Norov: Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy rivojlanish kontseptsiyasini ishlab chiqishi lozim

444
0

Norov: Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy rivojlanish kontseptsiyasini ishlab chiqishi lozim

 Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrta va uzoq muddatli rivojlanishning umumiy kontseptsiyasini ishlab chiqishlari zarurligini bildirdi, deb xabar berdi “Kun.uz”.

U bu haqda Toshkentda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan “davra stoli”da aytib oʻtdi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash sohasida aniq maqsad va vazifalarni belgilab olgan holda oʻrta va uzoq muddatli rivojlanishning umumiy kontseptsiyasini ishlab chiqishlari maqsadga muvofiq boʻlardi. Mintaqada tinchlik va farovonlik, barqarorlik boʻlishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining mavjud muammolarni oʻzlari mustaqil hal qila olishlari qobiliyatiga bevosita bogʻliq”,- dedi Norov.

Uning soʻzlariga koʻra, BMT rezolyutsiyasi “Markaziy Osiyo davlatlarining davlatlaro munosabatlarda yangi davrga qadam qoʻyishining ifodasi boʻldi”. Bu esa uning fikricha, mintaqa gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

“Bugungi kunda mamlakatlarimizda jadal va samarali hamkorlik uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud”,- dedi Norov.

2018 yil 22 iyunda BMTning plenar yigʻilishida Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilingandi. Bu hujjat BMTning barcha aʼzo davlatlari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangan.

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, ichimlik suvidan samarali va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil qilish, turli sohalarda ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.