Mayk Pompeo oʻzining birinchi chet el safarini Saudiya Arabistonidan boshladi

680
0

Mayk Pompeo oʻzining birinchi chet el safarini Saudiya Arabistonidan boshladi

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Yaqin Sharq safarini boshlar ekan, uning birinchi qoʻnimi Saudiya Arabistonining poytaxti Riyoz boʻldi. Aeroportda Saudiyalik hamkasbi tomonidan kutib olingan Pompeo Riyozda Qirol Salmon va valiahd shahzod Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi. Pompeo Saudiyadan soʻng (Isroil) va Iordaniyaga boradi.

Oʻtgan payshanba kuni Senatning maʼqullashi bilan oʻz ishini boshlagan Pompeoning Saudiyada muhokama qilgan eng muhim mavzu Eron bilan tuzilgan yadroviy bitim ustida boʻldi. Xabarlarda aytilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan tuzilgan yadro shartnomasidan voz kechishni istaydi. Eron tashqi ishlar vaziri Javad Zarif esa Trampning yadroviy shartnomani oʻzgartirish taklifini qabul qilib boʻlmasligini bildirmoqda.

Saudiya AQShning mintaqadagi asosiy hamkori ekanligini taʼkidlagan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Saudiya hukumati bilan “Fors koʻrfazi davlatlarining birligi muhim oʻrinni egallashi” haqida gaplashganligini maʼlum qildi.

Pompeo 29 aprel kuni, Saudiyalik hamkasbi Adel al-Jubayr bilan oʻtkazgan matbuot anjumanida Eronni mintaqada beqarorlikni vujudga keltirish va dunyoda terrorizmni qoʻllab-quvvatlashda aybladi. Unga koʻra, Eronning har qanday yadro quroliga ega boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.

“Saudiyaning xavfsizligi AQSh uchun birlamchi masaladir. Eron esa qurol-yaroq bilan taʼminlayotgan terroristik guruhlar orqali bu mintaqada beqarorlikni butunlay izdan chiqarishga intilmoqda. Biz uning hech qanday yadro quroliga ega boʻlishini istamaymiz”, dedi Pompeo.

Saudiya tashqi ishlar vaziri Adil Jubayr esa, Saudiya hukumati AQSh prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi siyosatini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

“Biz Donald Trampning Eronga qarshi siyosatini, ayniqsa yadroviy bitimni oʻzgartirish siyosatini qoʻllab quvvatlaymiz. Eronga nisbatan koʻproq sanktsiyalar kiritilishini xohlardik. Chunki u terrorizmni qoʻllab-quvvatlamoqda va boshqa mamlakatlarning ishlariga aralashmoqda”, dedi Jubayr AQSh Davlat kotibi bilan oʻtkazgan matbuot anjumanida.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.