmdorlari esa, qudrati ulugʻ Allohdan ham, Rosuli Adan ham hayo qilmay, buni ijro qilishmoqda. Hatto ularning koʻziga haq koʻrsatib berilsa ham, undan yuz oʻgirib, oʻz mansablarida qolish uchun xoʻjayinlariga xizmat qilishda davom etishyapti… Oʻzlaridan oldingi malaylar vazifalarini ado etib boʻlgach, xoʻjayinlari tomonidan danakdek tuflab tashlanganidan, bu bilan dunyoyu oxiratlarini oʻz qoʻllari bilan ado qilishayotganidan ibrat olishmayapti. Ular oʻzlarini dunyo va oxiratda halokatga tashlashdi. Buning sababi – hozirgina aytib oʻtganimizdek – oʻzlariga ochiq-ravshan koʻrsatib berilgan haqdan uzoqlashib ketganliklaridir.

وَهُمْ يَنْهَوْنَ عَنْهُ وَيَنْأَوْنَ عَنْهُ وَإِنْ يُهْلِكُونَ إِلَّا أَنْفُسَهُمْ وَمَا يَشْعُرُونَ

«Ular (oʻzgalarni) undan (haqdan) qaytaradilar va oʻzlari ham undan chetlanadilar. Ular oʻzlari sezmagan hollarida faqat oʻzlarini halok qilyaptilar, xolos»[Anʼom 26]

Ular bu bilan dunyolarini ham, oxiratlarini ham boy bermoqdalar. Bu esa, ochiq-oydin ziyondir.

23 robius-soniy 1440h

30 dekabr 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.