Dostonbek Jumabekov Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi

450
0

Dostonbek Jumabekov Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi

 Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qirgʻiziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekovni qabul qildi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

 Oʻzbekiston rahbari Dostonbek Jumabekovni samimiy qutlar ekan, Qirgʻiziston parlamenti nufuzli delegatsiyasining mazkur tashrifi joriy yil Toshkent va Bishkek shaharlarida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini alohida taʼkidladi.

 Tomonlarning amaliy hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan qatʼiy siyosiy irodasi, turli darajadagi aloqalar va tashriflar faollashgani qisqa muddatlarda salmoqli natijalarga erishish va oʻzaro munosabatlarni aniq amaliy mazmun bilan boyitish imkonini bergani alohida qayd etildi.

 Uchrashuvda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 Oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar, jumladan, Oʻzbekiston respublikasi Oliy Majlisi va Qirgʻiziston respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasida imzolangan Memorandumning amaliy ijrosi doirasida qoʻshma tadbirlar oʻtkazilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

 Qirgʻiziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekov prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.

 Qirgʻiziston Oʻzbekiston bilan doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash yoʻlidagi hamkorlikka tayyor ekani taʼkidlandi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.