Olmaota va Ostonada norozilik aktsiyasiga chiqqan odamlar ommaviy hibsga olindi

Olmaota va Ostonada norozilik aktsiyasiga chiqqan odamlar ommaviy hibsga olindi

 10 may kuni Olmaota va Ostonada oʻnlab odamlar siyosiy sabablarga binoan taʼqib qilinayotganlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ruxsat berilmagan namoyishga chiqishdi.

 Ostonadagi Yevropa davlatlarining diplomatik vakolatxonalari joylashgan Kosmonavtlar koʻchasida toʻplangan oʻnlab odamlar “Siyosiy mahbuslarga ozodlik!”, “Ozodlik!”, “Sharmandalik!” deya baqirdilar.

 Olmaotada ertalab oʻnlab odamlar opera va balet teatri yaqinidagi piyodalarga moʻljallangan koʻchaga kelishdi. Ular qoʻllarida Qozogʻiston huquq himoyachilari tomonidan siyosiy mahbus deya taʼrif beriladigan insonlarning suratlarini hamda qiynoqlarni toʻxtatish borasidagi chaqiriqlarni koʻtarib olishgan edi.

 Har ikki shaharda noroziliklar vaqtida hibsga olishlar kuzatildi. Xabarga koʻra Olmaotada 80 ga yaqin kishi ushlandi. Tirband koʻchada hibsga olinganlar orasida politsiyaning harakatlaridan hayratga tushgan, shunchaki oʻtib ketayotganlar ham bor edi.

 Kuni kecha huquqni himoya qiluvchilar Qozogʻistonda kutilayotgan noroziliklar oldidan bir necha oʻnlab faollar va oddiy fuqarolar politsiyaga chaqirilgani yoki olib kelingani haqida maʼlum qilishgan edi. Norozilik namoyishlarini mamlakatda faoliyati taqiqlangan “Qozogʻistonning demokratik tanlovi” harakati uyushtirdi. Maʼlumki, bu harakatga hozir xorijda yashayotgan sobiq bankir, Qozogʻiston rasmiylarini hamisha tanqid qilib keladigan Muxtor Ablyazov asos solgan. Shu yilning mart oyida Ostona sudi bu harakatni ekstremistik tashkilot deb eʼlon qilgan edi.

 Ishtirokchilarning soʻzlariga qaraganda, norozilik aktsiyasi Qozogʻistonga Yevropa parlamentining rasmiy missiyasi kelishi munosabati bilan oʻtkazildi. Mazkur missiya Qozogʻiston va Yevropa ittifoqi oʻrtasida erishilgan hamkorlik va hamdoʻstlik toʻgʻrisidagi bitim Ostona tomonidan qanday bajarilayotganiga oʻz bahosini berishi kerak.

Do'stlaringizga yuboring

SHARH QOLDIRISH

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.