Turkiyaning Suriya shimolidagi “Zaytun novdasi” amaliyotidan koʻzlangan maqsad nima?

845
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Turkiyaning Suriya shimolidagi “Zaytun novdasi” amaliyotidan koʻzlangan maqsad nima?

Savol:

Erdoganning Suriyadagi harakatlari Furot qalqoni amaliyotidan soʻng, yaʼni Halabdan voz kechib, uni rejim nazoratiga topshirganidan keyin bir muncha tinchib qolgan edi. Biroq 2018 yil 20 yanvardan boshlab, Erdogan oʻzining Suriyadagi harakatlarini Afrinda Zaytun novdasi amaliyoti nomi ostida qayta faollashtirdi. Unda artilleriya va havo zarbalari amalga oshirildi. Bu haqda turk armiyasi Bosh shtab rahbariyati chiqargan bayonotda bunday deyiladi: “Kecha shanba kuni boshlangan Zaytun novdasi amaliyoti reja boʻyicha davom etmoqda. Quruqlik amaliyotlari yakshanba ertalabdan boshlandi”. Xoʻsh, ushbu Zaytun novdasi amaliyoti ortida qanday maqsad bor? Alloh ajringizni bersin.

Javob:

Buni tahlil qilishdan oldin, Turkiyaning bugungi siyosatiga asos boʻlayotgan juda muhim ishga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Ana shunda Erdoganning ayni harakatlari, ishlari va bayonotlari ham oydinlashadi. Gap shundaki, Erdogan Turkiyasi ochiqdan-ochiq Amerikaga xizmat qilmoqda. Erdoganni hokimiyatga Amerika olib kelgani va ayni paytda hokimiyatda qolishini ham qoʻllab-quvvatlayotgani uchun shunday boʻlyapti. Turk hukumatini qoʻllab-quvvatlovchi “Sabah” gazetasi 2017 yil 18 aprel kungi sonida nashr qilgan quyidagi soʻzlar ham buni koʻrsatmoqda: “AQSh prezidenti oʻtgan kecha Turkiya prezidenti Erdogan bilan telefon orqali bogʻlanib, uni konstitutsion islohotlar va prezidentlik boshqaruvi bilan bogʻliq 16 aprelda oʻtkazilgan referendum natijalari bilan qutladi. U Erdoganga “buning uchun juda yaxshi kampaniya olib borgani”ni, oʻzi ham “bu kampaniyani yaqindan kuzatib turgani”ni bildirdi. Soʻng “doʻstligimizga alohida eʼtibor beryapman, oldinda birgalikda qiladigan gʻoyat muhim ishlarimiz bor”, dedi”. Shunday qilib, Erdoganning Suriyadagi siyosati Amerika rejalariga amaliy tarzda yordam koʻrsatishdan iborat boʻlgan. U buni Suriyadagi rejim tayanchlarini mustahkamlash hamda rejim uchun muhim boʻlgan mintaqalardan chiqib ketishlari uchun jangchi guruhlarga bosim oʻtkazish orqali amalga oshirib keldi. Halabdan voz kechib, uni rejim qoʻliga topshirganini hech kim unutgani yoʻq. Oʻshanda Erdogan soxta muammo paydo qilib, guruhlarni – rejimning kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻz hududlarida jang qilishlari oʻrniga – mintaqalarini tashlab chiqib ketishlariga undagan edi. Yaʼni rejim Halabga yuzlanib, asosiy eʼtiborini oʻsha yerdagi hujumga qaratayotgan bir paytda, Turkiya Furot qalqoni jangini bahona qilib, guruhlar eʼtiborini boshqa yoqqa burdi. Maʼlumki, “Furot qalqoni” amaliyoti aslida, Amerikaning “fatvo”si bilan boshlangan boʻlib, Turkiya Jarablusga 2016 yili Amerika koʻrsatmasi bilan, yaʼni Amerika vitse-prezidenti Jozef Bayden Anqaraga kelganda kirgan edi. Bayden 2016 yil 24 avgustda Anqaradan turib, turk armiyasini ochiqdan-ochiq qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qilgan va Xalq mudofaasi otryadlaridan “Furot qalqoni” niqobi ostida kirgan turk kuchlariga qarshilik koʻrsatmasdan, chiqib ketishlarini talab qilgan edi. Biz bu haqda 2016 yil 25 sentyabrdagi savolga javob nashramizda quyidagilarni aytgandik: “Amerikaning Halabga qaratilgan rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qamalni takrorlash kerak boʻlib qoldi. Amerika Halabni qayta qamal qilish uchun quyidagi ikki yoʻnalish boʻyicha harakat qildi: Birinchisi: Turk armiyasini Suriya shimoliga kiritish. Bu ish Jarablus mintaqasidan boshlandi. Turkiya “Furot qalqoni” amaliyotlari boshlanganini eʼlon qilib, Davlat tashkilotiga qarshi jang qilish uchun “Turkiyaga xayrixoh” boʻlgan qoʻzgʻolonchilarni Halab janubidan chaqirib oldi. Yaʼni Halabdagi haqiqiy jang frontlari zaiflashtirilib, ichki oʻzaro urushning yangi frontlari ochildi. Natijada, qoʻzgʻolonchilar Halabdagi jang frontidan imkon qadar uzoqroqqa chetlatildi”. Shunday qilib, Erdogan oʻziga moyil boʻlgan guruhlarni Bob mintaqasida jang qilish uchun chaqirib olib, Halabni qarshilik harakatidan deyarli boʻshatib qoʻygan edi. U yerda faqat oz sondagi moʻminlargina sobit qolgan. Yirik sondagi guruhlar esa, Erdoganning Furot qalqoni uchun qilgan chaqirigʻiga javoban, Halabdan chiqib ketgan edi. Erdogan bu safar ham oʻsha xiyonatni takrorlayapti.
Uning oʻsha harakatlari hamon davom etmoqda. Ularning navbatdagisi – Suriya rejimining Idlibdagi muhim mintaqalarni oʻz nazorati ostiga olishiga imkon berishdan, keyin esa, Turkiya buyruqlariga itoat qiluvchi jangchi guruhlar diqqatini Afringa burib, Idlibdagi jang maydonlaridan chalgʻitishdan iborat. Rejim esa, ayni paytda, Amerika bilan maslahatlashgan holda, Idlib tomon bostirib kelyapti. Shuningdek, bu yerda goʻyo Amerika bilan Turkiya oʻrtasida AQShga tobe yangi kuchlarni tayyorlashga yoʻl qoʻymaslik borasida taranglik mavjud, degan narsa ham atayin koʻrsatilyapti! Holbuki, Amerikaning Suriyaga Turkiya orqali kirishi va u yerdagi oʻziga malay tashkilotlarni, jumladan Kurd Xalq mudofaasi otryadlarini qurol bilan taʼminlashi, bu kuchlarning aksari Amerikaga qarashli Suriya demokratik kuchlari ichida xizmat qilishi hamda Erdoganning AQShga Injirlik harbiy bazasini ochib bergani… barchaga maʼlum. Shunday qilib, Erdogan – rejimning Halabga kirishini osonlashtirib berish uchun olib borilgan “Furot qalqoni” syujetini yana takrorlayapti. Rejim Idlib tomon harakatlanib, “Abu Zuhur” aerodromini qurshab olgan bir paytda, Erdogan Afrinda jang boshladi! “Faylaqi Shom”dagi harbiy yetakchi Yosir Abdurahimning taʼkidlashicha, ushbu jangda 25 ming nafar muxolafat kuchlari ishtirok etmoqda. Yosir Abdurahim jumladan bunday dedi: “Suriya ozod armiyasidan boʻlgan 25 ming askar Turkiyaning Afrindagi harbiy amaliyotlarida ishtirok etmoqda”. (Rusiyal Yavm, 2018 yil 23 yanvar). Albatta bularning barchasi Amerikaning roziligi bilan boʻlyapti. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovushoʻgʻli “2018 yil 15 yanvar dushanba kuni Kanadada AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis bilan Suriya boʻhroni va chegara xavfsizligi otryadlari masalasini muhokama qilganini, shuningdek, ertasiga seshanba kuni Vankuver shahrida boʻlib oʻtgan “Koreya yarim oroli xavfsizligi va barqarorligiga oid davlatlararo vazirlar uchrashuvi” chogʻida, AQSh tashqi ishlar vaziri Tillerson bilan ham uchrashganini aytdi. Chovushoʻgʻli yana bunday dedi – AQSh mudofaa vaziri Mettis “Bizdan (Suriya shimolida yangi armiya tuzilayotgani) toʻgʻrisidagi xabarlarga ishonmasligimizni talab qildi”, bu ishni “Shaxsan oʻzi kuzatib borishini va biz bilan aloqada boʻlishini taʼkidladi”. (Onadoʻli axborot agentiligi, 2018 yil 17 yanvar).
Oʻtgan ikki kun mobaynida Amerika tomonidan berilgan bayonotlar ham buni tasdiqlab turibdi. Ulardan shuni tushunish mumkinki, Zaytun novdasi amaliyoti, Afrin mavzusi, Turkiya armiyasi va Ozod armiyaning harakatlari, hammasi batamom Amerikaning roziligi bilan boʻlyapti. Shuningdek, Amerika bilan kelishgan holda Suriyaga kirgan Rossiya ham bunga rozi boʻlgan. Quyida mana shu bayonotlardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz:
“Afrindagi turk harbiy amaliyoti kecha juma kuni boshlangan koʻrinadi va aftidan, u oʻzining dastlabki bosqichida. Rossiyaning harbiy politsiya kuchlari Afrin va uning atrofidan chiqib ketganidan soʻng, Turkiya payshanbadan jumaga oʻtar kechasidan boshlab, Afrindagi muayyan mintaqalarni keng koʻlamda toʻxtovsiz bombardimon qilishni boshladi. Buni Turkiya mudofaa vaziri Nuriddin Janikli – Al-Jazira kanaliga koʻra – “Hujumning rostdan boshlangani” bilan ifodaladi. “Arabiy Jadid”ning turk manbasiga tayanib xabar qilishicha, “Afrinni idora qilish borasida Anqara bilan Moskva oʻrtasidagi kelishuvga muqobil boʻlgan, shaharni nazorat qilish toʻgʻrisida yana bir taklif oʻrtaga tashlandi. Turkiya hukumati “Furot qalqoni” mintaqalari boʻylab rekonstruktsiya qilish ishlarining asosiy qismini kafolatlaydigan boʻldi hamda Sochi konferentsiyasi muvaffaqiyatini oʻz boʻyniga olib, bu yoʻlda Suriya muxolafatini konferentsiyaga kelishga koʻndiradigan boʻldi. Biroq Rossiya shaharni nazorat ostiga olingandan keyin uni Suriya rejimiga topshirish, u yerda muxolafatchi kuchlar qolmasligi hamda Idlib viloyatida rejimning koʻproq muvaffaqiyatlarga erishishiga yordam berish masalasida qattiq turibdi. Shu nuqtai nazardan, kecha turk mudofaa vaziri Nuriddin Janikli oʻzining televizion intervьyusida “Rossiya rejimni qattiq qoʻllab-quvvatlayotganini bilamiz”, dedi. Turkiya amaliyotining qancha vaqt davom etishi haqida esa, turk manbai “Arabiy jadid”ga “Bu amaliyot koʻpi bilan besh-olti oy davom etishi kutilmoqda”, dedi. Ayni manba yana “Vashington bilan diplomatik kanallar buzilmagani”ni taʼkidladi”. (Arabiy jadid, 2018 yil 20 yanvar).
“Rossiya tashqi ishlar vazirligi oʻz bayonotida “yigirmanchi yanvarda Turkiya Suriyaning shimoli gʻarbiy qismidagi Afrin shahri yaqinida joylashgan oʻz kuchlariga murojaat qildi. Moskva bu maʼlumotdan xavotirda”, dedi, soʻng “Vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib borayotgani”ni bildirdi. Bayonotda qoʻshimcha qilinishicha, Rossiya Suriya mojarosini hal etishdagi saʼy-harakatlar bilan bogʻliq oʻzining pozitsiyasini oʻzgartirmaydi hamda ushbu mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash va suverenitetini hurmat qilishga tayanadi”. (Rudav, 2018 yil 1 yanvar).
“Qoʻshma Shtatlar ayni turk harbiy amaliyotining muddat va mintaqa jihatidan cheklangan boʻlishini istaydi hamda fuqarolar hayoti muhofazasi yoʻlida bosiq boʻlishga chaqirdi… AQSh tashqi ishlar vazirligi matbuot voizasi Xizer Noyyert “Biz fuqarolar hayoti muhofazasi yoʻlida Turkiyani bosiq boʻlishga, harbiy amaliyotlarini muddat va doira jihatidan cheklangan boʻlishini taʼminlashga, oddiy fuqarolar orasida talofatlar boʻlishidan saqlanishga targʻib etamiz”, dedi. Yakshanba kuni AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis – Turkiya oʻz harakatlarini boshlashdan oldin Qoʻshma Shtatlarni xabardor qilganini taʼkidlab, Vashington Anqara bilan birgalikda voqealar rivojini kuzatib borayotganiga eʼtiborni qaratdi… Noyyertga koʻra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov oʻzining amerikalik hamkasbi Reks Tillerson bilan birga “Suriya shimolida barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar”ni muhokama qilgan… Turk tashqi ishlar vaziri ham oʻzining amerikalik hamkasbi bilan ayni harbiy amaliyotni muhokama qildi, ammo haligacha tomonlar oʻrtasidagi suhbatni ochiqlagani yoʻq”. (Bi-Bi-Si arabiy, 2018 yil 22 yanvar).
“AQSh tashqi ishlar vaziri Reks Tillerson – Suriya shimoli gʻarbida Anqaraning xavfsizlik ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan xavfsiz zona tashkil qilish masalasida Turkiya bilan birgalikda harakat qilishga Amerikaning umidvor ekanini bildirdi. AQSh markaziy qoʻmondonligi raisi general Jozef Votel – Turkiya Afrindagi oʻzining harbiy amaliyotlari haqida Amerikani xabardor etganini maʼlum qildi. Votelning taʼkidlashicha, Afrin AQShning harbiy amaliyotlari doirasiga kirmaydi… AQSh madofaa vazirligi “vaziyatni keskinlashtirmaslik”ka chaqirib, Turkiyaning mintaqa xavfsizligi bilan bogʻliq xavotirlarini tushunishini taʼkidladi”. (Rusiyal Yavm, 2018 yil 23 yanvar).
“AQSh armiyasi markaziy qoʻmondonligi – Turkiya Suriyaning Afrin shahridagi oʻzining harbiy amaliyotlari haqida ularni xabardor qilganini aytdi. Bir vaqtning oʻzida, Afrin AQShning harbiy amaliyotlari doirasiga kirmasligini ham taʼkidladi. AQSh armiyasi markaziy qoʻmondonligi raisi general Jozef Votel yakshanba kuni bergan press-konferentsiyada Turkiya amaliyot olib borayotgan mintaqaga Amerikaning alohida eʼtibor qaratmayotganini qoʻshimcha qildi”. (Quds Press, 2018 yil 21 yanvar).
“AQSh tashqi ishlar vaziri Reks Tillerson – Suriya shimoli gʻarbida Turkiyaning xavfsizlik ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan xavfsiz zona tashkil qilish masalasida Turkiya bilan birgalikda harakat qilishga Amerikaning umidvor ekanini bildirdi. Uning bu bayonoti Turkiya qurolli kuchlari Suriya ozod armiyasi bilan birgalikda Suriyaning Afrin mintaqasida “Zaytun novdasi” amaliyotlarini boshlaganidan uch kun oʻtib yangradi. AQSh tashqi ishlar vaziri: “Biz turk masʼullari va Suriyada faoliyat olib borayotgan ayrim kuchlar bilan qanday qilib vaziyatni barqarorlashtirish hamda Anqaraning xavfsizlik bilan bogʻliq qonuniy xavotirlariga qanday javob berish kerakligini muhokama qilamiz” dedi”. (Turk Press, 2018 yil 23 yanvar).
“Anqaraning jahlini chiqargan Amerika eʼloni, yaʼni “chegaralarni qoʻriqlash” vazifasi yuklatiladigan 30 ming askarni tashkil qilish niyati toʻgʻrisidagi eʼloni AQSh tashqi ishlar vaziri Reks Tillersonni bu haqda bayonot berib, uni izohlashga majbur qildi. Tillerson hukumat samolyoti bortida jurnalistlarga bergan intervьyusida “Oʻzining mamlakati Suriya hududida hech qanday kuch tashkil qilmoqchi emasligi”ni bildirdi. Shuningdek, “Onadoʻli” axborot agentligiga koʻra, Tillerson – Suriya hududida xavfsizlik kuchlarini tashkil qilish koʻzlanayotgani toʻgʻrisidagi xabarlarni Qoʻshma Shtatlar Turkiyaga izohlab berishga majbur ekanini qoʻshimcha qildi. Noyyert ham “Biz mahalliy guruhlar bilan hamkorlik maqsadlari haqida turklar bilan fikr almashdik. Zero, bu guruhlar IShIDdan tortib olingan mintaqalar xavfsizligini taʼminlaydi”, dedi. (Oriyent net, 19 yanvar 2018 yil”.
“Oʻtgan seshanba Pentagon matbuot voizi Erik Pexon – Suriyada tashkil qilinishi rejalashtirilayotgan chegara xavfsizlik kuchlari bilan bogʻliq Turkiya xavotirlarini Amerika tushunib turganini, bu masala turk masʼullari bilan muhokama qilinayotganini bildirdi. Savollarga javob berar ekan, Pexon – Amerika oʻzining NATOdagi ittifoqchisi boʻlgan Turkiyadek bir hamkori bilan muntazam va yaqin aloqada ekanini taʼkidladi. “Onadoʻli” axborot agentligi muxbiriga koʻra, Pexon javob berish asnosida “kutilayotgan chegara xavfsizlik kuchlari”, degan iborani qoʻlladi… Payshanba kuni esa, AQSh tashqi ishlar vaziri Reks Tillerson chiqish qilib, Qoʻshma Shtatlarning Suriyada hech qanday chegara xavfsizlik kuchlarini tashkil qilish niyati yoʻqligini bildirdi. U buni shu xususdagi xabarlarga izoh sifatida aytdi. Tillerson press-konferentsiyalarning birida “Masalani tasvirlash va talqin qilishda xatolik sodir boʻlgan. Baʼzi shaxslar notoʻgʻri gapirib qoʻygan. Hech qanday chegara kuchlarini tashkil qilayotganimiz yoʻq”, deya qoʻshimcha qildi”. (Eni Shafaq, 2018 yil 17 yanvar).
Yuqoridagi bayonotlardan koʻrinib turibdiki, Zaytun novdasi Turkiyaning AQSh va Rossiya bilan muvofiqlashgan holda koʻtarib chiqqan “novda”sidir. 30 ming askardan iborat chegara kuchlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi Amerikaning dastlabki bergan bayonotlari esa, Afrin amaliyotini oqlash uchun aytilgan bayonotlardir. Amaliyot boshlangandan keyin esa, oʻz bayonotlarini inkor qilishga oʻtib oldi. Chunki maqsad amalga oshgan edi!

Demak, Turkiyaning Suriyadagi harakatlari – u yerdagi ilmoniy rejimni mustahkamlashdek Amerika loyihasiga xizmat qilish uchun olib borilyapti. Erdoganning otashin bayonotlari esa, sodda odamlarni aldash uchun aytilgan va tilda boru amalda yoʻq aldovlardan oʻzga narsa emas. Ilgari “Biz ikkinchi Hamaga hargiz yoʻl qoʻymaymiz”, degandan keyin ham, rejim Suriyaning har bir shahar va rayonlarida Hamada sodir etgan qirgʻinlarini takrorladi… Shuningdek, Erdoganning sunʼiy harakatlari ham biror bir samimiy amaliyotlarni keltirib chiqarmaydi. U oʻzining adashtiruvchi, yolgʻon gaplari bilan doim sodda insonlarni laqillatib keladi. Misol uchun, Quddusni yahud vujudi poytaxti sifatida tan olish toʻgʻrisidagi Tramp qaroriga nisbatan aytgan gaplarini olaylik. Erdogan – agar Amerika Quddusni yahud vujudi poytaxti, deya tan olsa, yahud vujudi bilan aloqalarni uzish bilan tahdid qildi. Biroq na yahud vujudi bilan, na uni kuch-qudrat va tirik qolish sabablari bilan taʼminlayotgan AQSh bilan aloqasini uzdi. Aksincha, Falastinning 80 % yeridan yahudiylar uchun voz kechishga qaratilgan ikki davlat yechimiga chaqirib, Sharqiy Quddus Falastin poytaxti boʻlishiga, Gʻarbiy Quddusdan esa yahudiylar uchun voz kechishga targʻib qildi. Uning Suriyada qilgan va hamon qilayotgan ishlari hamda sodir etayotgan qator xiyonatlari Rossiya, Amerika va qonxoʻr rejimdan iborat dushmanlarimizning Shomdagi hozirligini yanada kuchaytirmoqda. Uning bu xiyonatlariga Halabni topshirish, Amerikaning Suriyaga aralashishi uchun unga oʻzining bazalarini ochib berish, Rossiya samolyotlari uchun Turkiya havo boʻshliqlarini ochib berish yoki Ostona uchrashuvlari kabi bir qancha ishlarini misol qilsa boʻladi. Zero, bu Ostona uchrashuvlari ayrim qurolli guruhlar yetakchilarini undagi qarorlarni qabul qilishga majburlash uchun oʻtkazildi. Mana shu uchrashuvlar sababli “vaziyatni yumshatish”, degan bahona bilan rejimga qarshi frontlar olovi oʻchirildi hamda baʼzi bir mintaqalardan kuchlarni olib chiqib ketilib, oʻsha mintaqalar rejimga topshirildi. Natijada, oʻsha guruhlarning oʻzlari Idlib va boshqa yerlarda qamal qilindi… Mana endi, Zaytun novdasi mavzusida navbatdagi xiyonat sahnasi boshlanib, rejimning Idlibga kirib olishiga imkoniyat yaratib berilmoqda!
Xullas kalom, biz barcha guruhlarga yuzlanib, ularni Erdoganning bu kabi harakatlariga aldanib qolmaslikka, Idlibni rejimga boʻshatib bermaslikka… Halabdagi musibatlarini unutmaslikka, imom Buxoriyning Abu Hurayra roziyallohu anhudan, Abu Hurayra Nabiy ﷺdan rivoyat qilgan quyidagi hadislari barchalariga eslatma boʻlishiga chaqiramiz. Paygʻambar ﷺ aytdilar:

“لَا يُلْدَغُ الْمُؤْمِنُ مِنْ جُحْرٍ وَاحِدٍ مَرَّتَيْنِ”

“Moʻmin bitta teshikdan ikki marta chaqtirmaydi”. Modomiki, moʻmin ikki marta aldanmasligi kerak ekan, bu yetakchilarning qayta-qayta aldanayotganini nima deyish mumkin?!!

 إِنَّ فِي ذَلِكَ لَذِكْرَى لِمَنْ كَانَ لَهُ قَلْبٌ أَوْ أَلْقَى السَّمْعَ وَهُوَ شَهِيدٌ 

“Albatta bunda (ogoh) qalb egasi boʻlgan yoki oʻzi hozir boʻlgan holda (yaʼni sidqidildan) quloq tutgan kishi uchun eslatma-ibratlar bordir” [Qof 37]

6 jumodul-avval 1439h

24 yanvar 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.