Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Bosh vazirlari Fargʻonada uchrashishdi

1129
0

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Bosh vazirlari Fargʻonada uchrashishdi

Fargʻonada Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Bosh vazirlari raisligida ikki davlat chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 Oʻzbekiston respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirgʻiziston respublikasi Bosh vaziri Sapar Isakov davlatlar oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.

 Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirgʻiziston respublikasi bilan hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar oʻrtasida aloqalar tobora kengaymoqda.

 Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5-6 sentyabr kunlari Qirgʻizistonga davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirgʻiziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari kengashini tashkil etish toʻgʻrisida hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur kengash tomonlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish, doimiy monitoringi va tahlilini olib borish, ayniqsa, chegaraoldi viloyatlar oʻrtasida munosabatlarni mustahkamlash, turli takliflar ishlab chiqish hamda muammolarni amaliy hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi OʻzA xabarida.

 Yigʻilishda chegaraoldi hududlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar jalb etish, turizm, madaniy va maʼrifiy sohalarda aloqalarni kengaytirish, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston davlat chegarasida fuqarolar uchun sharoitlarni yaxshilash va nazorat-oʻtkazish punktlari sonini koʻpaytirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

 Tadbir doirasida Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Qoʻshni mamlakat vakillari ishtirok etgan koʻrgazmada bir qator manfaatli shartnomalar imzolandi.

 “Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasida barcha sohalarda hamkorlik yoʻlga qoʻyilayotgani ikki tomon uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda. Mamlakatimizda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab katta. Hozirgi kunda avtomobillar, ehtiyot qismlar, trikotaj mahsulotlari sotib olmoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo boʻylab investitsiyalar jalb qilish, tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar tahsinga sazovor. Biz oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan turizm sohasida ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz”,- dedi Qirgʻiziston respublikasi investitsiyalarni jalb etish va himoya qilish agentligi direktori E.Momunqulov.

 Yigʻilishda chegaraoldi viloyatlar oʻrtasida doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, istiqbolli va keng koʻlamli hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kengashning navbatdagi yigʻilishini Qirgʻiziston Respublikasida oʻtkazishga kelishib olindi.

 Koʻrilgan masalalar yuzasidan protokol imzolandi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.