Makron: Yevropaning xavfsizligi Vashingtonning qoʻlida boʻlmasligi kerak

Makron: Yevropaning xavfsizligi Vashingtonning qoʻlida boʻlmasligi kerak

Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropaning xavfsizligi faqat AQShning qoʻlidaligini tanqid qildi. Makronning taʼkidlashicha, Yevropa qitʼasining xavfsizligini taʼminlash hamda uni Xitoy, Rossiya va hatto AQShdan ham himoya qilish uchun Yevropa oʻz kuchiga tayanishi zarur.

“Evropaning xavfsizligi bugun faqat Amerika Qoʻshma Shtatlari tomonidan kafolatlangan boʻlishi adolatdan emas. Shuning uchun biz Yevropaning imkoniyatlarini kuchaytirishimiz va uning himoyasini mustahkamlashimiz kerak” dedi Makron.

Shuningdek Frantsiya prezidenti “Evropa 1” radio stantsiya bilan oʻtkazgan suhbatida Yevropa xavfsizligi haqida soʻz yuritar ekan, AQShga bogʻliq boʻlmagan mustaqil Yevropa qoʻshinini tashkil qilish zarurligiga urgʻu berdi. Unga koʻra, tashqi kuchlardan mustaqil armiya tashkil etilmay turib, yevropaliklarning xavfsizligini taʼminlab boʻlmaydi.

“Agar biz haqiqiy Yevropa armiyasini yaratishga qaror qilmasak, aslo yevropaliklar xavfsizligini himoya qilishga qodir boʻla olmaymiz. Yevropa hatto Amerikaning yordamisiz ham, oʻzini oʻzi yolgʻiz himoya qiladigan qudratga ega boʻlishi kerak”, dedi Makron.

Biroq Frantsiya prezidentining AQSh, Xitoy va Rossiyadan himoyalanish uchun Yevropa mustaqil oʻz armiyasini shakllantirishi borasidagi daʼvati AQSh prezidenti Donald Trampni bezovta qildi. Tramp oʻzining Twitter sahifasi orqali Makronni tanqid ostiga oldi.

“Frantsiya Prezidenti Makron AQSh, Xitoy va Rossiyadan himoya qilish uchun Yevropa oʻz armiyasini shakllantirishi kerakligini aytmoqda. Bu biz uchun haqorat. Ehtimol Yevropa avvalo AQSh tinimsiz qoʻllab-quvvatlab kelayotgan NATOga qarzini toʻlab qoʻyishi kerakdir!” – deb yozdi Tramp oʻzinig Twitter sahifasida.

Do'stlaringizga yuboring

SHARH QOLDIRISH

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.