Sergey Lavrov: Biz AQShning qarshisida ojiz boʻlib qolishga rozi boʻlolmaymiz

806
0

Sergey Lavrov: Biz AQShning qarshisida ojiz boʻlib qolishga rozi boʻlolmaymiz

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yangi qurollarni ishlab chiqish va rivojlantirish davlat xavfsizligini taʼminlash uchun zarurligini bildirdi. Uning aytishicha, Moskva hukumati Qoʻshma Shtatlar qarshisida qurolsiz ojiz turishi mumkin emas.

 “2002 yilda Prezident Vladimir Putin AQShning (raketa mudofaa tizimi) shartnomasidan chiqishini xato ekanligini aytgan edi. Bunga javoban oʻsha paytdagi AQShning prezidenti kichik Bush Amerikaning raketa mudofaa tizimini qurishga eʼtiyoji borligini va bu Rossiyaga qarshi qaratilmaganligini, balki Eron va Shimoliy Koreya kabi boshqa mamlakatlarga qarshi qaratilganligini bildirgan edi”, dedi Lavrov “RT” kanali bilan oʻtkazgan suhbatida.

“Raketa mudofaa tizimlarini cheklash shartnomasi AQSh va Sovet Ittifoqi tomonidan 1972 yil may oyida imzolangan edi. Lekin uni amalga oshirish uchun muayyan vaqt belgilanmagan. 2001 yilda Vashington shartnomadan chiqishini eʼlon qildi. 2002 yilda esa ikki mamlakat oʻrtasidagi raketa mudofaa shartnomasi toʻxtatildi”, deya qoʻshimcha qildi Lavrov.

Rossiya tashqi ishlar vazirining soʻzlariga koʻra, shundan soʻng Rossiya oʻz manfaatlarini va milliy xavfsizligini himoya qila oladigan yangi qurollarni ishlab chiqara boshlagan.

“Qoʻshma Shtatlar shartnomadan chiqdi. Biz ham AQSh qurollaridan ustun turadigan oʻzimizning yangi qurollarimizni rivojlantira boshladik. Chunki biz yangi qurol-aslahalar va strotegik raketa mudofaa tizimiga ega boʻlgan Amerika Qoʻshma Shtatlari qarshisida ojiz boʻlib qolishga aslo rozi boʻlmaymiz. Biz hozirgi vaziyatda qaysidir yoʻl bilan faqat oʻzimizning xavfsizligimizni himoya qilish uchun harakat qilyapmiz, boshqa narsa uchun emas. Bizning boshqa birovlarga hujum qilish niyatimiz yoʻq. Ammo bizga qarshi qaratilgan har qanday hujumlardan oʻzimizni qoniqarli darajada himoya qilishni istaymiz”, deya oʻz soʻzlarini izohladi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq 1 mart kuni kashf qilingan yangi Rus quroli Rossiyaning darajasini yirik harbiy kuchlar bilan strategik tengligini taʼminlashga kafil boʻlishini eʼlon qilgan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.