Xelьsinkidagi Amerika-Rossiya sammiti

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Xelьsinkidagi Amerika-Rossiya sammiti

Savol:

2018 yil 16 iyul dushanba kuni Finlyandiya poytaxti Xelьsinkida AQSh va Rossiya prezidentlari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu narsa har ikki mamlakat oʻrtasidagi keskinlikning yakun topganini anglatadimi? Ushbu sammitning 2018 yil 12 iyuldagi NATO davlatlari sammiti ortidan hamda AQSh bilan uning yevropalik ittifoqchilari oʻrtasida yuzaga kelgan keskinlikdan soʻng oʻtkazilishi nimani anglatadi? Buning Rossiya bilan Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarga taʼsiri bormi? Shuningdek, Suriya masalasini hal qilishga qandaydir taʼsir koʻrsatadimi?

Javob:

Savolning Xelьsinkida oʻtkazilgan Amerika-Rossiya sammiti bilan bogʻliq qismiga quyidagicha javob beramiz:

AQSh-Rossiya oʻrtasida uzoq vaqt davom etgan keskinlik 2014 yildan boshlandi. Oʻshanda Rossiya Qrim yarim orolini oʻziga qoʻshib olgan paytda, Amerika bilan Yevropa Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanktsiyalarni joriy qilgan edi. Obama maʼmuriyatining boshqaruv muddati nihoyasiga yetar ekan, bu ikki davlat oʻrtasidagi keskinlik yanada avj oldi. Zero, Obama maʼmuriyati Rossiyani prezidentlikka nomzod Tramp foydasi uchun Amerika saylovlariga aralashganlikda aybladi. Oʻshandan beri tomonlar oʻrtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar amalda toʻxtab qolgan. Toʻgʻri, AQSh va Rossiya prezidentlari ayni sammitdan oldin ikki marta uchrashishdi. Ularning bu uchrashuvlaridan biri 2017 yil iyulda Germaniyaning Gamburg shahrida boʻlib oʻtgan “Katta yigirmalik” (G20) sammiti doirasida boʻlib oʻtgan boʻlsa, yana biri 2017 yil noyabrda Vьetnamda boʻlib oʻtgan Osiyo-Tinch Okeani Iqtisodiy Hamkorlik (APEC) forumi doirasida boʻldi. Biroq, bu uchrashuvlar oliy darajadagi sammit darajasiga koʻtarilmay, yoʻl-yoʻlakay boʻlib oʻtdi. Shuning uchun ularda ikki mamlakat oʻrtasidagi qaynoq masalalar muhokama qilinmadi. Tramp maʼmuriyatining bir yarim yillik ish faoliyati davomida Rossiya ikki prezident oʻrtasida oliy darajadagi uchrashuvlarni amalga oshirishga jiddiy harakat qilib keldi. Biroq, Amerika Rossiyaga nisbatan bosim oʻtkazish uchun buni paysalga solaverdi. Shunda Rossiya oʻrtadagi munosabatni yaxshilashga qaratilgan tashabbusning Tramp tomonidan boʻlishini kutdi. Lekin, u prezident Tramp yoʻnalishlariga qarshi Amerikada kuchli norozilik toʻlqini kuzatilayotgani uchun oʻrtadagi munosabatlarning yaxshilanishi oson kechmasligini yaxshi bilar edi. Darhaqiqat, bunday qarshiliklar taʼsirini Rossiyaga qarshi ochilgan tergov ishlarida hamda Rossiya bilan aloqa qildi, degan gumon bilan Tramp komandasi aʼzolarining ishdan olinishida koʻrish mumkin.

Shunday qilib, oliy darajadagi toʻlaqonli uchrashuv oʻtkazilishi Rossiya uchun katta orzuga aylanib, uning bu orzusi ushalmay qolaverdi. Bu narsa qachonki Amerika qaror qilgandagina amalga oshadigan boʻldi. (2018 yil 21 iyun payshanba kuni AQSh milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Garrett Markizning maʼlum qilishicha, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Jon Bolton joriy oy yakunida Moskvaga safar qilib, Amerika-Rossiya sammiti oʻtkazilishini muhokama qiladi). Rossiyaning Sputnik axborot agentligi, 2018 yil 24 iyun. Shunga binoan, 2018 yil 16 iyulda boʻlib oʻtgan ushbu sammitdagi eng eʼtiborli narsa – ikki prezident uchrashuviga nima uchun Rossiya emas, AQShning qaror qilganidir. Shuningdek, Amerika bundan nimani koʻzlayapti? Buning izohi quyidagicha:

Barcha dalillar Amerikaning Rossiyaga nisbatan bosimlari davom etishini koʻrsatmoqda. Masalan, Amerika sammitdan ikki kun oldin rossiyalik razvedka zobitlarini AQSh saylovlari paytidagi kiberhujumlarga aloqadorlikda ayblab chiqdi. (AQSh adliya vazirligi 12 nafar rus razvedkasi zobitlarini 2016 yildagi AQSh prezidentlik saylovlari paytida Demokratlar partiyasidagi mulozimlarning veb saytlarini buzib kirganlikda aybladi. AQSh bosh prokurori yordamchisi Rod Rozenshtaynga koʻra, ular buzib kiruvchi programmalarga qoʻshimcha “Fishing”, deb ataluvchi maʼlumot oluvchi virusli programmalardan foydalanishgan… Shunga qaramay, Oq uy Tramp bilan Putin oʻrtasida dushanba kuni boʻlib oʻtadigan uchrashuv bekor qilinmasligini maʼlum qildi). Misrda chiqadigan Gʻod gazetasi, 2018 yil 14 iyul. Shuningdek, Xelьsinkidagi Tramp-Putin uchrashuvi yakuniga yetishi bilanoq, Amerika Vashingtondagi bir rus ayolning Rossiya foydasi uchun josuslik qilganlikda ayblanib qamoqqa olinganini bildirgan. Bu toʻgʻrida Al-Jazira kanali 2018 yil 16 iyulda xabar berdi. AQSh hukumati idoralari tomonidan amalga oshirilgan bunday ishlar shuni koʻrsatyaptiki, Rossiyaga nisbatan oʻtkazilayotgan bosimlar – uning oʻzi istagandek – yengillashi kutilmaydi. Demak, Amerikani ikki rahbar oʻrtasida sammit oʻtkazishdek Rossiyaning eski-yangi talablarini qabul qilishga undagan omillar boshqa yoqda va ularni ayni sammit oʻtkazilgan vaziyat-sharoitlardan tushunib olish mumkin.
Amerika-Rossiya sammiti AQSh oʻzining ikki raqibiga (Evropa Ittifoqi va Xitoyga) qarshi savdo urushi boshlagan bir vaziyatda oʻtkazildi. Demak, Amerika biratoʻla shu ikki raqibiga qarshi Rossiyadan kuzir karta sifatida foydalanish uchun sammitni oʻtkazishga qaror qilgan!
Yevropa Ittifoqi jihatidan oladigan boʻlsak, Amerika Rossiya bilan boʻlgan uchrashuv vaqtini Bryusseldagi NATO davlatlari sammiti ortidan oʻtkazdi. Zero, NATO davlatlari sammiti Amerika bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida ulkan ziddiyatlar bilan oʻtgan edi. (Bugun Bryusselda NATO sammiti boshlandi. Sammit bir muncha keskinliklar bilan oʻtishi, xususan, Vashington bilan uning yevropalik ittifoqchilari oʻrtasida savdo, mudofaa xarajatlari va Eron yadroviy kelishuvi borasida ziddiyatlar boʻlishi taxmin qilinmoqda. NATO bosh sekretari Yyens Stoltenberg “Ittifoqchilar oʻrtasida ziddiyatlar va teskari fikrlar” boʻlganini eʼtirof etdi). Rusiyal Yavm, 2018 yil 11 iyul. AQSh prezidenti Tramp Yevropa Ittifoqini NATO munosabatlari tarixida birinchi bor ochiqchasiga “raqib”, deb atadi. Shuning uchun NATO davlatlari sammiti ortidan Amerika-Rossiya sammitining oʻtkazilishi Amerika uchun yevropaliklarga nisbatan bosim oʻtkazishning eng muhim vositasi boʻlib xizmat qildi. Buning bayoni quyidagicha:

a)   AQSh rahbari Tramp Ukraina borasida Rossiya bilan yarashib olishini aytib, yevropaliklarga tahdid qildi. Masalan, Yevropa kengashi raisi Donalьd Tuskning aytishicha, (AQSh prezidenti Donalьd Tramp Ukrainaga nisbatan Rossiya olib borayotgan siyosat sabablari unda qiziqish uygʻotganini bildirgan hamda Ukrainaga nisbatan ehtiroslari ancha pasayganini tan olgan. Tusk Polьshaning TVN24 kanaliga bergan intervьyusida yana bunday qoʻshimcha qildi: “Donalьd Tramp men bilan qilgan bir necha suhbatlarida Ukrainaga nisbatan oʻzining ehtiroslari ancha kamayganini, Rossiyaning Ukrainaga qarshi ishlarini ijobiy tushunayotganini yashirishga urinmadi”). Rusiyal Yavm, 2018 yil 15 iyul. Ayniqsa, AQSh rahbarining joriy yil iyun oyida boʻlib oʻtgan “Katta yettilik” (G7) sammiti chogʻida “Qrim yarim oroli Rossiyaga tegishli. Chunki uning aksar aholisi rusiyzabondir”, degan gapi dard ustiga chipqon boʻldi. Rusiyal Yavm, 2018 yil 15 iyul. Bu – Yevropa uchun juda nozik masala. Chunki yevropaliklar Rossiyaning Ukrainadagi ishlarini Yevropa xavfsizligini oyoq osti qilish, deb hisoblab, bunga yoʻl qoʻymaslik kerak, deb qaraydilar. Trampning ushbu bayonotini ham Yevropa uchun gʻoyat xatarli, deb biladilar. Chunki bu narsa Rossiyaning sharq tomondan Yevropa chegarasi va xaritasini buzishi demakdir!!

b)   AQSh rahbari Tramp Rossiyani “Katta yettilik” guruhiga qayta qoʻshib olishini aytib, Yevropaga tahdid qildi. (AQSh prezidenti Donalьd Tramp 2018 yil 8 iyun juma kuni “Katta yettilik”dagi oʻz hamkasblarini Rossiyani guruhga qayta qoʻshib olish toʻgʻrisida oʻylab koʻrishga chaqirdi. Tramp “Katta yettilik” (G7) sammitida ishtirok etish uchun Kanadaning Kvebek provintsiyasiga yoʻl olishi oldidan “Ular Rossiyani quvib chiqarishgandi, endi uni qaytarishlariga toʻgʻri keladi. Chunki Rossiya muzokaralar stolida biz bilan birga oʻtirishi lozim”, deb aytdi. Maʼlumki, Rossiya Qrimni oʻziga qoʻshib olishi ortidan “Katta sakkizlik”dan chetlatilib, guruh faqat yetti davlatdan iborat guruhga aylangan edi). Arabiyya net, 2018 yil 8 iyun.

v)   NATO sammitidan soʻng, yaʼni 2018 yil 15 iyul kuni Al-Jazira kanali nashr qilgan xabarda “Rossiya bilan AQSh oʻrtasidagi yaqinlashuvdan yevropaliklar xavotirlanishmoqda” deyiladi. Ayni xavotirni mana bu xabar ham taʼkidlab turibdi: (Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas, AQSh prezidenti Donalьd Trampni ogohlantirib, uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashganda u bilan yevropalik ittifoqchilari hisobiga bir tomonlama bitim tuzmaslikka chaqirdi. Maas “Bild” gazetasiga bergan intervьyusida “Trampning oʻz ittifoqchilaridan ayri ravishda bitim imzolashi Qoʻshma Shtatlarning oʻziga ham zarar keltiradi. Kim ittifoqchilariga zarba bersa, oʻyinda yutqazishi turgan gap”, dedi). Rusiyal Yavm, 2018 yil 15 iyun. Keyin, Amerikaning Rossiyaga yaqinlashuvi Yevropa Ittifoqiga zarar yetkazadi. Chunki bu narsa Rossiyaga Qrim va Ukraina sababli joriy qilingan va har olti oyda bir yangilanib turadigan sanktsiyalarning faolligini yoʻqotadi. Natijada, Rossiya Yevropa davlatlarini mensimay qoʻyadi.

g)   Siyosiy donolikka ega boʻlmagan Amerika prezidenti Tramp Yevropa Ittifoqiga ochiqdan-ochiq hujum qilishda davom etmoqda. Biz 2018 yil 17 iyuldagi savolga javob nashramizda aytib oʻtganimizdek, xususan, Rossiya gazi borasida Germaniyaga nisbatan hujumlarini toʻxtatmayapti. Gohida Yevropa Ittifoqini “raqib”, yaʼni dushman deb atasa, gohida – Britaniya bosh vazirasi bilan Londondagi sammit chogʻida uchrashib, unga nasihat qilgani kabi – boshqalarni Germaniyaga qarshi gijgijlayapti. (Mey Bi-Bi-Siga bergan intervьyusida Trampning nasihati toʻgʻrisidagi savolga bunday javob berdi: “U menga Yevropa Ittifoqini sudga berishim, muzokaralarga kirishmasligim lozimligini aytdi”). Bi-Bi-Si, 2018 yil 15 iyul. Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishni ochiq aytayotgan boʻlsa-da, biroq Rossiyaga nisbatan Yevropa davlatlari bilan bir xil fikrda. Amerika-Rossiya sammitini toʻxtatish uchun Britaniya tomonidan Rossiyaning provokatsiyaga uchragan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Chunki (parvozlarni kuzatishga ixtisoslashgan “Mil Radar” saytiga koʻra, Britaniya havo kuchlariga qarashli razvedkachi samolyot Qrim yarim oroli sohillari yaqinida parvoz qilgan). Rusiyal Yavm, 2018 yil 15 iyun.

Shunday qilib, Amerikaning Yevropaga qilgan bosimlari, Rossiyani “Katta yettilik” guruhiga qoʻshib olishini aytib, ularga tahdid qilishi, Qrim yarim orolini Rossiyaning bir qismi, deya tan olishiga ishora qilishi, Ukraina sharqi (Donetsk va Lugansk shaharlari)dagi rossiyaparast kuchlar hujumlaridan Ukrainani himoya qilish masalasiga beparvo qarayotgani, Rossiya-Amerika sammiti orqali Rossiya bilan boʻlgan munosabatlarini yaxshilayotgani… bularning barchasi – garchi bevosita boʻlmasa-da – Yevropa uchun katta tahdid hisoblanadi. Amerika bu bilan oʻz talablariga, jumladan NATOdagi mudofaa xarajatlarini oshirishga qaratilgan talablariga Yevropani boʻysundirmoqchi boʻlyapti. Yaʼni Amerika Rossiyaga yaqinlashish orqali Yevropa Ittifoqiga bosim oʻtkazdi. Uning Tramp-Putin sammitidan koʻzlagan maqsadlaridan biri ham mana shudir.

Endi, Xitoy jihatidan oladigan boʻlsak, ishlar quyidagicha ketmoqda:
a)   Ushbu sammit Amerika Pekinga qarshi savdo urushi olib borayotgan bir paytda oʻtkazildi. Avvaliga, Shimoliy Koreya pozitsiyasini yumshatish va bu masalani tinch yoʻl bilan hal qilishda hamda Koreya yarim orolidagi urush xavfini bartaraf qilishda Amerika Xitoy xizmatlaridan foydalanib oldi… Buning samarasi 2018 yil 12 iyunda Singapurda AQSh bilan Shimoliy Koreya oʻrtasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi sammitda oʻz ifodasini topdi. Xitoy Amerikaga koʻrsatgan bu xizmatlari uchun tashakkur eshitdi… Biroq, bu ishlar hali tugab-tugamay, Amerika Xitoyga qarshi – Tramp hokimiyatga kelmay turib maʼlum qilgan – siyosatini boshladi. U Xitoydan oladigan import tovarlari uchun yiliga 50 milliard dollar qiymatida bojxona soligʻini soldi. Xitoy ham AQShdan oladigan import tovarlari uchun xuddi oʻshanday qiymatda bojxona soligʻini solish bilan javob qaytardi. Shunda Amerika Xitoydan oladigan import tovarlari uchun 200 milliard dollar qiymatida navbatdagi bojxona soligʻini soldi. Xitoy esa, xuddi shunday uslubda javob qaytara olmadi. Chunki uning AQShdan oladigan import tovarlarining umumiy qiymati 130 milliard dollarni tashkil qilsa, unga eksport qiladigan tovarlarining umumiy qiymati 500 milliard dollarga tengdir. Bu narsa Xitoyni AQShga javob qaytarishning boshqa vositalarini izlashga majbur qilmoqda.

b)   Xitoyning AQShga javob qaytaradigan vositalaridan biri Rossiya bilan yaqinlashuvi boʻldi. Natijada, 2018 yil 10 iyun kuni Xitoyda oʻtkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti 2018 yil 9 iyun kuni Kanadada boʻlib oʻtgan “Katta yettilik” (G7) sammiti bilan bir vaqtda oʻtkazildi. Biz yuqorida Rossiyaning ushbu guruhdan chiqarib yuborilganini aytib oʻtgan edik. Bu ikki uchrashuv olamdagi ikki boʻlinishni namoyon qildi. Chunki Gʻarb Kanadada yigʻilgan boʻlsa, Sharq Xitoyda toʻplandi… Bu narsa 1991 yilda Sovet Ittifoqi yemirilgandan buyon xalqaro maydonda hukmronlik qilib kelayotgan Amerikaga yoqmaydi, albatta. U Shanxay Hamkorlik tashkilotidagi faol davlatlarning biri Xitoy, ikkinchisi Rossiya ekanini koʻrib turibdi. (Maʼlumki, Amerika Xitoyga qarshi savdo urushini ochgan boʻlsa, Rossiyaga qarshi shafqatsiz va toʻxtovsiz ortib boradigan sanktsiyalarni joriy qilgan). Bundan tashqari Amerika bu ikki davlatga qarshi siyosat olib borsa, shuningdek xalqaro siyosat va savdo ishlarida ularga dushman sifatida muomala qilsa, bu narsa ularning bir-birlari bilan boʻlgan munosabatlarini yanada kuchaytirishi mumkinligini tushunib yetdi. Shuningdek, Xitoy va Rossiyaga nisbatan olib borayotgan bunday siyosati bu ikki davlatni yanada yaqinlashishga hamda harbiy sohada hamkorlik qilishga undayotganini ham koʻrdi. Boshqa tomondan, Xitoy va Rossiya ham bitta raqibga qarshi turishganini, hamkorlik qilish ularning quvvatini oshirishini yaxshi biladi. Zero, Xitoy mudofaa vaziri aytgan soʻzlar buni aniq ifodalab turibdi. (Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu xitoylik hamkasbi Vey Fenxeni Moskvada kutib oldi. Vey Fenxe xalqaro xavfsizlikka bagʻishlangan Moskva konferentsiyasida qatnashish uchun Xitoy harbiy delegatsiyasiga rahbar sifatida tashrif buyurdi. U Shoygu bilan uchrashar ekan, oʻzining ushbu ziyorati “Xalqaro xavfsizlikka bagʻishlangan Moskva konferentsiyasini tashkil qilishda ruslarni qoʻllab-quvvatlash uchun amalga oshirilgan”ini aytib oʻtdi. U shuningdek, “Rossiya va Xitoy qurolli kuchlari oʻrtasidagi munosabat – ayniqsa, hozirgi vaziyatda – juda kuchli ekanini amerikaliklar bilib qoʻyishlari uchun Xitoy delegatsiyasi ham yetib kelgan”ini taʼkidladi. U yana bunday qoʻshimcha qildi: “Biz sizlarni qoʻllab-quvvatlash uchun keldik. Xitoy tomoni xalqaro muhim masalalar borasidagi tashvish va pozitsiyalarimiz ruslar bilan bir xilda ekanini ifodalashga tayyor”). Rusiyal Yavm, 2018 yil 3 aprel.

v)   Shuning uchun Amerika – Rossiyada AQShga nisbatan yaqinlashuv umidini paydo qilsa, bu narsa uni Xitoydan uzoqlashtiradi, keyinchalik ularning bunday zaif ittifoqlari, xususan, harbiy ittifoqlari mustahkamlanmasdan turib buzilib ketadi, deb oʻyladi. Zero, Amerika Rossiya qoʻlida harbiy potentsial borligini, agar bu potentsial yoki uning bir qismi Xitoyning yoniga qoʻyilgudek boʻlsa, bu narsa Rossiyaning kuchayishiga va AQSh siyosatini qabul qilmay qoʻyishiga, yaʼni Vashington talablariga itoat qilmay qoʻyishiga olib borishini yaxshi biladi. Vashington oʻzining ayni rejasini amalga oshirish oson, deb oʻylayapti. Chunki Rossiya Gʻarb bilan boʻlgan munosabatlari yomonligi uchun – yangi strategik hamkor sifatida – Xitoyga yuzlanayotganini, agar unga biroz yaqinlashib, bosimlarini yengillashtirsa, Xitoyga qarab ketayotgan yoʻnalishini darhol oʻzgartirishini bilyapti.

Mana shulardan kelib chiqib, Amerika ikki prezident oʻrtasida oʻtkazilgan ushbu sammit orqali Rossiyada oʻzaro munosabatlar oldingidek tiklanishiga nisbatan umid uygʻotishni xohladi. Buni Rossiyaning Xitoyga yuzlanishini toʻxtatish uchun qilyapti. Toʻgʻri, Amerikaning sammitdan koʻzlagan maqsadlari amalga oshadi deb hukm chiqarishga hali erta. Vashington bilan Moskva oʻrtasini yaqinlashtirish uchun hali koʻp qadamlar tashlanishi lozim. Biroq shunday boʻlsa-da, Amerika Rossiya bilan Xitoy oʻrtasidagi hatto hozirgacha moʻrt va noaniq boʻlib kelgan ittifoqni osongina parchalab yubora oladi. Shuning uchun Amerika bu yoʻlda turli qadamlarni tashladi. Gohida ayni sammit orqali Rossiya tomonga qadam tashlagan boʻlsa, gohida esa, Xitoy tomonga. Zero, Pekin Amerikadan koʻradigan savdo manfaatlarini Rossiya bilan oʻrnatilgan har qanday munosabatlardan ustun koʻradi.

Tramp Yevropa Ittifoqi va Xitoyga yoʻllagan nomalari koʻproq taʼsir oʻtkazishi uchun sammitni ochiq uchrashuvga aylantirdi. Toki, qachon kerak boʻlib qolganda bu sammitni qayta ishga tushira olsin, yaʼni u kelasi qadamlar uchun ochqich boʻlsin! Shu bois, Xelьsinkida Putin bilan yopiq suhbat qilganidan soʻng, Tramp ochiqchasiga – bu sammitimiz, “yaxshilikning boshlanishi”dir, dedi. Rusiyal Yavm, 2018 yil 16 iyul. Shuningdek, u Rusiyal Yavm kanali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatgan oʻzining matbuot konferentsiyasida maʼlum qilishicha, ular ikki mamlakat oʻrtasida 2010 yili imzolangan va amal qilish muddati 2021 yili yakuniga yetadigan yadroviy qurolsizlanish konventsiyasining amal qilish muddatini uzaytirishga kelishib olishgan. AQSh prezidenti Tramp – bundan toʻrt soat avval Rossiya bilan boʻlgan munosabatlar juda yomon holatda boʻlganini, ammo hozir tamoman oʻzgarganini, aytdi. Bu Jon Boltonning mana bu gapi bilan uygʻun keladigan umumiy gapdir: (Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton Oq uyda “AVS” tarmogʻining “Bu hafta” dasturiga bergan intervьyusida “Biz ruslardan yigʻinning ochiq boʻlishini talab qildik, ular rozi boʻlishdi. Lekin, undan real natijalarni kutmayapmiz”, dedi. AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsman “NBC” tarmogʻiga bergan intervьyusida “Bu sammit emas… Bu uchrashuvdir… Agar imkon topa olsak, vaziyatni yumshatishga – ochiq aytadigan boʻsak – munosabatlardagi keskinlik va xavf-xatarlarni yengillatishga boʻlgan urinishdir”, dedi). Reyter, 2018 yil 16 iyul.
Bu shuni anglatadiki, Amerika Rossiya bilan boʻlgan munosabatlarini yaxshilashni rejalashtirayotgani yoʻq, u hamon unga bosim qilish siyosati boʻyicha ketmoqda. Biroq, xalqaro vaziyatga hamda Yevropa Ittifoqi va Xitoy bilan kechayotgan savdo urushiga bogʻliq sabablarni hisobga olib, Amerika Rossiyaga yaqinlashish orqali Yevropani qoʻrqitib qoʻyishni lozim, deb topdi. Shuningdek, Rossiyada xalqaro uzlatdan chiqish va AQSh bilan munosabatlarni yaxshilash umidini paydo qilmoqchi boʻlyapti. Amerika bu bilan Rossiyani Xitoydan uzoqlashtirishni koʻzlagan boʻlsa, boshqa tomondan, Rossiyaning – xuddi Suriyada Amerikaga malay rejimni hokimiyatda saqlab qolish bilan AQSh siyosatini qoʻllab-quvvatlagani kabi – boshqa xalqaro masalalarda ham AQSh talablariga rozi boʻlishini istamoqda! Shunga koʻra, ushbu sammit muayyan xalqaro masalani hal etish maqsadida oʻtkazilmadi. Balki u Xitoy va Yevropa Ittifoqiga yoʻllangan bir qaynoq nomadir. Bundan boshqa masalalarda esa, umumiy gaplar boʻldi. Har ikki tomondan berilgan bayonotlar ham buni tasdiqlab turibdi: (Tramp Putin bilan boʻladigan suhbati “savdo-sotiqdan tortib, harbiy ishlar va raketalargacha barcha narsalarni”, shuningdek Xitoy bilan bogʻliq masalalarni oʻz ichiga olishini aytib oʻtdi. U “Bir oz Xitoy haqida hamda mushtarak doʻstimiz Xitoy rahbari Si haqida gaplashamiz”, dedi. (Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammit boshlanishida AQSh prezidenti Donald Trampga Moskva bilan Vashington oʻrtasidagi munosabatlar haqida suhbatlashish vaqti kelganini aytdi. Soʻng xalqaro chigal, serqirra masalalarni muhokama qilishlari lozimligini qoʻshimcha qildi). Reyter, 2018 yil 16 iyul. Shuningdek, Lavrovning aytgan gaplari ham yuqoridagi gapni tasdiqlab turibdi. (Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Xelьsinki sammitida biz “Barcha chigal mavzularga toʻxtalib oʻtamiz. Unda pozitsiyalarimiz ayon boʻladi. Shu orqali ayni muammolarni hal etish yoʻllari bilan bogʻliq qarashlarimizni yaqinlashtirib olamiz”, dedi. U kelishuvga erishishni ehtimoldan uzoq, deb hisobladi). Al-Jazira, 2018 yil 16 iyul. Bulardan koʻrinib turibdiki, ikki rahbar oʻrtasida boʻlib oʻtgan sammitdan muayyan xalqaro masalalarni uzil-kesil hal qilish maqsad qilinmagan. Buni ayrim axborot vositalarda tarqatilgan sammitning yakuniy xulosalari ham aytib turibdi. Misol uchun, har ikki tomon ham yahud vujudi xavfsizligi masalasida bir xil fikrda. (Tramp bunday dedi: “(Isroil) xavfsizligini taʼminlash, men ham, Putin ham yuqori darajada zarur, deb bilgan masaladir”). Reyter, 2018 yil 16 iyul. Shuningdek, har ikki tomon ham Suriyadan uning kuchlarini 1974 yilgi janubdagi janglar tugashi ortidan tuzilgan kelishuv asosida joylashtirishni talab qilishdi. Bularning hech biri yangilik emas. Chunki bu narsani Amerika bilan Rossiya anchadan beri barchaning koʻz oʻngida aytib keladi. Shuning uchun Amerika va Rossiya prezidentlari uchrashuvining sababi bu emas. Yadroviy qurolsizlanish masalasi ham uchrashuvga sabab boʻla olmaydi. (AQSh rahbari Donalьd Tramp yadroviy qurolsizlanish muammosini Rossiya va AQSh tomonlari oʻrtasida hal etilishi lozim boʻlgan asosiy muammo, deb biladi. Tramp “Foks Nьyus” telekanaliga bergan intervьyusida dunyodagi yadroviy qurollarning 90 %i Qoʻshma Shtatlar bilan Rossiyada ekanini taʼkidladi. Unga koʻra, oʻtmishdoshi Barak Obama global isish va issiqlik darajasi koʻtarilishini hal etilishi lozim boʻlgan asosiy muammo, deb hisoblagan). Rusiyal Yavm, 2018 yil 17 iyul. Har qanday aqliraso, fahm-farosatli kishi yaxshi biladiki, AQSh va Rossiya, qancha koʻp gapirmasin, yadroviy qurollaridan oʻz ixtiyorlari bilan voz kechish maqsadida uchrashuv oʻtkazmaydilar. Bundan tashqari, ayni uchrashuvlaridan koʻzlangan maqsad bu emas.
Endi, sammitning Suriya maydoniga taʼsir qilishi masalasiga kelsak, unda har ikki davlatning Suriyadagi siyosatlari borasida birorta ham yangilik boʻlmadi. Zero, AQSh ham, Rossiya ham Suriya qoʻzgʻoloniga barham berishga kelishib olishgan. Ikkalasi ham bu ishning amalga oshishini kuzatib bormoqda. Qolaversa, 2015 yil 29 sentyabrda Obama bilan Putin uchrashgandan buyon Rossiya Suriyada AQSh siyosatini amalga oshirib, u bilan kelishgan holda ish yuritib kelyapti. Misol uchun, Rossiya Darʼa va boshqa yerlarni bombardimon qilib, bevosita harbiy amaliyot olib borayotgan bir paytda, Amerika bu ishda unga yordam beryapti. Bunga Amerikaning Suriya janubidagi muxolafatga yuborgan maktubini misol qilish mumkin. Unda “Darʼaga qilinayotgan hujumlar qarshisida Amerika hech qanday yordam koʻrsata olmasligi” aytilgan. Demak, Suriya qoʻzgʻoloniga barham berish uchun Rossiya olib borayotgan harbiy harakatlar va Amerikaning bunga qulaylik yaratib berishi borasida biror yangilik boʻlgani yoʻq.
Endi, Suriya masalasidagi siyosiy yechimga kelsak, Amerika bu narsani to Damashq rejimi va Rossiya tomonidan qurolli muxolafat yoʻq qilingunga qadar kechiktiryapti. Shundan keyin, Amerika Suriyadagi keng qamrovli siyosiy amaliyotga oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda kirishadi. Buni Rossiyaga belgilangan rolь bilan yoki uning ishtirokisiz amalga oshiradimi buning ahamiyati yoʻq. Endi, sammitda ayni siyosiy amaliyotning muhokama qilinmagani Amerika siyosiy yechimni kechiktirishni xohlayotganini yoki unda Rossiya rolining boʻlishini istamayotganini yoki har ikkisi ham boʻlishi mumkinligini anglatadi. Amerikaning Suriyadagi siyosiy maqsadlari bu borada Rossiyaning sherik boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Oʻz navbatida Rossiya ham buni tushungan koʻrinadi. Biroq u Ukraina, xususan, Qrim masalasida Amerika oʻtkazayotgan bosimlarning toʻxtashidan, umidvor. Darhaqiqat, yuqorida aytib oʻtganimizdek, Tramp “Katta yettilik” (G7) sammiti chogʻida Qrim bilan bogʻliq qaltis bayonotlari bilan Rossiya tuygʻularini qitiqlab qoʻydi. (Axborot vositalari Trampning “Katta yettilik” (G7) sammiti chogʻida “Qrim yarim oroli Rossiyaga tegishli. Chunki uning aksar aholisi rusiyzabondir”, degan gaplarini tarqatdi. Rusiyal Yavm, 2018 yil 15 iyul. Bu narsa Yevropa uchun gʻoyat xatarlidir. Chunki u Rossiyaga sharq tomondan Yevropa chegarasi va xaritasini buzyapti, deb qaraydi. Aftidan, Rossiya Trampning mana shunday bayonotlari bilan oʻzining yovuz qilmishlari qopqoniga tushadigan koʻrinadi. Balki, tushib boʻldi, ham. Chunki u AQSh manfaatlari uchun musulmonlarga qarshi shuncha jinoyatlari bilan ularning oldida oʻz basharasi qoraytirib boʻldi!

Musulmonlar Amerika, Rossiya hamda ularga malay va tarafdor boʻlgan kimsalarning jinoyatlarini hech qachon unutmaydilar. Zamon aylanib turadi va bu jinoyatlar hech qachon javobsiz qolmaydi.

 سَيُصِيبُ الَّذِينَ أَجْرَمُوا صَغَارٌ عِنْدَ اللهِ وَعَذَابٌ شَدِيدٌ بِمَا كَانُوا يَمْكُرُونَ

“Yaqinda bunday jinoyatkorlarga qilib oʻtgan hiyla-nayranglari sababli Alloh huzurida xorlik va qattiq azob yetajakdir” [Anʼom 124]

8 zul-qaʼda 1439h

21 iyul 2018m

Do'stlaringizga yuboring

SHARH QOLDIRISH

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.